Elga xushxabar yetkazish saodati

Rishton tumanining Amirobod qishlog'ida Nazirjon ota va Oyimsaxon aya sulolasi o'qimishli, mehnatkash, mehr-oqibatli oila sifatida tanilgan. Bu oilada uzoq kutilgan va bir necha opa-singillardan so'ng tug'ilgan o'g'ilga Rasuljon deya ism qo'yishdi. Bu ism muqaddas bitiklarda “xushxabar yetkazuvchi” ma'nosida kelishi ta'kidlanadi. Demak, hayotda hech narsa tasodifan bo'lmaydi, ism tanlash inson taqdiri bilan bevosita bog'liq va unda mushtarak rishtalarni bog'lovchi ilohiylik bor, nazarimizda…

Aynan mana shu “xabar yetkazish” xislati yosh Rasuljonning keyingi hayot yo'lini belgilab bergandek. O'rta maktabning 6-sinfida o'qib yurgan chog'laridayoq tumanda nashr etiluvchi “Rishton haqiqati”, shuningdek, respublika bolalar gazetasiga kichik-kichik xabarlar, qishloq odamlari hayotidan olingan lavhalarni qog'ozga tushirib, konvertga solib, pochta orqali yuborib turdi. Ehhe, yuborgan maqolalari gazetada chop etilib qolsa bormi, undan baxtli, undan kuchli odam yo'qdek tuyulardi go'yo. Axir hech kim aytmagan, jur'at qilmagan, xayoliga kelmagan fikrni, jarayonni yoritishning o'zi bo'ladimi? Bu palladagi quvonch-u iftixor, kelajak orzulari haqida gapirmasa ham bo'ladi.

Milliy matbuotimiz ilm-fani darg'alaridan bo'lgan Muxtor Xudoyqulov ushbu oilaga begona emasligi esa Rasul akaning jurnalistikada teran tomir, chuqur ildiz otgani mohiyatini anglatuvchi yana bir yorqin sifatdir. Rasuljon Kamolovning talabalik yillari o'tgan asrning to'qsoninchi yillaridagi milliy uyg'onish davri to'fonlari, shiddatli bo'ronlariga to'g'ri keldi. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakulteti professor-o'qituvchilari — mamlakatning eng taniqli, kuchli bilimga ega olimlari. Kursdoshlar ham kelajakda o'zbek jurnalistikasi, adabiyotiga yelka tutish zavq-shavqi bilan yonayotganlar — Isajon Sulton, Minhojiddin Mirzo, Abdurasul Jumaqulov, Aziza Soliyeva, Mastura Ergasheva…

O'qish yillarida serqirra ijodkorning maqolalari, hikoyalari respublika gazetalari, adabiy jurnallarida nashr etildi va ustozlar nazariga tushdi. Shu tarzda talabalikdan so'ng dunyo axborot maydoni gigantlaridan bo'lgan sobiq Ittifoq telegraf agentligi — TASSning respublika bo'g'ini — O'zTAGda Farg'ona viloyati bo'yicha muxbiri vazifasida ish boshladi. Tez orada Toshkent, Moskva va boshqa hududlarning markaziy nashrlarida “R.Kamolov” imzosi bilan e'lon qilinayotgan tish-tirnoqli, “mix” maqolalar yosh jurnalistga hurmat-e'tibor olib keldi. Shu bilan birga, uning yozishga, ijod qilishga bo'lgan ishtiyoqini yanada olovlantirdi. Farg'ona jurnalistikasida o'ziga xos muhit yaratgan Doniyor Ergashev, A'zamjon Ortiqov, Shuhrat Olimov, Alisher Ibodinov, Abdunazar Xudoynazarov, Tolibjon Tursunov, Tohirjon Hamroqulov, Mashrabjon Sarimsoqov, Muhammadjon Obidov, Abdujalil Bobojonov, Baxtiyor Qambarov kabi ustozlik maqomidagi darg'alar iste'dodli va yosh, serg'ayrat hamkasbni o'z qatorlariga qo'shishdi.

