O'zbekistonning baxt xaritasi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis hamda O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasi davlatimiz rahbarining qalb amri, yuksak shijoati, ajdodlarimizga xos matonati, kuchli chaqirig'i o'laroq yangradi. “Kongress Xoll” (Xalqaro Kongress markazi)da bo'lib o'tgan mazkur tantanali tadbirda ishtirok etib, davlatimiz rahbarining jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini to'laqonli qamrab olgan ma'ruzasini tinglar ekanman, minbarda yangragan so'zlardagi o'zgacha zalvorni, ulug'vorlikni his qildim.

Ma'lumki, xalqni uyg'otuvchi, yuksaltiruvchi eng kuchli mafkura milliy birlikdir. Hurmatli Prezidentimiz bu haqda kuyunchaklik va faxr bilan so'zlaganlarida ishtirokchilarning har birining yuragida xalqning baxt-saodati uchun daxldorlik hissi jo'sh urganiga shubham yo'q. Kirib kelayotgan Yangi 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishi xalqimizning milliy qadriyatlaridan tortib, uning zamonaviy qiyofasini, jahon hamjamiyatidagi munosib o'rnini yangi bosqichga olib chiqadigan dastur sifatida namoyon bo'ldi. Unda jamiyatimiz hayotining barcha jihatlari qamrab olinganligi uning hayotbaxshligini, ta'sirchanligini ta'minlagan.

Ayniqsa, Prezidentimizning mamlakatimizda kosmonavtika sohasini rivojlantirish, o'zbek fazogirining samoga parvozini oshirishga erishish bo'yicha takliflarini eshitganimda buyuk ajdodlarimizning yuksak ilm-ma'rifati bugun yoshlarimiz timsolida bo'y ko'rsatishini o'ylab, yuragim to'lqinlandi. Shuningdek, yoshlar masalasiga alohida e'tibor qaratilib, ularning kasbiy ta'limga qamrovini kengaytirish, rag'batlantirish masalalari ko'p millionli xalqimizning ertangi kunini belgilovchi yoshlarning ilmli, kasb-hunarli bo'lishlariga bugun qaratilishi lozim bo'lgan kuchli e'tiborning amaliy ifodasi bo'ldi. Yurtimizdagi mahallalarni rivojlantirish orqali jamiyatimizni yuksaltirish g'oyasi o'zaro uyg'un jarayondir.

Murojaatnomada belgilangan vazifalarning ko'lami, mohiyati aynan shu uyg'unlikning tub mazmunini belgilaydi. Prezidentimizning aytgan ushbu so'zlari esa Murojaatnomaning Bosh g'oyasini belgilab berdi men uchun: “Mirzo Ulug'bek bobomiz osmon jismlarini, yulduzlar xaritasini chizib bergan bo'lsa, biz xalqimizning, yoshlarimizning baxt yo'li xaritasini chizyapmiz!”. Ha, bugun oltita yo'nalish asosida belgilab berilgan ustuvor vazifalar hamda ularning ijrosi O'zbekistonning baxt xaritasiga aylanajak! Yuksak marralarni ko'zlagan, samoni zabt etishga otlangan o'ttiz sakkiz millionli buyuk xalqning rahnamosi — hurmatli Prezidentimizning bedor yuragidan otilgan xitob bizni shu ulug' yo'lda birlashtiradi!

 

Dilim, yuksak dovonlar sari otlan, peshvoz chiq,

O'zbekiston ko'zlagan manzilda bir safda bo'l.

O'ttiz sakkiz million xalqning baxt xaritasi

Chizilgan bu pallada shijoatda, shahdda bo'l.

 

Ne baxt, aziz zamondosh, bu kunlar ham tarixdir,

Yaralmoqda yurtimning yangi, shonli kitobi.

Ogohlik zamoni bu! Uyg'otgaydir har kimni,

Vatan uchun tikilgan bedor yurak xitobi!

Sayyora SAMANDAROVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =