Hurlik uçun kuraşgan buyuk publitsist
(Mahmudxöja Behbudiyning 151 yilligi)
Xalqimiz donişmandlaridan biri Mahmudxöja Behbudiy serqirra faoliyatining bir yönalişi publitsistikadir. U jadid maktablarini taşkil etiş, yangi fanlarni kiritiş, rivojlantiriş, zarur hollarda ularni mustamlakaçilar tajovuzidan asraş yölida jurnalistikadan unumli foydalangan ijodkordir.
Şu bois Behbudiy publitsistikasida taʼlim mavzusi katta örin tutadi. Yangi fanlarni maktab dasturlariga kiritiş, darsliklar yaratiş, ularga mos muallimlarni tarbiyalaş ham uning diqqat markazida böldi. “Ulamo tarbiyaxonasi maktab va madrasadir. Agarda öşal maktab va madrasada muallim va mudarrislari olim bölsa va şogirdlariğa köngli ilan taʼlim bersa, albatta, ilm hosil qilar. Agarda muallimni(ng) özi, hozirgi aksar maktabdor va mudarrislardek, kamhafsala va yoinki kamilm bölsa, yoinki ilmi böla turub, usuli tahsildan xabarsiz bölsa, oni şogirdlari nodon qolur”.
Bu bilan nafaqat maktab, balki oliy maʼlumot beradigan madrasalar islohiga ham alohida eʼtibor qaratilişi lozimligini taʼkidladi. Turkiston madrasalarida tafsir, hadis, tib, taşrih, hayʼat, handasa, iqtisod, siyosat, geografiya, tarix kabi fanlar öqitilmasligi bitiruvçilarning hayotda zarur bölgan bilimlarsiz qolişiga sabab bölayotganini tanqid ostiga olib, boy va mutasaddilarni uning oldini olişga çorladi.
“Sukut saqlab yuraversak, beş-ön yildan keyin yanada nodonroq bölib qolamiz, xor bölamiz. Şuning uçun ham jim yurişimiz yetar! Diniy madrasa va maktablarimizni isloh etaylik!”
Taʼlim muammolari oçib berilgan “Majlisi imtihon”, “Mutolaaxona”, “Tahsil oyi”, “Maktablarga ruxsat olmoq tariqasi”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?”, “Ehtiyoji millat” kabi qator maqolalari uning maʼrifiy publitsistikasiga misol böla oladi.
Behbudiyning “Dunyoda turmoq uçun dunyoviy fan va ilm lozimdur, ilm va fandan bebahra millat boşqa millatlarga poymol bölur”, degan maşhur fikri ham uning maʼrifiy publitsistikasida yangragan.
Baʼzi mutaxassislar Behbudiyning çor Rossiyasi davridagi publitsistikasida siyosiy mavzu kam ekanligini yozadilar. Aslida esa unday emas. Uning siyosiy publitsistikasi “Taraqqiy” gazetasida çop etilgan “Xayrul umuru avsatiho” maqolasi bilan jamoatçilik eʼtiboriga tuşgan (maʼlumki, mazkur gazeta hukumat tomonidan tezda yopiladi). Bu maqolasida Behbudiy islomiy hikmatga tayanib, “eng yaxşi iş — örta yölni tutiş” ğoyasini ilgari suradi. U jamiyatdagi muammolarni hal etişda haddan oşiş yoki mutlaq rad etiş emas, balki aql, ilm va muvozanat asosida harakat qiliş zarurligini taʼkidlaydi. Maqola jadidçilik ğoyalarini tarğib qilib, xalqni maʼrifat, islohot va taraqqiyotga çaqirgan muhim siyosiy publitsistik asar hisoblanadi.