— Inson kamolotida ustozlarning o'rni nihoyatda muhim. Mening baxtim ham shunda, menimcha. Hayotim davomida juda ko'p yaxshi insonlar, mehri daryo ustozlarga ro'baro' bo'ldim, ular ko'magida kamchiliklarimni to'g'riladim, yutuqlarga erishdim, — deydi Rasul aka. — Jumladan, O'zAga ishga kelganimning dastlabki kuniyoq meni ochiq chehra, samimiy va iliq so'zlar bilan kutib olgan jurnalist-yozuvchi Baxtiyor Mansurovning ko'rsatgan yordamlari-yu beozor tanbehlari hanuz quloqlarim ostida jaranglab turadi. Biz bu inson bilan shu qadar inoqlashib ketdikki, do'stona rishtalar keyinchalik oilaviy bordi-keldilarga aylandi. Ustoz olamdan o'tgach ham mehr iplari uzilgani yo'q, uning oila a'zolari, farzandlari bilan tez-tez ko'rishib, ustozni xotirlab turaman.

Keyinchalik ham u bir necha jamoalarda ishladi, ustozlar o'gitiga amal qildi. Mustaqillik yillarida nomi “O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zA” sifatida o'zgargan mamlakatning birinchi raqamli va nufuzli axborot manbai bo'lgan ulkan jamoada Rasul aka salkam 15 yil samarali faoliyat ko'rsatdi. So'ng bir muddat “Turkiston press” axborot agentligida, “Ishonch”, “Mehr yog'dusi”, “Mahalla”, “Farg'ona haqiqati” singari gazetalar tahririyatida ishladi. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Yangi O'zbekiston” gazetasining Farg'ona viloyati bo'yicha maxsus muxbiri, shu bilan birga, viloyat hokimligi nashri — “Yangi Farg'ona” gazetasida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda.

Qalami charxlangan ustoz jurnalistlar keyinchalik yozuvchi sifatida havas qilsa arziydigan muvaffaqiyatlarga erishgani hech kimga sir emas. Milliy qadriyatlar, odamgarchilik, mehr-oqibat kabi mavzulardagi yigirmaga yaqin hikoyalar jamlangan “Yigitning ori” kitobi Rasul Kamol yozuvchilikda ham quvonarli yutuqlarga erishishi mumkinligini ko'rsatdi. Ammo hamisha hayotning qaynoq jarayonlari, o'sish nuqtalarida bo'ladigan bunday jurnalist uchun vaqt masalasi eng tansiq ne'mat bo'lsa, na iloj! Umidimiz shuki, Rasul aka yaqin yillarda to'plagan katta hayotiy tajribasi asosida yaxshi-yaxshi adabiy asarlar yaratishga bel bog'laydi. Kundaliklar, esdaliklar, xotira-esselar yozadi. Ishoning, uning qahramonlari juda jonli, yon-atrofimizda yurgan odamlar, tanish va qadrdon qiyofalar bo'ladi. Bu bo'lajak ijodkorlar uchun Rasul Kamol maktabi bo'ladi.

Hayot charxpalagini qarangki, ustozlar sabog'ini olgan bu inson Nazirjon Hoshimov, Umidjon Jabborov, Mas'udjon Sulaymonov, Sherzod Qoraboyev, Shohidbek Aslonov singari o'nlab yosh hamkasblar unib-o'sishi uchun yo'l-yo'riq ko'rsatdi, hayotiy va ijodiy saboqlaridan bahramand etdi. Ularning yutuqlaridan quvondi, nuqsonlarini ko'rganda yurakdan ezildi, ko'magini ayamadi.

Qariyb 40 yil mobaynida jurnalistikaning “qattiq non”ini yesa-da, sohaga sadoqatini namoyish qilib kelayotgan Rasul aka katta hayotiy va amaliy tajribaga ega. Shu bois undagi hozirjavoblik, tezkor fikrlash qobiliyati, har qanday axborot va yangilikni bir zumda saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib olish mahoratiga qoyil qolmay iloj yo'q. Ustoz jurnalistning hatto kichik bir axboroti, xabari, publitsistik maqolasida ham o'ziga xos yondashuv, sarhisob va tahlil bo'ladi. Xullas, har bir chiqishida o'z “men”i, uslubi, nuqtai nazari, “imzosi” bor. Shuning uchun ham bu maqolalar juda ravon yoziladi, oson o'qiladi. Ustozlar ta'biricha, Rasul Kamol katta maktab ko'rgan, hayotiy saboqlar olgan, o'zi kuzatgan va bilgan mavzular haqida yozadigan zuvalasi pishiq jurnalist.

