Muloqot va diydor zavqi
Tahririyat ijodkorlarni samimiy davraga chorladi
Bahorning ilk nafasi yurtimiz bo'ylab taralayotgan, go'zal bayramlar shukuhi davom etayotgan pallada “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari jamoasi ziyolilar, jurnalistlar, shoiru adiblar, kitobsevarlarni yana bir ijodiy davraga chorladi. Ular O'zbekiston Milliy matbuot markazida tahririyat tomonidan nashr etilgan “Sakkizinchi mo''jiza” kitobining taqdimoti sabab yig'ilgan bo'lsalar-da, uchrashuv bugungi kunimiz shukronasi, dildagi sohaga oid gaplar, bir so'z bilan aytganda, ham diydorlashuv, ham samimiy muloqot maydoniga aylanib ketdi.
O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid KO'ChIMOV tadbirni ochar ekan, aslida, kitob sakkizinchi yoki to'qqizinchi emas, balki hamisha birinchi mo''jiza bo'lib qolishini e'tirof etdi.
— Dunyodagi barcha kashfiyotlar beshigi, ezguliklar bulog'i kitobdir. Usiz na ulug'lik, na buyuklik bo'lmasligi hammaga ayon. Shu ma'noda tahririyatning kitobni ulug'lash bilan bog'liq bu an'anasi ibratli va namunali ekanligini ta'kidlashni istardim, — dedi u. — Bu kitobni varaqlagan odam nafaqat gazetaning bir yillik faoliyatini, balki materiallar orqali Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan katta o'zgarishlarni butun ko'lami bilan tasavvur qiladi, ular bilan tanishadi. Vatanimizdagi eng yirik hodisalardan tortib olis qishloqlarimizda sodir bo'layotgan yangilanishlarni-da yurakdan anglaydi. Eng muhimi, unda so'nggi yillarda o'z so'zi, ovozi bilan o'quvchilarni jalb etib kelayotgan materiallar jamlangan. Ularning har birida boshqa nashrlarda uchramaydigan shakl va o'ziga xos uslubni ko'rish mumkin.
Yozuvchi va adabiyotshunos Qozoqboy YO'LDOSh mulohazalarini bayon etib, kitobdan o'rin olgan ayrim maqolalarga batafsil to'xtalib o'tdi:
— Gazeta ertaga o'z dolzarbligini yo'qotishi mumkin. Ammo ko'p hollarda ularning orasida ertangi kunga ham, kelajak uchun asqatadigan materiallar uchrab qoladi. Tahririyat 8 yildan beri qiziqarli va eskirmaydigan ana shunday maqolalarini kitob holida nashr etib kelmoqda. Ular orasida, albatta, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor”, “Tarix sinovlaridan o'tgan haqiqat” nomli maqolalari e'tiborni tortadi. Ular avvalo siyosiy jihatdan, qolaversa, butun bir millatning dunyoqarashini namoyon etishga harakat qilgani bilan yanada ahamiyatli.
Umuman, kitobdan bugungi davrga, maishiy hayotga, milliy o'ziga xoslikka munosabat aks etgan maqolalar o'rin olgan. Bosh muharrir so'zboshida qayd etganidek, ularda tanqid tahlil bilan uyg'unlashgan. Biz tashabbus va tajriba uchun jamoaga tashakkur aytamiz.
Taniqli jurnalist, “Nuroniy” jamg'armasi Respublika boshqaruvi raisi o'rinbosari Sharof UBAYDULLAYEV tadbir bahona qadrdonlar, do'stlar, yoshlar bilan diydorlashishdan mamnun ekanini yashirib o'tirmadi.
— Bugun biz kitoblarni jamiyatga oshno qilish uchun o'quvchilarga yordam berishimiz kerak, aslida, — dedi u. — Ko'pincha odam ba'zi kitoblarni o'qigisi kelmay qoladi. Lekin shunday asarlar borki, ularni mutolaa qilmaslik mumkin emas. Biz ularni tavsiya qilishimiz, hech bo'lmaganda mundarijasini berishimiz, mualliflarini tanitishimiz kerak, deb o'ylayman.
Men “Sakkizinchi mo''jiza” kitobini shunchaki varaqlab chiqmadim. Ochig'i, bosh ko'tarmasdan o'qidim. Boisi unda e'tirofga arzirli materiallar ko'p. Ishonamanki, bu nashr ham biz, kitobxonlarga ochiq yuz bilan tavsiya etadigan, adabiy dasturxonga mehr bilan tortiladigan aziz ne'matlardan bo'lib qoladi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari, xalqimizning sevimli shoirasi Farida Afro'z tadbirning chin ma'noda ahamiyatiga to'xtalib, quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Bugungi kitob taqdimoti hammamizga ko'nglimizdagi gaplarni aytish, biz sog'ingan, jon qulog'imiz bilan tinglashni istagan fikrlarni eshitish imkonini berdi…
O'tgan yili Belorussiyaga borganimizda, bir vazir: “Dunyoda bashariyat qancha ixtirolar qilgan bo'lsa-da, hali kitob darajasidagi yangilikni yarata olgani yo'q”, degan edi. Haqiqatan ham, mo''jizalar birinchimi, sakkizinchimi bo'lsin, dunyoni hayratga solgan. Qo'limizdagi kitob ham bizga eng yaxshilarini ilinadi.
Vatanni, millatni ziyolilar sevmasa, kim sevadi? Elning tili, yuzi, millatning so'zi — bizmiz. Agar biz jim bo'lsak, gazetalar hech kim o'qimaydigan maqolalarga to'lib ketadi, ularning adadi ham pasayadi. Yaxshi maqolaga hamisha ehtiyojimiz bor. Ularni izlab, bir-birimizga aytib, suyunchilab o'qiymiz. Bunga ehtiyoj katta. Mana, bugun ham kitob bahonasida har birimiz uxlayotgan tuyg'ularimiz, iste'dodlarimizni uyg'otib oldik, desak, mubolag'a bo'lmas.
