Ilm — dunyoning izzati
yoki Urganch davlat pedagogika institutining ta'lim-tarbiyaga e'tibori xususida
Bir yillik rejang bo'lsa — urug' ekishdan boshla, o'n yillik rejang bo'lsa — daraxt ekishdan boshla. Ammo yuz yillik rejang bo'lsa — millat farzandlariga ta'lim ber.
Konfutsiy
Ta'limga qaratilgan e'tibor — bu jamiyat, davlat yoki shaxs tomonidan ta'lim tizimini rivojlantirish, uning sifatini oshirish, imkoniyatlarini kengaytirish va har bir fuqaro uchun ta'limga teng sharoit yaratishga qaratilgan harakatlar majmuasi demakdir. Bugungi kunga kelib, kelajagimiz ertasi bo'lgan yoshlar tarbiyasi, ta'lim olishi va ularning ma'nan yetuk inson bo'lib shakllanishi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va keng ochilayotgan muvaffaqiyat eshiklarining son-sanog'i yo'q, desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Ta'limga qaratilgan e'tibor — millat tamadduni demak. Shu bois bugungi kunda ta'lim-tarbiyaga berilayotgan e'tibor juda kuchli. Fikrimiz isboti sifatida davlatimiz mustaqilligidan oldingi va keyingi yillardagi sohaga oid islohotlar, qarashlar, rivojlanish natijalarini tahlil qilamiz.
Ta'lim sohasida o'qituvchi va pedagoglar, malakali kadrlarni tayyorlash dasturlari yangidan ishlab chiqildi. Mustaqillikdan oldingi yillar va bugungi kunni solishtiradigan bo'lsak, statistikada ham, amaliyotda ham ildamlanish va yuqoriga siljish ancha yuksak. Madaniyat, ta'lim-tarbiya, ilm-ma'rifat, ma'naviyat insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot bag'ishlovchi, kuch beruvchi, ruhiga rohat bag'ishlovchi buyuk bir ne'mat ekani bugungi tezkor, shiddatli va raqamlashtirilgan ilg'or dunyoda yanada yaqqolroq namoyon bo'lishini ko'rishimiz mumkin.
O'zbek xalqining buyuk ma'rifatparvar olimi, pedagog, yozuvchi, shoir, dramaturg va jamoat arbobi Abdulla Avloniy ta'kidlaganlaridek: “Ilm dunyoning izzati. Ilm inson uchun g'oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zeroki, ilm bizga o'z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko'rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o'tkir qilur”. Darhaqiqat, zehn o'tkir bo'lishi uchun ilk yoshdan ruh tarbiyalanmog'i, ilm berilmog'i, ma'naviyat nuri ila sug'orilmog'i darkor. Albatta, buning uchun ustoz va murabbiylar, bir so'z bilan aytganda, malakali va salohiyatli pedagoglarni ko'paytirishimiz va ularga zarur sharoitni yaratib berishimiz eng oliy masalalardan biridir. Vazifamiz: kelajagimiz ertasi bo'lmish ilmli, zukko va jasur yoshlarni tarbiyalash bo'lsa, buni bugundan, hozirdan, maktab yoki ta'lim maskanlaridan emas, oiladan boshlamog'imiz kerak. Bilamizki, sharq mentalitetida oila — muqaddas dargoh, tarbiya o'chog'i kabi so'zlar bilan tilga olinadi. Darhaqiqat, “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, “Ota-ona surat bo'lsa, farzand ularga ko'zgudir” kabi iboralar ham bejizga aytilmagan. Oiladagi muhit, oiladagi tarbiya bevosita rivojlanish va ta'limga boshlang'ich poydevor vazifasini o'taydi. Tadqiqotlar natijasi shuni ko'rsatadiki, bola rivojlanish bosqichlari, ya'ni embrionlik bosqichidanoq sezadi va shakllanib borar ekan. Urug' ham unib chiqmasdan oldin tinim davrini o'taydi. Uning kelajakda yuksak, soyavand bir daraxt bo'lib yetishishida bog'bon parvarishining ahamiyati juda katta.
Maktabgacha ta'lim sohasi asoschisi F.Frebel pedagoglarni — “bog'bon”, ta'lim oluvchilarni esa — “Alloh ekinlari” deya bejizga nomlamagan ekan.