Davlatimiz ham bu kabi azamatlarini doimo boshida baland ko'taradi. Rasuljon Kamolovning 2000 yili “Xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishoni, 2012 yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani ana shu fidoyi mehnatning yuksak e'tirofidir. Istiqlol yillarida erishilgan mislsiz yutuqlarni, ba'zan qaysidir sohada ko'zga tashlangan muammolarni mohirona tasvirlay oladigan qalamkash 2022 yili O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi tomonidan o'tkaziluvchi “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g'olibi bo'lgan.

Hayotning past-baland yo'llaridan mardonavor o'tib kelayotgan hamkasbimizning bukilmas irodasi, ori, g'ururi kuchli. Tiyrak nigohli bu inson hamisha hayotdan zavqlanib yashashni biladi. Kompyuter yoki telefon ekraniga termilib maqola yozishdan zeriksa, ketmonini yelkasiga tashlab, tomorqa yumushlari bilan andarmon bo'ladi. Rasul aka tomorqachilik, qoramol boqish, sholi yetishtirish hadisini olgan, xullas, uy-ro'zg'or, dehqonchilik professori. Qo'li gul oshpaz, futbol va tennisni qoyillatadi, kurashda ancha-muncha polvonning kuragini yerga tekkizadi.

U — ustozlar va yangi avlod o'rtasidagi ishonch ko'prigi. Zero u o'nlab yosh ijodkorlarni ustoz jurnalistlar davrasiga qo'shgan. Hamkasblar, qadrdonlar, qarindoshlar gurunglarida davraboshi, bir so'z bilan aytganda, hamma joyda va hamma ishda hoziru nozir. Ishni deb oilani, oila qayg'usida ko'chani unutib qo'ymaydi. Hammasiga vaqt topadi, ulguradi. Navqiron yigitdek g'ayrat-shijoat tark etmagani — doimo shoshib yurishi, tez-tez gapirishi, tinib-tinchimasligida yaqqol namoyondir.

Rasul aka besh nafar farzandni munosib tarbiyalab, o'qitib, elga qo'shdi. Bugun ota hovlida farzand va nabiralar jam bo'lganda fayzli xonadon shodon kulgilar, erka qiliqlar bilan to'lib-toshadi. Bobo va nabiralar o'rtasida qiziqarli o'yinlar, bellashuvlar, mushoira, kitobxonlik bahsi boshlanadi. Yangi avlod sulolaning munosib vorisi sifatida o'qishda, sportda, mehnatda toblanmoqda.

Umr daryo misoli shovullab oqib ketaverishi ayni haqiqatdir. Do'st, qadrdon, hamkasb, aka, ustoz maqomida bilib, uzoq yillar hamfikr va hammaslaklikda ishlab kelayotgan Rasul aka shu kunlarda qutlug' 60 yoshga qadam qo'ymoqda. Bu umrning ma'lum bir sarhisob davri, lekin jurnalistika hamda ijodda ayni kamolot pallasi sanaladi. Shu sababli Rasul Kamol hali ko'p yillar davomida o'tkir qalamini qo'ldan qo'ymasligiga ishonamiz. Avlodlar o'rtasidagi mushtarak rishtalar uzilmasligini ta'minlashda bu kabi ustozlarning o'rni beqiyos. Shu ma'noda, milliy matbuotimiz ravnaq-rivoji, zavol topmasligi uchun hali bizga Rasul Kamoldek fidoyilar ko'p kerak. Bu — shunchaki hamkasblar, qadrdonlarning xohish-istagi emas, Farg'ona jurnalistikasi talabi, yaqin istiqbolga mo'ljallangan rejasi shunday…

Botir MADIYoROV,

Hayotjon BOYBOBOYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =