Bedor boqiylik
yoxud O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov siymosi haqida o'ylar
Yaqinda iqtidorli yosh shoirlardan birining yangi to'plami chiqqan ekan, she'r muhiblaridan bo'lgan tanishim ko'zlari chaqnab, o'qib chiqishni tavsiya etdi. Bu yumushni ortga tashlamadim, tezda kitobni topib, ishtiyoq bilan mutolaa qildim. Rostdan, go'zal she'rlar: ohorli tashbehlar, mayin va tarovatli ifoda, she'riy timsollarning ko'pi topilma. Xullas, tan bersa arziydigan ijod namunasi.
She'rlarning umumiy taassuroti kishini inson tabiati tovlanishlari bilan oshno qilardi. Qadrdon, lekin unutilgan hislarni uyg'otardi. Borliqdagi hali nazarga tushmagan sinoatlar, ranglar bilan tanishtirardi. Ko'ngil mayllarini erkalatgan, dilga munis ohanglar olib kirgan, borliqqa sezgir nigoh bilan qarashga undovchi bunday she'rlarga asir bo'lib qolish hech gap emas edi.
Men ham bir necha kunlar shunday hislar og'ushida yurdim. Ammo odamlar jamoasi, kundalik tashvishlar, mayda, lekin dovdiratib qo'yadigan muammolar qurshovida bunday kayfiyatim tezda tarqab ketdi. Boshim ustida zamon gurzisini o'qtalib turar, yetilgan savollarga javob qaytarish, oqimda hushyor bo'lish talab qilinardi. Shunday sharoitda chuchmoma gulidek nofarmon, ko'klam yellaridek mayin, go'dak nafasidek beg'ubor va xokisor u she'rlarning kayfiyati biror marta ham tashvishlarga qorishgan borlig'imda aks-sado bermadi. U she'rlarni shodon kayfiyatda, hayotdan zavq tuyib, dimog'ni choq qilish, o'zini ovutish uchun “qorinni qashlab” o'qish kerakdek tuyulib ketdi. Shunda millionlab muxlislarning qalbidan mustahkam joy olgan, she'rlari to'yda ham, yo'lda ham, hatto azada ham o'qiladigan muhtasham shoirimiz Abdulla Oripovni esladim. Shoirning hammabop va harjoybopligi, xalqchilligi, she'rlarining “xaridor”girligi nimada ekan, degan savol bo'rtib chiqdi.
Rostdan, Abdulla Oripovni mashhur qilgan, hatto buyuklik maqomini ato etgan omil nima edi?! Ehtimol, bu savolga jild-jild kitoblar bilan mukammal javob berish talab qilinar, ammo bitta jihatga alohida e'tibor qaratish lozim bo'lar ekan, chamasi: bu — ijtimoiylik, ya'ni go'zal she'riyatning jamiyat hayoti bilan qorishib, vobasta bo'lib ketgani bo'lsa kerak. Agar razm solinsa, shoir bitta so'zini ham jamiyat, demak, zamon, odamlar, vatandoshlar kayfiyati, xayol-o'ylaridan tashqarida sarf qilmagan. Balki fikrni maqsadga yo'naltirish uchun havoyi, tizginsiz, mavhum satrlar tizgandir, ammo o'sha so'zlar qatori ham shoir aytmoqchi bo'lgan fikrga “torpeda” bo'lib kelgan, mavzuga eshilib, qorishib ketgan. Masalan, shoir qalam olib shunday so'zlarni tizadi: “Yurtim, senga she'r bitdim bu kun…”. Oddiy axborot, xuddi “Havo bulutli” yoki “Boshim og'rib turibdi” deganga o'xshash. Faqat bu inshoning “Yurtim…” deb boshlanishi shu tuproqda yashayotgan har qanday kishining e'tiborini tortadi va o'z-o'zidan “Shoir davomidan qanday gap aytar ekan?” degan qiziqish paydo bo'ladi. Bu ishtiyoqning qondirilishi birinchi gapda e'lon qilingan xabardan oshib tushsa, she'rxonning tashnaligi yanada ortadi va davomini qoniqish (yutoqish) bilan qabul qiladi.
Birinchi satrdan keyin shoir davom etib deydi: “Qiyosingni topmadim aslo…”. Naqadar o'ylatadigan gap: qiyosni topmaslik nimadan, avvalo, shoir nazaridagi xilqat nedir, “she'r bitish (bag'ishlash)ga” kirishish — bu mamnuniyat maqtanishmi yoki so'zning zamirida biror dard yashiringanmi? Beixtiyor qiziqish gulxani lovullaydi, she'rxon davomidan ham tadrijiy ravishda tuyg'ularning yuksalib borishini istaydi. Shoir maydonda bir-ikki satr yoki so'z bilan kimligini ko'rsatishi talab etiladi. Shunda Abdulla Oripov taqimiga uloqni mahkam bosib, otga qamchi uradi. Davomi ko'pchilikka yaxshi tanish… Bor-yo'g'i sakkiz qatorda buyuk bir iste'dod namoyon bo'ladi: odmi tuyg'uni fazoviy ko'lamga olib chiqadi. Ikki qatorli naqarot esa “yozilmagan doston” qarshisida turgan shoirni ham, she'rxonni ham cheksiz samolarga olib ketadi. Nihoyat, “O'zbekiston — Vatanim manim” so'zlari qoyaga o'yilgandek abadiy jaranglab (yaraqlab) turaveradi…
Abdulla Oripovning sehri shu tarzda namoyon bo'lardi va bu hol, menimcha, har bir nafasi ijtimoiylik bilan to'yinganida edi: uning ko'z oldida Vatani, millati, xalqi hayoti yoyilib yotar, uning manzaralarini, kayfiyatini, orzu-intilishlari va g'am-tashvishlarini baravar inkishof etardi, taassurotlarni jo'shqin qalbi tebranishlaridan o'tkazib, “o'tlug' misra”larida quyuq bo'yoqlarda jonlantirardi. Abdulla Oripov buyukligining bosh mezoni shu o'lchov bo'lsa kerak, haytovur. Va, albatta, tabiiy iqtidor… Bu quvvat yerni osmonga payvandlay olardi, dengiz bag'ridan sug'urib, tog'ning cho'qqisiga chiqarib qo'yardi. “…guldek vatanim…” deb yozadi shoir. “Gul” sharq she'riyatida eng ko'p ishlatilgan timsol, unga minglab qofiyalar payvand qilingan. Abdulla Orif esa hali hech kim topa olmagan yoki ishlatmagan qofiyani topadi: “…tul”! Bunday ijodning har bir mahsuli nodir topilmadir…
* * *
Abdulla Oripovning adabiyotda paydo bo'lish davrini katta avlod yaxshi biladi. O'tgan asrning 70-yillari beso'naqay imperiya silkinishlardan charchab, biroz tin olayotgan, “O'zi, buncha ur-yiqitlardan maqsad nima?!” degan oddiy insoniy savol kun tartibiga qo'yilgan yillar edi, chamasi. Yurtimiz ham umumxalq afvidan bahramand bo'lib, hayot qadrini his etayotgan, yangi kayfiyatga yarasha yangiliklar shavqi bilan yashayotgandi. Adabiyotning baxtiga o'sha yillar respublikaning birinchi rahbari ayni shu sohaning odami ediki, bu omil “mitti yulduz”larning porlab, nur sochishida osmon bo'ldi. Bil'aks, qancha iqtidorlar “zeru zabar” qilingan muhitda bilib-bilmay aytilgan bir og'iz so'z bilan yo'q bo'lib ketish hech gap emas edi. Abdulla Oripov ana shu muz dengizida jimit boychechakdek bo'y ko'rsatib, nebaxtki, tolening in'omi bilan muz qasirg'alarini yorib bordi.
