Angladim, umrni tafakkur bezar

Muallif haqida:

Zarina OLIMOVA 1984 yil Buxoro viloyati Peshku tumanida tug'ilgan.

1991-2002 yillarda Buxoro shahridagi 24-ko'zi ojiz bolalar maxsus maktab-internatida o'qigan. Shundan so'ng Samarqand davlat universitetining o'zbek filologiyasi fakulteti bakalavr bosqichini tugatgach, Navoiy davlat pedagogika institutining magistraturasida tahsil olgan. O'ttizdan ortiq ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi. Ularning ayrimlari Ozarbayjon, Misr, Tailand, Indoneziya matbuotida e'lon qilingan.

Muallifning “Tafakkur jilolari”, “Tuyg'ular sohili” deb nomlangan kitoblari chop etilgan. Shuningdek, AQShning Amazon nashriyotida “The Property of the Soul” nomli kitobi nashrdan chiqqan. Ayni paytda Buxoro shahridagi 45-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabida adabiyot fani o'qituvchisi bo'lib ishlaydi.

 

NAVOIYGA EHTIROM

 

Bolalikdan shoh asarlar yod etmoqni,

Valiy zotlar pok ruhlarin shod etmoqni,

Hur yoshlikdan dilbar g'azallar bitmoqni

Zukko o'smir nidosidan o'rganaylik,

Bu ibratni farzandlarga o'rgataylik!

 

Bir bayt ila ustodlarni lol etmoqni,

Haq so'z ila nokas qaddin dol etmoqni,

Raqibga ham zabonimiz bol etmoqni,

Ul donishmand dahosidan o'rganaylik,

Bu hikmatni avlodlarga o'rgataylik!

 

Ilm ahlin boshin doim silamoqni,

Har kimsaga yaxshiliklar tilamoqni,

Mazlum xalqning ahvoliga yig'lamoqni,

Odil vazir nidosidan o'rganaylik,

Bu xislatni avlodlarga o'rgataylik!

 

Dilda iymon chinorini undirmoqni,

Qayg'u kelsa, jismu jonni ko'ndirmoqni,

Haq ishqida pok vujudni yondirmoqni,

Komil murshid fatvosidan o'rganaylik,

Bu niyatni avlodlarga o'rgataylik!

 

Turkiy til va turkiylarni madh etmoqni,

Tafakkur-la fitnalarni mahv etmoqni,

Qalam birla bu borliqni fath etmoqni,

Mutafakkir dunyosidan o'rganaylik,

Bu qismatni avlodlarga o'rgataylik!

 

Bu ulug' zot turk nazmida Ali ham sher,

Odamiylik olamida valiy ham er,

Ushbu zotga sano aytar samo ham yer,

Navoiyning noyob ilmin o'rganaylik,

Bu ganj sehrin avlodlarga o'rgataylik!

 

ShIORIM

 

Aqlim qoralovchim, ko'nglim oqlovchim,

Vijdon va tafakkur yo'lga boshlovchim.

Xulosa hukmdir hayotim ichra,

Zakovat mash'ali — baxtga chorlovchim.

Tug'ilish umrimdan boshladi ertak,

Tiriklik ta'biri — yaxshilik etmak,

Kechmishlar bag'rida ulg'aya bordim,

Goh baxtdan suyunib, goh bo'ldim ermak.

 

Xiyonat xanjari yaraladi goh,

Orzular nidosi allaladi goh,

G'amlarga yengilmay kurashmoq uchun,

Ijod-u ilmdan izladim panoh.

 

Haqiqat bilimda, angla, birodar,

Ilmning kaliti dunyoni ochar.

Ma'rifat maylidan may ichmoq farzdir,

Angladim, umrni tafakkur bezar.

 

BRAYLDAN HIKMATLI IBRAT

Ko'zi ojizlar yozuvi asoschisi

Lui Braylga

 

Tug'ilmoq hikmatdir, ko'z yummoq ibrat,

Azaldan toabad etadi davom.

Lui Braylga berilgan hikmat —

Ikki yuz yildirki, dilni etar rom.

 

Maqsadli orzular — baxtga ibtido,

Donishmand dunyoning xitobidir bu.

Oltita nuqtadan oliy ixtiro,

Brayl umrining kitobidir bu.

 

Har yozuv mag'zini yoritgan harfi,

Tarixiy shuurdan tengsiz tilsimot.

Lui Braylning yaratgan harfi —

Oltita nuqtadan bo'ldi taqsimot.

 

Orzular yo'lida olg'a intilmoq

Insonga tangrining inoyatidir.

Kemtiklik bag'rida baxtga intilmoq

Ojizga qalb ko'zin hidoyatidir.

 

Hayot sinovlarin sirli yo'lida,

Omad va baxtini sinaydi inson.

Brayl yozuvi ilm yo'lida —

Ko'zi ojizlarga berilgan imkon.

 

Kurashdan iborat taqdir ilkida

Tafakkur sabrni qilar imtihon.

Diniy va dunyoviy ilm mulkida —

Ko'zi ojizni ham tan oldi jahon.

 

USTOZLARIMGA

 

Aziz onajonim pok duosiday

Samimiy so'zingiz dilga jo etdim.

Qat'iy maqsadlarning chin dunyosi deb,

Ardoqli orzuga ibtido etdim.

 

Ruhiy kamolotning manzili sari —

Ahd ila yurmoqni o'rgandim sizdan.

Lafzida turmoqning nozik sirlarin —

Ishonch-la ko'rmoqni o'rgandim sizdan.

 

Dunyoviy ilm-la dunyoga boqib,

Aqlu tafakkurda hikmat ko'rmoqni.

Menga o'rgatdingiz o'qib ham uqib,

Idrok gulshaniga ildam kirmoqni.

 

Nozik tabiatga oshno qalbingiz

Mehridan ruhlanib, ta'zim etaman.

Dilimga jo etib oliy qadringiz,

Sodda satrlarim taqdim etaman.

 

ShARQ AYoLLARI

 

Ko'hna Sharq ayollari

Ibodan kiygan libos.

Hayoni ziynat etish —

Osiyoliklarga xos.

 

Qulog'ida sirg'asi

Itoatdan taqilgan.

Vujudida mehrdan

O'chmas chiroq yoqilgan.

 

Saxovat urug'ini

Qadab olgan diliga.

Sadoqat uzugini

Taqib olgan qo'liga.

Razolat urug'ini

Ko'kartirmas ko'nglida.

Umrini fido etar

Chin muhabbat yo'lida.

 

Bardoshi oqib ketmas

Sinovlarning selida.

Har bir ayol bir guldir —

O'z beklari qo'lida.

 

ALLA

(O'g'limga)

 

Sen ko'zimning qarog'isan,

Qo'zichog'im, alla.

Umidimning chirog'isan,

Ovunchog'im, alla.

 

Orzularim urug'idan

Ungan gulimsan, alla.

Maqsadlarim manziliga

Eltar yo'limsan, alla.

 

Kelajakda bir mard o'g'lon

Bo'lib o'sgin, alla.

Ezgulikka tashnalarga

Qo'ling cho'zgin, alla.

 

Oq sutimni oqlaydigan

Farzand bo'lgin, alla.

Vatan sendan rozi bo'lsin,

Chin mard bo'lgin, alla.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =