Sohibjamol sekvoyya

er yuzidagi eng qadimiy, ulkan daraxt

AQShning Syerra Nevada tog'laridagi o'zgacha, maftunkor olam sasini chiqarmay sukut saqlaydi. Quyoshning o'tkir shu'lasidan yam-yashil barglar oltindek tovlanadi. Quyosh nuridan ko'zim qisilib, yon-atrofga ko'z qirimni tashladim. Qarshimda mahobatli tog' salobat bilan turibdi. Pastdagi chuqur soylikdan tip-tiniq suv oqib o'tadi. Soyga tegay deb turgan ulkan daraxt shoxlari yengilgina o'ynoqlaydi.

Yashnab mag'rur qad kerib turgan sekvoyyaga boqaman.

Ta'rifini keltirayotgan sekvoyya yer yuzidagi eng qadimgi daraxtlardan biri ekan. Sekvoyyaning balandligi bir yuz o'n besh metrga yetadi. Toshlar uyumi orasidagi chuqurlar, xuddi ko'mirdek qoraygan tosh poydevor xarobalari qachondir bu yerda odamlar yashaganidan darak beradi. Maysazor ustida ko'ndalang yotgan kunda ustiga burgansimon qush kelib qo'ndi.

Anglashimcha, Syerra Nevada tog'lari, (Shimoliy Amerika)ning g'arbiy yonbag'irlarida ildiz otadigan ulkan sekvoyya daraxti to'g'risida ajabtovur narsalarni bilib oldim.

Yerliklar sekvoyyani “yashil dinozavr” deb atar ekan. Dinozavrlar bu daraxt bilan zamondosh sanaladi. Shoir A'zamjon Obidovning sekvoyyaga atalgan she'ri yodga tushdi:

Chor-atrofing yashil va jamil,

Shuuringga botmaydi qoya.

Ruh-joningda tantana, sayil,

Mezboning huv dilbar sekvoyya…

Sharshara nur ko'k yorig'ida,

Muncha yoniq oqtoshlar bahsi?

Kulib qo'yar shams miyig'ida,

Ko'lda erklik, tiriklik aksi.

Urug'ingni dilga qadadim,

Zo'r ilhom-la etadirman tark,

Senday o'ssam bo'lurmi, qadim

Sohibjamol Yosemiti park?!

Havoning avzoyi o'zgardi. Osmonni qora bulutlar qopladi. Momaqaldiroq gumburladi. Ayni lahzada chaqmoqning cho'g'dek olovi qalin o'rmonzorga tushdi. Quruq, zich o'sgan yam-yashil daraxtlar chirsillab yona boshladi. Yong'inni o'chirishning, bartaraf etishning imkoni bo'lmadi. Faqatgina olov domidan sekvoyya daraxtlari omon qoldi. Yong'in sekvoyyalar uchun foyda keltiradi. Boshqa daraxtlar bo'lmagach, u barcha ozuqani o'ziga olib, ko'kka qarab talpina boshlaydi.

Sekvoyya Amerikaning iftixori, barchaning ardog'ida va himoyasidadir.

Syerra Nevada tog'lari dengiz sathidan xiylagina yuksakda yastangan, qaror topgan. Uning o'ngirlari, qoyalari, sayhonliklari, ochiq maydonlari, huvillab yotgan kengliklari, botiqlari yashillik bilan qoplangan — unda doimo shamollar hushtak chaladi, bo'ronlar quturadi. Ammo Amerika safari chog'ida Syerra Nevada tog'larida bo'lganimda, hammadan ko'proq va yorqinroq taassurot qoldirgani — ulkan sekvoyya daraxti bo'ldi. Bilishimizcha, bu daraxt chirimas ekan. Tadqiqotlar natijasida uning qoldig'i ikki ming besh yuz yoshdan so'nggina chiriy boshlashi va yo'qlik sari yo'l olishi ayon bo'ldi.

Odamlar hozirda sekvoyyaning tanasidan, ildizi, shox-shabbalaridan ham foydalanishadi. Uni aslo chiqitga chiqarmaydilar.

— Sekvoyya — ulkan, bahaybat tog'u toshlar bilan o'ralgan makonda anqoning tuxumiday noyob bir yaratiq, — deya uning yoniga keldi novchadan kelgan hindu.

— To'g'ri aytasan,  — deya uning gapini quvvatladi sherigi.

Hindular “yashil do'st”larni boshqalardan ko'ra yaxshiroq biladilar. Ular o'zlarining onalari kabi ardoqlaydigan daraxtlari bilan faxrlanishadi.

Ko'hna, umri uzoq daraxtlar…

Hindularning tabiatga bunday mehr-oqibatini eshitib hayratlandim.

Uning sindirilgan shox-shabbasi uchun aybdor jinoyatchi sifatida javobgarlikka tortiladi. Tabiat, dov-daraxtlar oyoq osti qilinishiga qonun yo'l bermaydi. Yer yuzi, butun tabiat, hayvonotu nabotot olami daraxtlar sabab tirik, boqiydir.

Yosemiti milliy parkidagi askarlardek saf tortib tizilgan daraxtlar basma-basiga shamolda egilar, silkinib, salom bergandek bo'lardi. Ularga: “Yaxshi qol, do'stim, qadrdonim! Men seni yaxshi ko'rib qoldim”, dedim. Ular esa mening gaplarimni tushungandek, shoxlarini xiyol pastga eggancha boshdan-oyoq ta'zim qilishar, o'zlaricha allanarsalar deb pichirlashardi…

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =