Zahiriddin Muhammad Bobur merosining zamonaviy tadqiqi va targ'ibi: Xalqaro tajriba va milliy yondashuv
14 fevral — Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
Buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur O'rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida o'ziga xos o'rin egallagan adib, shoir, olim bo'lishi bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bu yil Bobur tavalludiga 543 yil to'ladi.
So'nggi yillarda O'zbekistonda buyuk tarixiy shaxslar merosini chuqur o'rganish va ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati va ijodiy merosini ilmiy jihatdan tadqiq etish, boburshunoslik fanini yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu jarayonlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va qo'llab-quvvatlashi bilan qabul qilingan qaror va farmoyishlarda o'z ifodasini topmoqda.

Bobur podshoh merosini nafaqat milliy, balki xalqaro ilmiy maydonga olib chiqishga xizmat qilish yo'lida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi, mana, 30 yildan oshibdiki, boburshunoslik fanining yetakchi targ'ibotchilaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Fond tashabbusi bilan Bobur Mirzo siymosini abadiylashtirish va uni munosib e'tirof etish maqsadida 2025 yil 14 fevral kuni buyuk vatandoshimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari tavalludiga bag'ishlab “Boburshunoslikning yangi ufqlari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkil etilgan bo'lib, anjuman doirasida bir qator boburshunos olimlar va adiblarning sohaga doir ma'ruzalari tinglanib, Bobur va Boburiylar hayoti va faoliyatiga doir 2024 yil davomida e'lon qilingan yangi nashrlar taqdimotlari ham bo'lib o'tgan edi.
G'urur va faxr bilan ta'kidlash joizki, shoh va shoir Bobur hazratlarining orzulari, kurashlari va g'alabalari biz uchun bebaho ilhom manbai, jasorat va ilm timsolidir. Andijon davlat universitetida ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Bobur Sher o'g'li tomonidan O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yo'lbarsning tug'ilishi” nomli hikoyasi asosida Jamoat xavfsizligi universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan qisqa metrajli tarixiy-badiiy filmning anjuman doirasidagi namoyishi boburshunos olimlar hamda universitet talabalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Namoyishdan so'ng Bobur va uning davri haqidagi ilmiy ma'lumotlar va tarixiy voqeliklar borasida mutaxassis olimlarning fikrlari tinglandi.
“Bobur oyligi” munosabati bilan Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi hamkorligida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondida “Bobur hayoti va ijodi” mavzusida ilmiy-amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Anjumanda bir qator davlat, jamoat arboblari, yurtimiz va xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan boburshunos olimlar, yozuvchi hamda shoirlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Ma'lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi jahon tarixiy-adabiy tafakkurida alohida o'rin egallaydi. Uning ilmiy, adabiy va siyosiy faoliyati nafaqat tarixiy manba sifatida, balki zamonaviy ilmiy izlanishlar uchun ham muhim tadqiqot ob'yektidir. Bugungi kunda boburshunoslik fani yangi bosqichga ko'tarilib, yosh tadqiqotchilarni ushbu sohaga jalb etish, xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.
Bobur merosini yosh avlod nigohida talqin etish va ilmiy davomiylikni ta'minlash maqsadida Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida 2025 yilning 17 dekabr sanasida “Bobur ijodiy merosi yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusida ilmiy seminar ham tashkil etildi. Zero, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining zamonaviy ilmiy tadqiqotlar doirasida o'rganilishi bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tadbir boburshunoslik sohasida yosh olimlarning ilmiy qarashlari va izlanishlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan muhim ilmiy platforma bo'ldi.
Seminarda bir guruh yosh tadqiqotchilar bilan bir qatorda taniqli olimlar — professorlar Omonulla Bo'riyev, Abdumajid Madraimovlarning ekspert sifatidagi ishtiroklari seminarga o'zgacha shukuh bag'ishladi. Tadbirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti talabalari va professor-o'qituvchilari faol qatnashib, mazmunli ilmiy ma'ruzalarni tingladilar.
Mazkur ilmiy seminar yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy maktab vazifasini o'tabgina qolmay, tadqiqotlarda Bobur merosining zamonaviy talqinlari, yangi metodologik yondashuvlar va fanlararo tahlil usullaridan foydalanilayotgani kuzatildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, ularning ilmiy faoliyatiga rag'bat berildi.
Seminarning muhim jihatlaridan biri AQShdagi Indiana universiteti professori Akram Habibullayevning ishtiroki bo'ldi. Negaki, uning Bobur merosiga oid ilmiy mulohazalari boburshunoslikning xalqaro miqyosdagi dolzarbligini yaqqol namoyon etdi. Seminar doirasida fondning Indiana (AQSh) bo'limi tashkil etilishi esa boburshunoslikning global ilmiy maydondagi istiqbolini yanada kengaytirish barobarida davlatlar va millatlararo do'stlik rishtalarini mustahkamlash, o'zaro ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga ham xizmat qilishiga ishonamiz.