Ochig'i, milliy adabiyotshunosligimizda “Abdulla Oripov” fenomenining paydo bo'lishi, bo'y ko'rsatishi, oyoqqa turishi, tan olinishi tadriji yaxlit tadqiq qilingani yo'q. Albatta, u mavhum bo'shliqda paydo bo'lmadi. Milliy adabiyot o'zligini izlayotgan, hatto zamonaviy lirikada ham yaxshi namunalar paydo bo'lgan, hech bo'lmaganda, yangilikni qo'llab-quvvatlaydigan sharoit bo'y ko'rsatgan muhitda yuz ochishning sinoati to'la inkishof etilgani yo'q. Shoirning suhbatlaridan, zamondoshlarning esdaliklaridan bu jarayon oson kechmagani ma'lum bo'ladi. Negaki, qaysidir ma'noda u va tengdoshlarining chiqishi yangilikning kushandasi bo'lgan jamiyat uchun isyon edi. U paytda isyon emas, oddiy norozilik ham qattiq jazolanardi. Yana buning ustiga o'zbek xalqiga yo'rgagidan ilashgan “hasad” degan balo tinch turmasdi. Unga cho'ponlikni tavsiya qilgan zotlar ham bo'lgan. Keyinroq esa boshini tik tutib yozgan: “Suruvim ichida ko'raman goho, Meni cho'pon degan kimsalarni ham…” (muvaffaqiyatli, mislsiz kinoya!) Xuddi shunga mos tarzda tizim chaqimchilik, ig'vo, fasod, g'iybat ustiga qurilgandi. “Yuqori” esa shu taraf edi va shu “kasb egalari”ni qo'llab-quvvatlab, ilhomlantirib turardi.
Ana shunday darajadagi yukni ko'tarish uchun filning kuchi asqatardi. Ne baxtki, Abdulla Oripov ushoqqina jussasi bilan shunday kuch va iroda topa olgan. Lekin bu “siylov”lar izsiz ketmagan: “temir oqim”dan chiqib ketib bo'lmaydi! She'r sinchilari “Suv”, “Hangoma” (1971) she'rlaridan keyin shoir xomush bo'lib qolgani, uning oldingi avjiga zaxa yetganligi sezilishini ta'kidlashadi. Albatta, bu hol o'sha yillardagi voqealar, tarjimai hol bilan bog'liq bo'lishi mumkin va izlanishlar bilan tasdiqlanishi lozim, lekin shoirning muntazam tazyiq, kuzatuvlar ostida yashagani rost gap. Qolaversa, uni bosh yo'ldan — hayotining mazmuni va yo'l xaritasi — ilhom bilan ijod qilishdan chalg'itish muddaosida turli ziyofatlarning uyushtirilishi, unda, albatta, ichimlikning serob bo'lishi, keyin esa mijg'ov odamlar davrasi… “Dasturxon odamni ezib tashlaydi”. G'arazli nigohlar, ilmoqli savollar, “do'stman” deb dushmanning ishini qilish… O'sha yillari zaharxandalik bilan aytilgan “She'riyat kuchaydi, kuchaydi talab, Hammasi o'zgardi Abdullaga qarab” kabi “hazil”larda zamonaning haqiqati yashiringan.
Abdulla Oripov bu kunlarning achchiq nishtarlarini bir umr unutolmay yashadi. Har qadamda ta'qib, kamsitishga urinish, hasad… Abdulla Oripov ijodi bilan tanishgan ba'zi muxlislar “Buncha hasrat ko'p…” deyishadi. Axir dilda kadar, yurakda alam, qalbda iztirob bilan jilmayib bo'ladimi? Biroq shoir o'zida kuch topa olardi, lirikasida bulutli manzaralar ham chaqinli lahzalarga doya bo'lardi, har bir satrda sehr, har bir she'rda kashfiyot… Abdulla Oripovning surati va siyrati ana shunday edi.
Adabiyot maydonidagi bu po'rtana shu darajaga yetdiki, Abdulla Oripovning qismati millat taqdiriga aylandi. Bugun uning ijodini yaxlit tasavvur qilsak, o'sha kunlarning issiq-sovug'ini, past-balandliklarini bir nazarda ko'rish mumkin bo'ladi. Unda to'la namoyon bo'lmagan nafrat ham, zamonasozlik ham, shodlik, sevgi-muhabbatning orifona in'ikosi, hatto g'ayirlik va munofiqlik kasri ham mavjud. Bu she'riyat xuddi kamalakdek yurt va yurtdoshlar manzaralarini ifodalagan. Faqat o'ziga xos quyuq bo'yoqlarda, qayroqi misralarda, nodir tashbehlarda… Hatto zamona chaqirig'iga “labbay” deb bitgan she'rlarida ham soxtalik yo'q, sodda, ishonuvchan oq ko'ngli bilan javob beradi.
Bunday ziddiyatli holatlarni to'la tasavvur etish uchun davr manzaralarini bir qur ko'z oldiga keltirish lozim bo'ladi. Qizil imperiya jami insoniyatni o'zgacha, ilohiy-ruhiy tizimdan o'zga, moddiy-ashyoviy tarzda yashashga majburlagan edi. Shundan kelib chiqib, uning talablari ham mavjud borliqqa teskari edi. Demak, mafkuradagi ana shunday ters tamoyillar adabiyotni ham boshqarardi. Tuzum o'z qarashlaridan chekinmoqchi emas, balki mustahkam tizim yaratib, odamzodni shu qolipga majburlardi. Uning so'zini aytgan, ashulasini kuylaganlar izzatda, tirnoqdek qarshi chiqqanlar — …“boshi o'limga…”. Ana shunday muhitda iqtidorni to'la ma'noda yuzaga chiqarish imkoni bo'larmidi?.. O'zlari chet elga safarga jo'natib, aeroportda bir necha soat ushlab turish, “tushuntirish xat”lari, kutilmagan savollarga javob talab qilish, tazyiqlar, “siyosiy o'gitlar”… Bular kutilmaganda va har kuni ro'y berishi mumkin edi. She'rlarni tahrir qiluvchilar (ular “redaktor” deb yuritilgan) asarning badiiyligi, muallifning iqtidoriga emas, siyosiy talablarga qanchalik javob berishiga qaragan, shaxs yoki joy nomlari emas, hatto ba'zi so'zlar ham taqiqlangan.
Ana shunday temir iskanjada “yozish” talab qilinardi. Ammo hammasi ko'ngildagidek bo'lsa, siylovlar yomon bo'lmagan. “Agar respublikaning bosh nashri “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”)da she'rim chiqsa, uning qalam haqiga bir qo'zichoq olib, 5-6 kishi ziyofat qilsa bo'lardi”, deb eslagandi Abdulla aka. Bir qarashda bunday muhitni iqtidorning qadri baland bo'lgan, inson ulug'langan kunlar deb tasavvur qilamiz, ammo hammasi kishanda ekani xayolga kelavermaydi. Qolaversa, odam zoti qisqa umri davomida nima uchun yashaydi? “Dunyoda odamzod yashamas, axir faqat irodasin sinamoq uchun…”. Bunday holatlarni qalbi rad etar, aqli qabul qilar (tasdiqlar), yuragi qiynalardi — ana shunday iztirob ichida o'tardi u kunlar…
Albatta, nodir iste'dodning kuchini imperiya ham tan olgan, shoirni faol ijtimoiy hayotga jalb qilish yo'llarini izlagan, chunki bu holdan hukmron mafkura uchun katta naf yetardi. Abdulla Oripov xalqchil shoir edi, uni oddiy odamlar yurakka yaqin she'rlari uchun hurmat qilardi, sevardi. Partkonferensiyalarda, katta tadbirlarda uni minbarga chiqarib, she'r o'qitish urf bo'lgan, hatto bu holning tashkillashtirish uslubi ham shakllangandi. Bir safar qishloqdoshlarim kechagi tadbirda tumanga Abdulla Oripov kelganini, uni yaqindan ko'rganlarini xuddi Xizrni uchratgandek hayajon bilan gapirib berganlari yodimda. “Jaranglatib she'r o'qidi, keyin unga sarpo kiygizdilar, — degandi ular. Keyin esa xomush bo'lib, — kostyum katta ekan, tizzasiga tushib turdi”, deyishgandi ham kulgi, ham afsus aralash. Bu kayfiyatdan tadbirning yo'liga uyushtirilgani, siylov ham joyiga tushmagani bilinib turardi. Bunday munosabatdan shoirning o'zi ham xijolatda bo'lganini, muxlislari qarshisida yarashmagan libosda turganidan uyalganini, balki unga uzun kostyum kafandek sovuq tuyulganini odamlar bilmasdi. Ammo shoir shu hayotda yashashga majbur edi. Ha, turmush tarzi shoir suyangan haqiqatlarga mos edimi? Yoki u moslashdimi? Maslak!? Balki asosiy ziddiyat aynan shundadir..
