Xazinabon

yoki O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Nuriddin AMINJONOV haqida dil so'zlari

Kelgusi yil erta bahorda muborak yuz yoshini nishonlash taraddudidagi O'zbekiston radiosi haqida o'z davrida mashhur adib Abdulla Qahhor “Respublikamizning barcha yetuk yozuvchi-shoirlari va taniqli jurnalistlari O'zbekiston radiosi va “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi” – A.I.) gazetasida kamol topganlar. Ular ijod-ilhom nuqralarini shu azim dargohlarning sarchashmalaridan ichganlar”, degan edi.

Chindan ham bu nurli maskan – radioda kamol topib, xalq yozuvchisi yoki xalq shoiri maqomiga sazovor bo'lganlar son-sanoqsiz. Hamid G'ulom, Turob To'la, Hakim Nazir, Shuhrat, Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, O'lmas Umarbekov, Farhod Musajonov, Tohir Malik… Ehhe, ular behisob. Ular ham shu maskanda muharrirlikdan ish boshlab, radio­eshittirishlarning qiziqarli, mazmundorligi va sifatini oshirishga katta hissa qo'shganlar. Hatto 1956 yilning 5 noyabrida tashkil etilgan Toshkent telestudiyasining ishga tushirilishidan boshlab, hozirga qadar radioda pishib yetilgan jurnalistlar, muhandis va texnik xodimlar televideniening madadkorlari bo'lib kelmoqdalar. Hozirgi paytda Milliy teleradiokompaniya mahsulotlarini tomoshabin va tinglovchilarga manzur etishda ibrat ko'rsatayotgan yigit-qizlarning ko'pchiligi radioning non-tuzini tatib toblanganlardir.

Elektron ommaviy axborot vositalarining to'ng'ichi, ummon singari bag'ri keng O'zbekiston radiosi va televideniesi bog'larida unib-o'sgan, bugungi kunda qutlug' sakson yoshini nishonlayotgan shoir va jurnalist, folklorshunos va san'atshunos mutaxassis bo'lib tanilgan Nuriddin Aminjonov ham yuqorida nomlari tilga olingan mo''tabar insonlardan biridir. U yurtimiz gavhari Farg'ona vodiysining tabiati betakror, go'zal va so'lim, qadimiy Chust shahrida tavallud topgan. Zamonning zayli bilan ota-ona bag'rida Chinoz tumanidagi Eski Toshkent qishlog'idan doimiy makon topdi. Yo'rgakdagi olti oylik chaqaloqligidan shu go'shada o'sib-ulg'aydi, maktabga bordi, shahri azim Toshkentda o'qidi, ijodkorlar va san'atkorlar safidan o'rin egalladi. Lekin, ha, lekin odamzod bolasi kindik qoni to'kilgan tuproqni baribir qo'msab turar ekan. Nuriddin bilan suhbatlashsangiz, bot-bot ona yurtini tilga olishdan, uning maftunkorligi, qadimiyligi, san'atsevar kishilari haqida iliq va faxrli so'zlarni aytishdan charchamaydi.

— Qadimiy hunarmand, tikuvchi-yu to'quvchilar, kulol-u temirchilar, pichoqsozlar, do'ppilari bilan mashhur Chust kamina uchun o'ta qadrlidir, — deya tilidan bol tomib so'zlaydi u. — Bu joydan islom dini ulamo-yu avliyolari o'tgan. Uning tuprog'ida hazrat Mahdumi A'zamning shogirdlari Mavlono Lutfullo Mahdumning, O'zbekiston xalq shoiri Muhammadsharif So'fizoda, taniqli shoir Nabixon aka Xo'jayev — Chustiy domlaning, qolaversa, bobolarim, momolarimning xoklari e'zozlanib saqlanmoqda, — deb faxru iftixor tuyadi.

Chust atrofi dengiz sathidan ming-bir ming ikki yuz metr balandlikda joylashganligi tufayli ham qadim-qadimdan muhim strategik ahamiyatga molikligi, tabiati go'zal, havosi mo''tadilligi sabab tarixdan ma'lumki, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzo 1480 yilda bu shaharni o'z qarorgohiga aylantirgan.

Ayni shu chog'da fikrim g'ujg'on uryapti, aytmasam turolmayman. Odamzod tabiatning bir bo'lagi, undan aqlli zot o'z in'omini oladi, ilhomlanadi, ko'rinishi-yu esib turgan mayingina shabbodasi ham insonga ta'sir qilarkan. Buni Chust misolida ko'rish mumkin. Bu shahar va uning atrof hududlaridan yurtimizga tanish mashhur yozuvchi-yu shoirlar, san'atkorlar yetishib chiqqan.

Dunyo tanigan biznesmen Alisher Usmonovning yurti ham aynan Chustdir.

Chust pichoqlari-yu do'ppilari dunyoga mashhur.

Nuriddin Aminjonov shunday xotirlaydi:

— Shahardagi san'at saroyi, kollej va maktablarda otalar va akalar, mumtoz qo'shiq ijrochilari izlaridan borishni orzu qilgan yoshlarni ko'rib quvonaman.