Barça jadid gazetalarni töxtatgan Nikolay hukumati öz naşri hisoblangan “Turkiston viloyatining gazeti”da jadid publitsistlariga ham göyoki maydon oçadi. Buni 1908 yili jadid maktablariga hujumlar kuçaygan davrdan olingan misolda körib çiqamiz. Mahalliy tilni yaxşi bilgan gazeta muharriri N.Ostroumov şu yili taraqqiyparvarlar bilan qadimçilar (aslida, ularning “Oxranka” buyurtmasini bajargan) örtasida fitna qözğaydi. Masalan, Rahmatullo Rahim jadidlarni nodonga çiqarib, ular oçgan maktablarga qarşi “Buzuq maktab bolasi usuli jadida” sarlavhali maqolasini çop etadi. Unga qarşi yozilgan Behbudiyning “Taʼrix va juğrofiya” maqolasini eʼlon qiladi. Lekin ilonning yoğini yalagan missioner muharrir sözboşi yozib, maqolaning “popugini pasaytirib”, öquvçi muhokamasiga taşlaşga majbur böladi. Şunday bölsa-da, maqola katta şov-şuvga sabab bölgan. U tezlikda “Oxranka” tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, rahbariyatga yetkaziladi (bu tarjima va izoh Özbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanmoqda – H.S.).
Maqolada juğrofiya fanining zarurati soyasida jadidçilik ğoyasining mohiyati oçib beriladi: “çunki bugungi talaba, köramiz, ertaga ilmli aʼzomiz bölurlar… oyandadaki kiborimiz — bugungi guruh sağirimizdin (yoş bolalar, kiçkinalar — H.S.) taşkil topilur kerakki, bunlar va asl zamonadin va asl zamonamizni bizim bobdaki afgorlaridan (yara, jarohat — H.S.) ogoh bölsunlar. Ahli zamonamizni yahudiy, armani va özga ajnabiy hammamlakatlarimizni taraqqiyi milliy va ilmiy va madaniyalaridin va biz musulmonlarga qayu yöl va sabab ila ğalaba qilğonlaridan bexabar bölub, alarğa balki mağlub bölmasligimiz yöllarini, lozimdurki, bilsunlar, bilib muqobala bölmaslik qoidasinça harakat qilub, din va millatimizni soxlasunlar”.
Özlikni saqlaş yölida özgalarga mağlub bölganimiz sababini anglamoq, qolaversa, endi ularga yutqazmaslik, mute bölmaslik çoralarini öylamoq darkor. Buning uçun mustamlakaçi hukumatga oçiq qarama-qarşi turmay, armon bölib kelayotgan ilmli jamiyat quriş uçun qayğursinlar, degan xulosani aytadi. Buning uçun ötmişda bobolar mavqei qay darajada bölganligini körsatib beradi. “Zamoni sobiqda jismoniy va ruhoniy va maʼnaviy qalʼa va hududlarimiz bor ediki, alar sababi-la millat va dinimiz muhofaza va marosimi malfuf (himoyalangan, öralgan — H.S.) qolur edi. Hozirgi zamonga na had qoldi, na hudud, na qalʼa qoldi”.
Qisqaça aytganda, publitsist buyuk saltanatning fojiasini oçib beradi. Muallifning mahorati şundaki, bunda özaro içki ixtiloflar, ilmga befarqlik buyuk davlatning yemirilişiga sabab bölişini dalillar bilan isbotlaydi. Maqolaning salmoqli bölişida faktlar katta ahamiyatga ega. Bu faktlarga publitsistning dardli sözlari yöğrilsa, u sözlar toşni ham eritib yuboradi. Behbudiy qançadan-qança mamlakatlar qöldan ketganligini qayğu bilan tasvirlaydi. Maqolaning kompozitsiyasini belgilagan jolis — suhbatdoşga murojaat qiladi: “Ey birodar, taʼrixi islomni qoralaydurgon sahifalari xulosasini natijasindan sizğa arz qilarmanki, yer olami ketdi, ketadur”.
Muallif Yevropaning butun Şarqqa bosqini soyasida öz ölkamizning ham şu holga tuşganini ham bilinar-bilinmas tilga olgan böladi:
“Aziz jolisim, sizğa söylab turibman, fahmlaysizmu? Hayhot, hayhot, umumiy Osiyo qitʼasiğa 600 miliyun qadar musulmon borki, andin 10 miliyun Osiyoi safro va jaziratul-Arabğa sokin va Usmonli hukumatiğa tobeʼ, 9 miliyun Eronğa, 6 miliyuni Afğonğa, 2 miliyuni Buxoro, miliyuni Xiva, 1 miliyuni Belujiston,12 miliyuni Haydarobod degan, 1 miliyuni Ummon va miliyundan kami Jumhur hukumati islomiyasiğa tobeʼ bölub, baqya 50 miliyuni Xitoy va 50 miliyuni inglisğa va 50 miliyun qadari, yana 40 miliyuni Jazoir Bahri Kabir musulmonlari ila barobar Inglis, Fransa, Kalandiya, Ispaniya, Rusiya va özga davli (davlatlar — H.S.) nasroniyasiğa tobeʼ… Biz Osiyoi vasatiy (örta) va şimoliy sokinlaridan Rusiya davlatiğa töğridan-töğri tobeʼ. Buxoro ila Xiva hukumatlari davlatimizni himoyatiğadur. Yuqorida bayon bölğan hukumati islomiyada faqat Usmonli ila Eron davlatlari doxiliy va xorijiy işlariğa mustaqil va qalamasi davla nuqtadora (böyinsunilgan — H.S.) nasroniyaning barisini hamiyat va nufuziğa tobeʼ va erkak-xotun kabidur”.
Publitsistning “töğridan-töğri tobeʼ. Buxoro ila Xiva hukumatlari davlatimizni himoyatiğadur”, degan fikri emas, balki “erkak-xotun kabidur” degan gapi çor hukumatiga “tegib” ketadi. Behbudiydan endi siyosatga aralaşmayman, tavba qildim, degan mazmunda izoh talab qilişadi. Lekin u tavba qilmaydi: “Rusiyani kim va qandayligini bilmaydurğon nodonlardan emasmiz va ammo “Taʼrix va juğrofiya” unvonlik maqolamiz taʼrix va juğrofiya öqumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi…”.
Bu maqoladan keyin ziyolilar orasida Behbudiyga nisbatan hurmat yanada oşadi. “Oxranka”da esa unga xavfsirab qaray boşlaydilar.
“Hurriyat — ozodlik — svoboda — erkinlik”, “Gosudarstvennaya Duma vakillari xususinda”, “Duma va Turkiston”, “Muhoraba musulmonlarga yoqarmu?”, “Bayoni maʼzurat”, “Bayoni hol”, “Bir afsuslik xabar”, “Qabristoni muslimin”, “Qonun”, “Tavzeh”, “Munozara” haqinda”, “Ikki emas, tört til lozim”, “Oh va hasrat” kabi maqolalari siyosiy mazmunda edi.
1917 yil Fevral inqilobidan söng Mahmudxöja Behbudiyning siyosiy publitsistikasi maʼrifiy libosini yeçgani közga taşlanadi. U hurriyat uçun kuraşga, keyinçalik ozodlikni saqlab qoliş, mustahkamlaş borasida köplab maqolalar yozdi. “Buxoro voqealari va dafʼi tuhmat”, “Muhtaram samarqandiylarga xolisona arz”, “Ittifoq kerak”, “Tahriri nufus”, “Murojaatnoma”, “Oçlik balosi”, “Qozoq qarindoşlarimğa oçiq xat”, “Bayoni haqiqat” kabi eng sara siyosiy maqolalari fikrimizga dalil böladi.
Masalan, Fevral inqilobidan keyin yoşlar bilan keksalar örtasida mojaro çiqadi. Behbudiy aynan ana şu muammoni hal qiliş uçun maqola bitadi. Unda dastlab u nima sababdan ixtilof çiqqanligini oçib beradi va qayta ittifoq tuzişga çaqiradi. Barça aholi qatlamini murosaga çaqiradi, yalinadi: “Ey, hazrat ulamo! Ey tujjor, ahli kasaba va ağniyo! Ey, ğayratlik yoşlar! Nifoq va bir-birğa duşmanlikni taşlangiz. Xudo haqqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini töyğazolmayturğon faqira, yetim va bevalar haqqi bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, xoliq xudoning nafʼiğa, din va millat yöliğa xidmat etingiz. Millat va xalq sizdan xidmat va yaxşilik talab etadur. Nafsoniyat va ğurur emas”.
Behbudiy, odatdagidek, ibratli hadisni keltiradi. Bu galgi misoli esa öz hayotining saboqlaridandir. Eng asosiy gap — tört-beş kişi bilan taraqqiyotga erişib bölmasligidir. “Muhtaram yoşlar! Zamon siznikidur, qarilar zamoni ötkan. Siz kiromğa bobasirat bölub, ön dafʼa ölçab bir dafʼa kesingiz. Otaşinlik va tezlik ila iş bölmas. “Al-ajla minaşşayton!” (Şoşgan şaytondandur). Bu fikrni boşingizdan çiqaringizkim, sizning öz boşingizğa taraqqiy qilmoğingiz muşkuldur. Balki butun şahringiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz. Men ham yigirma yildan beri harakat qilarmankim, taraqqiy paydo bölsun. Şuni sizlar ham bilursizki, ön va yigirma nafar ila taraqqiy bölmaydi va bölmas ekan. Binobarin, örta va bu qadar imkon köproq kişi mayl qilaturğon yöl ila taraqqiy etmoq kerak va unsiz boşqa çora yöqdur”.
Yuqoridagi köçirmadan yana şular maʼlum böladiki, Behbudiy yigirma yillik harakatining samarasi oz bölganligini, buning uçun barça birlaşib, hamfikr bölib kuraşiş lozimligini, aks holda, bugungi avlod kelajak avlodning qarğişiga qolişini aytadi: “Aziz hamşaharlarim, möʼtabar ahli vatanim, hammangiz bir bölub, xalq va dinning rivoji uçun birlaşub, oradaki nafratlarni taşlab, xudoning bergan hurriyat neʼmatidan nafʼilanmoq harakatida bölmoq kerak va alan bizning bu harakatsizligimiz bizdan hurriyatni ketkurib yana boşqalarğa bizni asirlik darajasiga tuşurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz va bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat örniga laʼnat öqurlar”.
Donişmandlar har bir işning xulosasini, natijasini avvaldan köra olganlar. Behbudiyni ham şunday kişilar toifasiga qöşgimiz keldi. Bunda u agar hurriyatni qöldan berib qöysak, asosan, uç xil voqea sodir bölişini aytadi: “bizni asirlik darajasiga” tuşiradi (aslida ham tuşdik), “yuz yillar ila keyin ketarmiz” (70 yil ötdi), “avlodimiz hamda xalqi olam… rahmat örniğa laʼnat öqurlar”, yaʼni ota-bobolarni biz unçalik ayblamasak-da, ulardan ham xato ötganligini anglaymiz. Bu xulosalar ahli donişlarga xosdir.
Behbudiyning “Turkiston muxtoriyati” sarlavhali maqolasi Qöqondagi voqealarga bağişlangandir, özining tili bilan aytganda, “27 noyabrda Höqandda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon siyezdida eʼlon qilindi. Muborak va xabarli bölsin! Kamina ham majlisda böliş uçun iftixor etaman! Yaşasun Turkiston muxtoriyati!”.
Uşbu maqolaning ahamiyati şundaki, uni öqigan kişi öşa davrning qaynoq nafasini tuyadi, voqealardan xabardor böladi. Şuningdek, unda Behbudiyning hayajoni sezilib turibdi.
Bolşeviklar hokimiyatga kelgunça Behbudiy boşqaça fikrda edi. Bu haqda “Bayoni haqiqat” maqolasida “Biz istaymizki, Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boşqalar qöşilgan holda öz boşlariğa Rusiyani bir parçasi hisoblanadurğon Turkiston hukumati taʼsis etsak…” deb aytgandi.
Hokimiyatni bolşeviklar egallagaç esa, bu fikridan qaytganligini köramiz. Çunki u bolşeviklar — ilgarigi sotsialistlar partiyasining maqsadini bilar, bir maqolasida ularni tanqid ostiga ham olgandi.
“Musulmon muxtoriyatçilari deydilarki, biz yerli muxtoriyat tilaymiz va ham şuni eʼlon qilduk. Bizning yer va amlokimizning taqsimini xohlaydurğonlarğa butun jon va imonimiz ila muqobala qilurmiz…”
Ilgari muxtoriyatli jumhuriyat deyilganda Rossiya tarkibida qolib milliy jumhuriyat tuziş tuşunilgan bölsa, yerli muxtoriyat deyilganda ular Rossiyadan butunlay uzilgan mustaqil davlatni tuşunar edilar. Bunga kim qarşi çiqsa, ular bilan kuraşamiz deyilayotir.
