Yo'llari ismidek yorug'

Andijonliklar hali-hanuz eslab yurishadi. Shahardagi Furqat ko'chasida joylashgan bolalar shifoxonasi vodiyda yagona shifoxona sifatida mashhur edi. Bu dargohga kirishdanoq xuddi bolalar bog'chasiga qadam qo'ygandek bo'lasiz: har qadamda turli ertak qahramonlarining biri jiddiy, boshqasi jilmayib, allaqaysisi hayrat bilan boqib turgan haykalchalari. Shifoxona hovlisi chiroyli bog'ni eslatar, go'zal mevali va manzarali daraxtlar, turli-tuman gul ko'chatlari, har xil navdagi archalar o'zgacha fayz berar, daraxtlar soyasida esa dam olish uchun oddiy emas, betakror ko'rinishdagi o'rindiqlar joylashgan bo'lardi.

Devorlar turli xil ranglarga bo'yalgan, chizilgan rasmlar e'tiboringizni tortar, kutubxona, o'yingoh, dam olish xonalari, pokiza oshxonalar bu yerga davolanish uchun kelgan bolajonlarni shprislarni ko'rganda uyg'onadigan hadikdan asrardi. Yana shifokoru hamshiralar, hatto ozodalik posbonlari ham oq rangda emas, aksincha, boshqa yorqin ranglardagi liboslarda bo'lardilar, sababi bu holat bemor bolalardagi navbatdagi hadikni haydardi.

Bularning barchasi bosh shifokorning nafaqat ijod mahsuli, balki bemor bolalar o'zlarini shifoxonada, shifokor huzurida emas, o'z uyidagidek his qilishi, tezroq sog'ayib ketishi uchun mehrning bir ko'rinishi bo'lardi go'yo.

Mehnatlar samarasini berishi bor gap, ayni o'sha yillarda viloyatda bolalar o'rtasidagi kasalliklar sezilarli darajada kamaydi. Shifoxona elning nazarida malhamxonaga aylandi, jamoa esa bir butun ahil oilaga jamlandi. 1994 yili shu tibbiyot maskanining bosh shifokori Svetlana Inamova yurtimizda yangi ta'sis etilgan I darajali “Sog'lom avlod uchun” ordenining ilk sohibasi bo'ldi.

Qaysi lavozimda faoliyat olib borsa, yangi tashabbuslarga bosh bo'ladigan bu ayol o'z ishining ustasi darajasiga yetgunicha baland-past yo'llardan qadamlab keldi. 1951 yilning 11 fevralida Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida harbiy chegarachi oilasida tavallud topgan qahramonimiz o'rta maktabni a'lo baholar bilan tamomlaydi. Bolaligidan shifokor bo'lishga intilgan qizaloq hujjatlarini Andijon davlat tibbiyot institutiga topshiradi. Ilk sinovdan a'lo baholar bilan o'tadi va o'sha yiliyoq talaba bo'lish baxtiga musharraf bo'ladi.

1974 yili institutni tamomlagan bilimga chanqoq Svetlana Andijon shahridagi 3-sonli viloyat bolalar shifoxonasida dastlab bolalar shifokori, keyinchalik bo'lim mudiri sifatida ish olib boradi. Asosiy yo'nalishi neonatolog-reanimatolog shifokor sifatida chaqaloqlarning hayotini saqlab qolish, jonlantirish bo'yicha ko'plab bemor bolalarning joniga ora kiradi. O'sha yillari bolalar orasida o'tkir respirator kasalliklar avj olgan bo'lib, uning davolanish muddati anchagina vaqt olardi. Shifoxonadagi amaliy tajribaga ega bo'lgan yosh, intiluvchan shifokor endi ilmiy izlanishlar ham olib borib, tajribani nazariya bilan hamohang tarzda davom ettirish kerak, degan qarorga keladi. Maqsaddan-maqsadga kurashlar bilan o'tadigan Svetlana Andijon davlat tibbiyot instituti “Bolalar xirurgiyasi” kafedrasi assistenti sifatida ish boshlaydi. Ilmiy izlanishlar o'z samarasini beradi, kurashlar esa natija. Tajribali shifokor, olima, izlanuvchan va o'zining qat'iy fikriga ega bu insonga oradan to'rt yil o'tib, Andijon shahridagi 1-sonli ko'p tarmoqli bolalar klinik shifoxonasi bosh shifokori vazifasini ishonib topshiradilar.

