Bilimli, tashabbuskor yoshlar — Yangi O'zbekiston tayanchi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yoshlarning yetuk avlod vakillari bo'lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Bugungi kunda Yangi O'zbekiston taraqqiyotining bosh omili sifatida inson kapitali, ayniqsa, yosh avlod salohiyatiga tayanish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ular uchun munosib ta'lim olish, ilm-fan bilan shug'ullanish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash va o'z iqtidorini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu ma'noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Ko'ksaroy qarorgohida yaqinda o'tkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqot mamlakat hayotida muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tarixga kirdi. Mazkur muloqotda yoshlarning orzu-intilishlari, tashabbuslari va muammolariga alohida e'tibor qaratildi, ularni qo'llab-quvvatlashning yangi yo'nalishlari belgilab berildi.
Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bevosita muloqoti, ularning fikr va tashabbuslarini tinglashi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson manfaatlariga yo'naltirilganining yana bir yorqin ifodasi, desak, xato bo'lmas.
Muloqot davomida Prezidentimiz yoshlar mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi ekanini yana bir bor alohida ta'kidlab, ularning bilim olishi, ilm-fan bilan shug'ullanishi, innovatsion g'oyalarni ilgari surishi va o'z salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarishi uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilayotganini qayd etdilar.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda ta'lim, xususan, oliy ta'lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Yangi universitet va institutlar tashkil etildi. Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari ochildi, ta'lim mazmuni va sifati tubdan yangilanmoqda. Bu islohotlar yoshlarning zamonaviy bilim va malakalarni egallashi, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar bo'lib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, yosh olimlarni qo'llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni rag'batlantirish, innovatsion g'oyalarni amaliyotga keng joriy etishga qaratilgan tashabbuslar ilm-fan rivojida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Bugungi kunda ilmiy grantlar, startap loyihalar, yosh tadqiqotchilar uchun maxsus dasturlar orqali mamlakatimizda innovatsion muhit shakllanib bormoqda.
Shu bilan birga, ta'lim sifatini oshirish, xorijiy tillarni puxta o'rganish, raqamli texnologiyalarni o'zlashtirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish kabi vazifalar ham davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa, o'z navbatida, oliy ta'lim muassasalari oldiga yangi va mas'uliyatli vazifalarni qo'ymoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi ham Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, yoshlar bilan ishlash, ta'lim sifatini oshirish va ilmiy salohiyatni mustahkamlash borasida aniq rejalarni belgilab oldi.
Xususan, universitetning 18 ta fakulteti va 58 ta kafedrasida yoshlar bilan ishlashning manzilli tizimi yo'lga qo'yiladi. Talaba-yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida to'garaklar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus platforma yaratilib, unga 8 ming nafardan ortiq talabani qamrab olish rejalashtirilgan.
Albatta, iqtidorli yoshlar va yosh olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan startap va innovatsion loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish, ularning ulushini jami ilmiy ishlanmalar hajmida 30 foizgacha yetkazish ko'zda tutilmoqda.
Universitetda ilmiy daraja va unvonga ega istiqbolli yosh professor-o'qituvchilar va olimlar sonini ko'paytirish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Jumladan, 40 yoshgacha bo'lgan yuqori salohiyatli ilmiy-pedagog kadrlar sonini 400 nafargacha yetkazish rejalashtirilgan.
Eng muhimi, universitetda har bir talaba nafaqat bilim olishi, balki o'z kelajagini aniq belgilashi, kasbiy yo'nalishini topishi va jamiyatda munosib o'rin egallashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, ta'lim tizimiga innovatsiya va zamonaviy metodikalarni joriy etmasdan turib haqiqiy taraqqiyotga erishib bo'lmaydi.
Shu maqsadda universitetimizda 2026–2027 o'quv yilidan boshlab dual ta'lim tizimi joriy etiladi. Bu borada “O'zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda “Qo'ng'irot soda zavodi” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda 100 nafar talabani ishlab chiqarish bilan uyg'un ta'lim olishga jalb etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, chet tillarini o'qitishni yangi formatda tashkil etish orqali har bir bitiruvchining kamida bitta kasbiy ko'nikma va bitta chet tilini amaliy darajada bilishi ta'minlanadi.
Bu yo'nalishda:
chet tillarini mukammal biladigan 160 nafar talabani mentor sifatida tayyorlash;
mahalla yoshlari uchun yozgi ta'til davrida qisqa muddatli til kurslarini tashkil etish;
talabalar orasida B2–C1 darajadagi xalqaro sertifikatlar sonini 1300 nafarga, professor-o'qituvchilar orasida esa 450 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Besh million sun'iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida universitetning 1000 nafar professor-o'qituvchisi va 17 ming nafar talabasi raqamli platformalarda ta'lim olib, sun'iy intellekt sohasida zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'ladi.
Yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash bo'yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi moliyaviy mexanizmlar universitetlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda.
Universitetimizda talabalarning startap g'oyalarini amalga oshirish, ularni biznes loyihalarga aylantirish bo'yicha mentorlik tizimi yo'lga qo'yiladi. Shuningdek, investorlar va tadbirkorlar ishtirokida startap forumlari tashkil etiladi.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida joriy yilda universitetni bitirayotgan 3987 nafar talabaning kamida 20 foizi imtiyozli kreditlar olishiga amaliy ko'mak beriladi.
Globallashuv sharoitida yoshlarning ma'naviy immunitetini mustahkamlash, ularni milliy qadriyatlarga sodiq, yuksak ma'naviyatli insonlar etib tarbiyalash alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda universitetda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda bir vaqtning o'zida 300 nafardan ortiq kitobxonni qamrab oladigan zamonaviy tipdagi yangi kutubxona qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026 yilda universitet professor-o'qituvchilari tomonidan o'zbek va qoraqalpoq tillarida 276 nomdagi yangi avlod o'quv adabiyotlari yaratilib, nashr etiladi.
Bugun mamlakatimiz taraqqiyoti yoshlarning bilimli, tashabbuskor va fidoyi bo'lib kamol topishi bilan chambarchas bog'liq. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar nafaqat yangi imkoniyatlar, balki har birimiz uchun yuksak mas'uliyat hamdir.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi mazkur vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib, yoshlarimizning ilm-fan, innovatsiya, tadbirkorlik va ma'naviyat sohalarida yetakchi avlod bo'lib yetishishi uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Chunki bilimli, tashabbuskor va faol yoshlar — Yangi O'zbekistonning eng ishonchli tayanchi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy kuchidir.
Berdiyor JOLLIBEKOV,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat
universiteti rektori.