* * *
Qizil imperiya parchalangan 1991 yillardan keyin ahvol ancha o'zgardi. Shafqatsiz markazning ta'siri sezilarli kamaydi. Milliy qadriyatlarga erk berildi. Shu bilan Abdulla Oripov hayotining, aytish mumkinki, gullagan davri boshlandi. Bu holning tasodifiy, ma'lum shaxsiyatga bog'liq, zamona zayli singari bir qancha sabablari borki, shu jihatdan bu nuqta alohida tadqiqotni talab qiladi. Ochig'i — muz ko'chgach, tole ham yarlaqagan, viloyat hokimi yurt rahbariga aylangan edi, u esa shoirni, har holda, yaqindan bilardi. Bu “tanish-bilish”lik muhim omil edi. Gapning bo'lari esa shoir katta sahnaga chiqdi, parlament a'zoligiga saylandi, davlat arbobi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Ayni paytda uzoq yillar ijodkorlar idorasini boshqardi. Muvofiq tarzda iste'dodi ham chinakamiga ochilish, gullash pallasiga kirdi. Allaqachon nomini adabiyot tarixiga bitib ulgurgan shoir endi yangi ohanglarda barakali ijod qildi — yozganlari ham eniga, ham bo'yiga chuqur ko'lam kasb etdi, ammo insoniy tamoyillaridan voz kechmadi. Bu kunlar tolening unga in'omi edi.
Shunday sharoitda ham u doim o'zini ojiz va imkoni cheklangan hisoblardi. Ehtimol, bu hol o'zi botinida his etgan ulkan boylik, quvvat — tabiiy iqtidorini to'la namoyon eta olmayotganidan qoniqmaslikdir yoki tevaragida kechayotgan ziddiyatli muhitni sharhlashdan ojizligidandir. Abdulla aka ko'p gapdan xabardor edi, ammo hamma gapni aytavermasdi yoki ayta olmasdi, siyosatning ichkarisida kechayotgan jarayonlardan umuman og'iz ochmasdi (hatto eng yaqin muhiblari ham bu borada jo'yali gap eshitmagandi)… Javohirdek ijod esa muxlislarini sarafroz aylashda davom etardi. Shoirning iqtidori shunday teranlik kashf etdiki, uning iltifoti bilan hayotning shunday ingichka, nofarmon manzaralari qog'ozga tushdiki, u kashfiyotlarning sirini anglash hatto mumkin emasdi. Tasavvur qiling: voqelikni ko'pchilik yaxlitligicha hazm qilmoqchi, balki yutmoqchi bo'ladi, Abdulla Oripov esa katta bo'shliq (shar)ga olib kiradigan ignadek teshikni adashmay topib oladi, undan ichkariga bexavotir kiradi, botinni miriqib tomosha qiladi va taassurotlarini she'r qiladi. Shoir his etgan manzara — bir mo''jiza, uning she'rda ifodalanishi ikkinchi mo''jiza… Ko'plarga uning biri ham nasib etmasdi.
