Fozilmon ko'li va pistachaqar baliqlar

Zomin va Nurota tog' tizmalarini Jizzax yaqinidagi Ilon o'tdi darasi ajratib turadi. Bu joyni tub aholi Amir Temur darvozasi yoki g'ori deb ham ataydi.

G'or pastidan oquvchi Sangzor daryosi ikki tog' tizmasining tabiiy chegarasi hisoblanadi. Ilon o'tdi darasidan keyin Nurota tog' tizmalari Qo'shrabot tumaniga kelib ikkiga — Oqtov va Qoratovga ajraladi. O'sha tog'larning har ikkalasi tugaydigan (Nurotaga qarab yo'nalgan) joyidan yaylovlar, Qizilqum sahrosi, Buyuk Turon pasttekisligi boshlanadi.

Jizzax, Samarqand hamda Navoiy vohalari xaritasiga qarasangiz, unda Nurota tog' tizmalarining bor bo'y-bastini ko'rish mumkin. To'shiga bulutlar bosh qo'ygan mag'rur cho'qqilar, qoyalarni yorib o'tgan daralar, bir-biriga tutash qir-adirlar yastanib yotibdi.

Nurota tog'idagi Zargar cho'qqisi dengiz sathidan 2170 metr, Oqtov Langar cho'qqisi esa 2005 metr balandlikda joylashgan. Shu yerlik odamlar ishonadigan afsonaga ko'ra, Hazrati Nuh alayhissalom langar tashlagan joy aynan shu cho'qqi emish.

Qizilqum cho'llari bilan chegaradosh Nurota tog' tizmasining hayvonot va o'simliklar olami juda xilma-xil. Ko'tarilish qiyin bo'lgan qoyalarda, tog' yonbag'irlaridagi changalzorlarda qoplonlar yashaydi. Ana shu biologik xilma-xillikni tabiiy holda saqlab qolish, ilmiy asosda o'rganish va tadqiq etish maqsadida 1975 yilda Forish tumani sarhadlarida davlat tomonidan Nurota qo'riqxonasi tashkil etilgan. Ammo uning Samarqand, Navoiy viloyatlaridagi qismi bugun qarovsiz holda. Bu yerda minglab dorivor giyoh, dov-daraxt, parranda-yu darrandalarning noyob turlari uchraydi.

Nurota zaminidan yetishib chiqqan Oqsoqolota, Nurota, Qarnabota, Oqto'nliota, Qo'chqorota, Arslonota, Ko'kto'nliota haqida ko'pchilik eshitgan, albatta. Bu zotlar ma'naviy yuksak, jismonan baquvvat, aqlan barkamol insonlar bo'lib, tog'u toshlar, adirlar va qirlarda qo'nim topishgan. Bu so'lim go'shalarda noyob daraxtlarni uchratasiz. Hatto dunyoning ko'pgina joylarida mutlaqo uchramaydigan sarv daraxti ham ana shu tog'larda o'sadi. Avliyosifat ajdodlarimizning mana shu yerda yashab qolishiga ana shu omillar sabab bo'lgandir, balki. Agar bu joylarni piyoda kezsangiz, ta'riflab bo'lmas go'zal manzaralar, olam-olam zavq va taassurotlarni tuyushingiz aniq.

Bugun odam nafas olishga qiynaladigan ulkan va tig'iz shaharlar oldida Oqtov va Qoratovlar tom ma'noda jannatday ko'rinishi shubhasiz. Zero, shoir bir she'rida Oqtov va Qoratovni madh etganidek:

Oq tog'larni izladim,

Qora tog'lar duch keldi.

Qora tog'lar quchog'ini kezdim, yoronlar,

Oq tog'larga yetguncha.

 

“Ilon o'tdi” darasi yoki Amir Temur darvozasi

Jizzax zaminidan ko'hna Buyuk Ipak yo'li o'tgani uchun ham mazkur kent jahon tamaddunida juda katta ahamiyat kasb etib kelgan. Jizzax dovonidan pastlikdagi tog'ning qoq beli xuddi sariyog' kabi kesilib, keng va ravon yo'l solingan, Sangzor daryosi ham aynan shu yerdan o'tgan. Avtomobil va poezdlar qatnovi mamlakat shimolini sharqqa bog'lab turadi.

Zomin va Nurota tog' tizmalarini mana shu fusunkor va maftunkor “Ilon o'tdi” darasi ajratib turadi. Daraning kunchiqar tomoni Zomin, kunbotarga qaragan tomoni esa Nurota tog' tizmalarining boshlanish qismi hisoblanadi. Negadir mahalliy aholi “Ilon o'tdi” darasini “Amir Temur g'ori”, “Temur darvozasi” degan nomlar bilan ham atashadi.

Shuning uchun el orasidagi ayrim gap-so'zlarga qaraganda, Sohibqiron Amir Temur bobomiz har gal zafar quchganidan keyin zamin sayqali Samarqandga faqatgina ana shu “darvoza” orqali kirib kelgan ekan. U davrlarda bu joy qattiq qo'riqlangan bo'lib, strategik ahamiyatga ega manzil bo'lgan.

Sangzor daryosi tog'larning bulutlarga qadar yetgan baland cho'qqilaridan toshlarga urilib, dumalab, pishqirib oqib keladi. Daryo ikkita tog' tizmasining tabiiy chegarasi hisoblanar ekan.

“Ilon o'tdi” darasining tabiati, havosi ajoyib. Bu qadim manzilga yaqin go'shada umrguzaronlik qilayotgan tog'liklarning o'zi yashayotgan hududlari, tog' cho'qqilari-yu soylari, daralari haqidagi bir-biridan qiziqarli hikoyalari kishini sehrlab qo'yadi, allaqanday tuyg'ularga chulg'aganday bo'ladi.

Bir mahal ulkan bir qora qush Temur darvozasining muz sumalakni eslatadigan qirrador cho'qqisiga kelib qo'ndi va atrofni sinchkovlik bilan kuzatdi. Qoyadan sal naridagi kenglikda qo'ylar suruvi ko'zga tashlanadi. Nima uchundir ushbu hududdan doimo shamol arimaydi. Dara atrofida yong'oq, archa, na'matak kabi dov-daraxtlar onda-sonda bo'lsa-da uchraydi. Ikki tomon esa qorayib ketgan qoyalar bilan o'ralgan. Bu o'lmas qoyalarni oralab, bir toshqin daryo oqadi. Daryoning shundoqqina yonida bir bujur, qirrador qoya o'sib chiqib, osmonu falakka sanchilib turganday go'yo. Mazkur qoyalar Amir Temur bobomizning qanchadan-qancha zafarli yurishlariga, masrur, quvonchli onlariga guvoh bo'lmagan, deysiz. Shuning uchun ham manguga zanjirlangan bu ikki tog' ajraladigan manzil tarixiy timsolga aylanib ulgurgan.

“Kelintosh”

Qoyaga tirmashib chiqishim uchun xiylagina ter to'kishimga to'g'ri keldi. “Pastlikka qaramang, boshingiz aylanadi. Qirrador shakldagi qoyaning kemtik joyiga ohista oyoq qo'ying. Ana shunda tepaga ko'tarilishingiz osonlashadi…” Yonimda pildirab, xuddi kattalardek dadil, mardona odimlab kelayotgan mushtdekkina bolakayning amriga bo'ysunishdan boshqa ilojim qolmadi… “Bu boshqa gap. Keyingi safar qoyaga chiqqudek bo'lsangiz, bu narsalarni bilib olganingiz yaxshi, kerak bo'ladi. Mana, hash-pash deguncha tik tog'da qanday odimlashni yaxshigina o'zlashtirib oldingiz”.

Bolakay rost so'zlagan ekan. Hayal o'tmay tepada hozir bo'ldim. Shundoqqina yonimda shamollar qora bulutlar karvonini xuddi podani oldiga solib ketayotgan cho'pondek haydab boryapti. Sal naridagi qoyaga mahkam o'rnashib olgan ulkan burgut chor-atrofni olazarak kuzatadi. Quzg'unlar bir joyga to'planib olganicha, bir-birining pinjiga bosh suqadi. Ular bu mashg'ulotga shunchalik berilib ketganidan, boshqa hech narsaga hushi yo'q edi. Rosti, bu manzildagi manzaralarni ta'riflab berishning iloji yo'q.

Odam gavdasini yodga soladigan, ibodatga berilgan ayol, yig'layotgan bolakay, suruv-suruv qo'y-qo'zilarni boqib yurgan cho'ponni eslatadigan toshlar shunchalar serobki, beixtiyor ularning qay birini tomosha qilishni bilmasdan esankirab qolasan kishi. Ustiga-ustak, nontosh, keng, yoyiq supa hamda bir qaraganda tovuq tuxumini eslatib yuboradigan toshlarning savlat to'kib turishini aytmaysizmi? Sinchiklab qarasangiz, xuddi yangi tushgan suqsurday, suluv kelinchakka quyib qo'ygandek juda-juda o'xshab ketadigan tosh esa sizga astoydil ta'zim qilib, egilib salom berayotgandek taassurot qoldiradi.

1650 metr balandlikdagi noyob ko'l

Nurota tog' tizmalaridagi Oqtov va Qoratov betakror g'aroyibotlarga boy. Bu tog'larda asrlar davomida bo'ron, jala, shamolu jaziramalar bilan olishib yashayotgan shunday go'zal oshyonlar borki, ularni ko'rib, go'yoki sehrli ertakka tushib qolgandek bo'lasiz.

Tog'lar zanjirining eng baland joyida qachonlardir tabiat qudrati bilan yaralgan Fozilmon ko'li haqida hech eshitganmisiz? Ko'lning chor-atrofi tog'lar bilan o'ralgan. Fozilmon tog'i deb ataluvchi cho'qqi pastidagi ko'lning sharq tomonidan aylanib o'tib, ko'lga quyiluvchi buloq yoniga keldik. Suvi muzdek. Uni idishga olib oftobda biroz ilitgach, icha olasiz. Ko'l chetida suv ancha tiniq, o'rtasiga yetib kulrang tusga kiradi. Sathida shu paytga qadar hech kim aniqlamagan yam-yashil o'tlar, to'da-to'da qamishlar o'sgan. Ko'lda son-sanoqsiz yovvoyi o'rdak, oqqush va g'ozlar suzadi. Uyur-uyur otlar suv ichib bo'lgach, navbat qo'tossimon buqalarga keladi.

“Eshitishimizcha, boya sizlar ko'rgan ko'ldan suv ichgan otlar shu ketishda Oqtovga borib tunarkan”, deydi shu orada qo'y boqib yurgan cho'pon.

Aslida, o'sha otlar ana shu poyonsiz yaylovlarning qo'riqchilaridir. Ular tunni Oqtovda o'tkazsa, kunduzi Sintob yaylovlariga yetib boradi. Suv ichib, yana Oqtovga qaytadi. Oqtov ustida ham ana shunday yaylovlar ko'p. Yana rivoyatlardan birida keltirilishicha, o'sha otlar Hazrat Alining Duldul laqabli otidan tarqagan nasl emish. Umuman, ko'l haqidagi afsonalar g'oyat qiziq va turli-tuman.

Kamina ham ko'l bo'yidagi tekislikda o'ynoqlab, gijinglab, kishnab yurgan arg'umoqlarni tom ma'nodagi “ko'l qo'riqchilari” degan bo'lardim. Negaki, tilsiz jonivorlar bu joylarni bir zumga ham qarovsiz qoldirmas ekan.

Darvoqe, cheksiz yaylovlar o'rtasida ko'l mavjud bo'lgani — bu Kichik Fozilmon tog'i hisoblanadi. Katta Fozilmonni “Hayotboshi” yoki oddiygina qilib, “Fozilmon” deb atashadi. Bu yuksak balandlikdan Sintob, Mojrim, Uxum va boshqa qishloqlar tog' oralaridan aniq-tiniq ko'zga tashlanadi.

Bir paytlar Buxoro amiri Abdullaxon bu tog'larning janubida — Oqchobsoy, sharqida esa Bog'donsoy suv omborlarini qurdirgan ekan. Soy bo'yidagi tekislikda joylashgan ekinzor, daraxtzor va bog'larni ko'rib, dilingiz yayraydi. Bu go'shalarga ham ko'proq xorijlik va mahalliy sayyohlar jalb etilsa, ayni muddao bo'lardi, nazarimda.

