Korrupsiyaga qarshi kurashish

O'zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Korrupsiya jamiyatni turli yo'llar bilan iskanjaga oladigan illatlardandir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to'sqinlik qilib, hayot sifatini yomonlashtiradi, el-yurt xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa salbiy holatlar ildiz otishi uchun sharoit yaratadi. Shu bois hozir korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida kuchaytirilyapti.

Bu borada O'zbekistonda ham zarur choralar ko'rilmoqda. Jumladan, 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun  yurtimizda ayni yo'nalishdagi jinoyatlarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosini ta'minlashda asosiy huquqiy poydevor vazifasini o'tamoqda. Chunki unda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish sub'yektlari faoliyatini muvofiqlashtirish, manfaatlar to'qnashuvini cheklash va shaffoflikni oshirish kabi mexanizmlar qat'iy belgilab berildi. Shuningdek,  Prezidentimizning 2020 yil 29 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bu jarayon Singapur tajribasiga asoslandi.

Butun jahonda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning darajasini tadqiq etish bilan shug'ullanuvchi “Transparency International” nomli nohukumat xalqaro tashkilot ma'lumotlariga ko'ra, 2024 yilda O'zbekiston 180 ta davlat ichida 32 ball bilan 121-o'rinni egallagan. Yil mobaynida korrupsiyaga daxldor 5716 ta holat aniqlangan. Ularning aksariyati oliy ta'lim, maktabgacha va maktab ta'limi, bank, qurilish hamda davlat xaridlari sohalarida sodir etilgan.

Xo'sh, korrupsiya nima va qanday namoyon bo'ladi? Odamlarni unga yetaklaydigan asosiy omillar nimalardan iborat? Bu yanglig' savollar kishini jiddiy o'yga toldiradi va chuqur mushohada yuritishga undaydi.

Korrupsiya – shaxsning o'z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o'zga shaxslar manfaatlarini ko'zlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishidir. Uning bir ko'rinishi bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish bo'lsa, ikkinchisi manfaatlar to'qnashuvi hisoblanadi. Manfaatlar to'qnashuvi esa, shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko'rsatayotgan yoxud ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o'rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo'lgan vaziyatdir.

Korrupsiya turli ko'rinishlarda namoyon bo'ladi va har biri davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotining muayyan sohasiga ta'sir ko'rsatadi. Eng keng tarqalgan shakllari quyidagilar sanaladi:

– pora olish va berish – mansabdor shaxs tomonidan ma'lum bir ishni bajarish yoki bajarmaslik evaziga noqonuniy mukofot talab qilish yoki qabul qilish;

– mansab vakolatini suiiste'mol qilish – shaxsiy manfaat uchun mansab vazifalarini qonunga zid ravishda bajarish;

– nepotizm va favoritizm – lavozimlarga tanlovsiz, qarindoshlar yoki tanishlar orqali joylashtirish;

– davlat xaridlarida yashirin kelishuvlar – tenderlarni oldindan kelishilgan holda ma'lum manfaatdor shaxslarga o'tkazish.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yurtimizda bu illatga sabab bo'layotgan omillarni o'rganib, ular quyidagilardan iborat degan xulosaga keldi:

– davlat xaridlari sohasida xaridlar ularning hajmini qismlarga bo'lish orqali amalga oshirilgani, tender savdolarida manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilgani;

– sog'liqni saqlash sohasida ishga qabul qilishda shaffof tizim yaratilmagani, tibbiyot muassasalarida byudjet mablag'lari talon-toroj qilinayotgani;

– madaniyat sohasida milliy seriallar yaratish uchun telekanallarga subsidiya berishning aniq tartib-taomillari belgilanmagani;

– huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jinoyat ishining surishtiruv, tergov va ehtiyot chorasini tanlash jarayonida yengillik berish evaziga tamagirlik holatlari sodir etilayotgani;

– qurilish sohasida inson omilini imkon qadar istisno etadigan raqamlashtirish ishlari sust olib borilayotgani, bunyodkorlik ob'yektlarida nazorat yetarli darajada emasligi;

– ilmiy daraja olishda plagiatga yo'l qo'yish, tanish-bilishchilik munosabatlaridan foydalanish tizimida raqamlashtirish, nazorat va javobgarlik mexanizmlari yaratilmagani;

– avtomobil yo'llari sohasida davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yilgani.

2022 yili qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida”gi qonun davlat xizmatchilarining halollik standartlarini mustahkamlab, axloq kodeksi, manfaatlar to'qnashuvining oldini olish, daromadlar deklaratsiyasi kabi muhim normalarni joriy etdi. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yili korrupsiya xavf-xatarlari xaritalari shakllantirilib, davlat organlarida ortiqcha byurokratiya, takrorlanuvchi funksiyalar va qonun buzilishi xavfi yuqori bo'lgan jarayonlarni qisqartirish bo'yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Umuman olganda, O'zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash siyosati huquqiy poydevor, shaffoflik, raqamlashtirish, jamoatchilik nazorati va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlar orqali tizimli ravishda rivojlanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqiy asosni mustahkamlash uchun 2024 yil 5 iyunda “Manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, u bilan manfaatlar to'qnashuvi to'g'risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik qo'llaniladigan bo'ldi. Davlatimiz rahbari 2025 yil 19 sentyabrda imzolagan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorda esa, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

2023 yil 19 dekabr kuni “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlarini ifodalovchi monument ochildi. Shu munosabat bilan o'tkazilgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh kotibi yordamchisi Aleksandr Zuyev va xorijiy mamlakatlarning rasmiy shaxslari qatnashdilar. Kafti ochiq qo'l ko'rinishidagi va uzunligi o'n ikki metrlik ushbu kompozitsiya halollik, pok amallar va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaqo toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashish uchun birlashishga chaqiriqni anglatadi.