Xullas, ijodining mutolaasidan shunday taassurot paydo bo'ladiki, Abdulla Oripov muxlislarini bir dunyoga, mamlakatga oshno etadi, mehmonga chorlaydi. O'z mamlakatiga. She'rlarida kuylangan borliq sizga begona emas, shu tanish manzillardan o'tgansiz. She'r mutolaasi bilan esa… shunchaki o'tilmaydi, ko'zlar yirilib, yangi tafsilotlarni ko'rib o'tasiz. Shunda bir andisha ko'ngildan kechadi: “Bu joylardan shuncha o'tdim, hamma vaqt ko'zim ochiq edi. Bu turfa go'zallikni nega ko'rmadim?”. Va muqobil tarzda (agar ijodkor, ijodga taalluqli zot bo'lsangiz), tabiiy, “Bu she'rni nega men yozmadim?” degan yo havas, yo hasad ko'ngildan kechadi. Abdulla Oripovga chinakam muhib bo'lish, muxlis bo'lish, qolaversa, uni qabul qilish ham oson emasdi. Kamdan-kam odam hasaddan yiroq bo'lardi.
Bu mulohazalarning davomidan bir “qitmir” mulohaza paydo bo'ladi: ana shunday iqtidor egasi dunyoni zabt eta oldimi, hech qursa, uning kemtigidan mo'raladimi, degan tadrijiy savol oralab qoladi. Bu holning taqdiri, uning javobi — manzarasi bizning turmush tarzimiz bilan bog'liq. Abdulla Oripov hayotidagi ziddiyatlar keyinchalik ham izchil davom etdi. Imkoniyati (mansabi)dan foydalanib, atrofida ko'plab ijodkorlarni (saralab) to'pladi, ularga yetarlicha g'amxo'rlik qildi. Do'rmonda, Aqchako'lda, Qashqadaryoda… ko'plab tadbirlar o'tkazdi, alohida mehrini qozonganlarni yetarlicha siyladi. Ammo hayotining oxirgi yillari atrofida sanoqli odamlar qoldi. Shon-shuhratga chulg'angan paytlarda uni boshqalardan qizg'anishardi. Rosti, Abdulla Oripovning suhbatiga muyassar bo'lish ham oson emas edi.
Jahondagi ko'plab xalqlarning adabiyoti shaharlarga o'xshaydi. Ularning Firdavsiy, Sheroziy, Pushkin, Tolstoy… singari “bino”lari bor. Ularda yashash, hech qursa, soyasida panalash mumkin. O'zbek adabiyotida esa bir cho'qqi — Alisher Navoiy qad ko'tarib turibdi. Qolganlar turli darajadagi bino (“kulba”)lar (uzr!)… Abdulla Oripov shu xiyobonda o'z imoratini tiklay oldi. U davrining ulkan voqeligi edi… Taqqoslab ko'rilsa, o'zbek lisonida Alisher Navoiy she'r shaklida fikrini ravon ifodalashga muyassar bo'lgan, ustoz Erkin Vohidov juda yaqinlashib borgan, faqat falsafiy ko'lamdorlikda yo'l bo'shatadilar. Zamonaviy adabiyotda Abdulla Oripov o'sha baland maqomga chiqqan — fikrini she'riyatda xuddi nasrdagidek ravon ifodalay olgan. Qismatiga kelganda esa oddiy mantiq mos keladi: davr qanchalik buyuk bo'lsa, shoirlar ham shu darajada… Buyuklik haqida gap ketganda kechirgan umrining mohiyatidan tortib, odamning ko'z ochgan muhitidan so'nggi nafasigacha o'tgan hayot hikmatlari, sinoatlari taroziga qo'yiladi. Shuningdek, ijodining ne qadar abadiyligi…
Bu borada shoir o'z davrida benazir edi. Ayniqsa, dil iztiroblarini ochiq izhor qilish mumkin bo'lmagan muhitda asosiy gap (moya)ni pardaga o'rab aytishning rosa hadisini olgandi. Ham shoirning shaxsiy intuitsiyasi kelajakdan bashorat berardi go'yo. Abdulla Oripovning “Uchinchi odam” sarlavhali she'ri bor. Shoirning talqinicha, uchinchi odam — banda va payg'ambar o'rtasida elchi, oshiq va ma'shuqa o'rtasida she'rni yod olgan-u, “uning bir unvoni hakamdir azal”. Xullas, bu zot hamma joyda hoziru nozir. Shu jihatdan katta mavqe kasb etgan: u “do'stni g'animu g'animni do'st qilib qo'yguvchi odam”. Afsuski, “kufrli dunyoda oz emas, axir O'shaning izmida yurgan siymolar”! Agar u “…beshafqat boshlasa g'ulu, Dunyoga g'avg'olar solgay chinakam”. Ko'zga ko'rinmas bu unsur asosiy ishni bajaradi: “ikkov o'lja keltirsa, o'choqqa olov yoqqan” — o'sha zot… Hamma richaglarni qo'lga olgan bu odam toki tirik ekan, “dunyoning chayqalib turmog'i ayon”.
