Uyg'oq ko'ngil izhorlari

“Maftuningman” filmida samolyotda ikki kishi suhbatlashib ketmoqda.

Bittasi illyuminatordan qarab so'raydi:

— Qaer ekan?

— Bilmadim, tanish joylar.

— Bekobod-ku. O'z yurtingizni bilish kerak, uka.

 

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, “Do'stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Mustaqillikning 10 yilligi va 20 yilligi ko'krak nishonlari sohibasi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo'minovaning “Bu kunlarni she'r qil, shoirim” kitobi keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Kitobdan shoiraning publitsistik maqolalari, esselari va bugungi kun nafasi ufurib turgan o'tli she'rlari joy olgan. Bu publitsistik kitobda Jizzaxning ­“Manas”idan Qoraqalpog'istonning Mӯynog'i, Bӯzatovi, Shumanayigacha, Xo'qandi latifdagi hunarmandchilik festivali, atlas festivali, Xorazmdagi qovun sayligacha, Tuproqqal'aning eng chekka mahallasi “Sarimoy”dagi kitob karvoni jozibasigacha, Qashqadaryoning baland tog' qishlog'i G'ilongacha, qachonlardir “Borsa kelmas” deb nom olgan sahro-yu cho'llar, poytaxtdan 1200 km g'arbda joylashib, hozirda yopilib ketgan Jasliqdan ham olisroqdagi “Karakalpakiya” deb nomlangan uzoq manzillargacha, shuningdek, hozirgi yangiliklar, jannatning bir bo'lagidek taassurot qoldirgan harbiy shaharchadagi maktab o'quvchilarining bilimdonligigacha tasvirlangan.

Zulfiya Mo'minova shu yilning iyun oyida bir guruh ijodkorlar bilan Bekobod tumaniga kitob bayramiga bordi. Bir kunda 6 ta maktabga 600 dona kitob sovg'a qilindi. Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov Zulfiya Mo'minova bilan suhbatda “Opa, anchadan buyon yangi kitob chop ettirmayapsiz?” — deb so'raydi.

Zulfiya opa sukut saqlaydi. Opaning sukutidan so'ng hokim: “Siz Yurtboshimiz boshlagan ortga qaytmas islohotlar haqida: “Bu kunlarni she'r qil, shoirim”, deb yozasiz-u, kitob chop etilmay qolarmidi?” deya shirin lutf qiladilar. Shu bir og'iz shirin sӯzdan ikki oy o'tib, ushbu kitob dunyo yuzini kӯrdi. Kitobdan Bekobod haqida uchta maqola o'rin olgan. Zaynilobiddin aka yangi kitob bilan tabriklar ekan: “Birinchi taqdimotni, albatta, Bekobodda ӯtkazamiz”, deb aytgan edi. Va'daga vafo qilindi. Ilk taqdimot Bekobod tumanida o'tkazildi. Taniqli olimlar, yozuvchi-shoirlar, san'atkorlar ishtirok etgan tadbir juda zo'r o'tdi. Tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov tadbirni ochib, mehmonlarni birma-bir tanishtirar ekan, Zulfiya Mo'minova haqida iliq fikrlarni aytdi. Kitobga kiritilgan maqola, esselarda aks etgan dilnomalar shunchaki tuyg'ular emas, balki ijodkorni ruhlantirgan voqea-hodisalarning chuqur tahlili va ilhomi ifodasi ekanligini, kitobdan joy olgan o'nlab maqolalarning uchtasi bevosita Bekobod tumanidagi istiqlol odimlariga bag'ishlanganidan faxrlanishini bildirdi.

Taqdimotda so'zga chiqqan olim Abdurashid hoji Hasanov Zulfiya Mo'minovaning publitsistik maqolalarini boshidan to kitobning so'nggi sahifalarigacha bosh ko'tarmay o'qib chiqqani, kitobning o'zigina emas, unga yozilgan so'zboshi-taqrizgacha juda o'qishli, faktlarga boy ekanini ta'kidladi. Olim va shoir To'lqin Eshbek kitobga kiritilgan maqolalarning aksariyati O'zbekistonning turli viloyatlariga birgalikda safar qilgan paytlari yozilib, ­dunyoga kelganiga guvoh bo'lgani uchun ularni “Yo'lchiboy” deb atasa ham bo'laverishini ta'kidladi.