Mamlakatimiz korrupsiyaga qarshi kurashishni yo'lga qo'yishda Finlyandiya tajribasiga ham tayanmoqda. Negaki, “Transparency International” tashkilotining e'tirof etishicha, bu davlat korrupsiya darajasi eng past 5 ta mamlakat sirasiga kiradi. Unda korrupsiyaning oldini olish uchun alohida qonun yoki tashkilot emas, balki axloq qoidalari amal qiladi.

Yurtimizda arxiv ishi va ish yuritish bo'yicha yagona davlat siyosatini olib boruvchi “O'zarxiv” agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarda, xususan, O'zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida ham shaffoflikni yo'lga qo'yish, hujjatlarni o'zgalar yoxud o'z manfaati yo'lida soxtalashtirish va korrupsiya illatlarining oldini olish bo'yicha aniq vazifalar belgilangan. Chunonchi, tizim arxivlarida korrupsion illatlarning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga doir me'yoriy-huquqiy hujjatlar to'plami yaratilib, O'zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivining korrupsiyaga qarshi siyosati yo'lga qo'yilgan. Arxivda korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha alohida vakil tayinlanib, xuddi shu yo'nalishda malaka oshirish ishlari tashkil etilgan. Qolaversa, arxiv xodimlarining etika kodeksi yaratilib, ular odob-axloq va etika qoidalariga rioya qilishlari ustidan nazorat o'rnatilgan.

Shu o'rinda arxivchi kasbi va uning ijtimoiy ahamiyati haqida birrov to'xtalib o'tsak, foydadan xoli bo'lmaydi. Zero, u sharafli va muhim kasblardan sanaladi. Vijdonini sotish, shaxsiy manfaatini ko'zlab xizmat vazifalarini suiiste'mol qilish, bepul ko'rsatiladigan arxiv xizmatlari uchun pul yoki boshqa ko'rinishdagi to'lov so'rash, ijtimoiy-huquqiy so'rovlarni qisqa muddatda bajarib berish uchun haq olish yoxud muddatni sun'iy ravishda cho'zish, hujjatlarni soxtalashtirish yoki moddiy manfaatni ko'zlab sotish, asossiz ravishda arxiv hujjatlarini saqlovga qo'yishdan bo'yin tovlash, ularga qasddan jismoniy putur yetkazish yoki yo'qotish kabi illatlar ushbu kasb egalari uchun mutlaqo yot odatlardir. Joriy tartib-qoidalarga rioya qilmaslik korrupsion illat deb baholanadi va zimmasidagi mas'uliyatni unutib, kasbiga xiyonat qilgan arxiv xodimini mehnat jamoasi o'rtasida muhokama etib, vazifasidan bo'shatishgacha bo'lgan chora ko'riladi.

Arxivda ishlayotgan yoki unga ishga kirmoqchi bo'lgan kishi arxiv daromad olishni maqsad qilib qo'ymaydigan notijorat tashkilot ekanligini to'liq anglashi hamda unda nish urgan har qanday korrupsion harakat butun boshli muassasa va arxivchilar sha'niga dog' tushirishini, bunga sababchi bo'lganlar ko'p sonli jamoa a'zolarining haqli e'tirozlariga duchor bo'lishi mumkinligini yodda tutishi kerak.

Arxiv sohasida fuqarolarga ko'rsatiladigan xizmat turlari avtomatlashtirilgani, hujjatlar raqamlashtirilgani bois ularga inson omili va aralashuvi keskin kamaytirildi. Natijada korrupsiya holatlarining oldini olish tizimi shakllantirildi. Endilikda odamlar arxiv ma'lumotnomalarini olish uchun bevosita arxiv idoralariga emas, balki davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyatidan keng foydalanishmoqda. Yangi tizim fuqarolar avvalgidek barcha arxivlarga borib, sarson-sargardon bo'lmasliklarini ta'minlashdan tashqari, ularga o'zlari so'ragan ma'lumotlarni birdaniga bir nechta arxivdan tez va oson, yana deng, elektron shaklda olish imkonini bermoqda. Bu arxiv sohasida fuqarolarga yaratilgan zamonaviy qulayliklar sifatida e'tirof etilmoqda.

Sirasini aytganda, korrupsiya jamiyatning barcha qatlamiga zarar yetkazadigan, taraqqiyotga to'sqinlik qiladigan xavfli balo-ofatlardan biridir. Unga qarshi kurashish aybdorlarni qilmishiga yarasha jazoga tortishdan tashqari, ochiqlik, halollik, raqamlashtirish, jamoatchilik nazorati va huquqiy ongni oshirishdan iborat bo'lishi darkor. O'zbekiston ushbu yo'nalishda muhim qadamlar tashlamoqda.

Albatta, korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etish uchun davlat, fuqarolar va tashkilotlarning hamjihatligi juda zarur. Biz buni mudom yodda tutmog'imiz, har bir sohada halollik madaniyati hukmron bo'lsa, mamlakatda adolat, barqarorlik va farovonlik qaror topishini esdan chiqarmasligimiz lozim.

Sayyora MUHAMMEDOVA,

O'zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi bo'lim mudiri, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori,

Marjona MUSIRMANOVA,

O'zbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari  milliy arxivi katta ilmiy xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 15 =