“Charchamayapsizmi?” emas, “Hormang!”
Har bir tilning o'zigagina xos sifati bor: turkcha psixologiya va falsafa, italyancha sayohat, fransuzcha sevgi tili, deb tavsiflanadi. Men o'zbek tiliga ta'rif berganda oila, Vatan, muruvvat tili degim keladi. Bu tilda gapirgan vaqtimda meni iliqlik, mehr, xush kayfiyat va madaniyat ruhi qamrab oladi. Ishoning, o'zbekchada hech kimga qattiq gapirolmayman. Shunday qilsam, go'yo gulzorga kirib, atirgul, nargis, lolalar qolib, chaqirtikan terib chiqqanday bo'laman.
Biroq ona tilimizga dastlab arab va fors, keyinchalik rus va ingliz tillaridan bir qancha so'zlar kirib kelib, mustahkam joylashdi.
Bizni kimdir chaqirsa, “hozir” deymiz, vaholanki, “labbay” yoki “bir daqiqa” javobi afzalroq. “Hozir” rus tilidagi “seychas” so'zidan to'g'ridan-to'g'ri tarjima. Bunday javob ruslarga xos.
Bir kuni universitetga turkiyalik muhandis keldi. Niyati o'zbek tilini o'rganish ekan, bilganimcha o'rgata boshladim. Vaqt o'tib, har dars avvalida o'zbek tilida salomlashadigan, hol-ahvol so'rashadigan bo'ldik. Qarasam, “Yaxshimisiz?”, “Charchamayapsizmi?” degan kunlik iboralar unga qiziq tuyulmoqda. Bir kuni “Charchamayapsizmi?” degan savolimga “Juda charchadim”, dedi. Kutilmagan javob. Kulib yubordim. Chunki u savollarni shu vaqtgacha ko'ngil uchun yo'liga so'rab qo'yiladigan, aslida, suhbatning kirish qismi ekanini tushunmagan ekan.
Haqiqatan, nega biz hadeb bir-birimizdan “Charchamayapsizmi?” deb so'raymiz?
Men bir qancha til bilaman, ammo ularning birortasida ham “Charchamayapsizmi?” deb so'rashmaydi. O'ylanib qoldim. Biz shu darajada ko'p charchaymizmi? Nega bu iborani ishlatamiz? Hadeb “charchamoq” fe'lini tusayvermasdan, “O'zingizni ehtiyot qiling!”, “Sizni yaxshi ko'raman!”, “Ishlaringizga rivoj bersin!” “Hormang!” desak bo'lmaydimi? Bo'lar ekan, hayotga tatbiq qilib ko'rdim. Bu taxlit salomlashish atrofimdagilarga oldin qiziq tuyuldi, keyinchalik ular ham ko'nikib, o'zlari ham muloqotda qo'llay boshladilar.
“Charchamayapsizmi?”, “Salomatmisiz?” kabi savollar yo'l-yo'lakay aytilsa ham ong ostiga ta'sir qiladi, iz qoldiradi. Bora-bora odamda rostdan ham charchoq, horg'inlik kayfiyatini uyg'otadi. Bu so'rovlar qachon tilimizga kirib kelganini bilmayman, yaxshi niyatda yoyilmagani aniq. Aslida, katta avlod vakillari bir-biriga savol emas, dalda, bugungi tilda aytganda, rag'bat bergan ekan. Masalan, dalada ketmon chopayotgan odamga “Charchamayapsizmi?” deyish kulgili. Albatta, charchaydi, toliqadi. Shu paytda dono xalqimiz “Xirmonga baraka!” yoki “Hormang!” deb o'tib ketishgan. Bu kelajakka umid belgisi.
Til bizga berilgan mo''jizalardan biri. Chiroyli, mazmunli jumlalar uni yanada jiloli qiladi. Bir-birimizdan mehrli so'zlarimizni qizg'anmaylik, qo'pol muomala, noo'rin shikoyatlar qilmaylik.
Dilafruz AHMEDJONOVA.
