Qumlar saltanatida…
Ustyurt sahrosida hech bo'lganmisiz? Uchi-keti ko'rinmaydigan sahroda kuchli shamol qum uyumlarini bir joydan boshqasiga uchiradi. Hafta-o'n kun ilgari tep-tekis bo'lgan joyda ulkan qum tepaligi paydo bo'ladi. Tabiat bir zumga bo'lsa ham rejadan og'ishmay o'z ishini davom ettiraveradi.
Shamol natijasida turli ajoyib shakllar hosil bo'lgan hududlar ko'p. Go'yoki tabiatning bu yodgorliklari “til”ga kirib, uzoq moziydan so'zlaganday bo'ladi. Bunday antiqa shakllar Ustyurt kengligining Kozaxli degan hududida joylashgan. O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmaniston davlatlari tutashgan nuqtada ertakmonand qum qasrlari-yu, hosil bo'lgan antiqa shakllar kishi e'tiborini o'ziga tortadi. Ular ko'p qavatli imoratlarga o'xshab ketadi va bir dara ichida joylashgan. O'sha dara adog'ida balandligi yigirma to'rt metrdan ziyod, biroz enkaygan, bahaybat minoralarni eslatuvchi ustun hosil bo'lgan.
Bu joyni mahalliy aholi “Zol shahri” deb ataydi. Shu o'rinda shamollar tufayli hosil bo'lgan geologik yodgorliklar mamlakatimiz hududida serob ekanini ta'kidlash joiz.
“Zol” so'zi qadimgi yunon tilidan olingan bo'lib, “shamol xudosi” degan ma'noni anglatar ekan. El orasida og'izdan-og'izga o'tib yuradigan afsonalardan birida aytilishicha, bir vaqtlar shamol xudosi kengliklar bag'riga tashrif buyurib, ko'plab go'zal tabiiy asarlarini yaratgan ekan.
Ushbu geologik yodgorliklar ba'zi joylarda to'da-to'da holda ham uchraydi. Ularga uzoqdan qarasangiz, ajoyib manzarani, ya'ni yarim qo'rg'onlarni, qadimiy katta va baland shahar minoralarini, qasrlarni, ko'p qavatli ibodatxonalarni, odam va hayvon gavdalarini ko'rganday bo'lasiz.
…O'sha kuni “Zol”dagi betakror, ertakmonand manzaralarni tomosha qilib yurib, qiziq, ajabtovur bir holatga duch keldik. Ulkan minorani yodga soladigan ustunga echkiemar o'rnashib olibdi. Unga sal yaqinlashgandik, tanasini xuddi pufakdek shishirdi, tilini chiqarib “po'pisa” qildi. Undan naridagi tepalikda qora qush qoqqan qoziqday turar, ammo joyidan jilay demasdi. Hoynahoy, osmon qushi echkiemarni inidagi polaponlarga eltmoqchi bo'layotgandi. U yerdan uzoqlashdik…
“Qarang, tabiat o'zi yaratgan buyuk asarini muhofaza qilish asnosida echkiemarni qo'riqchi etib qoldirgan ko'rinadi”, dedi hamrohimiz Bekjursin og'a. O'sha kuni tunni asriy Ustyurt sahrosi qo'ynidagi maskanda o'tkazdik. Ayniqsa, jilvagar, sehrgar oy chiqqanida bu joylar yanada maftunkor, jozibaliroq bo'lib ketar ekan.
Sudochye ko'li bo'ylab — aeroplanda
Bu har qanday sayyohni qiziqtiradi.
Har gal Orol dengiziga yaqin hududda bo'lganimda, Borsakelmas tuz konining ertakmonand manzarasi-yu, million yillar burun yuz bergan qudratli tektonik evrilish natijasida paydo bo'lgan Chink jarliklaridagi g'aroyib shakllar ko'nglimga cho'g', zavq soladi. Orol dengizining bir bo'lagi bo'lgan Sudochye ko'li baland tepalikdan oqarib, yanada maftunkor, jozibali ko'rinadi. Bu ajoyib manzaralardan ko'z uzgingiz kelmaydi.
Haqiqatan ham, yurtimizda yilning to'rt faslida tomosha qiladigan va hordiq chiqaradigan maskanlar, betakror tabiat yodgorliklari bisyor. Ular sayyohlarda bir olam quvonch, unutilmas taassurot qoldiradi. Qolaversa, bu maskanning o'simlik va hayvonot olami betakror.
