Jadidshunos jurnalist
Jurnalistning ma'lum bir sohaga ixtisoslashishi bor gap. Ayni paytda “ixtisoslashish” jurnalistni o'zi tanlagan, yoqtirgan soha, mavzuni bir qadar mukammal o'rganishga majburlaydi. Ya'ni, bugun qaysidir tumanda ish boshlagan yangi sanoat korxonasi haqida informatsiya, ertaga esa deputat bilan uchrashishdan lavha, indinga ilg'or fermer to'g'risida ocherk qoralaydigan “qirq qo'lli” jurnalistlardan farqli o'laroq, tanlagan mavzusiga chuqur kirib borish, qahramoni yashagan davr, siyosat “ob-havosidan nafas olish”iga to'g'ri keladi.
So'nggi yillarda jadidlar harakati mavzusi old qatorga chiqdi: OAVlarda bir asr ilgari yurtimizni ma'rifatga undab, shu orqali istiqlolga erishish orzusida yashagan jadid bobolar hayoti, ijodi, fojiali umrlari izchil yoritila boshladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Jadid” gazetasi tashkil qilinib, qisqa fursatda o'z o'quvchilarini topdi.
…Bundan o'ttiz besh yillar oldin — mustaqillik ostonasida yosh jurnalist Sharqiya Eshchonovani Rustam Sultonov yo'qlaydi va unga bir shaxs haqida maqola yozishni tavsiya qiladi. Rustam Sultonov Xorazmning keyingi deyarli yetmish yillik davrida turli lavozimlarda ishlagan, quruvchi sifatida bir qator yirik sanoat korxonalari qurilishiga bosh bo'lgan, sobiq sho'ro davrida viloyat markazi ijroqo'mi raisi, istiqloldan keyin Urganchning birinchi hokimi bo'lib ishlagan inson. To'qsonni qoralab qolgan bu inson haliyam faol: “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limiga rahbarlik qilmoqdalar.
Sharqiya Eshchonova jurnalistik faoliyatida keskin burilish yasagan o'sha uchrashuv haqida shunday xotirlaydi: “Rustam aka mendan “Maryam Sultonmurodova haqida eshitganmisiz?” deb so'radilar. Chalaroq eshitganimni aytdim. “Hayoti fojiali kechgan shu ayol menga yaqin qarindosh bo'ladilar. Sizga uning Xorazmda va Toshkentda yashayotgan farzandlari manzillari va telefon raqamlarini beraman. Ularda juda ko'p e'lon qilinmagan ma'lumotlar bor. Shularni o'rganib, biror narsa yozsangiz. Mustaqillik shunga imkon beryapti-ku axir!” dedilar. Maryam Sultonmurodova shaxsiga qiziqishim shundan boshlangan…”
Shu o'rinda Maryam Sultonmurodova haqida muxtasar eslatishga to'g'ri keladi.
1914 yilda Xiva xonligida “Yosh xivaliklar” harakati tuziladi. Harakat tuzilishiga jadidlar ta'siri juda kuchli bo'lgan. “Yosh xivaliklar” harakati yetakchilari orasida jadidlar ko'pchilikni tashkil qilgan. Bu harakat 1918 yilda xonlik o'rnida Xorazm Xalq Respublikasini tuzadi. Yangi respublikaning ilk rahbarlaridan biri mulla Jumaniyoz Sultonmurodov edi.
Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov jadidlar boshlagan ezgu amaliyot — yoshlarni xorijda o'qitish an'anasini izchil davom ettirish tarafdorlaridan edi. U bu ishni qizlarini chetga o'qishga yuborish orqali boshqa ilmga chanqoq yoshlarni ruhlantirgan.
Mulla Jumaniyoz Sultonmurodovning 1905 yilda tug'ilgan to'ng'ich qizi Maryam 1922-1928 yillarda Germaniyaning Myunxen shahrida tahsil oladi. Tahsil olish jarayonida rus, nemis, fransuz tillarini ham o'rganadi.
O'qishdan qaytgach, bir muddat Xorazmda, so'ng Toshkentda turli vazifalarda — xotin-qizlar sho''basida, “Guliston” jurnallarida ishlaydi.