O'n to'rt yillik fidoyi mehnat uni “Sog'lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo'lmagan xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi etib tayinlanishiga asos bo'ldi. Andijonda bolajonlar bilan ishlab yaxshigina tajriba to'plagan Svetlana Inamovaning mazkur dargohda ishlab ketishi qiyin kechmadi. Uning bevosita sa'y-harakatlari bilan fond hisobiga xorijiy hamkorlardan mablag'lar jalb etildi. Yurtimizning ekologik noqulay bo'lgan chekka hududlarda yashovchi aholisiga tibbiy yordamlar ajratilib, “Salomatlik poezdlari” aksiyasi doirasida bepul dori-darmon, kiyim-kechak, sanitariya-gigiena vositalari yetkazib berildi. Bu maqsadli safarning ahamiyatli tomoni shuki, o'z ishining ustasi bo'lgan tajribali shifokor va hamshiralardan iborat katta guruh o'sha olis hududlardagi aholini bepul tibbiy ko'riklardan o'tkazdi. Natijada ko'plab xastaliklarning oldi olindi, tibbiy maslahatlar berildi.

Mazkur jamg'armaning davlat idoralariga taklif sifatida taqdim etgan bir qator tegishli tibbiy, ijtimoiy, gumanitar va investitsiya dasturlari ularni amalga oshirishga qaratilgan tegishli hukumat qarorlari bilan qo'llab-quvvatlandi.

Bevosita ularning yetakchiligida iqtidorli bolalarni aniqlash va qo'llab-quvvatlash uchun qo'shma ta'lim dasturlarini yaratish va amalga oshirish, yurtimizdagi tarixiy joylarga ta'til sayohatlarini uyushtirish, ekologik jihatdan noqulay hududlardan kelgan bolalar uchun dam olish imkoniyatlarini yaratish, boshqa xalqlar, millatlar madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo'lish, oila kutubxonalari va kitobxonlik faoliyati targ'ibotini kuchaytirish kabi ishlar yaxshi samara berdi.

“Dunyoda inson salomatligi, uning ham ruhan, ham jismonan barkamolligidan ortiqroq boylik yo'q. Jamiyat va davlatning eng katta boyligi ham fuqarolarning salomatligidadir. Inson tani-joni sog' bo'lgan joydagina sog'lom fikrlaydi va jamiyatga ham sog'lom fikrlar beradi”, degan g'oyani doim ilgari surgan Svetlana Inamova asrimiz boshlarida Bosh vazir o'rinbosari, O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.

Bu lavozimda ish boshlagan ilk kunlaridanoq (u davrda hali vazirlik va idoralarda matbuot xizmatlari shakllanmagan edi. Gazeta va radiolarda, televidenielarda ushbu tashkilotlarning faol vakillarigina bo'lardi) qo'mitaning matbuot xizmatini tashkil qilib, malakali xodimlarni ishga taklif etdi. Respublika bo'yicha xotin-qizlar faolligini oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo'llab-quvvatlash, bilimli qizlarga homiylar jalb etgan holda o'qish va izlanishlari uchun imkoniyatlar yaratish kabi xayrli dasturlarni amalga oshira boshladi.

Bugunning muhim ahamiyatga ega masalasi bo'lgan yoshlarni to'ydan oldin tibbiy ko'rikdan o'tkazishdek xayrli tashabbus ularning taklifi va sa'y-harakatlari bilan boshlangan edi.