Ana shu maqsadlarni ko'zlagan holda fond o'z bo'limlari bilan yaqin aloqada bo'lib kelmoqda. Turkiya, Pokiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon bo'limlarining faoliyati alohida e'tirof etishga arziydi. O'tgan yili fondning Germaniya bo'limini ochganligimiz ham bizni ulkan manfaatli ishlarni amalga oshirishga umidlantiradi. Hindistonlik mashhur olim, Javoharlal Neru universiteti professori Axloq Oxun bilan ham Hindistonning Dehli bo'limi tashkil etilib, ular bilan o'zaro ilmiy aloqalar yo'lga qo'yilgan. Jumladan, o'rta asrlardagi Boburiylar tarixi tadqiqoti bilan shug'ullanuvchi professor olimalar: Indira Gandi nomidagi Dehli milliy universiteti professori Abxa Singx hamda Jamiya Miya universitetining professori Nishaat Manzarning Andijon shahriga tashkillashtirilgan tashriflari, shuningdek, Dehli milliy muzeyining qo'lyozmalar bo'limi rahbari Xatibur Rahmonlar bilan yo'lga qo'yilgan aloqalar fikrimizning yorqin dalilidir.
Fond nafaqat xorijiy, balki viloyatlardagi o'z bo'limlari bilan ham doimo aloqada. Ayniqsa, Qoraqalpog'iston bo'limi rahbari Yangiboy Qo'chqorovning yil davomida Bobur ijodiyotini targ'ibu tashviq qilishdagi faoliyati alohida tahsinga sazovor. Yosh va izlanuvchan olimimiz Faxriddin Nosirjonov boshchiligidagi fondning yoshlar bo'limi hamda fondning Jizzax bo'limi rahbari Hulkaroy Ne'matovalarning fond faoliyatini targ'ib qilishdagi xizmatlari, tashkil etilayotgan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar, ilmiy-amaliy seminarlar o'quvchi va talabalar o'rtasida ilmiy qiziqishlarni rivojlantirishga, milliy merosni hurmat qilishga va tarixiy shaxslar haqida chuqurroq tushuncha hosil qilishga yordam beradi.
Umuman olganda, fond bir necha yillardan buyon O'zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan ham hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan. Bu hamkorlik, ayniqsa, Xalqaro boburshunoslik ilmiy elektron platformasining yaratilishida o'z aksini topadi. Platformada jahon va O'zbekiston olimlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar, maqolalar va ilmiy ishlanmalar o'zbek, rus va ingliz tillarida jamlandi.
“Baburid.uz” domeni ostida faoliyati tashkillashtirilgan mazkur platforma boburshunoslikni raqamli muhitga olib chiqish, xalqaro ilmiy muloqotni kuchaytirish va yosh tadqiqotchilar uchun ochiq ilmiy makon yaratish imkonini bermoqda.
Fond doimo Bobur podshoh hayoti va faoliyatini targ'ib qilish borasidagi ilmiy-adabiy, publitsistik va boshqa ko'rinishdagi faoliyat turlarini qo'llab-quvvatlaydi va doimo bu borada o'z imkoniyatlarini safarbar etib kelgan va kelmoqda.
Taniqli boburshunos olim Vahob Rahmonov tomonidan nashrga tayyorlangan Bobur hazratlarining “Taqte'” risolasi, Buxoro davlat universiteti olimlari Shavkat Hayitov va Mahbuba Muhammadovalar tomonidan nashrga tayyorlanayotgan “Boburiy va Shayboniy ijodkorlar talqini” nomli monografiyalar so'zimizning isbotidir. Arabshunos olim Shokirxon Rustamxo'jayev tomonidan tayyorlanayotgan “Boburshoh asarlari tilining izohli lug'ati”ga “Boburnoma”da ishlatilgan so'z va iboralardan tashqari, “Aruz”, “Volidiya”, “Mubayyin”, “Muxtasar” va “Devon” kabi asarlaridagi hozirgi zamon kitobxoniga tushunish murakkab bo'lgan so'z, ibora va jumlalar ham kiritilgan.
Albatta, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” — fundamental tadqiqotdir.
