Yaxshi tarbiya
ota-ona va o'qituvchi hamkorligi mevasi
Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, barkamol avlod tarbiyasiga bog'liq. Barkamol shaxsni shakllantirishda esa oila va maktabning o'zaro hamkorligi muhim o'rin tutadi. Ayniqsa, ota-ona va o'qituvchi o'rtasidagi hamjihatlik bolaning ta'lim-tarbiyasi jarayonida hal qiluvchi kuchga aylanadi.
Bola hayotining asosiy qismi uy va maktab sahnasida o'tadi. Agar bu ikki muhitda talab va munosabatlar o'zaro muvofiq bo'lsa, bola o'zini baxtli, xotirjam, qiziqishlari qo'llab-quvvatlangan his qiladi. Ota-ona va o'qituvchi o'rtasidagi samarali hamkorlik bolaning o'qishga bo'lgan qiziqishini oshiradi, qobiliyatini aniqlash va rivojlantirishda katta yutuqqa erishiladi, intizom va mas'uliyatini shakllantiradi, muammolarni erta aniqlab, bartaraf etishga yordam beradi.
Avvalo, ota-ona va o'qituvchi hamkorligining tarixiy jihatlariga to'xtalsak. Qadimdan ustozga bo'lgan hurmat, ayniqsa, xalqimizda yuksak qadrlanib kelinadi. “Ustoz — otangdan ulug'”, “Ustozni norozi qilganning kosasi oqarmaydi” degan naqllar bejiz aytilmagan. Shuningdek, ilgarilari ota-ona bola tarbiyasida ustozga to'liq ishonch bildirgan, o'qituvchining talab va tanbehlarini so'zsiz qo'llab-quvvatlagan. Farzandini biron ustozga shogirdlikka olib borganda “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb topshirgan. Tarbiya masalasi umumiy javobgarlik sifatida qaralgan. Davrlar kesimida ilm-fandagi taraqqiyot, yuksalish to'lqinlari borki, Sharqdagi o'sha ustoz-shogirdlik an'anasi to'g'ri bo'lgan, degan xulosalarni quvvatlaydi goho.
Bugungi kunda ta'lim tizimi demokratlashib, bola shaxsi markazga qo'yiladigan bo'ldi. Endi ota-ona va o'qituvchi o'rtasidagi munosabatlar teng sheriklikka asoslanmasa, quvonarli natija kutmay qo'yaverish kerak. Bolaga munosabat ham yangi prizmada — o'qituvchidan ham, ota-onadan ham bolaga do'st bo'lib, bir xil maqomda turib munosabatda bo'lishni talab etadi.
Atrofimizdagi ehtiyojimizga xizmat qiluvchi vositalar, yashashimizdagi qulayliklar, texnika kashfiyotlari zamondoshlarimizni injiq, sabr-toqatsiz, quntsiz, goho qiyinchiliklarga hafsalasiz ham qilib qo'ydi. Shuningdek, harakatsizlik, ixchamlikka asoslangan gadjetlar zamoni, axborotlar bo'hronida XXI asr fuqarolari depressiyaga moyil bo'lib qoldi. Har qatlam, har sohada oldingi asr bilan yangi asr fuqarolari o'rtasida ulkan tafovut bor. Inchunin, o'quvchi, o'qituvchi, ota-onalarida ham. Avvalgi o'quvchilar tanbehdan shijoat olib, tirishqoqligini namoyish etgan bo'lsa, bugungilari depressiyaga tushib qoladi, o'ziga bo'lgan ishonchini yo'qotib qo'yadi. Demak, bugungi o'quvchi to o'ziga bo'lgan mustahkam ishonch hududiga yetguncha o'qituvchi va ota-ona hamkorligidagi qo'llov, nazorat o'ta muhim. Bugunning ota-onasi va o'qituvchisi zimmasidagi mas'uliyat oldingi vazifadoshlarinikidan karra-karra og'irroq. Ular bolani depressiyaning, loqaydlikning, o'ziga ishonchi sinishining chegaralaridan salomat olib o'tishlari zarur. Bola qalbi, ongini go'yoki bir idishdagi tiniq suv desak, ota-ona va o'qituvchi hamkorligining biron nuqtasidagi nuqson tufayli shu shaffof suvga gardmi, daxl yetsa, tuyoqdan shox qadar sarhadlar zararni taqsimlab oladi — ya'ni, jamiyat.