“Jaholatni yo'qotishning yagona yo'li ta'limdir. Agar millat ma'rifatsiz qolsa, kelajakdan umid yo'q”, degan edi o'zbek jadidchilik harakatining asoschilaridan biri, milliy uyg'onish g'oyalarini targ'ib qilgan, xalqni ilm-ma'rifat, milliy o'zlik va taraqqiyot sari yetaklagan ma'rifatparvar muallim Munavvarqori Abdurashidxonov. Zero, biz al-Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Zamaxshariy singari sanasa aytib ado bo'lmas olim-u daholar avlodlarimiz. Ularga munosib avlod bo'lmoq bizga ham farz, ham qarzdir. Yoshlar tarbiyasida, oilada, yoshlarga ilmu saboq berishda ularning o'gitlaridan qanchalik ko'p foydalansak ham o'rinli hisoblanadi.
Rivojlangan mamlakatlar ta'lim tizimi asosida o'qitish, dunyoning top universitetlari qatorida tahsil olish, raqamli texnologiya va gadjetlar bilan ishlash malakalari bugungi zamon yoshlari uchun haqiqat. Endilikda ular bir zamonlardagi kabi taqiqlar ostida emas. Xotin-qizlarga past nazar bilan qarash, ularga har xil cheklovlar qo'yish ham yo'q. Mamlakatimizda gender tengligi, ayniqsa, xotin-qizlarimiz uchun, ularning jamiyatda oliy maqomlarni egallashi uchun sharoitlar yetarli. Oliy ta'limda magistratura bosqichida xotin-qizlar uchun grant kvotalarining joriy qilinishi, to'lov-shartnoma asosida magistratura mutaxassisliklariga o'qishga qabul qilingan xotin-qizlarning shartnoma to'lovlari davlatimiz tomonidan qoplab berilishi, foizsiz kreditlar, nominatsiya va unvonlarning ta'sis etilishi, ayol deputatlarning saylanishi singari imkoniyatlar tenglik tamoyilining amaldagi ifodasidir, desak, xato qilmagan bo'lamiz.
Bir vaqtning o'zida maktab o'quvchilarining bir qancha jahon universitetlariga grantlar yutayotganligi, fan olimpiadalari, sport musobaqalaridagi yutuq va medallarning son-sanog'i yo'q. Yosh avlodga tikilgan investitsiya bu eng samarali investitsiya demakdir. Butun insoniyatni birlik, muhabbat va ma'naviy poklikka da'vat etgan buyuk mutasavvif shoir va mutafakkir Jaloliddin Rumiy hazratlarining: “Ilmsiz inson — yo'lsiz odamdek. Ilm esa insonga yo'l ko'rsatuvchi nurdir”, degan fikrlari ham yoshlarning ilmga bo'lgan qiziqishlariga yo'l ochadi. Shubhasiz, quyosh nuri butun olamga energiya manbai bo'lsa, ilm nuri insonlarga energiya manbai hisoblanadi.
Xulosa o'rnida shuni ayta olamanki, madaniyat, ta'lim-tarbiya, ilm-ma'rifat, ma'naviyat — insonni kamolotga yetaklovchi, unga najot bag'ishlovchi, kuch beruvchi, ruhiga rohat bag'ishlovchi buyuk bir ne'mat ekani bugungi tezkor, shiddatli va raqamlashtirilgan ilg'or dunyoda yanada yaqqolroq namoyon bo'lyapti. Bolaning bir qo'liga g'isht, yana biriga kitob berib, undan tutib turish so'ralganida, u bevosita kitobni tanlayapti. XX asrda avjiga chiqqan jadidchilik harakati bugungi kunga kelib, yetarlicha o'z mevasini bermoqda. Mamlakatimiz Prezidenti, hurmatli yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida: “Eng katta niyatim va orzum — ta'limga yanada katta e'tibor qaratgan holda, bunday iste'dodli hamda sadoqatli yosh muallimlar safini kengaytirish. Shu maqsadda zarur bo'lgan har qanday sharoitni yaratib berishga tayyorman”, degan fikrlarining o'zidan ham bugungi kunda ta'limga va yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni anglash mumkin bo'ladi. Bugungi kundagi yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan to'g'ri va oqilona foydalanilsagina — yoshlarning kelajagiga e'tibor qaratilayotgan bo'ladi.
O'qish, izlanish insonni go'zallashtiradi. Ongini o'tkir, zehnini mustahkam etadi. Oltin zanglamas, deganlaridek, ilmli, bilimli insonlar hamisha el ardog'ida bo'lib qolaveradi.
Shuhrat XUDAYBERGANOV,
Urganch davlat pedagogika instituti
magistratura bo'limi boshlig'i,
pedagogika fanlari
bo'yicha falsafa doktori (PhD),
professor v.b.
