Javohirlar xazinasi

Kitob — hayot hikmatlarini o'rgatuvchi javohirlar sandig'i. Kitobga bo'lgan mehr-muhabbat esa, albatta, bolalikdan uyg'onadi.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning to'rtinchisi – Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha tizimli ishlarni tashkil etishda, kelajagimiz bo'lgan aziz bolajonlarimizning ma'naviy ­dunyosini boyitish, zamonaviy texnika-texnologiya rivojlangan bir paytda kitobga bo'lgan qiziqishini va mehrini oshirish maqsadida 101 yillik tarixga ega “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” rukni ostida “Akыlduu chaban”, “Tumshug'idan ilingan tulki”, “Tulkichaning sarguzashtlari”, “Oltin tarvuz”, “Xurmacha polvon”, “To'g'riso'z Ahmad”, “Savodxon jo'ja”, “Nilsning yovvoyi g'ozlar bilan ajoyib sayohati” kabi kitoblarning taqdimot marosimi o'tkazildi.

Bolajonlarimiz dunyoqarashining shakllanishida ertaklarning xizmati beqiyos ekanligini inkor etib bo'lmaydi. Kichkintoylar ertaklarning sehrli olamiga sayr qilish orqali murg'ak tafakkurlarida haqiqiy hayot haqida tasavvur qilish bilan birgalikda jajji qalblarida ezgulikka muhabbat va yovuzlikka nafrat hissini tuyadilar.

Ertaklar yillar o'tsa-da, asrlar o'tsa-da o'zining bebaho qiymatini yo'qotmaydigan ma'naviy ozuqadir.

Taqdimotni “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosh muharriri Azimboy Boboniyazov nashriyotning 101 yillik tarixi, ko'plab chop etilgan kitoblarning kitobxonlar e'tirofiga sazovor bo'layotgani haqida so'z yuritib ochib berdi. Shuningdek, nashriyot direktori Xushnudjon Mahmudov “Akыlduu chaban”, “Tumshug'idan ilingan tulki”, “Tulkichaning sarguzashtlari”, “Oltin tarvuz”, “Xurmacha polvon”, “To'g'riso'z Ahmad”, “Savodxon jo'ja”, “Nilsning yovvoyi g'ozlar bilan ajoyib sayohati” kabi kitoblarni tayyorlashda mehnati singgan ilm ahlini muborakbod etib, kelgusidagi ishlarida kuch-quvvat tiladi. Bolalar adabiyotiga bag'ishlangan ushbu marosimda Qirg'iz Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi madaniyat attashesi Albina Suvonkulova, O'zbek-Qirg'iz do'stlik jamiyati raisi Zuhriddin Isomiddinov, O'zbekistondagi Qirg'iz Respublikasi milliy madaniy markazidan Anora Jabborovalar o'zbek xalq ertaklarining eng saralaridan to'plab, qirg'iz tiliga tarjima qilingan “Akыlduu chaban” kitobining nashr etilishi qirg'iz tilida tahsil oluvchi bolajonlarimiz uchun yozgi ta'tilga munosib sovg'a bo'lganini ta'kidlab o'tishdi. Shuningdek, tadbir davomida “Tumshug'idan ilingan tulki”, “Tulkichaning sarguzashtlari”, “Oltin tarvuz”, “Xurmacha polvon”, “To'g'riso'z Ahmad”, “Savodxon jo'ja” kabi kitoblarning muallif va to'plovchilari ham o'z fikr-mulohazalarini ishtirokchilar bilan o'rtoqlashdilar. “Akыlduu chaban” kitobining tarjimoni Buruloy Dushanovaning ta'kidlashicha, bu kitob mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari orasida bag'rikenglik, hamjihatlik va totuvlik rishtalarini yanada rivojlantirish, jumladan, qirg'iz xalqining ma'naviy merosi, madaniyati, urf-odatlari, an'analarini yosh avlodga yetkazishda xizmat qiladi.

O'zbek xalq ertaklaridan tashkil topgan “Oltin tarvuz” kitobining to'plab, nashrga tayyorlovchisi La'lixon Igamova, “Nilsning yovvoyi g'ozlar bilan ajoyib sayohati” kitobining tarjimoni Ochil Tohir o'z ma'ruzalarida “Ertaklar bolajonlarimiz qalbiga ezgulik urug'ini qadaydi, ular orqali yaxshilikning g'alabasiga, ­dunyoda muhabbat va adolat ustuvor bo'lishiga ishontiradi. Sadoqat, vatanparvarlik, halollik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat kabi tuyg'ularni shakllantiradi. Biz tarjimonlar ertaklarni bolajonlarimiz uchun qaysi tildan tarjima qilsak ham o'zimizning milliy mentalitetimizga moslashga harakat qilamiz. So'z javohirlarini tanlab, barchaga birdek tushunarli bo'ladigan sara so'zlardan foydalanamiz. Toki ular ertaklarni o'qiyotganlarida qiyinchilik tuymasinlar, ma'nosini anglab yetishlari oson bo'lsin”, deb yosh tarjimonlarga o'z maslahatlarini berib o'tdilar.

Tadbir davomida turli xil muzokaralar va fikr almashishlar bo'lib o'tdi. Taqdimotda ishtirok etayotgan barcha mehmonlarga “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan kitoblar sovg'a qilindi. Ingliz yozuvchisi Frensis Bekon ta'kidlaganidek “Kitob zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va o'zining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasidir”. Umid qilamizki, ushbu taqdimoti o'tkazilgan kitoblar ham uzoq yillar davomida kelajak avlodlarimizga ma'naviy ozuqa berishda beqiyos xizmat qiladi.

Maxmuda YaKUBDJANOVA,

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosh muharrir

o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 1 =