Onam — hayotim chirog'i

Onam — hayotimdagi eng muqaddas, eng aziz inson. Bu dunyoda kimdir meni chin yurakdan, beg'araz sevsa, u ham bo'lsa onamdir. Uning mehrini so'z bilan ifodalash qiyin, chunki onaning qalbi — cheksiz dengiz kabi.

 Men hali kichkina bo'lganimda, onam meni bag'riga bosib, tunlari uxlamay chiqardi. Chekka qishloqda turganimiz uchun ham qishda ko'chalarimiz loy bo'lib ketardi, yurishga qiynalardim. Onam jajji qo'llarimdan ushlab, maktabgacha olib borardi. Kasal bo'lsam, o'zi qiynalsa ham menga sezdirmasdi. Har doim mening quvonchimni o'z quvonchidan ustun qo'yardi. Hozir onamdan ancha uzoq shaharda yashayman, nimadandir siqilsam yoki jonim og'risa, aytmasam ham darrov sezadi. Endi tushunyapman: onalik mehri chegara bilmas ekan. Onamning qo'llari oddiy qo'l emas: u qo'llarda mehr bor, sabr bor, hayot bor. Onamning ko'zlariga qarasam, unda butun umrini bizga bag'ishlagan ayolni ko'raman. U har kuni biz uchun tinmay mehnat qiladi, lekin hech qachon charchadim demaydi. Ba'zida o'zimdan so'rayman: qanday qilib onalar shunchalik sabrli bo'la oladi?

Onam mening ustozim hamdir. U menga faqat hayotni emas, balki odamiylikni, mehr-shafqatni, sabr qilishni o'rgatdi. Har bir nasihati mening hayot yo'limda chiroq bo'lib yonadi.

Afsuski, biz ba'zida onamizning qadriga yetmaymiz. U yonimizda bor paytda uning mehrini oddiy hol, o'zi shunday bo'lishi kerak, deb qabul qilamiz. Ammo bir kun kelib, uning qanchalik bebaho ekanini yanada chuqurroq anglaymiz…

Men onamni juda yaxshi ko'raman! Uning borligi — mening eng katta boyligim. Agar imkonim bo'lsa, uning har bir qilgan yaxshiligini ming barobar qaytarmoqchi bo'laman. Lekin, bilaman, ona mehrining o'rnini hech narsa bosa olmaydi.

Onam — mening duolarimda, yuragimda, har bir nafasimda. U bor ekan, men baxtliman.

Zulfiya ShOBERDIYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o'zbek tili va

adabiyoti universiteti

4-bosqich talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =