Turkiston yurtida ajib tong otur
Barot ISROIL
Muallif haqida:
Barot ISROIL 1936 yili Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Toshsoy qishlog'ida tavallud topgan.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi O'zbekiston Milliy pedagogika universiteti)ning o'zbek tili va adabiyoti fakultetini 1965 yilda tamomlagan.
Shoirning “Boychechak”, “Nay navosi”, “Nastarin”, “Mehrigiyoh”, besh jilddan iborat “Saylanma”si, “Onaizor”, “Asriynoma” singari o'ttizga yaqin she'riy va nasriy kitoblari chop etilgan.
“Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
TURKISTON TUYG'ULARI
Turkistonni o'ylasam — jo'sh uradi tuyg'ularim.
Turkistonni o'ylasam — tugamaydi qayg'ularim.
Turkistonni o'ylasam — ko'zdan qochar uyqularim,
Turkistonni o'ylasam — ko'p ezgu orzularim!
Turkiston zaminiga mehrin joylagan turkiylar,
Har bitta giyohingni suyib, avaylagan turkiylar,
To so'nggi dengizgacha ot choptirgan turkiylar.
Ne jumboqlar kalitin toptirgan turkiylar.
Uyqudagi Turkiston uyg'onmoqda nihoyat,
Bir qo'lning besh barmog'idek jipslashmoqda shoyad.
92-bov turkiylar bir yoqadan chiqarib bosh,
Aka-uka, opa-singil, el-elat,
qavm-qarindosh, qardosh,
O'zbek, tojik, qirg'iz, qozoq, turkmandir,
Asrlar rishtasi birla bitta jon, bitta tandir.
* * *
Amir Temur otining dupuri kelayotir,
Qorabayir tulpori ko'pirib kelayotir.
Yaxshi niyat — yarim dunyo, yarim hamiyat,
Zero ushalgusi shundayin ezgu niyat…
Orzuning hech aybi yo'qdir,
Ezgu ish ushalur, ko'ngil to'qdir.
Turkistonni o'ylasam — jo'sh uradi tuyg'ularim,
Turkistonni o'ylasam — tugamaydi qayg'ularim…
TURKISTONDA TONG OTUR
Yigirmanchi asrning birinchi choragi,
Turkiston boshiga yog'ildi xusumat:
Besh qavmga bo'lindi Turkiston yuragi,
Shuni ravo ko'rmish sho'ro — hukumat.
Ellarni yuz ko'rmas qilib qo'ydilar,
Yozuv-xat o'zgardi, til duduqlandi.
Savodi borlarni tig'siz so'ydilar,
Vatanim deganlar qonga belandi.
O'zbek, qozoq, turkman, tojiku qirg'iz,
Go'yoki o'zga yurt odami bo'ldi.
U kun ortda qoldi, xayriyat, hargiz,
Bugun og'a-ini topishib oldi.
O'zligin angladi xalq millat bo'lib,
Qadimgi birodarlar bag'rini ochdi.
Qaddini rostladi, kimligin bilib,
Orani buzganlar iniga qochdi.
Turkiston jipslashib, berdi qo'lga-qo'l,
Besh barmoq musht bo'lib birlashgani rost.
Endi topilmagay orqa tomon yo'l,
Hech kim bu do'stlikka qilolmagay qasd!
Vatan salobatin ko'z-ko'z qilishib,
Turkiy fuqarolar jam bo'lib durkun,
Ahil, totuvlikda ahil bo'lishib,
Bir-birin tushunar betilmoch, erkin.
Jadidlar qabrida tinchgina yotur,
Turkiy qabilalar ahil yashagay.
Turkiston yurtida ajib tong otur,
Bu qadimiy o'lka yana yashnagay.
Besh barmoq juftlashib mushtga aylangay,
Barmoqlar ajralmas, Alloh qo'llasin.
Turkiston yurtida ajib tong otur,
Jadidlar qabrida tinchgina yotur…
YuRT QADRI
Darbadar kezmasa kim, yurt qadrin bilmas emish,
Musofir bo'lmaguncha musulmon bo'lmas emish.
Toma-toma ko'l bo'lur deganlari rost ekan,
To umrbod uqmasa kim, aqli ham to'lmas emish.
Vatan tuprog'iga bosh qo'ymaguncha xasta ham,
Hayotdan umid uzmay — jon taslim qilmas emish.
Sidqidil zahmat birla baxt tomon ochmasang yo'l,
O'zgalar soyasinda toleying kulmas emish.
Mushkulni chetlab, cho'chib, osonni ko'zlama hech,
El ishidan qochsa kim obro'yi qolmas emish.
Manmanlar ko'kka sapchib, shunchalik ketar tuban,
To dakki yemaguncha o'ziga kelmas emish.
Imon-e'tiqod ila Vataningni sev, Barot,
Inson zar, dunyo bilan baxtiyor o'lmas emish.
NASTARIN
Bog'imda nastarin bor,
Gullaydi har ilk bahor.
Nastarin guli mayda,
Bunday gul bordir qayda?
Har shoxi bir guldasta,
Atriga dil payvasta.
Jimjimador gullari,
O'ynashar bog' yellari.
Nastarin gul qo'limda,
Qo'limdamas, ko'nglimda.
Bog'imda nastarin bor,
Gullaydi har ilk bahor.