Fozilmon ko'li buyuk rassom — tabiatning biz insonlarga betakror tuhfasidir. Qolaversa, mazkur ko'l o'z bag'rida ko'plab afsonayu rivoyatlarni saqlab kelyapti. Bu go'zalliklarni ko'rib, ularni kezgan insonning ona tabiatga bo'lgan munosabati, qarashi yaxshi tomonga qarab o'zgarishi aniq.

 

MA'LUMOT O'RNIDA:

  • Fozilmon ko'li dengiz sathidan 1650 metr balandlikda joylashgan.
  • Ko'lga bitta chashma suvi quyiladi. Unda cho'milish tavsiya etilmaydi.
  • Sathida osmon aksini (ayniqsa, yulduzli osmon) juda noyob holatda kuzatish mumkin.

 

Sarmishsoy petrogliflari

Nurota tog' tizmalari tarmog'iga kiruvchi Qoratov etaklaridagi xushmanzara, go'zal daralardan biri Sarmishsoydir. Daradagi qoyatoshlarga o'yib chizilgan rasmlarni tomosha qilib yurganimda, mahalliy mo'ysafid bilan gurunglashib qoldim.

“O'g'lim, “Sarmish” so'zi qanday ma'noga egaligini bilasizmi?” deya so'rab qoldi. So'ng otaxonning o'zi tushuntira ketdi: “Sarmish” — so'g'diycha so'z bo'lib, “sarimushk” — asl gul hidi anquvchi, iforli makon, degan ma'noni anglatadi. Bu yerda chizilgan rasmlarning hisobi o'n mingdan oshiq bo'lsa keragov. Buni ko'pchilik bilmaydi. Qarang, chor-atrof gulu qizg'aldoqlar, anvoyi chechaklar bilan bezangan. Baxt kuychisi Hamid Olimjonga ham aynan mana shu manzara ilhom bergan. Shundan keyin u o'zining mashhur “Qorli tog'lar turar boshida, gul vodiylar yashnar qoshida” degan satrlarini qog'ozga tushirgan”.

Otaxon to'g'ri aytdi. Qoyatoshlarga yozilgan tarix, betakror rassomlik asarlari va daraning nomi uzukka qo'yilgan ko'zdek yarashib tushgan. Manzaralarga mahliyo bo'lib, uzoq turib qoldim. So'ng chol meni dara yuqorisidagi qoya tomon boshladi. Ko'kda burgut “qiy-qiy” degancha parvoz etmoqda. Pastga qarasang, boshing aylanadi. Tog' echkilari toshdan-toshga sakraydi. Soy suvining pishqirib oqishi eshitiladi…

Qoyatoshdagi rasmlarga diqqat bilan tikilaman. Qoyalarga yovvoyi buqa, sigir, qulon, ot, tuya, kiyik, bug'u, echki, alqor, yo'lbars, qoplon, bo'ri, it, ilon va yana boshqa ko'plab hayvonlar bilan birga, o'q-yoy, nayza, qilich va xo'jalik buyumlari hamda turli handasaviy shakllar juda mohirlik bilan joylashtirilgan. Suratlarning ko'rinishi va hajmi turlicha, ba'zilari 30-40 santimetr, bir xillari 70-80 santimetr, boshqalari 1 metrdan ziyod. Bir qarashda qoyatoshlardagi son-sanoqsiz rasmlar kishida tartibsiz, pala-partish chizilganday taassurot qoldiradi. Lekin, sal turib, bu taassurotning aldamchi ekani ayonlashadi. Tasvirlarda daraning qadimiy tabiati, hayvonot olami, insoniyatning ibtidoiy turmush tarzi va taraqqiyotning ma'lum bosqichlari boricha berilgan. Ularni na oradan o'tgan asrlar, na qor va yomg'irlar yuvib keta olgan.