Demak, ittifoq bilan butun Turkiston oyoqqa tursa, Vatan mustaqilligi asrab qolinişi taʼkidlanadi: “… bilmoq kerakki, butun Turkiston ittifoq etsa, qon tökilmas. Yer va amlok ham taqsim bölmay qolur. Din ham rivoj topur… Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 milliyunlik bir quvvat imloğa kelurki, munga yer titraydur. Agar sözumni fahmlatolğan bölsam özumni baxtli hisoblardim”.
Bolşeviklar tahlikasi kuçayib borayotgan paytda Behbudiy “Qozoq birodarlarimğa oçiq xat” maqolasini yozadi. Maqola murojaatnoma tariqasida bitilgan bölib, Turkistonning bölinib ketişi mumkinligidan taşvişlanib yozilgandir: “Aziz qarindoşlarim! Musulmon birodarlar! Hammangizğa maʼlumdurki, Turkiston qozoği, qirğizi, özbegi, turkmani, tatari – hammasi möğul-turk bolalari hamda jahongir Çingizxon va Temurning avlodi yoki oğa-inidurlar. Turkistondagi arab, xöja va sayidlarda öz tillarini yöqotib, bilkulli (butunlay — H.S.) turklaşib va hatto arabliklarini esdan çiqorib, siz turk va möğullar ila har jihatdan birlaşib ketgandurlar. Turkistonning eng oz şaharlarida va baʼzi toğlarida bir oz fors, yaʼni tojiklar borki, alar ham kamoli musulmon va siz ila hammazhabdurlar. Tirikçiliklarining özbeklardan farqi yöq darajadadur.
Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barça xalqlar uçun muxtoriyat eʼlon qilindi va siz bilingki, haq olinur, lekin berilmas. Inçunin, muxtoriyat-da olinur, lekin berilmas. Yaʼni muxtoriyatni Turkiston bolalarining özi birlaşib, ğayrat ila olur. Albatta, boşqalar tarafidan berilmas. Boşqalarning qölidan kelsa bermaslar. Biz böşlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlaşib muxtoriyat yöliğa saʼy qilmasak, albatta, hozirgi qoğoz ustidagi muxtoriyatimizni ham yöq qilurlar, bul albatta şundaydur va bul sözğa heç kim ixtilof qilolmaydur”.
Behbudiy mazkur tarixiy vaziyatdan töğri foydalaniş kerakligini aytib, bunda qanday urf yoki odat böyiça yaşaş masalasini keyinga surib, hozirça muxtoriyatni saqlab qoliş şartligini, vaqt ötgaç, puşaymonlikdan foyda bölmasligini tuşuntiradi.
“Endi işlar şu holda ekan, biz hammamiz, yaʼni qirğiz, qozoq, özbek, turkman, arab, fors, xullas, Turkistondagi barça musulmonlar va ham mundagi yahudiy va xristianlar birlaşib, ittifoq ila şu muxtoriyatning amalğa kelişiğa saʼy va himmat etmoğimiz albatta kerakdur. Agarda bizğa öz boşimizğa, şariat, urf va odatlarimizğa muvofiq tirikçilik qilmoq kerak bölsa, hammamiz vaqtli nizo va manmanlikni qöyib, hamma narsani esimizdan çiqarib, yolğuz muxtoriyat uçun har nimarsamizni fido etmoğimiz lozimdur. Munday fursat va zamonning bizga qaytib kelişi maʼlum yöq, qadrini bilib işlamoq kerakdur. Vaqt ötgandan söngra ökinmoq foyda emas”.
Behbudiy çöl aholisining taraqqiysi uçun şaroit-yöl oçib berilişini, buning uçun uşbu xalqning ziyolilari bu qonunlarni tuzişlarini, söngra davlatni ham har bir xalqdan vakillar boşqarişlarini anglatadi:
“Şunda bilingki, qozoq öz boşiğa, şahar xalqi va atrofi öz boşiğa el bilib, boşqa-boşqa muxtoriyat qilmoqçi bölganda, ikkisi ham muddaoğa yetmaydur. Siz — qozoq qarindoşlarimiz ori çöldasiz, ammo sizdan bir köb xalqlar ham şaharlarda va şaharlar tevaragindadur. Tirikçilik şunday nimarsaki, çöl ila şahar va qişloq xalqini bir-biriga boğlagandir.
Bir-biridan ajralib yaşay olmaydur. Şahar xalqi ila birlaşub, muxtoriyatni boşqarğonda sizlarğa zarar kelmay, balki foyda kelur.
Muxtoriyatni boşqarmoq uçun yolğuz sizda kifoyat etmaganingiz kabi, yolğuz şahar va şahar atrofidagi xalq ham kifoyat etmas, balki ikkingizda keraksiz… Xulosa: muxtoriyatni millat majlisi har bir xalqğa nafʼini közda tutub qonun çiqarur. Agarda siz, qozoq birodarlar, turğun xalqidan ajralib, özga muxtoriyatdan nasib bölmas, azbaski, kuç tarqalur… Biz öz içimizdagi qarindoşlarimizdan ayrilsak — uyatdur, ahmoqlikdur. Turk tomuriğa bolta urmoqlikdur.
Ongla qozoqlar öylasunlar, tarixga qarasunlar ziyoli qozoqlar. Ovruponing ixtilof solib, millatlarni ajratmoq siyosatiğa va ikkiyuzliligiğa qarasunlar. Birlaşgan Turkiston xalqining bölunmoğiga özimiz sabab bölmasak edi. Barça ixtilofçilar va boşqalarda albatta zarar körarmiz va ixtilofimizning jazosini tortarmiz. U kunlarimiza yiğlarmiz, ammo foyda emas”.
Aytiş mumkinki, Mahmudxöja Behbudiy bolşeviklar hukumatni egallasa har qanday şaroitda özga xalqning mustaqil bölib ajralib çiqişiga yöl qöymasligini tuşungan va şuning uçun Rossiyadagi alğov-dalğovlardan foydalanib, ajralib oliş ğoyasini ilgari surgan.
Behbudiyning siyosiy publitsistikasi yurt ozodligi uçun kuraşga bağişlangan. Publitsist imkoni darajasida harakatda böldi, yozdi, xalqni vatanparvarlikka, birlikka, hurriyatga çorladi. Uning ögitlari bugungi kunda ham juda muhimdir. Ayniqsa, uning Turkiston birligi borasidagi fikrlari, amaliy faoliyati dunyoni yangidan bölib olişga iştiyoqi kuçaygan imperiyalarning bugungi talvasasi davrida yanada ahamiyatlidir.
Behbudiyning sönggi kunlari Turkiston muxtoriyatining qonga botirilişi va bolşeviklar hokimiyatni egallaganidan keyingi voqealar bilan bevosita boğliq. Ayni paytga kelib ustoz olimlarimiz Begali Qosimov, Naim Karimov va ayniqsa, Sirojiddin Ahmedov izlanişlari natijasida bu masalaga ançagina oydinlik kiritildi. Behbudiyning ölimiga Amir Olimxon va uning beklari sabab qilib körsatilar edi. Aniqlangan hujjatlar esa bolşeviklar olib borgan siyosat natijasida jadidlar dunyodan yordam söraş uçun Turkistondan çiqib ketişga harakat qilganliklarini körsatdi. Munavvar qori yetakçiligidagi guruh çegarada uşlanib ortga qaytariladi. Behbudiy rahbarligidagi guruh esa Buxoro amirligi hududidan ötayotganda hibsga olinadi va fitna qurboni böladi. Bunday xulosa çiqarişga bolşeviklar hokimiyati va Buxoro amirligidagi çor hukumati vakilining özaro yozişma (telegramma)lari asos böladi. Lekin sopini özidan çiqarişga örgangan mustamlakaçi uning ölimiga Buxoro amirini sababçi qilib körsatadi va amirlik hududini egallab oliş uçun bundan foydalanadi.
Özbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiston jadidçilik harakatining asosçisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noşir va pedagog Mahmudxöja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nişonlaş töğrisida”gi qaroridan keyin maxsus ekspeditsiya tuzilib, izlanişlar olib borilayotgan esa-da, afsuski, buyuk siymoning qabri haligaça nomaʼlum bölib qolmoqda. Uluğ jadid bobomizni Olloh rahmatiga olgan bölsin!
Halim SAIDOV,
Özbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.
