Sog'inib…
So'z ketsa Andijondan suhbat ichinda Bobur,
Sog'inch turdi umrining erta-kechinda Bobur.
Dovotga tushdi otash quchoqlab she'ru g'azal,
Yurt parivash chehra-yu, oshiq jununda Bobur.
Pandi bo'ldi bu jonning “bori elg'a yaxshilik”,
Yomonlik dayri bisyor yo'qdir hech, unda Bobur.
Voqeotlar jamlanib, “Boburnoma” bo'ldilar,
Tavsiflarda xolislik, rost ochqich unda Bobur.
Muhabbat top, yurtni sev, Zamira, ibrat olgil,
Ishqsizni do'st tutmadi azal ochunda Bobur.
Zamira RO'ZIYEVA,
Xalqaro Bobur mukofoti
sohibasi.
Shoir DARDI
Boshlab keldi bu yoqlarga oyoqlarim,
Qaytib ona tuprog'imga ketolmadim.
Farg'onada qolmish do'stu o'rtoqlarim,
Qaytib ular visoliga yetolmadim,
Amudaryo, suvlaringdan o'tolmadim…
Qorlar erir, bu daryolar oqar toshib,
Ketgim kelar ona yurtga tog'lar oshib,
Lekin dushman yo'lim to'sgay doim shoshib,
Ona diyor, visolingga yetolmayman,
Amudaryo, suvlaringdan o'tolmayman…
Dushmanlarning qo'li uzun zamon bo'ldi,
Ona yurtim yov qo'lida tamom bo'ldi,
Tashlab chiqdim — bu ishim ko'p yomon bo'ldi,
Qaytib endi u yoqlarga yetolmayman,
Amudaryo, suvlaringdan o'tolmayman.
Vafo qilmay jafo qildi do'stu yorim,
Hind-afg'onga boshlab keldi nomus, orim,
Qaytmoq uchun garchi ko'pdir ixtiyorim,
Lekin ortga qaytolmayman, ketolmayman,
Amudaryo, suvlaringdan o'tolmayman…
Abdulhay SOBIROV
