Mehribon ustoz
O'zbek ma'naviyat dunyosida ko'p qatori yana bir odam bor. Katta adib, katta jurnalist, tashkilotchi, ko'plab kitoblar muallifi, sahna asarlari egasi, tinib-tinchimas, yor-birodar, ustoz-shogirdlariga g'amxo'r, davlatimizning eng muhtasham dargohlaridan tortib, ko'plab gazeta-jurnallarda ishlagan, aksariyat rahbar bo'lgan, jamoatchilik faoliyati ham o'ta ibratli, o'ta samimiy, do'st-yorlarga mehribon bir inson bor. Aslida bundaylar ko'p, lekin bu kishim alohida, o'ziga xos, birovga o'xshamaydigan. Yoshi sakcondan oshganiga ham ancha bo'ldi. Hamon tetik, sezgir, so'rashganda qo'ling qisirlab ketadi. Topolmadingiz-a? To'g'ri, bunday kishilar ko'p-ku, dersiz, lekin bu inson chindan ham boshqacha, o'ziga xos! Yana bir sirni ochaman: hamma bilan “Mehribon” deb so'rashadilar, murojaat qiladilar.
Ha, endi topdingiz.
Bu inson ko'plab ahli ijodning do'sti, akasi, ustozi — To'lqin Muhiddin (Qozoqboyev).
“Men 1940 yil 28 noyabrda Toshkent shahrining “Eski shahar” qismida tavallud topganman, – deb yozadi muallif o'z xotiralarida. – Xonadonimizda buvim (dadamning onalari) Surmaxon oyim, adajonim Muhiddin ota, onajonim Lazokatxon, otamning ukalari Mo'minjon amakim bilan yashardik. Otam Marg'ilonda 1911 yili tug'ilgan ekan. Ulg'ayib, ish yuzasidan Toshkentga ko'chib kelishgan. 1939 yili 16 yoshli onajonimga uylanganlar. O'shanda onamning hujjatini 18 yoshga o'zgartirib, 27 yoshli otamga turmushga chiqarishgan ekan. O'shanda otam Toshkent shahar Matbuot jamiyati raisi bo'lganlar. Shu orada Ikkinchi jahon urushi boshlangan. Otam urushga safarbar qilingan. Xayrlashayotib onajonimga: “Men uzog'i bilan 1 yilda qaytaman. Agar qaytmasam, taqdir-da, o'g'lim otasiz, yarim yetim o'smasin, sizning turmushga chiqishingizga ruxsat” degan ekanlar. Shunda onajonim yig'lab, otamning yelkalariga bosh qo'yib: “Unday demang, qancha bo'lsa kutaman”, – degan ekanlar.
(To'g'risi, mana shu joyga kelganda nafasim ichimga tiqilib qoldi. Mana sizga o'zbek ayolining mardligi, vafosi!)
1943 yilgacha otamdan xat kelib turgan. Keyin “M.Kazakbayev bedarak yo'qolgan” degan shum noma kelibdi. Onajonim otamni 2009 yilgacha 69 yil kutganlar. Mening kunim bitib, boqiy dunyoga ketsam, janozani otang bilan menga birga o'qit derdilar… Vasiyatlarini bajo keltirdik.
Qiziq, ba'zan qiyinchilik, yetimlik ko'rganlar tirishqoq, dadil, mustaqil bo'lib ulg'ayishadi. Hayot uchun, kelajak uchun kurashga ertaroq chog'lanishadi. Qahramonimiz ham shunday. Sirtdan bo'lsa-da, ikki universitet, bir institutni tugatib, uchta diplom oladi. Jurnalistlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi va hatto Teatr arboblari uyushmalariga a'zo bo'ldilar.
Eng qizig'i, eng e'tiborlisi va e'tiroflisi, mening nazarimda, o'ndan ortiq gazeta va jurnallarga bosh muharrirlik qilganlaridir. Men ham shu sohaning ichida bo'lganim uchun buni unikal hodisa deb baralla ayta olaman. Nazarimda, bunaqasi bo'lmagan! Qoyil qolmasdan iloj yo'q.
Endi buning orasida yana siyosiy jarayonlarda ham faol bo'ldilar. Partiya-sovet tashkilotlarida ishlaganlar, Markazqo'mning tuzini ichganlar, mafkura sohasida yetakchilardan bo'lganlar. Har holda, bu maktablar ham mafkurasidan qat'i nazar, kishini tarbiyalaydi, chiniqtiradi, bosim bilan ishlashga o'rgatadi, muomala madaniyatini, subordinatsiya, kezi kelsa, qat'iy choralar ko'rish, pishiq-puxtalikka o'rgatadi.
Yana men bilganim, ularning “Qalbi kasbiga monand do'stlar davrasi” deb nomlangan do'stlar oyda bir uchrashib turadigan qadrdonlar davrasi, gap-gashtagi bo'lardi. Bu davrani 25-30 yildan beri bilardim. Yoshlari o'tib, siyraklashib, keyingi 1-2 yilda to'xtab qolibdi. “Bu yog'i telefon bazm, telefon gashtak”, dedi ustoz g'alati bir xo'rsiniq bilan, yuragidan bir nima uzilib ketgandek bo'lib. “Mayli, bizning o'tirishlarga sizni faxriy qilib qo'shib olamiz”, dedim harna vaziyatni yumshatish uchun. Oqsoqol bir nima bo'ldi-yu, halqumiga bir nima tiqilganday turib qoldi. Sezilar-sezilmas ko'zlariga yosh kelganday bo'ldi.
