Erkin akaning maktabi

Tadbirli odam hayotda uchragan muammo va qiyinchiliklarni aql-tajribasi bilan yengib o'tadi. Dono inson esa muammolarga duch kelmaydi, deyishadi. Chunki ular har ishning tadbirini oldindan o'ylab, taraddudini barvaqt ko'rgan bo'lar ekan.

Maqolamiz qahramoni Erkin Bayniyazov ana shunday donishmand insonlar toifasiga mansub. U bilan to'rt yil davomida birga mehnat qilib, u kishining ibratli ish faoliyatini ko'rib, shunday xulosaga kelganman.

Bugungi kunda Erkin Bayniyazov — xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha Respublika komissiyasining “Ayollar daftari” yo'nalishi bo'yicha vazifalar ijrosini ta'minlash uchun Sirdaryo viloyatiga biriktirilgan vakil, viloyat shtabi rahbari hisoblanadi. Uning boy bilimi, hayotiy tajribasi hamda aholi bilan ishlash mahorati haqiqatan ham havas qilarli. Joylardagi muammolarni o'rganish maqsadida hududlarga chiqqanimizda, har bir masalaga chuqur va mas'uliyat bilan yondashishi, yechim topishga intilishi, insonlar bilan muloqotda chiroyli muomala madaniyatiga ko'p bor guvoh bo'lganman. Bosiq, mayin va tushunarli ohangda so'zlashi, vaqtni qadrlashi, imkoni boricha har bir fuqaroga amaliy yordam ko'rsatishga intilishi e'tiborni tortmay qolmaydi.

Bir kuni Mirzaobod tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan, tadbirkorlik qilish istagidagi opa-singillarimiz huzurida bo'ldik. Ulardan biri “Ayollar daftari” dasturi asosida 30 million so'm imtiyozli kredit olib, uy sharoitida tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yib, mahalladagi ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta'minlagan edi. Ishbilarmon ayol tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida qo'shimcha 100 million so'm imtiyozli kredit olish niyati borligini bildirdi. U yaqin kelajakda mahsulotlarini nafaqat mamlakatimiz bozorlarida, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilishni rejalashtirmoqda ekan.

Shu munosabat bilan u kredit masalasida amaliy ko'mak so'radi. Erkin aka esa vaqtni boy bermasdan, shu zahotiyoq tegishli mutasaddi tashkilotlar va mas'ullar bilan bog'lanib, mazkur masalani ijobiy hal etish choralarini ko'rdi. Natijada o'n kun ichida ushbu tadbirkor opaning tashabbusi qo'llab-quvvatlanib, orzu-maqsadlari aniq amaliy qadamlar bilan mustahkamlandi.

— Uy-joy qilish uchun ancha yillar xorijda ishladim, — dedi o'sha opamiz minnatdorlik bilan. — Musofirchilik oson emas. Yurtimizda ham mehnat qilib, halol daromad topish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini eshitib, qaytib kelgandim. Tadbirkorlik qilishimda sizdek insonlarning yordami katta kuch beryapti.

Ayni paytda opaning jamoasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xorijiy davlatlar bozorlariga ham eksport qilinmoqda.

Bunday misollar Sirdaryo viloyatida ko'p topiladi. Jumladan, “Ayollar daftari”ning birinchi bosqichi bo'yicha 22 ming 320 nafar xotin-qiz ro'yxatga olingan bo'lib, ularning deyarli barchasiga tegishli yordamlar ko'rsatildi. Keyingi bosqichlarda ham shunday ijobiy natijalarga erishishda Erkin akaning hissasi salmoqli bo'lmoqda.

Erkin aka asli Surxondaryoning Boysun tumanidan. Biroq Sirdaryodagi faoliyati, odamlar dardi bilan yashashi tufayli biz uni “sirdaryolik” deb bilamiz. Sababi, tashqi migratsiyada yurgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash, “Ayollar daftari”, kooperatsiya usulida tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish va ommalashtirish kabi qator muhim loyihalarni amalga oshirishda u kishining xizmati katta. Viloyatimizning ko'plab xonadonlarida bo'lgan, joylardagi muammolarni hal etishda faol ishtirok etgan inson sifatida tanildi.

Hamrohingizning fe'lini yo'lda yo'ldosh bo'lganda bilib olasiz. Erkin aka bilan biz ko'p manzillarda birga bo'ldik. Birinchi tanishuvimizdayoq uni “olim odam ekan”, deb o'ylagan edim va ilk taassurotim aldamagan ekan. Yo'l-yo'lakay u kishining qishloq xo'jaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishganini bildim. Uning ulkan ilmiy salohiyatga ega ekanini bilib, hurmatim yanada oshdi. Keyinroq Erkin Bozorovichning bir paytlar Surxondaryo viloyatining Boysun, Sho'rchi va Oltinsoy tumanlarida hokim bo'lib, el hurmatiga sazovor bo'lganini va o'zidan yaxshi nom qoldirganini eshitdim.

— Yillar to'xtab turmaydi, — dedi Erkin aka. — Farzandlarimiz, kelajak avlod bizdan ham yaxshiroq, baxtliroq yashashi uchun bugun harakatda bo'lishimiz kerak. O'zgalar dardini “o'zimizniki” deb bilib, yurakdan his etsak, vijdonimiz oldida yuzimiz yorug' bo'ladi.

Har bir inson hayoti, aslida, bir maktab emasmi? Undan hayot saboqlarini olish mumkin. Erkin aka hayotning sinovlaridan, cho'lu biyobonli, tog'li-toshli yo'llaridan ko'p o'tgan. Bunday mashaqqatlarni tadbirli, sabrli, matonatli va bilimdon insonlargina yengib o'ta oladi. Odamgarchiligi baland, fazilatlari bilan elga manzur bo'lgan inson hamisha hurmat-izzatda bo'ladi. Erkin Bayniyazov maktabi aynan shunday saboqlar maktabidir.

Bugun 60 yoshni qarshilayotgan olim, fidoyi inson Erkin Bayniyazovga “El ishonchiga munosib inson sifatida yana uzoq yillar yurtimiz va xalq xizmatida kamarbasta bo'ling. Daryocha mehrimizni qabul eting!” – deymiz.

Bahodir HAMIDJONOV,

O'zbekiston Kasaba uyushmalari

federatsiyasi Sirdaryo viloyati

kengashi raisining o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 18 =