“Senga insof bersin, uchinchi odam!” — she'r ana shunday tugaydi.
Bu Abdulla Oripovning qalb bezovtaligi edi. “Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun sevgan farzand bo'lsa, kechirma aslo!” deb nido qilgan ham Abdulla Oripov edi. Bu satrlar 1964 yilda yozilgan. Shoirlarni payg'ambarlarga mengzaydilar, bu qiyosiy mutanosiblikda ularning she'rlari bilan dunyoni hushyorlikka chorlab turishi nazarda tutilgan bo'lsa, ajab emas. “Har qanday sharoitda ham haqni gapiradigan toifa faqat shoirlar” deb e'tirof etiladi. Abdulla Oripov ijodining hali kashf etilmagan qirralari ko'p. O'ylaymizki, bunday kashfiyotlar (ular juda ko'p) shoir Abdulla Oripovning barhayotligiga kafil bo'ladi, bu nodir iste'dod chinakamiga mangulikka daxldor.
* * *
Abdulla Oripovning turli darajadagi muxlislari bisyor, ularning ko'plari shoir ijodini boshdan-oxir yoddan biladi. Ba'zilari uning nomiga o'ranib kun ko'radi. Kimlardir bu teran dengizdan javohir yig'ib, pullaydi. Mayli-da, buyuk Yaratuvchi sevimli bandalarini qolgan odamlarga rizq (ham ma'naviy, ham moddiy) bo'lish uchun dunyoga keltirar ekan. Bu ijod hayotning har alvondagi ko'rinishlarida: shodlikda ham, g'amda ham xalqiga hamroh. Uncha-bunchada ko'zga tashlanavermaydigan chekka qishloqda yuz ochib, shunchalar dunyoviy shuhrat qozonishning o'zi mislsiz parvoz. Mazkur g'alaba qancha dillarga orzu-umid bag'ishlaydi, qancha ko'ngillarga yaqin kishisidek dalda beradi, yorug' kunlarga ilhomlantiradi uning in'ikosi — bu she'riyat. Uzoq yillari tog'lar orasidagi chekka qishloq do'koniga yupqa oq jildli kitobcha borib qoldi. Ustiga “Onajon” deb yozilgandi. Choyquti ustidagi yozuvni ham yutoqib o'qiydigan bola uchun bu katta xazina edi. O'qidi. Qayta-qayta o'qidi. Qabul qila olmadi. Undagi she'rlar darsliklardagi shiddatli, hayqiriqqa to'la misralarga o'xshamasdi. Qandaydir ma'yuslik, sinchkovlik (norozilikka ham o'xshab ketadi) kayfiyati bor edi, lekin so'zlar boshqacha tovlanar, misralarda bir ohang yashiringandi, mavzular ham odamlarning gap-so'zlariga hamohang edi. Bir kuni yoldor ot minib yuradigan do'xtir qo'ltiqlab yurgan kitobini ko'rib, “Bu shoir Kosondan…” dedi. Tom hayron qoldi, shu yaqin joydan ham shoir chiqar ekanmi? O'qigan edi shoirlarning tarjimai holini: Hirot, Qo'qon, Toshkent, Urganch… edi-da ular tug'ilgan makonlar!
