Mardlar bilan yuksalgaydir yurtning qadri

Sayyora SAMANDAR

Muallif haqida:

Sayyora SAMANDAR — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, “Shuhrat” medali sohibasi.

Muallifning “Sizga aytolmagan so'zlarim”, “Ko'nglim”, “…Va yana bahor”, “Ozodlikdek baxt yo'qdir”, “Faqat ishq…” nomli she'riy to'plamlari chop etilgan.

O'zbek adabiyoti, jadidlik harakati namoyandalarining hayoti va ijodini tadqiq qilishga bag'ishlangan qator ilmiy maqolalari chop etilgan. She'rlari turk, ozarbayjon, hind, ingliz, turkman tillariga tarjima qilingan.

Shoiraning g'azallari, mashrabona she'rlari, Alisher Navoiy, Nodirabegim va Uvaysiy g'azallariga bog'lagan muxammaslari, to'rtliklarida lirik kayfiyat, ruhiyatdagi murakkab kechinmalar o'ziga xos badiiy talqin qilingan. “Turkon xotun bilan uch bahs” nomli dramatik dostoni buyuk Xorazmshohlar davlatining tanazzulga yuz tutishi sabablarining yangicha talqin etilgani bilan e'tiborga molik. 30 ga yaqin she'rlari kuyga solinib, xalqimizning sevimli qo'shiqlariga aylangan.

 

IKKINChI QASAM

 

(Harbiyning o'z ayoliga aytganlari)

Men Vatanni asrayman dedim,

Yigit bo'lib ichdim ont, qasam.

Ammo qasam ichmabman senga,

Durustroq bir o'ylab qarasam.

 

Sen ham menday bedorsan tunlar,

Qush tinsa-da, bilmaysan tinim.

O'zingni ham o'yla, deyishga

Aylanmabdi bir bora tilim.

 

Yo'l qaraysan yurak hovuchlab,

Omon kirib kelsin deb meni.

Ammo nechun ko'zingga qarab,

“Hayotimsan” demabman seni?

 

Tiz cho'kaman sening poyingda

Va entikib qasam ichaman.

Vatan uchun agar jon cheksam,

Sen uchun ham o'zdan kechaman!

 

Sensan mening jonimga quvvat,

Hushyor tortdi nogoh xayolim.

Ichilmagan qasamlar haqqi,

Sen o'zingni asra, ayolim!

 

Qo'lingdadir mening bor mulkim —

Otam, onam, bolam va orim.

Men Vatanni asraguncha to

Sen uyimni asragil, yorim!

Uyim — mening buyuk Vatanim,

Tomirimni uyg'otgan shonim.

Jonim yotar sening poyingda,

Ostonamni asra, ayolim!

 

Asli meni botir aylagan

Himoyachim, qorachig'imsan.

Duo qilib, ikki kaftingda

Balolardan asraguvchimsan!

 

Qasam ichgan edim bir vaqtlar,

Vatan uchun vujudim yonib.

Ikki qaro ko'zing oldida

Bugun dilim o'rtandi og'rib.

 

Ikkinchi bor turdim qasamga:

Bir boshqacha titradi jonim.

Yeru osmon ko'zim o'ngida

Jamolingga o'xshadi, yorim.

 

Sen yonimda bor bo'lsang agar,

Ruhim sinmas, egilmas boshim.

Sening bilan butunman, tikman —

Vatan kabi aziz yo'ldoshim!

 

VATAN UChUN, MILLAT UChUN,

ShU XALQ UChUN!

 

Yurtning sha'nin ko'targali o'g'lon kerak,

Shamollarga yelka tutar to'g'on kerak,

El meniki degan qaddi osmon kerak,

Vatan uchun mudom ko'ksi qalqonlarim,

Yurt tinchligi uchun bedor posbonlarim!

 

Baxshidadur hayotingiz bir ahd uchun —

Vatan uchun, millat uchun, shu xalq uchun!

 

Sizga yordir Jaloliddin jasorati,

Sohibqiron Amir Temur adolati,

Ulug'beklar, Beruniylar zakovati,

Vatan uchun mudom ko'ksi qalqonlarim,

Yurt tinchligi uchun bedor posbonlarim!

 

Yaralgansiz dilda shiddat ham shahd uchun —

Vatan uchun, millat uchun, shu xalq uchun!

 

Bayrog'ini bermas aslo elning mardi,

Mardlar bilan yuksalgaydir yurtning qadri,

Bo'lmas elning xavotiri, dilda dardi,

Vatan uchun mudom ko'ksi qalqonlarim,

Yurt tinchligi uchun bedor posbonlarim!

 

Fidodirsiz oliy ne'mat va baxt uchun —

Vatan uchun, millat uchun, shu xalq uchun!

 

Hayotingiz bir qasamga tikilgandir,

Yuragingiz shu tuproqqa ekilgandir,

O'zbekiston bilan payvand etilgandir,

Vatan uchun mudom ko'ksi qalqonlarim,

Yurt tinchligi uchun bedor posbonlarim!

 

Omon bo'ling o'zbek degan ul naqd uchun —

Vatan uchun, millat uchun, shu xalq uchun!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eight =