Ilm-fan chirog'ini ko'targan ustoz
Yurtimizda o'zining yuksak insoniylik fazilatlari, halol mehnati va ilm-fanda juda katta yuksakliklarni qo'lga kiritgan hamda aytish mumkin bo'lsa, alloma ustoz sifatida nomi tilga olinadigan siymolar qatorida, hech shubhasiz, akademik Oqil Umurzoqovich Salimovni alohida tilga olish joiz. U kishi ayni shu kunlarda qariyb yuz yoshga yaqinlashayotgan, aniqrog'i, o'zining qutlug' 98 yoshini qarshi olayotgan el-yurtning sadoqatli namoyandasidir.
Mavlono Alisher Navoiy aytganidek:
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo'q xalq g'amidin g'ami.
O'nlab, yuzlab, hatto minglab olimlarning ustozi bo'lish, el ardog'ida piru badavlat umrguzaronlik qilish saodati har kimga ham nasib etavermaydi. Bunday baxtga Yaratganning inoyati, elning duosi tufayligina muyassar bo'lish mumkin.
YoRQIN ODIMLAR
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytsak: “Olimlik Alloh nurini solgan ulug' bir martaba. Bu martabadan jamiyatning butun vujudiga nur, ziyo tarqaladi. Olimlarning suhbatidan inson o'ziga beqiyos ma'naviy boylik oladi, qalb kengliklarini, tafakkur teranligini his qiladi…”
Darhaqiqat, akademik Oqil Salimov texnika fanining o'zbek milliy mexanika yo'nalishiga 75 yildan buyon hissa qo'shib kelayotgan buzruk olim, jamoat va davlat arbobidir.
Men domla haqidagi ayrim xotiralarimni bayon qilish hamda mo''tabar ustozga bo'lgan samimiy qalb izhorlarimni bayon etishni burchim deb hisoblayman. Chunki 1970 yillar boshlarida, men “Partiya turmushi” jurnalida ishlagan kezlar, domla markaziy boshqaruvga chaqirib: “Respublika aholisidan ko'plab xatlar keladi, ularning mazmunini ruschaga ag'daring”, — deya topshiriq berardilar.
Oradan ma'lum vaqtlar o'tdi. O'tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmiga kelib, yurtimizda “o'zbeklar ishi”, “paxta ishi” degan balo-qazolar boshlangan, xalqimiz, ayniqsa, ko'plab rahbarlar ta'na toshlari, turfa bo'htonlar ila siquvga olingan, ayrimlari qamalgan paytlar…
Men ana shu vaqtda, ya'ni Moskvada ishlab yurgan kezlarimda taqdir taqozosi bilan Toshkentdan Moskvaga samolyotda ustoz bilan birga uchdik. Imkon topib, “ichki kuzatuvi”dagi Oqil Umurzoqovich Salimov yoniga o'tirdim.
Suhbatimiz mahzunlik bilan kechdi. Domla avval O'zbekiston Kompartiyasi Markazkomida bo'lim boshlig'i, so'ngra mafkura bo'yicha kotib bo'lib ishlagan paytlari edi. Bu vaqtda ustozga ham har xil tuhmatlar uyushtirilgandi. Oqil aka bu haqda juda ko'p, aniq dalillarni aytib berganlarini hamon eslayman. “Men Xudoga shukr qilaman. U yerda (Moskvadagi jazoni ijro etish maxsus hibsxonasida) meni yaqinlarim, do'stu birodarlarim yolg'izlatib qo'yishmadi. Nafaqat O'zbekiston, balki qo'shni respublikalardan ayrim sodiq og'aynilarim xabar olib turishdi. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida rektor bo'lgan paytimda qamoqqa olingan edim. Haqiqiy insoniylikni, mehr-oqibatni, odamgarchilikni kishi boshiga tashvish tushganda bilar ekan. Ana shunday og'ir paytlarda harakatchan, o'ta ochiq va benazir inson, Shavkat Mirziyoyevning doimiy e'tiborini unutmayman. U kishi mendan shunday paytda ham voz kechmadi, aksincha, imkon topib, qo'llab-quvvatlab turgan…”
O'zbek milliy oliy ta'limini jahon andozalariga olib chiqishda katta jasorat va matonat ko'rsatgan yana shunday sodiq shogirdlaridan biri O'ktam Umurzoqov Oqil Salimov haqida shunday degan edi: “U aqlan iqtidorli, ziyrak, tabiatan qalbi daryo va dilbar inson. Kimningdir so'zi yoki qilgan ishi ko'ngliga og'ir botsa-da, aslo sezdirmaydi, tezda unutib yuboradi. Shu bois bo'lsa kerak, u kishining hayotiy falsafasi: insonlarni qadrlash, ularga qo'ldan kelgancha yaxshilik qilib, yordam berishdir”.