“Shoira jonajon Vatanimiz, farovon hayotimiz, bugungi osoyishta kunlarimizni ulug'lash orqali insonlarda yaratuvchanlik, go'zallik va muhabbatga intilish, buyuk ishlar qila olishga ishonch hissini paydo qiladi. Muallifning satrlari mazmunida bir dam bo'lsa-da, tushkunlik kayfiyatini sezmaysiz. Aksincha, har qanday holatni u saboq, hayotiy bir maktab nishonasi deb qabul qiladi va o'quvchiga ham shunday tarzda yetkazib berishga intiladi. Ayni paytda maqolalarda ajdodlar, yon-atrofdagilar, yurtdosh, qishloqdosh, sinfdosh, qarindosh-urug', do'st-birodar, qo'ni-qo'shnidan tortib, umuman, inson degan tabarruk bir martabaga mansub zot borki, unga hurmat, e'tibor, mehr, saxovat nazari bilan qarash ezgulikka tomon yo'l ochishi haqidagi falsafa singdirilganligi sezilib turadi”, dedi To'lqin Eshbek.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Qobilbek Karimbekov, shoira Farog'at Xudoyqulova kitob haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdilar. Iste'dodli xonanda Sardor Bekmurodov Zulfiya Mo'minova she'ri asosida yaratilgan “Bolaga kitob bering” qo'shig'ini ijro etdi.

Taqdimotda so'zga chiqqan shoir Olloyor Begaliyev “Zulfiya Mo'minova yoshligida yulduz edi, endi she'riyatimizning to'lin oymomosiga aylandi”, dedi va she'r o'qidi:

 

“Shu'la”ning yulduzi edi,

bugun she'riyat oyidir.

Zulfiya qayga bormasin,

ardoqli bo'lgan joyidir.

Savlatli jussada pinhon

jamalak soch qizaloq bor,

Ijodiga obihayot tutgan

Narpayning soyidir.

 

Elimizning suyukli shoirasi Zulfiya Mo'minova 1959 yili Narpay tumanida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini 1985 yilda tamomlagach, qator yillar “Saodat” jurnalida, “Sport” gazetasida, Sergeli tumani hokimligida, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining “Ta'lim muammolari” jurnalida turli lavozimlarda ishlagan. Ayni paytda “Nuroniy” gazetasida mehnat qilmoqda.

Shoiraning dastlabki she'riy to'plami 1988 yilda “Vatan tashlab ketmaydi” nomi bilan nashr etilgan. Shundan keyin “Beshiklarni asragin, dunyo”, “Samoga sochilgan yulduzlar”, “Istiqlol — oltin gulim”, “Yonayotgan ayol”, “Qudratli yurtimga”, “Azizim, baxtiyorman”, “Birinchi o'qituvchim”, “Nikoh shartnomasi”, “Ayolga baxt bering”, “Bir kun dars qoldirgan bir umr pushaymondir” kabi kitoblari o'quvchilar qalbidan joy olgan.

“Bu kunlarni she'r qil, shoirim” (publitsistik maqolalar, esselar, she'rlar) to'plami shoiraning navbatdagi ijodiy tuhfasi. Bu salmoqli kitob chop etilishida adabiy maslahatchi va nashr homiysi bo'lgan zabardast publitsist, siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori Laziz Rahmatovga minnatdorchilik izhor etsak arziydi.

To'plamga so'zboshi yozgan filologiya fanlari doktori Shohsanam Davronovaning “Uyg'oq ko'ngil izhorlari” sarlavhali maqolasida alohida qayd etilganidek, ijodkor jamiyatning nigohi o'tkir, qalbi qaynoq, ruhi uyg'oq vakilidir. U she'riy, nasriy yoki dramatik asarlar yozar ekan, insoniyatning o'tmishi, bugunini tahlil va talqin etadi va hattoki kelajagi to'g'risida ham bashoratlar qiladi. Shu bilan birga kishilarni adabiyot deb atalgan o'tkir vosita orqali tarbiyalash imkonini qo'lga kiritadi.

So'zimiz avvalida sevimli kinofilmimizda aytilgan ikki og'iz so'zni bejiz keltirmadik. Yurtimiz madh etilgan, dildan bitilgan bunday kitoblarni zamondoshlarimiz albatta bilishi, o'qishi kerak.

Sharofiddin TO'LAGANOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 9 =