…To'lqin aka bilan biz “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida tanishganmiz. O'qishni bitirib, yo'llanma bilan radioga ishga kelgandim. Umuman radioni bilmadim, tushunmadim. 5 yil talabalik davrim yoshlar gazetasida o'tgandi-da. Buning ustiga, ovozim sal g'o'ldiraganroq, mikrofonga gapirib, keyin radioda eshitsam, o'zim ham nima deganimni tushunmasdim. Lekin eshittirishlar matnini yaxshi yozardim. Tajribali diktorlar o'qiy boshlashdi. Hatto buyuk Qodir Mahsumov ham 1-2 radioinssenirovkalarimni o'qigan. O'shanda yosh bo'lganmiz, hozir nega o'shalarni magnit lentasiga yozib, o'zim uchun olib qolmaganman deb afsuslanaman. Xullas, radiodagi rahbarlarimdan bo'lgan tajribali ustoz Saidakbar Saidolimov bir kuni meni alohida to'xtatib, shunday dedi:
— Ishlaringizga e'tiroz yo'q, faqat bu yer sizning joyingiz emasligidan biroz qiynalayapsiz. Xohlasangiz, o'zingiz doim amaliyot o'tkazgan yoshlar gazetasi rahbariyati bilan gaplashaman, sizning joyingiz o'sha yerda…
Shu yo'sin To'lqin akaning qo'liga kelib qolgandim (lekin hali ham radioni yaxshi ko'raman. Juda ko'p do'stlar orttirganman. Zo'r futbol jamoamiz ham bo'lardi).
Gazetada To'lqin aka bilan ko'p ishlolmadik. Aka ko'tarilib ketdilar. Lekin ko'p ko'rishardik. Bizni endi futbol birlashtirardi. Bizning “Ijodkor” komandamiz bor edi. O'zim uch tashkilotchilarining biri edim. Xurshid Do'stmuhammad, Alisher Madrahimov, Abror Imomxo'jayev, Mirza Abdullayev (ko'plari esimdan chiqib ketibdi), Muhammadjon Ahmedov (rahmatli), Mashhur Ma'mur Nazarov darvozada. Hatto viloyatlarga ham chiqib futbol o'ynar, san'atkorlarni olib borib, konsertlar ham uyushtirardik. To'lqin akaning “Tong” komandasi bor edi. Unda o'zlari teng rahbar, ijodkorlardan iborat edi. Eng esda qolarlisi, bir gal tarixiy voqea yuz berdi: bu ikki jamoaning o'yini “Paxtakor” markaziy stadionida o'tgan. Orasida konsert, mashhur artistlarni chaqirganmiz. Haqiqiy bayram bo'lgan. Shunda To'lqin aka g'alati ish qilganlar. Bir taym “Tong”da, bir taym “Ijodkor”da o'ynaganlar. Bir-ikkita “aqllilar” hayron bo'lganda, o'zlari bir og'iz gap bilan hammasini tinchitib qo'yganlar.
– Men o'zim asli “Tong”danman. Lekin ijodkorman. Shu sohada ishladim, yana kelib ishlayapman. Nima gapinglar bor? – dag'dag'a emas-u, qat'iy ohangda gapirishni ham qotirardilar. Ba'zan shu kichkinagina, ixcham gavdada shuncha vajohat borligidan ham qo'rqib ketasiz, ham tan bervorasiz.
Tinib-tinchimas bu odam tinib-tinchiydigan ulug' yoshda ham tinib-tinchimaydi. (Bu qaytariq emas, bu urg'u!) Bor bo'lsinlar!
Kitoblar, esdaliklar, xotiralar yozishlarini bilardim. Lekin aka yozgan kitoblarning qator-qator, ichida hatto “yostiqdaylari”ni ham ko'rib, qoyil qoldim. Mana, men bilganlarim “Qalbi kasbiga monand do'stlar davrasi”, “Mehribonlarim”, “Nomardni ham mardga aylantirgan ustozlar” (esselar), “O'chmas bitiklar” kabi xotira, esselar, “Saodatning jasorati” deb nomlangan ulkan, 40 ta dramadan iborat kitobi, “Ikki o't orasida” qissa va hikoyalari… Ochig'ini aytaman: ularning hammasini hali o'qib chiqa olganim yo'q. Balki shunda yana mavzuga qaytarmiz.
So'ng so'z o'rnida:
Ustoz, hormang, siz hamisha bizga o'rnak edingiz!
Hatto, ayniqsa, hozir!
Umringiz uzoq bo'lsin!
Xabarim bor, yangamiz bilan muborak haj ziyoratiga borib keldingiz. Qo'sha qarib, yuzlardan oshib yuring!
Ahror AHMEDOV,
“Sharq” NMAK bosh muharriri.