Xo'sh, bolaning psixologik, fiziologik salomatligi mukammal hamkorlikni talab etar ekan, bugungi ta'limda bolaning psixologik holati, qobiliyati, qiziqishlari, jismoniy va ijodiy imkoniyatlarini hisobga olib, ustoz va ota-onalar hamkorlik qilsa, natija nimalarda ko'rinadi? Avvalo, bolaning o'qishga bo'lgan qiziqishi ortadi (o'qituvchi va ota-ota muloqoti bolaning qiziqishini ertaroq va tiniqroq aniqlaydi), muammolar o'z vaqtida aniqlanadi, bolada mas'uliyat va mustaqil fikrlash shakllanadi (o'qituvchi va ota-ona bolaning o'zidan uzoqda bo'lgan vaqtida nima bilan band bo'lganini, nima niyatdaligini bilib turgani uchun bolani erkinroq qo'yadi, ayni vaqtdagi zohiriy harakatlariga ishonadi, ortiqcha tergamaydi). Demak, tomonlar vaqti, asabi, energiyasi tejaladi, bolaga o'ziga bo'lgan ishonchni mustahkamlashga imkon beriladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir o'qituvchining otalar majlisiga sinfidagi barcha o'quvchilarning dadalari to'liq qatnashgani haqida hayrat va quvonch bilan gapirgan videosi tarqaldi. O'qituvchi majlis belgilangan sanadan bir hafta oldin har kuni otalarga “bong” yubora boshlagan: “Farzandi bilan vazifa bajarishi, kelmagan otaning farzandi shartni bajarolmasligi”ni aytib. Natijada majlisga otalar to'liq qatnashgan. Kazo-kazo tashkilotda ishlaydigan ota ham, daqiqasi falon pul olib keladigan tadbirkor ota ham maktabga kelgan. Otalar farzandi bilan bir partaga o'tirib, shart bajargan va bu otalarga ham, farzandlarga ham katta — kutilgan tuyg'uni bergan. Demak, o'qituvchi berilgan salomga alik olsa, vaqti ketishi qayg'usi bo'layotgan bugungi davr odamlari vakillari — otalarning majlisda to'liq ishtirok etishini uddaladi. Bu ham hamkorlikning zamonaviy ko'rinishlaridan biri, deb o'ylayman.
Kezi kelganda aytishni joiz bildim: endi ota-ona va o'qituvchi hamkorligining an'anaviy va yangi shakllarini sanasak. Ota-onalar yig'ini, individual suhbatlar, ochiq darslar, onlayn muloqot va elektron kundaliklar, qo'shma tarbiyaviy tadbirlar va innovatsion yondashuvlarni ko'plab keltirish mumkin. Bu hamkorliklar orqali o'qituvchi va ota-ona o'rtasidagi o'zaro ishonch, hurmat mustahkamlanadi, eng muhimi esa, millat kelajagiga daxldorlik hissini tuygan har bir vatandoshimizning muddaosi — ta'lim sifati oshadi.
Bu maqsadni ko'ngildagidek amalga oshirish uchun, avvalo, ota-ona va o'qituvchi vazifa va burchlarini aniqlashtirib olishi kerak. Ota-onaning vazifalari bolaga sog'lom psixologik muhit yaratish, o'qish uchun qulay sharoit ta'minlash, o'qituvchi bilan hurmatga asoslangan munosabat o'rnatish, bolaning yutuqlarini qo'llab-quvvatlash bo'lsa, o'qituvchiniki har bir bolaning individual xususiyatlarini inobatga olib, ota-onalarga aniq va xolis ma'lumot berish, tarbiya masalasida hamkorlikka ochiq bo'lish, bolaga mehr va sabr bilan munosabatda bo'lishdir.
Bunday muloqotlar orqali ota-ona bolaning o'qishdagi yutuqlari va qiyinchiliklaridan xabardor bo'ladi, o'qituvchi esa bolaning oiladagi muhiti haqida to'g'ri tasavvur hosil qiladi. Ikki tomonning umumlashgan xulosasi bolani professional darajada qo'llab-quvvatlaydi.
Hamkorlikni yanada takomillashtirish uchun ota-ona va o'qituvchi o'rtasida muntazam va ochiq muloqotni yo'lga qo'yish, ota-onalar uchun pedagogik va psixologik seminarlar tashkil etish, gadjetlardan samarali foydalanishni bolaga hamkorlikda targ'ib qilish, maktab va oila hamkorligida tarbiyaviy tadbirlar o'tkazish, bolaning imkoniyatlaridan kelib chiqib kasbga yo'naltirish, har bir bolaga individual yondashish kabilarni ham yo'lga qo'yish kerak.
Demak, ota-ona va o'qituvchi hamkorligi bolaning ta'lim-tarbiya jarayonida hal qiluvchi muhim omil hisoblanadi. Hamma zamonlarda ham yaxshi tarbiya o'qituvchi va ota-onaning “senga bor, menga bor”i emas, “biz” degan harakati mahsuli bo'lgan. Tarixiy taraqqiyot davomida bu hamkorlik turli shakllarda namoyon bo'lgan bo'lsa-da, uning asosiy maqsadi o'zgarmagan — sog'lom, bilimli va ma'naviy yetuk avlodni tarbiyalash.
Hozirgi zamonda ushbu hamkorlik o'zaro ishonch, hurmat va mas'uliyatga asoslangan holda tashkil etilsa, bola shaxsining har tomonlama benuqson rivojlanishiga asos bo'ladi.
Mastona YO'LDOShEVA,
Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanidagi
46-maktabning oliy toifali
boshlang'ich ta'lim o'qituvchisi.