Yaxshi bilasiz, dengiz sohillaridagi imkoniyatlari asnosida sayyohlarni o'ziga ohanrabodek tortadigan mamlakatlarga qish faslida sayohat qilishmaydi. Ammo O'zbekistonga sayyohlar yilning to'rt faslida ham bemalol kelishi mumkin.
Bugungi kunda sayyohlarni aeroplanda uchish sport turi ham juda qiziqtiradi. Negaki, osmoni falakdan, samo dengizidan turib, chor-atrofni, tabiat mo''jizalarini tomosha qilishning zavqi bo'lakcha. Qolaversa, jahon turizmi rivoji ayni shu sport turiga ham uzviy bog'liq. Demak, biz Orolbo'yida mazkur xizmatni joriy etsak, yurtimizga mehmon bo'lib kelayotgan xorijliklarning soni oshib, valyuta tushumi ko'payadi.
Mutaxassislarning fikricha, aeroplan yordamida ikki-uch yuz kilometrgacha bo'lgan masofani bemalol sayohat qilish mumkin. Gap faqat ana shu yangilikni hayotga joriy etishda.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni bu borada muhim qadam bo'ldi. Hujjatda turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlariga katta imtiyozlar berildi. Havo sharlarini mamlakatimizga olib kelish ham bojxona to'lovlaridan ozod qilindi.
Bundan samarali foydalanishimiz zarur. Yuqorida aytganimiz — Qoraqalpog'istonning betakror tabiati sayyohlarni jalb etuvchi ajoyib manzaralardan biridir.
“Sahrodagi Luvr”
Qoraqalpoq xalqining amaliy san'at namunalarini o'zida jamlagan muzey dunyoda ikkinchi o'rinda turadi.
O'ziga xos antiqa uslubda barpo etilgan mahobatli binoning bo'limlari, ekspozitsiyalari shu qadar ko'pki, qay birini tomosha qilishni bilmay qolasiz. Bu yerda yuz mingdan oshiq san'at asarlari jamlangan. Ushbu ma'lumotni muzeyga borganlarning ko'pchiligi qayd etib qo'yadi: “Muzey bundan ellik sakkiz yil muqaddam rassom, tarixshunos, kolleksioner Igor Vitalyevich Saviskiy tomonidan tashkil etilgan. Molparast (mahalliy xalq Saviskiyni shunday nom bilan atagan) qoraqalpoq elida bir ming to'qqiz yuz elliginchi yildan to bir ming to'qqiz yuz sakson to'rtinchi yilgacha istiqomat qiladi. O'sha kezlari u ovulma-ovul, hovlima-hovli yurib, aholidan xalq amaliy san'ati namunalarini yig'adi. Shu asnoda uning qalbida muzey ochish istagi paydo bo'ladi. To'g'ri, dastlabki kezlari odamlar biroz noto'g'ri tushunib, unga ishonishmaydi. Keyinchalik mahalliy aholining o'zi ham nodir buyumlarni to'plashda ko'mak beradi. Bugun muzeydagi eksponatlar bir necha yuz mingtani tashkil etadi. Hali ular orasida bo'limlarga, zallarga qo'yilishini kutib yotgan eksponatlar qancha!”
Qoraqalpoq xalqining amaliy san'ati durdonalari dunyodagi barcha kolleksiyalardan jozibaliroq, deya olamiz. Shuning uchun xorijliklar mazkur san'at koshonasini “Sahrodagi Luvr” deya e'zozlashadi. Ya'ni unga “Bebaho tosh”, “Qumlar bag'ridagi gul” degan ta'riflar berilishi ham bejiz emas. Qoraqalpoqlarning ajoyib va takrorlanmas san'at namunalarida xalqning o'zligi, milliyligi va an'analari, tutumlari o'z ifodasini topgan.
E'tiborimizni birdan “Saukele”, ya'ni podshoh toji jalb etdi. Tojga quyosh nurida jilolanadigan qimmatbaho duru gavharlar, toshlar qadalgan. U har qanday odamni o'ziga mahliyo etishi turgan gap. Undan sal narida savkili, ya'ni ayollar kiyadigan ko'k rangdagi ko'ylak asl holicha saqlanayotgan ekan. Bu ko'ylak matosi ham qo'lda to'qilgan, hind diyoridan keltirilgan nil bo'yog'i ishlatilgan.
Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyidan noyob tarixiy topilmalar, betakror hunarmandchilik namunalari, atoqli rassomlar ijodiga mansub nodir asarlar munosib joy egallagan. San'at koshonasi chet davlatlarda o'tkazilayotgan ko'rgazmalarda ishtirok etmoqda. Ayniqsa, Moskva shahridagi Aleksandr Pushkin nomidagi tasviriy san'at muzeyida uyushtirilgan “Nukus xazinasi” deb nomlangan ko'rgazma katta muvaffaqiyat qozondi. San'at koshonasi zallari jahon talablariga to'la javob beruvchi jihozlar asnosida ta'minlangani, ajdodlarimizdan meros qadriyatlarning asl namunalari saqlanayotgani tufayli butun dunyo sayyohlarini maftun etmoqda.
Tarix durdonasi
Uni ko'rish uchun Qoraqalpog'istonning Ayozcho'liga borish kerak.
Bu zamin Ellikqal'a va Beruniy tumanlari oralig'ida joylashgan. Unda g'oyat go'zal va betakror yodgorliklar va manzaralar ko'p. Ana shu makonning o'zida tarix va tabiat nodir ne'matlarining abadiy diydorlashuvini payqaganday bo'lasiz. Ular bir-biriga mushtoqdek go'yo.
…Haydovchi mashinani o't oldirdi. Biroz qizdirgach, qo'zg'aldi. Ellikqal'a tumani markazi Bo'ston shahridan chiqqan ulov shimoliy yo'nalishga qarab o'ttiz-o'ttiz besh chaqirim yurganidan so'ng, avval yaydoq cho'l, saldan keyin Qizilqum etaklari peshvoz chiqdi. Tog' va azamat tepaliklar ko'zga tashlandi. Ulkan xarsangtoshdan hosil bo'lgan tik devorli cho'qqi ham, uning ustiga bir yuz ellik, bir yuz oltmish metrcha balandlikda bir zamonlar bunyod etilgan qal'a qoldiqlari ham olisdan elas-elas ko'zga tashlanadi. Xayoldan Ayozqal'aning to shu kunga qadar yetib kelganining o'zi ham katta gap, degan o'y kechdi. Qal'a tepasiga piyoda chiqdik. Biroz nafasimizni rostlagach, chor-atrofga nigoh tashladim. Ana, qal'adan uncha uzoq bo'lmagan Qulqal'a, Qirqqizqal'a, Devqal'a, Yonboshqal'a, Qo'yqirilgan qal'a, Guldursinqal'a, Ellikqal'a singari ellikka yaqin qal'alar yastanib yotibdi. Xullas, rassom asarlarida tasvirlangan barcha manzarani ko'rish mumkin.
To'qqiz gektar maydonga to'rtburchak shaklda barpo etilgan qal'a poydevori o'n-o'n ikki metrcha keladi. Uzun-uzun dulonlar, xonalar, otxona va omborxonadan iborat. Ularning tomi gumbaz shaklida, obdan tepib pishitilgan mustahkam g'isht bilan urilgan. Gumbazlarning ustida biryo'la ikki-uch kishi yonma-yon yuradigan yo'laklar bor, kuzatish va himoyalanishga mo'ljallangan uchburchaksimon teshiklar… Quduqdagi suv bir yuz ellik, bir yuz oltmish besh metr chuqurlikdan chiqqan. Aslida, Ayozqal'ani egizak qal'alar sirasiga kiritish mumkin. Tepadagi himoya qal'asidan yuz metrlar narida, ellik-oltmish metrlar pastlikda xiyol kichikroq sahnali bir qo'rg'on ham bor. Bu yerda qo'shin boshliqlari yashagan bo'lib, har-har zamonda keluvchi xon va beklar uchun xos xonalar bo'lgan. Quyi Ayozqal'a, o'rta va baland Ayozqal'a orasidagi masofa bir chaqirimdan ko'p emas. Qiziq holat, saroyda loy topishning o'zi mashaqqat. U qal'a qurish uchun ot va tuyalarda uzoqdan tashib keltirilgan. Bugun qal'a pastidagi kenglikda yigirmaga yaqin qora uy (o'tov)lar o'rnatilgan. Shuning uchun ham bu makondan mahalliy va xorijiy sayyohlarning qadami uzilmaydi. Ular ota-bobolarimiz aql-tafakkuri asnosida bunyod etilgan qal'alarni ko'rib, hayratlanadi.
Tarix durdonasi hisoblangan Ayozqal'a tarixiy-me'moriy yodgorligi daxlsiz saqlab qolinmog'i va sinchiklab o'rganilmog'i lozim. Negaki, qal'a jahon sayyohlarining sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Bu har birimizning ko'nglimizda faxr-iftixor uyg'otadi. Zero, o'z o'tmishiga befarq bo'lmagan xalq aslo zavol topmas.
Ulug'bek JUMAYEV,
O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.
