Alamzada “solo”lar
Xalqimizda “O'rgangan ko'ngil o'rtanmay qolmas” degan naql bor. Yana bir naql quyidagicha: “Aqlsizni boshga o'rgatma, tekinxo'rni oshga o'rgatma”. Xo'b topib aytilgan-da.
Bu naqllar o'z-o'zidan paydo bo'lmagan. Qornini birovning oshi bilan to'ydirib yurgan odam hech qachon o'zicha harakat qilmaydi. “Qornimiz bilan qaerga borsak, o'sha yer – bizniki”, deydi. Sobiq imperiyani qo'msab, uyqusi qochayotgan ayrim takabbur siyosatdonlar esa: “Sallotlarimizning oyog'i qaerga yetsa, o'sha yer bizga qarashli” deyishdan ham tap tortmaydi. Ular mulla o'zbekning “Avval o'zingga boq, keyin nog'ora qoq”, degan maqolini eshitishmagan ko'rinadi.
Milliy o'lkalar istiqlolga erishganida sobiq markazni bundan keyin ham “bosh hokim” maqomida saqlab qolishni xayol qilganlar: “Mayli, qo'yaveraylik, bu suverenlik uzoqqa bormaydi, bunday o'zboshimchalik milliy mahdudlikka olib keladi, ilmiy, ma'rifiy dunyodan uzilish boshlanadi, ana o'shanda boshlarini egib, mo'mintoy bo'lib safimizga qaytib kelishadi”, deya o'zlarini ovutishgan edi.
Ne baxtki, bunday bo'lmadi. O'zbekiston o'zligini tanidi, o'zligiga qaytdi, mustaqil yo'lini topdi. “O'z qobig'iga o'ralib qolib ketadi”, deb bashorat qilganlarning kir umidlari puchga chiqdi. Ammo “Yotib qolguncha otib qol”, deganlaridek, alamli vasvasa hamon davom etmoqda. Buyuk qo'msash boshlandi: “Nahotki avvalgi ulug'lik mavqei, yakkahokimlik, “unter prishbeevchilik” qaytib kelmasa?” Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov, Aleksandr Dugin va ularga o'xshash alamzada kimsalarning tez-tez eshitilayotgan alamli “solo”lari shundan dalolat beradi.
Ko'plarning yodida bor. Sobiq ittifoq davrida SSSR Xalq deputatlarining Moskvada o'tgan s'yezdida ivanovolik bir deputat ayol minbarga shaxdam chiqib, “O'zbekiston nega bizga paxta jo'natmayapti? Bunday qilishga ularning haqi yo'q, minglab to'qimachilarning bola-chaqalari bor, axir…” degandi. O'zbek paxtasi qanday yetishtirilishini tasavvur qilmagan bu ayolni tushunish mumkin edi. Chunki u o'sha davrning milliy respublikalarga nisbatan mash'um siyosatini to'g'ri deb hisoblagan, shu siyosat qanotida deputat bo'lgan edi-da.
Bunday da'volar hozir ham quloqqa chalinib turadi. Rossiyalik bir siyosatdon: “Biz ittifoqdosh respublikalarni shuncha yil boqdik, bizning hisobimizga yashashdi, endi bo'lsa ularning tili chiqib qoldi”, dedi. Bu janobdan O'zbekistondan suv tekinga yuklab jo'natilgan million-million tonna paxta bilan birga “Buxoro – Ural” gaz quvuri orqali Rossiya markaziga qancha gaz yetkazib berganini so'rasak qanday bo'larkan? Bizga arzimagan chaqa berib, mo'may foyda o'zlariga qolganini-chi?
Bu – olis o'tmishdan olingan ertak emas, kechagi kunimiz. Biz istiqlol tufayli mana shu “oltin qullik” iskanjasidan xalos bo'ldik. “Paxta bu – davlatning siyosati, egningdagi choponni titib, paxtasini olsang ham, planni bajarasan”, degan do'q-po'pisadan qutuldik. Kuz adog'ida qalin qor ostida qolgan ekin ustidagi qorni arqon, otlar yordamida tushirib, sovuq urgan, ochilmagan vish-vish ko'sakni terib kelib, pechlarda quritib, erta tonggacha chol-kampirlar bilan birga ko'sak chuvishdan qutuldik. “Kampirning dardi g'ozada” degan go'zal naql “Kampirning dardi – g'o'zada” bo'lib ketdi.
“Solo”chilarni bugungi dunyo realliklaridan bexabar deyish qiyin. Bugungi O'zbekiston avvalgi, kechagi O'zbekiston emasligini, el-yurt o'z rizq-nasibasiga ega bo'lib, dunyo bilan bo'ylashib, jahon hamjamiyatining ma'naviy ildizlari sog'lom, kelajak yo'li oydin va ravshan, iqtisodi baquvvat va barqaror, tinchlik-totuvligi, mehr-oqibati havaslanarli davlatga aylanayotganini ular yaxshi bilishadi. “O'zbekiston tajribasi”, “O'zbek diplomatiyasi”, “Milliy rivojlanish strategiyasi” degan tushunchalar xalqaro miqyosda muhim ahamiyat kasb etayotganini ko'rib, bilib turishibdi. Dunyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalari o'rtakash dallollarsiz bo'layotgani g'ashlarini keltirmoqda. Bizning bunday mustaqil yo'limizni tan olishga vijdonlari ojizlik qilayotir.
Bugun dunyoda yashab turib, bugungi ijtimoiy-siyosiy realliklardan bexabar bo'lish mumkin emas. Bugunning achchiq haqiqati, ko'p qutbli siyosatning ma'no-mazmuni shuki, endilikda hech kim dunyoga yagona ustun bo'la olmaydi. Asli ustunsiz dunyo bu. Insoniyatning kelajagi, yer yuzida tiriklikni saqlab qolishning yagona sharti – teng darajadagi manfaatli hamkorlik, har bir xalq, har bir millatning o'z taqdirini o'zi belgilash huquqini hurmat qilishdir. Boshqa yo'l yo'q.
So'zimiz yakunida bir jiddiy “xato”likni tuzatib ketaylik. “Imperiyaparastlar yana bosh ko'tarib qolishdi” degan gap unchalik to'g'ri emas. Ular oradan shuncha yil o'tib, endi-endi bosh ko'tarayotganlari yo'q, hukmronlik qalpog'ini kiygan boshlari imperiya davrida qanday ko'tarilgan, bo'yinlari qanday cho'zilgan bo'lsa, deyarli o'shanday turibdi. Ammo endi bu xarxashalar o'tmaydi. Yangi O'zbekiston — mustaqil davlat. Jahonda o'z o'rniga, nufuziga ega buyuk davlat. Aytgancha, Solo musiqada kerak, siyosatda esa mushkul ahvolni yanada mushkullashtiradi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
“Jahon adabiyoti” jurnali
bosh muharriri.