Ha, davlat va jamoat arbobi, ustoz Oqil aka Salimov – nafaqat O'zbekiston qishloq xo'jaligi fanlari akademiyasi a'zosi, ayni chog'da Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasi va Nyu-York fanlar akademiyasining ham akademigidir. Ustoz, shuningdek, Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasining O'zbekiston bo'limi Prezidenti hamda Respublika iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash Mirzo Ulug'bek nomidagi jamoat fondining vasiylik kengashi raisi hisoblanadi.
Oqil aka davlat va jamoat ishlaridagi ko'p yillik xizmatlari hamda ta'lim tizimidagi samarali faoliyati bilan yurtimiz ilm-fani va ma'rifati taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan yirik davlat va fan arbobidir. Ustozning nafaqat arbob va olim, balki yoshlar murabbiysi va iste'dodlar homiysi sifatida amalga oshirgan beqiyos ezgu ishlari ham tahsinga sazovor.
Oqil Umrzoqovichning yana bir xususiyatlari borki, bu ijodkorlik fazilatidir. Keyingi yillarda domlaning qalamiga mansub “Saodat yo'li”, “Yoshlarga donolar o'giti”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Yangi O'zbekistonning iste'dodli yoshlari”, “Do'stlik xamsasi”, “Aql innovatsiyasi”, “Yangi O'zbekiston davlati” kabi bir qator ommaviy-siyosiy va ilmiy-ma'rifiy asarlari nashr etildi.
Shu o'rinda bir achchiq haqiqatni takror aytib o'tishni lozim deb bilaman. Oqil Salimovni ham juda ko'plar qatori bir paytlar o'zi e'tiqod qo'ygan, ammo sarobga aylangan tuzum badnom qilishga urinib ko'rdi! Lekin uning halolligi, oqil va odilligi oldida tuhmatu ig'volar fosh bo'ldi. Ustozimizni Istiqlol ardoqladi, ma'muriy va ma'naviy jihatdan barcha nufuzini qaytardi.
Azaldan xalq va jamiyatga fidokorona xizmat qilib, elu yurtda yuksak obro'-e'tibor va nufuzga erishgan kishilar piri badavlat va piri buzruk deb ulug'lanadi.
* * *
Hayotda shunday mo''tabar odamlar bor: ular mazmunli va ibratli faoliyati, qobil farzandlari, Vatan va xalq oldida qilgan sharafli ishlari, yaxshi nomi bilan oramizda — Yangi O'zbekiston avlodlari qalbida o'rnak-namuna bo'lmoqdalar. Oqil Salimov kamtarin va intiluvchanligi, tashabbuskorligi, zimmasidagi vazifalarga mas'uliyat bilan sidqidildan yondashuvchanligi bois ham 1965-1998 yillarda yurtimiz markaziy idoralariga ishga taklif etilib, turli mas'ul lavozimlarda mehnat qildi.
Etuk muallimning bevosita ilmiy rahbarligida 20 ga yaqin nomzodlik, yettita doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi. Bu uning ilmiy-nazariy mushohadasi kengligi, amaliy faoliyati boyligidan dalolat beradi. Olim hozirgacha 10 dan ortiq darslik, o'quv qo'llanmalar, monografiya, 200 dan ziyod maqola va tezislar nashr ettirib, ko'plab ixtirolarga patentlar olishga muvaffaq bo'lgan. Birgina “Yangi O'zbekiston” gazetasida o'nlab ma'naviy-ma'rifiy maqolalari e'lon qilindi. Hozirgi paytda uning tashabbusi bilan “Taraqqiyot” jurnali chop etilmoqda. Jurnalda mamlakat milliy taraqqiyoti va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida dolzarb maqolalar e'lon qilinmoqda.
Domla Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida rektor bo'lib ishlagan 1986-1992 yillarda asosiy diqqat-e'tiborini o'quv jarayonida yangi pedagogik texnologiyalarni qo'llash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratdi. O'sha yillari uning o'ta madaniyatli, qat'iyatli, talabchan, o'zi va hamkasblarining bajarayotgan ishlariga mas'uliyat bilan yondashadigan rahbar ekanligiga amin bo'lganmiz. U kishi har qanday muammoni hal etishda vaqtni cho'zib, ishni paysalga solmasdan, imkoni boricha tez va ijobiy hal qilishga harakat qilardi. Tabiiyki, bu holat jamoada ish unumdorligining oshishiga, sog'lom muhit yaratilishiga zamin yaratardi.
1994-1998 yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri lavozimida o'zining yuksak tashabbuskorlik va tashkilotchilik hamda mohir pedagoglik tajribasini namoyon etib, oliy ta'lim muassasalarida yosh mustaqil mamlakat uchun har tomonlama yetuk va malakali mutaxassis-kadrlar tayyorlash, professor-o'qituvchilarning mahoratini oshirish masalalariga jiddiy e'tibor qaratdi. Oliy ta'lim muassasalarida davlatimiz talab-ehtiyojidan kelib chiqqan holda, yangi kafedra va mutaxassisliklar tashkil etildi.
Ustoz mamlakatimizning oliy ta'lim va ilm-fanini rivojlantirishning jonkuyari sifatida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikka ham katta e'tibor qaratib kelmoqda. Aytish joiz, ustoz hozir ham Rossiyadagi ko'plab oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Ular Yangi O'zbekistonni o'zlarining ishonchli hamkori sifatida tan olishmoqda. Chunonchi, N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti (milliy tadqiqot universiteti), Moskva avtomobil yo'llari davlat texnika universiteti, Sankt-Peterburg politexnika universiteti, Sankt-Peterburg davlat elektronika universiteti, Moskva energetika instituti va boshqa oliy ta'lim o'choqlari bilan o'zaro hamkorlik shartnomalari imzolanishida domlaning xizmatlari alohida tahsinga sazovordir.
Ustozning oliy ta'lim ravnaqidagi nufuzini nafaqat Yangi O'zbekistonda, balki butun dunyoda e'tirof etishadi.
* * *
Ochig'ini aytganda, ulug' olimning o'ta ulkan faoliyati vatanparvarlik, millatparvarlikning haqiqiy ma'nodagi ko'rinishi desak, to'g'ri bo'ladi. Kelajagi porloq yoshlarga homiylik qiladilar. Homiylik deganda, avvalambor, saxovatli bo'lish, beg'araz yordam berish degani. Homiylik inson qalbi va yuragidagi eng ezgu tuyg'ularning amaliy ifodasidir. Insonlarga o'z yo'lini topib olishida ko'maklashish va g'oyaviy rahnamolik ham homiylikdir. Ayniqsa, yoshlarga bu borada ustoz benazir himmatga, beg'araz bag'rikenglik prinsiplariga ega ekanligini qayd qilish o'rinli.
Domlaning barcha xizmatlari va insoniylik xislatlari haqida kitoblar yozsa arziydi. Zero, ustoz haqida ko'plab ijodkorlar bir qancha kitoblar yozishgan.
Bir so'z bilan aytganda, Alloh insonga qancha yaxshilik va samimiylikni ato etgan bo'lsa, ustozda hammasi mujassam. Chin insoniy mehr-muruvvat, kamtarlik, halollik, poklik, insofu diyonat, iymon-e'tiqod, shogirdlariga mehribonlik, talabchanlik uning qalbida limmo-lim. Hazrat Jaloliddin Rumiyning shunday hikmati bor: “Yaxshi inson o'zidan baxt, ezgu tajriba, xatokor inson o'zidan dars, achchiq saboq, mukammal inson o'zidan yaxshi iz qoldiradi”.
Buyuk Xitoy faylasufi Konfutsiy esa yuksak insoniy fazilatlar hamda liderlik qobiliyatiga ega bo'lganlarni xarizmatik, ya'ni fenomenal insonlar, deb qayd qilgan. Demak, teran fikr yuritadigan, har qanday vaziyatda to'g'ri yo'lni tanlagan, ya'ni o'ta qat'iyatli, odamlarni o'z ortidan ergashtira oladigan shaxslarga nisbatan aytilgan mafkuraviy g'oya juda ham kamdan-kam odamlarga nasib etadi. Oqil aka ana shunday fenomenal insonlar toifasidan.
“TAQDIRIMDAN ROZIMAN”
Ustoz Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vazirligida bosh maslahatchi bo'lib ishlagan paytlari bobokalonlari general Jo'rabek haqida ma'lumot olish uchun qabullariga bordim. O'sha paytda vazir Rustam Qosimov (joylari jannatda bo'lsin)ning xonasida o'tirgan ekan. Men general Jo'rabekning hayoti va faoliyati haqida gapirib, ustozdan qo'shimcha ma'lumotlar oldim. Shunda vazir menga qarab: “Ustoz-domla Xudoyorxon chevarasi Oychuchuk momoning nabirasi ekanligini bilasizmi? Buni albatta e'tiborda tuting”, dedilar. Bu men uchun yangilik edi.
Ma'lum bo'lishicha, general Jo'rabekning Toshkentdagi Qorasuvdagi dala hovlisida Xudoyorxonning sarson-sargardonlikda qolib ketgan ayoli Og'acha oyim va farzandlari bir muddat yashagan. Men buni yaqinda taniqli ijodkorlar Norqobil Jalil va Ro'zimboy Hasanning “General Jo'rabek: davr va qismat” kitobidan ham bilib oldim.
Ulug' ustoz hozirgi kunda ham tinib-tinchimaydi. U O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida maxsus suhbat-mashg'ulotlar olib boradi.
“Men o'z taqdirimdan rozi insonman. Chunki menga hammaga ham nasib qilmaydigan taqdir nasib etdi. 20 yildan ko'proq vaqt o'zbek xalqining benazir farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov bilan ishlash baxtiga muyassar bo'ldim. U kishi qaysi lavozimda ishlamasin, doimo o'zbek xalqining dardi bilan, uning kelajagi va ravnaqi uchun yashadi.
Sharof Rashidov har bir ishga yuksak mas'uliyat, tirishqoqlik, chuqur bilim va tafakkur bilan yondashib mehnat qilardi. Ul zot qalbining tub-tubidan kommunistik “izm”larni rad etar, “sovet dohiylari”ni o'sha zamon urficha alqagani bilan hukumat qarorlarini sobiq Ittifoq manfaatiga emas, O'zbekiston manfaati va xalqi farovonligi yo'liga ustalik bilan burib yuborar, “intizomli partiya arbobi” sifatida ko'rinsa ham, aslida, o'z yo'lidan qolmas edi!
Darhaqiqat, tarixni bilmay turib, bugungi kunga baho berib bo'lmaydi. Yaxshi bilasiz, o'sha davrlarda har qaysi ittifoqdosh respublika rahbari “Markaz” chizig'idan chiqmasdan faoliyat olib borishga majbur edi. Shunga qaramay, Sharof Rashidovich respublikamiz, xalqimiz ravnaqi uchun o'zini ayamasdan mehnat qilardi. Respublikamizdagi juda ko'p inshootlar, muhim ob'yektlar qurilishi aynan uning nomi bilan bevosita bog'liq ekanini el-yurtimiz yaxshi biladi. Eng muhimi, bularning barchasi nafaqat o'sha davr, balki kelajakni o'ylab, uzoqni ko'zlab amalga oshirilgan. Bir misol: o'sha paytlarda Mirzacho'l, Qarshi, Jizzax, Yozyovon, Surxon-Sherobod cho'llarining o'zlashtirilishi natijasida millionlab gektar qo'riq yerlar ochildi, paxtazoru bug'doyzorlar, bog'-rog'lar barpo qilindi. Bugungi kunda bu hududlar xalqimizning farovon va to'kin hayoti uchun xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotida katta ahamiyatga ega Navoiy, Zarafshon, Yangier, Guliston kabi o'nlab shaharlar bunyod etildi. Mustaqillik yillarida O'zbekistonning tabiiy boyliklarini qayta ishlash borasidagi yirik industriyaga o'sha vaqtlar poydevor qo'yilgan, desak, xato bo'lmaydi.
