Zomin tog'larini YuNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritish tashabbusi muhokama qilindi

O'zbekistonning doimiy vakolatxonasi ko'magida YuNESKO Butunjahon merosi markazi hamda O'zbekiston Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi vakillari o'rtasida onlayn muloqot tashkil etildi.

Ushbu onlayn uchrashuv “Zomin tog'lari” tabiiy hududini YuNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritish bo'yicha nomzodlik hujjatlarini tayyorlash jarayonlariga bag'ishlandi.

Muhokamada asosiy e'tibor nomzodlikni tayyorlashning ilmiy, texnik va tashkiliy jihatlariga qaratildi. Tomonlar hujjatlarni xalqaro talablar va YuNESKOning belgilangan mezonlariga to'liq muvofiq holda shakllantirish zarurligini alohida ta'kidladi. Shu bilan birga, taqdim etilayotgan materiallarning hududning tabiiy xususiyatlari va ekologik ahamiyatini to'liq va xolis aks ettirishi muhim ekani qayd etildi.

Uchrashuv davomida YuNESKO Butunjahon merosi markazi nomzodlar bo'limi rahbari Alessandro Balsamo hamda ushbu bo'lim mutaxassisi Tyago Lopes O'zbekiston tomonidan tayyorlangan dastlabki materiallarga yuqori baho berdi. Ular “Zomin tog'lari” hududining o'ziga xos tabiiy landshaftlari, biologik xilma-xilligi, o'simlik va hayvonot ­dunyosi boyligi hamda uning tabiiy merosini alohida e'tirof etdi.

YuNESKO ekspertlari O'zbekiston tomoniga nomzodlikni tayyorlashning barcha bosqichlarida uslubiy va ekspertlik ko'magini ko'rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Shu munosabat bilan ular Butunjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to'g'risidagi Konvensiya hamda uning qo'llanmasi talablariga muvofiqlashtirish bo'yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Muloqot chog'ida nomzodlik hujjatlarini yanada takomillashtirish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda ilmiy asoslarni kuchaytirish bo'yicha qator taklif va tavsiyalar ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O'zbekiston va YuNESKO o'rtasida “Zomin tog'lari” nomzodlikni tayyorlash borasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar ushbu tabiiy hududni YuNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritishga qaratilgan keyingi amaliy vazifalarni belgilab oldi.

“Dunyo” AA,

Parij shahri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 11 =