Bobur merosini tizimlashtirish yo'lidagi eng muhim qadam bu — boburshunoslik tarixidagi eng yirik loyihalardan biri — “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” deb ayta olamizki, ushbu ensiklopediya ustida qariyb 15 yildan buyon mamlakatimiz va xorijlik yetuk olimlar hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “O'zbek, rus, ingliz tillarida Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasining yangi nashrini yaratish” nomli qo'shma grant loyihasi 2024 yil 24 sentyabrda belgilangan talablar asosida tasdiqlandi. Bu loyiha Bobur merosini kompleks, tizimli va ilmiy asosda yoritishga xizmat qiluvchi fundamental manba sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugunga qadar ikki nashri chop etilgan ensiklopediyaning uchinchi, to'ldirilgan nashri hamda uning ingliz va rus tillaridagi tarjimalari ustida jadal ishlar olib borildi va bu ezgu ish yana davom etmoqda.
Hammamizga ma'lumki, fond faoliyatining asosiy negizini fond tomonidan uyushtirilgan ekspeditsiyalar tashkil etadi. Fond tomonidan tashkil etilgan qariyb 40 ga yaqin xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar Bobur va Boburiylar tarixiga oid yangi manbalarni aniqlash, qo'lyozmalar va nodir hujjatlarni o'rganishga xizmat qilmoqda. Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh va boshqa davlatlar bilan yo'lga qo'yilgan ilmiy aloqalar boburshunoslikning transmilliy xarakter kasb etayotganini ko'rsatadi.
Bu yil ham ensiklopediya nashri doirasida Hindiston davlatiga uyushtirilgan safar judayam mahsuldor bo'ldi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Safar doirasida Hindistonning Dehli, Haydarobod, Aligarx va Agra shaharlarida bo'lib, Bobur va Boburiylarga doir qimmatli ma'lumotlar to'plandi, yangi asarlar qo'lga kiritildi. Qo'lga kiritilgan ma'lumotlar nashr etilajak ensiklopediyada o'z aksini topadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati va ijodiy merosi Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo va jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o'rin egallaydi. Bobur nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki yuksak badiiy tafakkur egasi, tarixchi va manbashunos sifatida ham tanilgan. Uning “Boburnoma” asari tarixiy-huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va geografik jihatdan bebaho manba bo'lib, bugungi kunda ham ilmiy tadqiqotlar markazida turibdi.
Ta'kidlash joizki, bugungacha “Boburnoma” asari o'ttizdan ortiq tillarda chop etildi. So'nggi yillarda italyan, qoraqalpoq tillarida nashr etilayotgan ushbu asar xitoy va uyg'ur tillarida qayta nashrdan chiqarildi. Bu nashrlar bobomiz Bobur podshoh faoliyati dunyo miqyosida dolzarb o'rganilayotganligidan dalolatdir. Asarning qardosh turkman, qirg'iz, tojik tillarida ham nashrdan chiqishi kutilmoqda. Shu o'rinda aytish kerakki, fond O'sh davlat universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolab, ayni paytda “Boburnoma”ning qirg'iz tiliga tarjimasi borasida o'zaro hamkorlik qilmoqda. Yaqindagina fond tomonidan tashkillashtirilgan “Bobur-tur” doirasida fond va muzey xodimlarining bir nechta vakillari qo'shni Qirg'iziston davlatining O'sh va O'zgan shaharlarida bo'lishib, bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Arab, qirg'iz-kirill va turkiy transliteratsiya asosida amalga oshirilajak ushbu nashr nafaqat qirg'iz tiliga tarjima, balki tanqidiy matn ko'rinishida amalga oshirilishi ham ko'zda tutilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo merosining markazida turgan “Boburnoma” asari bugungi kunga qadar o'ttizdan ortiq tillarga tarjima qilingan. Ushbu asar tarix, adabiyot, geografiya, etnografiya va madaniyatshunoslik nuqtai nazaridan noyob manba sifatida baholanadi. Asarning tanqidiy matn asosida tarjima qilinishi zamonaviy boburshunoslikda manbashunoslik madaniyatining yuksalayotganidan dalolat beradi.
Xullas, yil davomida uyushtirilgan bu kabi madaniy tadbirlar, ilmiy-amaliy seminarlar va tashkil etilgan taqdimotlar Bobur merosining faqat tarixiy emas, balki bugungi madaniy, ilmiy va ma'naviy hayot bilan uzviy bog'liqligini ko'rsatadi. Bu kabi jarayonlar esa boburshunoslik fanining uzluksizligini ta'minlash, ilmiy an'analarni davom ettirish, Bobur va Boburiylarga oid qimmatli merosni kelajak avlodlarga yetkazish yo'lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bobur podshoh nomini ulug'lovchi, uning go'zal sifatlari va fazilatlarini yoshlar o'rtasida targ'ib qiluvchi bu kabi tadbirlar esa yil bo'yi yana davom etishini istardik.
Zokirjon MAShRABOV,
Bobur nomli xalqaro jamoat
fondi Vasiylik kengashi raisi,
Xolida ShAMSIYEVA,
Fond kotibiyati mudiri.