Otam dehqon, onam uy bekasi bo'lganlar. Biroq ko'nglimga musiqa sehrini onajonimning allasi muhrlagan. Mamnun bo'lib aytamanki, volidai mukarramam allani maromiga yetkazar edilarki, orom olardim, bolalik ovozim bilan jo'r bo'lardim. Bolaligim qo'shnimiz, ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni, sobiq Lenin mukofotining sovrindori Tursunoy opa Oxunova boshliq brigada dalasida o'tgan. Sho'xu shodon qo'shiqlar aytardim, bilganimcha she'rlar yozib, onamga ko'rsatardim. Opaning paxta dalasida yagana, chopiq, chekanka, paxta terib, ko'rak chuvib jonga tegib mehnatda toblangach, Toshkentdagi poligrafiya bilim yurtiga o'qishga kirdim. Baxtimga respublika hunar-texnika bilim yurtlari san'at saroyi qoshida havaskorlar ansambli ochilib qoldi. Bu yerda O'zbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, bastakor, sozanda Mamadaziz Niyozovga shogird tushib, ko'p narsalarni o'rgandim va shu yerdan “O'zbek ashula va raqs katta ansambli” (hozirgi “O'zbekiston”) dastasiga xonanda bo'lib ishga o'tdim. Lekin bundan ham ko'nglim to'lmadi, fikr-yodim o'qish, oliy ma'lumot olish, jurnalist bo'lishda edi. Maqsadimga 1967 yili erishdim, ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti kechki bo'limiga o'qishga kirdim. O'qish davrida ham universitet qoshida “Dilnavoz” nomli talabalar havaskorlik ansamblini tuzib, unga rahbarlik qildim. Va nihoyat, 1972 yilning boshidan O'zbekiston radiosida faoliyatim boshlandi. Mana, 54 yildirki, shu nurli maskan “dastyori”man.

Darhaqiqat, Nuriddin Aminjonov jamoa safiga qo'shilib ilk qadam qo'ygan kezlari kamina allaqachon bu maskanning oq-qorasini ancha ko'rgan, achchiq-chuchuk suvlaridan bahramand bo'lib ko'zim ochilgan edi. Biz ishlagan o'sha yillari radio jamoasi o'ta ahil, bir-birining ishidan, oilasidan xabardor, to'y-hashamlarini birgalikda o'tkazadigan, havas qilsa bo'ladigan darajada edi. Nuriddin esa radiochilar o'rtasida o'zining olijanob ishlari bilan tezda tanildi, o'zaro o'tirishlar, to'ylar uningsiz o'tmas, atrofiga yosh xonanda-yu sozandalarni olib yig'inlarni gullatardi. Shu bilan birga radioda “Badiiy havaskorlik bo'limi”ga boshchilik qilib, respublikamiz shahar va qishloqlaridan havaskor xonandalarni izlashdan ham charchamadi. Havaskor yoshlar safini kengaytirib, ularning ijodlariga alohida e'tibor qaratdi, talabchanlikni ham susaytirmadi. Biror kun biror yangilik qilmasdan turolmasdi. Yangi ovozlarni kashf qilish uchun “Tanishing, yangi ovozlar”, “San'at saodatimdir”, “Qo'shiq — orzuim mening”, “Chashma” singari radio ko'rik-tanlovlarini o'tkazdi. Ko'plab iqtidorlar barq urib, elga tanildi. Aka-uka Ismoiljon va Isroiljon Vahobov, Yulduz Usmonova, Erkin Ro'zmetov, Rahmatjon Qurbonov, Sanobar Rahmonova, Ravshan Komilov, Tojibar Azizova, Ozoda Nursaidova va boshqa iste'dodlar Nuriddin Aminjonov tomonidan o'tkazilgan ko'rik-tanlovlar tufayli elga tanildi, O'zbekiston xalq hofizi, O'zbekiston xalq artisti, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist unvonlariga sazovor bo'lishdi.

N.Aminjonov tashkilotchilik va ijodiy ishlar bilan radioeshittirishlar tayyorlashlariga ham alohida e'tibor beradi. Ular bilan do'stona munosabatda bo'ladi, qo'lidan kelganicha yordam ko'rsatadi, hatto ularni jozibali qo'shiqlar kuylashga undaydi. O'zbekiston san'at va madaniyat instituti milliy qo'shiqchilik kafedrasining professori, xushovoz xonanda Mansurjon Mamirov Nuriddin Aminjonov rahbarligida yonma-yon va bahamjihat bo'lib ishladi, salmoqli eshittirishlar tayyorladi, yosh havaskorlarning kashf etilishiga hissa qo'shdi. Ustozini hurmatlaydi va hanuz maslahat olib ish qiladi.

