Daxldorlik tuyg'usi bilan
O'zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda dendrologiya bog'larini tashkil etish g'oyasi ekologik barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan.
Albatta, bular natijasida shaharlarda “yashil belbog'”lar paydo bo'ladi, cho'llanish va tuproq eroziyasining oldi olinadi, bioxilma-xillik saqlanadi, kelajak avlod uchun sog'lom tabiiy muhit yaratiladi.
To'g'ri, so'nggi yillarda millionlab ko'chatlar ekish ishlari amalga oshirildi, hududlarda yangi bog' va yashil hududlar tashkil etildi, davlat va jamoatchilik hamkorligi kuchaytirildi.
Jumladan, biz yashayotgan Urganch shahrini bog'lovchi halqa yo'li bo'yida “Kasaba uyushmasi bog'i”ning barpo etilishi ayni muddao bo'ldi. Bugun mazkur xiyobon aholining barcha qatlami — yoshu qari uchun so'lim va go'zal bir maskanga aylandi.
Eng muhimi, vohamiz iqlim sharoitida shahar va qishloqlar ko'chalari, maydon va xiyobonlari bo'ylab ekilgan dov-daraxtlarni, yashilliklarni parvarish qilish va yozning issiq kunlarida qurib qolmasligi uchun astoydil harakat qilish zarur.
Qisqacha aytganda, hududlarda dendrologiya bog'larini barpo etish tashabbusi “Yashil makon” loyihasining muhim qismi bo'lib, u nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Men ham bu harakatga o'z hissamni qo'shayotganimdan xursandman. Mo''jazgina bog'imiz bor. Unda yigirmadan ortiq mevali daraxtlar va butalar, o'ndan ziyod turli gullarni ekib, parvarish qilyapman. Zero, barcha insonlar bu umummilliy harakatga “labbay” deya javob berishi zarur.
Davlatimiz rahbarining ko'chat ekish shaxsiy tashabbusi yurtimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, shahar va qishloqlarimizni yanada obod va ko'rkam qilish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi va barchani birdek ruhlantirdi.
Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'chat ekish tadbirida ishtirok etishi barcha darajadagi insonlarga kuch-quvvat bag'ishladi va hammani, shak-shubhasiz, shu ona tabiatga daxldorlik tuyg'usi bilan yashashga da'vat qildi. Zero, bu kabi tadbirlar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi, balki aholi, ayniqsa, yosh avlod qalbida tabiatga mehr va mas'uliyat tuyg'usini shakllantiradi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlari davomida turli xil manzarali va mevali daraxtlar o'tqazilib, shahar va qishloqlarimiz infratuzilmasiga yangi nafas baxsh etilmoqda. Yashil hududlarning kengayishi havoning tozalanishiga, iqlimning yumshashiga hamda inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslar jamoatchilikni birlashtirib, hamjihatlik va hamkorlik ruhini mustahkamlaydi.
Bugun mamlakatimiz bo'ylab davom etayotgan xayrli va ezgu tadbirlardan ruhlangan holda, har bir fuqaro o'z hududida daraxt ekish, ularni parvarish qilish orqali tabiatga o'z hissasini qo'shishi juda muhimdir. Negaki, kelajak avlod uchun sog'lom va go'zal muhit yaratish — barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Shu jihatdan ko'chat ekish tashabbusi yurtimizda ekologik barqarorlikni ta'minlashda, yashil makonlarni ko'paytirish va xalq farovonligini oshirishda, saodatli kunlarni, go'zal va musaffo muhitni yaratishda katta ahamiyatga egadir.
Bu ezgu va xayrli ishlar bardavom bo'lsin. Jamoamiz — har birimiz qalblarda daxldorlik tuyg'usini mustahkam joylab, el-yurt tinchligi va farovonligi yo'lida shubhasiz xizmat qiladigan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarida faol ishtirok etamiz, o'z hissamizni qo'shamiz.
Dilbar BEKChANOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Xorazm viloyati bo'limi raisi.