Adabiyotshunos, publitsist, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov 384 betlik kitobni tom ma'nodagi bir yillik hayotimizning sarhisobi bo'lganini qayd etdi:
— Yaqinda bir gazeta topib oldik. 1957-58 yillarda chop etilgan “Qirg'iziston haqiqati” nomli nashrning 3 yillik to'plami edi. Men o'ylayman, “Ishonch” gazetasi ham yillar o'tib, shunday ko'zga surtib o'qiydigan manbaga aylanadi. Bugun gazetadagi qaysidir ma'lumotga e'tibor qilmagandirmiz, ammo vaqt o'tib, mana shu kitob ham biz uchun ko'p qimmatli axborotlarni asrab beradi. Muhimi, tahririyatda sara narsalar — sut bor, qaymoq bor… Ijodiy jamoa shulardan sara materiallar tayyorlab, bizga taqdim etayotganidan, ulashayotganidan xursandmiz. Gazetaning bunday xayrli tashabbusi bardavom bo'lishiga tilakdoshmiz.
“Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri Mirodil Abdurahmonov esa sohadagi o'zgarishlar va “Ishonch”ning bu boradagi o'rni haqida so'z yuritdi:
— Yaqingacha matbuotimizda “tarmoq gazetalar” degan gap bor edi. 2-3 ta gazeta markaziy, qolganlari “tarmoq” hisoblanardi. “Ishonch” bu so'zni lug'atimizdan chiqarib tashladi. Italiya qonunchiligida tashabbus ko'rsatmaganlik uchun jinoiy javobgarlik bor. Bu qiziq paradoks. Ammo bizda hali ham 80-yillar ruhi bilan yashayotgan gazetalar bor. Bir tomondan gazeta o'qimaydigan rahbarlar paydo bo'lib, davriy nashrlar obro'sizlantirilgan bo'lsa, boshqa tarafdan bunga o'zimiz ham sababchimiz. Boshidan oxirigacha qolip jumlalar bilan to'lgan maqolalar o'quvchini qaytaradi. “Ishonch”ning bugun ana shu qoliplardan chiqib, har bir sohani noodatiy rakurslarda yoritishga harakat qilayotgani, albatta, tahsinga loyiq. Albatta, “Sakkizinchi mo''jiza” kitobi ham ana shunday tashabbuslarning bir bo'lagi ekanidan xursandmiz. Xayrli va ezgu ishlarda ularni qo'llab-quvvatlab, keng imkoniyatlar yaratib berayotgan muassisga ham alohida tashakkur aytamiz.
Taqdimotda boshqa ustoz jurnalistlar, jamoaning qadrdon do'stlari ham iliq fikrlarni davom ettirib, davraga yanada fayz ulashishdi. Tabriklar, quvonchli onlar galdagi tadbirga ulanib ketdi…
Yig'ilganlarning aksariyati O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar kengashi qoshidagi Shaxmatga ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Ishonch” gazetasining 35 yilligi munosabati bilan ijodkorlar va jurnalistlar o'rtasida tashkil etilgan shaxmat musobaqasida ishtirokchilar safidan joy ham olishdi. Musobaqaga sport maktabi murabbiylari Anvarjon Mirzaabdullayev va Bahora Egamberdiyeva hakamlik qildi.
MA'LUMOT O'RNIDA…
2026 yil 21 mart kuni O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligidagi “Ishonch” gazetasi chop etila boshlaganiga 35 yil to'ldi.
1991 yil 21 mart kuni nashrning ilk soni chiqqan bo'lsa, bugunga qadar 5 ming 250 dan ortiq soni chop etildi. Tahririyatda o'ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Jamoa zamon bilan birga qadam tashlab, konvergent tahririyat sifatida o'zini namoyon etishga intilmoqda. Media markazda Ishonch.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari — “Telegram” kanali, “Youtube” platformasi uchun videokontentlar tayyorlanib, bu orqali gazetada yoritilgan mavzular yanada kengroq yoyilishiga ham erishilmoqda. Bugungi kunda “Telegram”da 100 ming, “Instagram”da 60 ming, “Youtube”da esa 50 mingdan ortiq kuzatuvchisi bor. Videokontentlar orasida bir necha yuz mingdan million-milliongacha ko'rilgan sahifalar mavjud. Media markazda tayyorlanayotgan ko'rsatuvlar esa markaziy telekanallarda namoyish etilyapti.
“Sakkizinchi mo''jiza” kitobi 2025 yilda gazetada chop etilgan eng sara maqolalar jamlangan to'plam bo'lib, unda muhim voqea-hodisalardan tortib, jamiyatni o'ylantirgan muammolar, ularga jurnalistlarning yondashuvi, mas'ullarning bu chiqishlarga qay darajada e'tibor qaratayotganini ko'rishingiz mumkin.
Tezkor shaxmat bo'yicha o'tkazilgan o'yin keskin kurashlar ostida kechdi. O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri, professor Akbar Nurmatov uchinchi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Sanjar Toshpo'latov ikkinchi o'rinni qo'lga kiritishdi. Shoir Talantbek Primovga birinchi o'rin nasib etdi.
G'oliblar va barcha ishtirokchilarga tahririyatning diplom hamda esdalik sovg'alari topshirildi. Ular bu tadbir mehr-oqibatning bir ko'rinishi, asosiy faoliyati yozib-chizish bilan o'tayotganlar uchun aqliy gimnastika ekanini ta'kidlashdi.
Zokirjon ALIBEKOV,
jurnalist.