— Ustozning bosib o'tgan yo'li juda murakkab bo'lsa-da, el orasida oddiy bir inson sifatida yashab kelmoqda, — dedi Mansurjon Mamirov. — O'zbekiston radiosi ostonasida kecha-yu kunduz umrini besamar o'tkazmadi. Havaskor xonandalar, xalq ansambllari, folklor guruhlarini kashf etdi. Hozirgi ko'pgina xonandalar ustozimizning xizmatlari evaziga elga manzur bo'ldi.

Respublikaning turli hududlarida baxshilardan dostonlarni magnit tasmalariga yozib olganliklari, montaj qilib, efirga uzatilganligiga guvohman.

…1980 yil. Nuriddin Aminjonov boshliq bo'limning ish ko'lami beqiyos oshdi. Yana bir yangilikka qo'l urish vaqti keldi. Vaqtni g'animat sanagan ijodkor rahbariyat oldiga bo'lim nomini “Xalq ijodiyoti” nomi bilan atash, xodimlar o'rnini ko'paytirish, qalam haqi va texnika ta'minoti to'g'risidagi talabnomalar qo'ydi. Uning rejalari ma'qullanib, bo'lim ishiga oq yo'l tilandi. Rejaga ko'ra folklor jamoalari hamda baxshilar bilan ishlash bosh vazifa qilib qo'yildi, qalbidagi maqsad ro'yobga chiqa boshladi. Yurtimizning janubiy hududlarida goho yayov, goh yuk mashinasida yoki ko'chma ovoz yozish uskunalari o'rnatilgan avtomashinada tinimsiz kezdi. Natija yaxshi bo'ldi, izlanishlar o'z samarasini berdi. Yurtimizning o'ttizga yaqin baxshilarini topib, ularning doston, terma hamda do'mbira kuylarini magnit tasmalariga muhrladi.

“Qalb navolari”, “Baxshilar kuylaganda” keyinchalik “Azim daryo” nomli eshittirishlar tay­yorlandi va tinglovchilar hukmiga havola etildi. “Baxshilar bayoti” nomli dastur tayyorlanib, dostonsevarlarning e'tiroflarini qozondi. Bu dastur hozirgacha efirga berib borilmoqda.

N.Aminjonov radioda ishni muharrirlikdan boshlab, katta muharrir, bo'lim boshlig'i, bosh muharrir lavozimlarida salkam qirq yil ishlab, pensiya yoshiga yetganida ham baxshilar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirdi. U festival va ko'rik-tanlovlarda hakamlar hay'ati a'zosi bo'ldi. Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazida Abdunazar Payonov ijrosidagi “Go'ro'g'lining tug'ilishi va o'smirligi”, “Sanam va Gavhar”, “Oltin qovoq”, Boyqo'chqor baxshining “Intizor”, “Olomon bilan Qoramon”, Otaxon Matyoqubovning “Chambil qamali”, “Avazning uylanishi”, Shomurod baxshi Tog'ayevning “Apsar dev mingan Gupsar dev”, Umarqul Po'lkanning “Jumaqul bilan Tojinoroy”, Qodir baxshining yubileyiga bag'ishlab “Qodir baxshi Rahimov haqida xotiralar” singari manzumalar tayyorladi, dostonlarni yozib oldi.

2019 yilning aprel oyida Termiz shahrida o'tkazilgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ishtirokchilariga shaxsiy arxivida saqlanib kelingan 31 ta dostonni “MP3” formatda disk ustiga baxshilarning rasmini tushirib to'yona qilganligini aytmaysizmi?! Bunday ezgu ish hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. U to'plagan barcha doston, terma va parchalarni O'zbekiston radiosi “Oltin fondi”dan tashqari O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutining folklor arxiviga topshirganligi ham e'tirofga loyiq.

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a'zosi N.Aminjonovning o'chmas xizmatlari munosib baholanib kelinmoqda. 2016 yili O'zbekiston Prezidentining farmoni bilan “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni berildi. 2020 yilda “Madaniyat va san'at fidokori”, 2022 yilda “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi”, 2023 yili I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandi.

N.Aminjonov o'z faoliyatini O'zbek milliy maqom san'ati markazining “Ustoz-shogird maktabi”da davom ettirmoqda. Unga maqom ijrosining bilimdonlari ham hamkorlik qilishmoqda. So'zimizni san'atshunos olim, professor Soyibjon Begmatov fikrlari bilan nihoyalashni lozim topdik:

“Ehhe, ustozning yozgan kitoblari, to'plagan xazinalari – doston, terma, laparlari haqida gapiraman desangiz, yillar kerak. Ustoz o'zbek san'atining fidoyisi, rasman xalq va mumtoz musiqamiz merosining haqiqiy xazinaboni, desam adashmagan bo'laman. Bu bejiz emas. Buning zaminida Nuriddin akaning bir umr san'at ummonida olib borgan faoliyatining samarasi yotibdi. Qolaversa, bu uyg'unlikning negizida sozanda, xonanda, muharrir, pedagog, shoirlik kabi kasblarning go'zal uyg'unlashgan mahsuli o'rin olgandir”.

Abdusamad ISOQOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

 a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − four =