Biz ko'rgan rasmlar, petrogliflar — neolit, bronza davrlaridan chizila boshlagan. Ayniqsa, kelin olib ketish marosimi manzarasi juda ustalik bilan toshga muhrlangan. Ajablanarlisi, bu tasvirni har doim ham ko'rib bo'lmaydi. U faqat quyosh chiqqan kunning ma'lum bir qismidagina bir-ikki soniya ko'rinadi-yu, keyin yana ko'zdan g'oyib bo'ladi. Bu holni kuzata turib, tabiatning ishiga qoyil qolmay ilojingiz yo'q. Nazarimda, tabiat bu bilan o'z nodir asarlarini yomon nigohlardan yashirmoqchiday go'yo.

Menga “Kampir kunjak”, “Iskandar Zulqarnayn” daralari ma'qul tushdi. Masalan, bu joylarda tarixda milliy qahramonimiz Spitamen Iskandar Zulqarnayn bilan to'qnash kelgan.

Darhaqiqat, bu zamindan topilgan osori-atiqalar, yodgorliklar, ov qurollari, ziyoratgohlar bizga uzoq moziydan so'zlaydi. Beixtiyor “Ochiq osmon ostidagi g'aroyib tarixiy landshaft-muzey — Sarmishsoy nafaqat O'zbekiston, balki butun jahon hamjamiyatining boyligi, qolaversa, hali o'qilmagan donishlar kitobi”, deging keladi.

* * *

Ba'zida tabiat ishiga qoyil qolmasdan iloj yo'q. Negaki, uning qudrati va karomati tufayli bir-biridan qiziq, g'aroyib voqealar sodir bo'lib turadi. Bundan inson bolasi dong qotadi.

Yaqinda aziz avliyolar, sirli mo''jizalar yurti Nurotada bo'ldim. Butun shahar qadimiy Nurota tog' tizmalarining bir bo'lagi bo'lgan Oqtov deb ataluvchi tog'dan oqib chiquvchi Nur bulog'idan suv ichadi. Ariqdagi suvda baliqlar galasi emin-erkin, ozod suzib yuribdi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar maftunkor “Chashma” tarixiy majmuasi yonidagi baliqlardan aslo ko'z uzishmaydi. Baliqlar ham buni fahmlagandek g'uj-g'uj bo'lib olganicha, u yoqdan-bu yoqqa suzgani-suzgan. Aytishlaricha, ular uzoq yillardan buyon suvning sofligi, billurdek tiniqligini ta'minlashning uddasidan chiqib kelayotgan ekan. Shuningdek, mahalliy xalq orasida ustiga belgi qo'yilgan bir baliqni Dehibalandda, ya'ni Dehibaland-Nurota yo'lidagi qiyalikning ko'tarilish qismida joylashgan qishloq va Nurotadagi buloqlarda uchratish mumkin, degan gaplar yuradi. Bu gaplar avloddan-avlodga o'tib kelyapti. Bundan chiqdi, Dehibalanddagi uchta va Nurotadagi mavjud buloqlarni bog'lab turadigan sirli yerosti yo'li mavjud ekan-da. Har holda, bu taxminlar haqiqatga ancha yaqin. Bu yerdagi baliqlarni ovlab bo'lmaydi. Ular hozirgi kunda davlat muhofazasiga olingan.

Majmuani tomosha qilib yurganimda, mo'ylovi sabza urgan yosh bir yigitcha e'tiborimni tortdi. U buloq bo'yida sal enkayib turganicha kaftidagi pistalardan oz-ozdan suv yuzasiga sochardi. Shu mahal g'uj-g'uj baliqlar galasi suv yuzasida paydo bo'ldi-yu, pistani hash-pash deguncha chaqib tashlashdi. So'ngra “Pistaning po'chog'ini bu yerda zinhor qoldirma”, degan ma'noda yuzaga qalqidi. Shunda qiziqishim ustun kelib, men ham kaftimdagi pistalarni suv betiga sochib yubordim. Buloq tiniqlashib, birdan pistachaqar baliqlar galasi hoziru nozir bo'ldi. Suv tezob oquvchan bo'lganligi sababli pista po'choqlari katta quvur orqali shaharga chiqib ketar ekan. Ochig'i, buni ko'rganlarning barisi hayratdan dong qotib qoldi. Rosti, pista chaqib ajoyib va antiqa tomosha ko'rsatayotgan baliqlarga qoyil qolmay sira ilojingiz yo'q.

Ulug'bek JUMAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 17 =