Zamonaviy tendensiyalar va innovatsion yondashuvlar samarasi
Tasviriy san'at insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy va ta'sirchan ifoda vositalaridan biri sifatida inson tafakkuri, his-tuyg'ulari va borliqqa munosabatini badiiy obrazlar orqali namoyon etadi. Rassomlik, haykaltaroshlik, grafika, mahobatli va dekorativ san'at turlari orqali jamiyatning ma'naviy holati, tarixiy taraqqiyoti va madaniy qiyofasi shakllanadi. Tasviriy san'at nafaqat estetik qadriyat, balki ijtimoiy ongni shakllantiruvchi va avlodlar o'rtasida ma'naviy merosni uzviy bog'lovchi muhim mexanizm hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyati nafaqat oliy ta'lim tizimining muhim bo'g'ini, balki milliy san'atni rivojlantirish, uni ilmiy asoslash va xalqaro miqyosda targ'ib etishga xizmat qiluvchi kompleks institutsional model sifatida namoyon bo'lmoqda.
Institut faoliyatida ta'lim jarayoni bilan bir qatorda talabalarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda talabalar yashaydigan ijara xonalarida o'tkazilayotgan o'rganishlar amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, institut rahbariyati boshchiligida tashkil etilgan tashriflar davomida talabalarning yashash sharoiti, moddiy ta'minoti va kundalik ehtiyojlari atroflicha tahlil qilinmoqda. Bevosita muloqot jarayonida ularning muammolari va takliflari tinglanib, ijarada yashovchi talabalar uchun mavjud imtiyozlardan samarali foydalanish bo'yicha tushuntirishlar berilmoqda. Bu esa talabalarning ijtimoiy barqarorligini ta'minlash, ularning ta'lim jarayoniga bo'lgan e'tiborini kuchaytirish va motivatsiyasini oshirishda muhim omil sifatida namoyon bo'lmoqda.
Globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi davrda milliy san'atni asrash va rivojlantirish masalasi alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli platformalar va yangi media vositalari san'atning yangicha shakllarini yuzaga keltirmoqda.
Shu bilan birga, an'anaviy san'at turlarini zamonaviy talablar asosida qayta talqin qilish, ularni xalqaro madaniy makonda targ'ib etish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Bu jarayonlarda oliy ta'lim muassasalarining o'rni hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti mamlakatimizda tasviriy va amaliy san'at, dizayn, san'atshunoslik va muzeyshunoslik sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi ilmiy-ta'lim muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Institut o'z faoliyatida ta'lim, ilmiy tadqiqot va ijodiy amaliyotni uyg'unlashtirgan holda milliy san'at maktabini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
So'nggi yillarda mamlakatimizda san'at va madaniyat sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining tasviriy va amaliy san'atni yanada rivojlantirishga qaratilgan qarori sohada tizimli o'zgarishlarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Ushbu qaror doirasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish kabi ustuvor yo'nalishlar belgilab berilgan.
Xususan, 2026-2027 o'quv yilidan boshlab institutda jahonning yetakchi oliy ta'lim muassasalari standartlariga mos keluvchi yangi ta'lim dasturlari joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu dasturlar talabalarga zamonaviy bilim va ko'nikmalarni xalqaro mezonlar asosida egallash imkonini beradi. Ta'lim jarayonida amaliy mashg'ulotlar, loyiha asosida o'qitish, kreativ fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan usullar keng qo'llaniladi. Natijada bitiruvchilar nafaqat milliy, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh mutaxassislarga aylanadi.
Institutda ilmiy salohiyatni oshirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimi samarali tashkil etilgan bo'lib, san'atshunoslik yo'nalishida ilmiy izlanishlar olib borish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ixtisoslashtirilgan dissertatsiya kengashining faoliyati ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Professor-o'qituvchilar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlarini xalqaro jurnallarda chop etish orqali milliy ilmiy maktabning nufuzi oshirilmoqda.
Shu bilan birga, institutda ijodiy faoliyatni ilmiy faoliyat bilan integratsiya qilishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy etilgan. Jumladan, yuksak badiiy saviyada yaratilgan ijodiy asarlarni monografiyaga tenglashtirish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Bu ijodkor pedagoglarning mehnatini munosib baholash, ularning ilmiy daraja va unvonlarga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv amaliy san'atning ilmiy ahamiyatini oshirish bilan birga, ijodiy izlanishlarni rag'batlantiradi.