Respublikaga yaxshi tanilgan “Yil ayoli” ko'rik-tanlovi 2007 yil ilk bor Xotin-qizlar qo'mitasining g'oyasi asosida tashkillashtirildi. Tanlovda ro'zg'or ishlarini tindirgan, o'jar vaqtni bo'ysundirgan, oilasini totuvlikka ko'ndirgan, oqila, uddaburon bekalarimiz ishtirok etishgan. Ular har qanday sharoitda ildizlari mehr daryosiga yetgan gullar kabi yaxshi yashashga, g'olib va farovon turmushga intiluvchi ayollarimiz ekanliklarini isbotlashgandi o'shanda.

“Sog'lom ayol — buyuk kelajak” g'oyasini hayotga tatbiq etishga qaratilgan xotin-qizlar va yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug'ullanishga jalb etish chora-tadbirlari dasturi doirasida bevosita ularning mas'ulligida respublikada Gimnastrada festivali, “To'maris” xotin-qizlar spartakiadasi, sinxron suzish, stol tennisi kabi bir qator sport musobaqalari o'tkazildi.

Ismi jismiga mos bo'lgan opa tabiatan yashillikni, tabiatni sevuvchi inson bo'lganligi bois qaerda va qaysi sohada ishlamasin, o'sha yerni bo'stonga, gulu gulzorga aylantirishga erishgan.

— Meni xavotirga soladigan muammolardan biri bu — inson o'zi yashab turgan xonadonidagi tartibsizlik, ekinlarning rejasiz ekilishi, qarovsiz, parvarishsiz gullar, daraxtlar; tartibsiz va ozoda bo'lmagan xonadon. Shunday xonadonga kirsam, dilim xira bo'lib, kayfiyatim tushib ketadi. Ba'zan hayotda hovlisiga bir tup gul yoki mevali daraxt ekib o'stirmagan, ariq qazib suv keltirmagan loqayd kishilar ham uchraydi. Bunday ota-onalar o'zlaridek loqayd, mehnatni sevmaydigan, didsiz, kelajakda mustaqil hayotga puxta tayyor bo'lmagan bolalarni tarbiyalamaydimi? Inson tabiat bilan yaxlit bir vujudga aylansagina, u ezguliklar yarata olishi mumkin, — deydi kuyunchaklik bilan qahramonimiz.

Svetlana Inamova xizmat safarlarida yurib, o'z ishining asl mutaxassislarini poytaxtga taklif qilar, qo'mita ishini yuksaltirish maqsadida iste'dodli xotin-qizlarga doim ehtiyoj sezardi. Ular nafaqat ayollar, balki iqtidorli yoshlarga ham befarq bo'lmasdi. O'qish va izlanishlari, hayotda o'zlarining munosib o'rinlarini topishlari uchun yaqindan ko'mak berardi. Ular ishlagan yillarda mamlakatda xotin-qizlar hayoti va faoliyati sezilarli darajada yuksaldi.

“O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sog'liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, I darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Svetlana Inamova umrining muborak 75 bahorini qarshi olmoqda.

Bugun ushbu ulug' yoshda ham jamiyatda o'zining hayotiy yutuqlari bilan faol ishtirok etish barobarida, oilada vafot etgan umr yo'ldoshining duoi jonini qilib, qizi Lolaxonning, o'g'li Asqarjon, kelini, kuyovi, shirindan-shakar to'rt nabirasining yutuqlaridan quvonib yashamoqda.

“Millatning kelajagi onalar qo'lidadir”, deb yozgan edi buyuk fransuz adibi Balzak. Svetlana Turxunxo'jayevna kabi hayot yo'li ham ismidek yorug', umri fidoyilikka tutash ayollar bois bu ixcham fikrdagi haqiqat barcha xalqlarning yagona haqiqatiga aylangan.

Feruza ORIPOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + eleven =