Bu hayrat yillar qanotida ulg'ayib bordi va non-nasiba o'sha afsonaviy taqdir egasi bilan bir dasturxon atrofida o'tirishni ham nasib etdi. Qolaversa, poytaxtga kelib, birinchi jiddiy ishim ham Abdulla Oripovga tegishli bo'ldi: “…Bosh muharrir (“Saodat” jurnali, Halima Xudoyberdiyeva) bir telefon raqamini berib, qo'ng'iroq qilishimni, bundan shoirning xabari borligini aytdi. Shunda birinchi marta Abdulla akaning uyiga qadam qo'ygan, mehmoni bo'lgan, mezbonning tushligiga sherik chiqqandim. Keyin shoir maqola (Boborahim Mashrab haqida)ni aytib turgan, men yozib olganman, birgalikda sarlavha izlaganmiz, mening “Kimsasiz shoirlar piri” degan gapim juda yoqib tushgan va Mashrab haqidagi maqola shu sarlavha bilan nashr etiladigan bo'lgandi” (“…So'z xizmatidamen” essesidan).
Akamiz, chindan, tengsiz, faqat o'ziga o'xshagan odam edilar. Suhbatlari, mushohadalari, o'zlariga yarashgan qiliqlari… Bir suhbat Cho'lpon va Pushkin ustida aylangan, keyin Abdulla aka Cho'lpon tarjima qilgan Pushkinning “Solovey i roza” she'rini eslab qolganlar. Tarjimaning sifati, Cho'lponning zakiyligi, umuman, adabiyot haqida gap qizib ketgan, Abdulla aka asosiy “ma'ruzachi”, 3-4 soatlik mubohasadan keyin hamma “Gul va bulbul” she'rining original va tarjima ko'rinishini yodlab olishga muyassar bo'lgandi. Ustoz bilan ro'y beradigan muloqotlarni, uchrashuvlarning sira tugamasligini istardik. Ammo… biz ojiz bandalarmiz. Koinot mehvarida bir zarramiz. Ustozning oxiratlari obod bo'lsin.
* * *
…Abdulla aka suhbatlaridan birida ruhiy quvvat energiyasini moddiylashtirish ustida izlanishlar ketayotganini, agar bunga erishilsa, moddiy va ruhiy olam o'rtasidagi chegara olib tashlanishi va xayolni ham boshqarish imkoni tug'ilishini tilga olgan ekanlar. Ayni damda sun'iy intellekt haqida gap-so'z kuchaydi. Uning yordamida hatto daraxtning “ichki kechinmalari”ni o'qish imkoni paydo bo'lar emish… Fan-texnikadagi bunday mislsiz inqilobiy ko'tarilish nimaga olib boradi? Mabodo, inson o'z tafakkurining qurboni bo'lmaydimi (axir Aflotunni katta kallasi bosib qolib, jon bergan ekan…), shunchaki robotga aylanib qolmaydimi? Odamzod taraqqiyotda oyoq-tizza-bel-qorin-yurak (qalb) amridan yuqoriga chiqib, miya boshqaruvchiligiga o'tgach, muammolarga duch kelyapti (biroq “Inson qalbi bilan hazillashmang siz…”). Ammo ilinj borki, borliqni hislar, tuyg'ular bilan idrok etish har qanday yovuzlikni jilovlaydi. Baribir sovuq temir uskunalardan haroratli Qalb ustun keladi. Eng muhimi, qalblar temirga aylanib qolmasa bo'ldi! Demak, Adabiyot, She'riyat, jumladan, buyuk shoir Abdulla Oripov ham abadiy barhayot…
Hakim SATTORIY
