Amudaryo muzlaganda…
Tabiatning har bir hodisasi ajabtovur va sirlarga to'la. Odamlar qadim zamonlardayoq bu sirlardan voqif bo'lishga, “tabiat tili”ni tushunishga harakat qilishgan. Chunki yashash uchun kurashda, albatta, tabiat hodisalari bilan hisoblashish zarur sanaladi.
Ayni bahorda “ilik uzildi” bo'lgani kabi qishning qaqshatqich chillasida “o'rdak qirg'ini”, “eshak o'ldirar” kunlar davom etadi. “O'rdak qirg'ini” deb atalgan damlarda kunduz kuni havo ilib, kechasi birdan qattiq sovuq turadi. Bunda ko'l yoki boshqa suv havzalarida suzib yurgan o'rdak, qashqaldoq, g'oz kabi qushlar sovuqdan qotib, muzga yopishib qoladi.
Bola paytlarimiz qish keldi deguncha sho'rini yuvish uchun ekin maydonlari — dalalarga suv ochib qo'yishardi. Qattiq sovuq kunlari mahalla erkaklari oyog'iga yelim etik kiygancha dalama-dala aylanib yurishardi. Ular to'ngib, muzga yopishib qolgan o'rdak, qashqaldoq va g'ozlarning ishqida tentib yurishganini biz yaxshi bilardik. Bu kunlar bejiz “o'rdak qirg'ini” deb atalmagan, albatta…
“Eshak o'ldirar” sovuq kunlar ham “o'rdak qirg'ini”ga ulanib keladi. Bunda kunduz kuni quyosh charaqlab nur sochib turadi. Odamlar bugun quyosh yaxshi chiqibdi, havo iliqqa o'xshaydi, deb yengil kiyingancha ko'chaga chiqishadi-da, birozdan so'ng issiq kiyimlarini kiyish uchun ortiga qaytib kelishadi. Tabiatning bu kabi “o'yini” jonivorlarni ham aldab qo'yadi. Hayvonlar ichida sodda va ovsari bo'lmish eshak isinib olish uchun tumshug'ini tepaga — quyoshga qaratib turaveradi. Jonivor tanasining boshqa joyi sovqotib, muzlab qolganini ham sezmas ekan. Oqibatda yarim kun shunday turgach, tap etib yerga yiqilar ekan. Shu sabab ham qish chillasidagi bunday damlarni “eshak o'ldirar kunlar” deyishgan. Bunday kunlarda biror bir foyda ko'raman deb bozor-o'charda yoki boshqa biror ishga andarmon bo'lib yurishdan qaytarilgan. Rostmi yoki yo'q, bilmadim-u, qishning bunday hiylakor kunlarida nafs yo'lida yurgan odam o'lib qolsa, janozasi maqbul bo'lmaydi, deyishardi bobolarimiz.
O'rta asrlarda yashab o'tgan qomusiy olim Abu Nasr as-Saolibiy o'zining “Yatimat ad-dahr” asarida qish kunlari Jayhun, ya'ni Amudaryo suvi muzlashi va ustidan yuk ortilgan fil va tuyalar o'tishi haqida ajablanib yozadi. Haqiqatan ham yil — o'n ikki oy jazirama issiq bo'ladigan arab o'lkasi odamlari uchun hayqirib oqayotgan daryoning fil va tuyalarni ko'taradigan darajada muzlashi hayratlanarli hodisa sanalgan. Biroq endilikda bugungi kunda Amudaryo muzlashini ko'rmay o'sayotgan o'z farzandlarimiz ham bu haqda gapirganimizda ajablanishi, ishonmasligi mumkin. Chunki keyingi chorak asr davomida pishqirgan anhor va daryolar suvi muzlaydigan darajada sovuq kuzatilgani yo'q. Bolaligimiz kechgan XX asrning 70-80-yillarida Amudaryo suvi muzlagach, ustidan yo'lovchi va yuk mashinalari o'tib-qaytgani haqida gapirsak, yoshlar afsona deb o'ylashlari mumkin. O'sha davrlarda Qoraqalpog'iston va Xorazm viloyatini o'zaro bog'lovchi ko'prik bo'lmaganidan odamlar qishda daryo muzlashini kutib o'tirardi. O'zanlar muzlagan zahoti katta-katta mashinalar yuk tashishga, odamlar quda-andachilik, bordi-keldilarni boshlab yuborishardi.
Darhaqiqat, bu yilgi qish ham yengil kelmadi. Uning achchiq va qahraton sovuqlari hali-hanuz davom etmoqda. Lekin bu sovuq daryolarni to'nglatar qahratonning oldida chikora. Garchi shunday bo'lsa-da, shunday lahzalarda ota-bobolarimizning “eshak o'ldirar sovuqda nafsingni tiy”, degan o'gitlari xayoldan ketmaydi. Issiqqina uyda tinchgina baliq sho'rvani simirib o'tirganga ne yetsin!
Erpo'lat BAXT,
jurnalist.