Bundan tashqari, institutda tashqi o'rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan, ilmiy daraja va unvonga ega ijodkor pedagog kadrlar (asosiy ish joyi boshqa oliy ta'lim muassasalari bo'lgan xodimlar bundan mustasno) muassasaning ilmiy salohiyatini baholashda inobatga olinadi. Bu yondashuv ilmiy va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, yuqori malakali mutaxassislarni ta'lim jarayoniga jalb etish hamda o'quv faoliyati sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shu orqali ijod va fan sohasida tanilgan tajribali kadrlarni institut faoliyatiga yanada kengroq jalb etish imkoni yaratiladi. Natijada muassasa o'z kadrlar bazasini kuchaytirib, ilmiy-ijodiy salohiyatni oshirgan holda xalqaro reytinglarda yuqori ko'rsatkichlarga erishish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantiradi.
Kadrlar tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan yana bir muhim yangilik — bitiruvchilarga umumta'lim maktablarida faoliyat yuritish imkoniyatining berilishidir. Psixologiya va pedagogika fanlarini o'zlashtirgan bakalavriat va magistratura bitiruvchilariga tasviriy san'at fanidan dars berish huquqi berilishi yosh mutaxassislarni ish bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa ta'lim tizimida san'at fanlarining o'rni va ahamiyatini yanada oshiradi.
Davlat tomonidan ijodiy faoliyatni qo'llab-quvvatlash mexanizmlari ham izchil takomillashtirilmoqda. Ijtimoiy soha ob'yektlari qurilishida badiiy ishlar uchun mablag' ajratish, davlat buyurtmasi asosida tematik asarlar yaratish tizimining joriy etilishi ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. “Yangi O'zbekiston manzaralari”, “Buyuk allomalar” va “Zamon qahramonlari” kabi loyihalar milliy g'oya va qadriyatlarni targ'ib etishda muhim o'rin tutadi.
Institut huzurida tashkil etilgan zamonaviy ko'rgazmalar zali ta'lim va ijodiy jarayonlarni integratsiya qilishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu maskan talabalar, pedagoglar va mustaqil ijodkorlar uchun ochiq platforma bo'lib, turli ko'rgazmalar, ijodiy uchrashuvlar va ilmiy-amaliy tadbirlar o'tkazish imkonini beradi. Ko'rgazmalar zalida yaratilgan zamonaviy infratuzilma asarlarni professional darajada namoyish etish, ularni keng auditoriyaga yetkazish hamda estetik ta'sirchanlikni kuchaytirish imkonini beradi. Yorug'lik tizimi, ekspozitsiya joylashtirish imkoniyatlari va texnik jihozlar ijodiy ishlar mazmunini to'liq ochib berishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari asarlari bilan boshlangan ilk ko'rgazma milliy san'at maktabining davomiyligini ta'minlash, ustoz-shogird an'analarini mustahkamlash va yosh iste'dodlarni qo'llab-quvvatlashda muhim qadam bo'ldi. Shu bilan birga, ko'rgazmalar zali yosh ijodkorlarning o'z asarlarini namoyish etishi, tajriba almashishi va professional muhitda o'zini sinab ko'rishi uchun qulay imkoniyat yaratadi. Bu esa ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, badiiy didini shakllantirish va milliy hamda jahon san'ati an'analariga uyg'unlashgan holda yangi izlanishlarga rag'batlantiradi. Umuman olganda, mazkur ko'rgazmalar zali institut hayotida muhim madaniy-ma'rifiy markaz bo'lib, ta'lim, ilmiy izlanish va ijodiy faoliyatni uyg'unlashtiruvchi samarali platforma sifatida xizmat qilmoqda.
Xalqaro hamkorlik ham institut faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Professor-o'qituvchilarning xorijiy oliy ta'lim muassasalari, muzeylar va galereyalarda malaka oshirishi, qo'shma ilmiy va ijodiy loyihalarda ishtirok etishi milliy san'atni jahon miqyosida targ'ib etishga xizmat qiladi. Bu esa madaniy muloqotni rivojlantirish va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Zamonaviy san'at taraqqiyoti raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog'liq. Raqamli grafika, “3D” modellashtirish, animatsiya va multimedia san'ati kabi yo'nalishlarning rivojlanishi ta'lim jarayoniga ham yangi talablar qo'ymoqda. Institutda ushbu texnologiyalarni o'quv jarayoniga joriy etish orqali talabalarning innovatsion fikrlashi va kreativ salohiyati rivojlantirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, tasviriy va amaliy san'atni rivojlantirish mamlakatning madaniy nufuzini oshirish, milliy merosni asrash va uni jahon hamjamiyatiga taqdim etishda strategik ahamiyatga ega. Bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, ta'lim tizimidagi yangilanishlar, kelajakda yuqori malakali, ijodiy va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti jamoasi ushbu vazifalarni chuqur anglagan holda, milliy san'atni yanada yuksaltirish, uning xalqaro nufuzini oshirish va zamonaviy ijodiy maktabni shakllantirish yo'lida izchil faoliyat olib boradi.
Omonulla SALIXOV,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori.