Sharof Rashidov ulkan davlat arbobi, taniqli adib bo'lishiga qaramasdan, nihoyatda kamtar, samimiy, odamlarga mehribon kishi edi. U yurtimizning shahar va qishloqlarida, qurilish maydonlari va dalalarda, sanoat korxonalarida bo'lib, turli kasb egalari, oddiy odamlar bilan muloqot qilishni xush ko'rardi. Shunday safarlar chog'ida el-yurt hayoti uchun muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo'lgan masalalar bo'yicha rejalar ishlab chiqilardi.
U kishi xalqimizning og'ir va mashaqqatli mehnat evaziga katta miqdorda qishloq xo'jalik mahsulotlari, jumladan, paxta, pilla, qorako'l teri yetkazib berayotganini chuqur anglar, qo'lidan kelgancha ana shu zahmatkash odamlarning og'irini yengil qilishga intilar edi.
Xalqimiz Sharof Rashidovning poytaxtimiz Toshkent shahrining bugungi salohiyati va zamonaviy qiyofasini yaratishda beqiyos xizmatlari singganini yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 1966 yilgi zilzila oqibatida vayron bo'lgan turar-joylar, ma'muriy binolar, korxonalarni tiklash, boshpanasiz qolgan va yana uzoq o'lkalardan ko'chib kelgan odamlarni uy-joy bilan ta'minlashning o'zi bo'lmagan. Bugun poytaxtimizdagi metropoliten xizmatidan foydalanayotgan, teatrlaru muzeylar, san'at saroylari yo sayilgohlarda bo'lgan har bir inson Sharof Rashidovning porloq xotirasi oldida hurmat bajo etadi.
Darvoqe, Toshkent metropoliteni qurilishiga sobiq Markaz dastlab qarshi chiqqan. Hali zilzilani, hali yerosti suvlarini bahona qilib, bu loyihani amalga oshirishga yo'l bermagan. Sharof Rashidov metro Toshkent hayoti uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini inobatga olib, eng bilimdon va tajribali mutaxassislar ishtirokida tahliliy ma'lumotlar tayyorlatib, poytaxtimizda metropoliten qurishga barcha asos borligini isbotlab bergan edi.
Istiqlol yillarida Toshkent metrosining yo'nalishlari yanada kengaydi. Bugun ham uning yangi yo'nalishlari bo'ylab qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan nafaqat poytaxtimiz, balki butun mamlakatimiz go'shalari obod bo'lib bormoqda. Yangi O'zbekiston o'z nomiga monand bunyod etilmoqda. Yo'q joydan Nurafshon singari shaharlar bunyod etildi.
Hozir O'zbekiston xalqaro miqyosda ochiq va erkin jamiyat sifatida namoyon bo'lmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ulkan islohotlar – Vatanimizning yorqin kelajagi. Shu bois dunyo ahlining e'tibori Mirziyoyevda. Eng muhimi, O'zbekiston xalqi o'z yo'lboshchisiga ishonadi”, – deydi Oqil Umurzoqovich Salimov.
Bunga misol tariqasida uch yil oldin “Dunyo” axborot agentligi sharhlovchisi Shuhrat Umirovning “O'zbekiston ham, Ozarbayjon ham buyuk farzandlari sharaflangan yurtdir” nomli suhbat-maqolasida Oqil Umurzoqovich Salimov tomonidan aytilgan purma'no fikrlarni keltirish mumkin. Jurnalist quyidagicha savol beradi:
— Shu o'rinda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonga borgani va ushbu tashrif doirasida Bokuda Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashganini eslash joizdir. Davlat arbobi sifatida Sizning ushbu uchrashuv haqidagi shaxsiy fikrlaringizni bilishni istar edik?
Ustoz Oqil Umurzoqovich Salimovning javoblariga e'tibor qiling:
“Siz mazkur uchrashuvni o'z o'rnida esga oldingiz. O'shanda davlatimiz rahbari Haydar Aliyev haqidagi o'z fikrlarini ham bayon etgan edi. “Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O'zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko'p suhbatlashganman. U har doim o'zbek xalqiga hurmat bilan munosabatda bo'lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidov bilan ko'p bor uchrashib, ko'plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo'lganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda O'zbekistonga hurmat bilan munosabatda bo'lganini, qo'llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o'zbek ishi” yuzaga kelgan og'ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o'laroq, o'zbek xalqi haqida o'z shaxsiy fikriga ega bo'lgan”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Men O'zbekiston Prezidentining bu haqdagi fikrlarini aytdim. O'z navbatida Ozarbayjonning hozirgi yetakchisi Ilhom Aliyev ham bu fikrni tasdiqlagan holda o'zining o'smirlik chog'laridayoq otasi va Sharof Rashidov o'rtasida yaqin do'stona munosabatlar bo'lganini yaxshi eslashini rasman aytgan. “Ular aka-ukalardek do'st edilar. Qayta qurish yillarida muayyan doiralar tomonidan o'zbek xalqiga nisbatan uyushtirilgan adolatsizlik otamda juda yomon taassurot qoldirganini eslayman”, degan edi Prezident Ilhom Aliyev 2019 yili Bokuda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida.
Shu o'rinda yana bir fikrni aytishni istar edim. Hozir butun insoniyat murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Shunday bo'lishiga qaramasdan, O'zbekiston xalqi ham, Ozarbayjon xalqi ham doimo kelajakka ishonch bilan qaragan. Bundan keyin ham shunday bo'lajak. O'zbek xalqining ardoqli va betakror san'atkori Sherali Jo'rayev o'zining bir ashulasida kuylaganidek, “Egasi bor yurtning ertasi bordir!” O'zbekiston ham, Ozarbayjon ham o'z xalqlarining xohish-irodasi bilan saylangan davlat rahbarlari rahnamoligida nurli yo'lda komil ishonch bilan dadil va adolatli qadamlarni tashlayotganiga butun dunyo guvoh bo'lib turibdi. Bu yo'l — porloq kelajak yo'lidir”.
“Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev dunyoning ilg'or mamlakatlari qatoridan joy olish yo'li — bu sohada, ilm-fanda, ta'lim tizimida va boshqa sohalarda klaster tizimi joriy etilishi hisoblanishini ko'p bor ta'kidlab kelyapti, — degan edi Oqil Salimov suhbatlaridan birida. — Yengil sanoat, neft-gaz, kimyo, biotexnologiya, AKT, avtomobilsozlik, transport logistikasi va turistik, oziq-ovqat, ta'lim, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik sohalarida klaster tizimini yaratish ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirish hajmini ko'paytiradi, sifatini yaxshilaydi, albatta”.
Tarix — bu sergaklik! Ko'zguga boq, o'zingni ko'r! Ko'zgudagi dog'lar esa tarix sabog'i. O'z tarixidan ulgi olmaganlar esa millat bo'lolmaydi. Demak, murakkab evrilishlar silsilasida dunyo sahnida chinakam millat iqtidori yuzaga keladi.
Ustoz Oqil Salimov “Yangi O'zbekiston davlati” kitobida shunday ta'kidlaydi: “Davrimiz shiddati tez. Islohotlar tobora keng mazmun kashf etmoqda. Yangi O'zbekiston tub o'zgarishlar jarayonida butunlay yangi qiyofaga ega bo'lmoqda. Uning mamlakat ichki hayotida iqtisodiy-ijtimoiy qudrati, jahon hamjamiyatida esa umumplanetar masalalarni hal etish salohiyati oshib bormoqda”.
E'tibor qiling-a, qanday yuksak, tiyran fikrlar! Ustozning bugungi kunda ona yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga nisbatan bunday samimiy fikrlarini har bir keksayu yosh o'qib o'rgansa, qalbiga joylasa va shu aziz Vatan uchun xizmat qilishda ulardan ulgi olsa, arziydi!
Biz shogirdlar esa qachon, qaerda bo'lmaylik, ustozi buzrukvorning Yangi O'zbekiston rivoji uchun qariyb sakson yildirki, fidoyi faoliyatlari oldida hamisha qarzdor va burchlimiz. El-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni o'zining oliy saodati deb bilgan Oqil domla-ustozni chin yurakdan tabriklab, eng ezgu niyatlarimizni tilab qolamiz. Nasib etsa, yuz yoshga to'lganlarida ham ana shunday ezgu tilaklar aytish nasib etaversin! Zero, ilm-fan, ma'rifat, yaxshilik va ezgulik chirog'ini ko'targan bunday insonlar borligi uchun ham bu hayot yanada fayzli, nurlidir.
Karim NORMATOV,
tarix fanlari
doktori, professor.