U 1937 yil 13 fevralda NKVD tomonidan qamoqqa olinadi va unga “Germaniyada o'qigan vaqtida “Ozod Turkiston” tashkilotiga a'zo bo'lgan” degan siyosiy ayb qo'yiladi. Soxta ayb bilan qamalgan ayolning o'n yilga yaqin umri Qozon, Suzdal shaharlaridagi hibsxonalarda va Kalimadagi “Dalstroy” lagerida o'tadi.
Qamoq muddatini o'tab Xorazmga qaytgach, birorta gazeta yoki jurnalga ishga olishmagach, o'z tug'ilgan qishlog'i — Chandirqiyotda oddiy hamshira bo'lib ishlab, yetim qolgan bolalari tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lish majburiyatida qoladi.
1949 yil 29 mart kuni u qayta qamoqqa olinib, oldingi jazo muddati uchun asos bo'lgan soxta ayblovlar bilan yana qatag'on tegirmoniga tushib ketadi.
Stalin vafotidan so'ng olib borilgan “ilimiliq” siyosat zamonida ozodlikka chiqadi. Garchi oldin ikki marta qamalganida qo'yilgan ayblar soxtalashtirilgan deb oqlangan bo'lsa-da, o'zi sevgan jurnalistlik kasbida ishlashiga ruxsat berilmaydi.
Xorijda tahsil olgan xorazmlik birinchi jurnalist ayol umrini o'z qishlog'ida hamshiralik qilib, oila tebratish bilan yakunlaydi…
Sharqiya Eshchonova avvalida bo'lg'usi qahramonining farzandlari bilan uchrashib, sho'ro qatag'oni umrini payhon qilgan mard va iqtidorli ayol haqida tuman va viloyat gazetalarida maqolalar e'lon qiladi.
“Maryam Sultonmurodovaning Urganchda yashayotgan o'g'li Omon aka bilan gurunglarimiz asnosida ilk ocherkimni yozdim. Ammo bir ocherkda qahramonim siyrati va suratini to'liq ochib bera olmaganimni, qolaversa, janr bunga imkon bermasligini anglab yetdim va izlanishlarimni davom ettirdim. Vaqti kelib, bu izlanishlarim Maryam Sultonmurodova haqida risola va kitoblar yozishimga turtki berdi”, deya eslaydi Sh.Eshchonova.
Sh.Eshchonovaning “Umr yo'llarida” risolasi Maryam Sultonmurodova haqida chop qilingan ilk kitob edi. Keyinchalik viloyat va respublika arxivlarida oylab manbalarni izlash, qahramoni bilan o'sha uzoq — 30-yillarda birga ishlagan hamkasblari esdaliklarini yig'ish, farzandlari qo'lida saqlanayotgan asarlari, xatlari va boshqa hujjatlarni tadqiq qilish “Chiroq ko'targan ayol” kitobi dunyoga kelishiga zamin yaratdi. Bu kitob bir necha marta rus va o'zbek tillarida chop etilgan.
Muallif bundan tashqari, Maryam Sultonmurodovaning shaxsiy hayotida ro'y bergan fojialarni badiiy aks ettiruvchi “Chin muhabbat qissalari” kitobida qahramoni bilan umr yo'llarini bog'lagan yana bir jadid Vois Karimiy o'rtasidagi haqiqiy sevgini yovuz tuzum musibatga aylantirganini mohirona tasvirlagan.
Fidoyi jurnalist Sharqiya Eshchonova o'ttiz yildan ortiq davrda Maryam Sultonmurodova haqida mahalliy matbuotda o'nlab maqolalar chop qildirdi, ma'rifatga intilib, umrini sho'rolar barbod qilgan ayolning 90, 100 yillik mavlud sanalari tantanali nishonlanishi jarayonlariga bosh bo'ldi.
Qisqasi, jadidshunos deb haqli ravishda ta'riflanishga loyiq tinib-tinchimas jurnalist Sharqiya Eshchonovaning Maryam Sultonmurodova hamda unga hamfikr, hammaslak, hamtaqdir bo'lgan zamondoshlari — jadidlar harakatiga qo'shilgan, ulardan ruhlangan o'nlab tarixiy shaxslar haqida yozgan risola, kitoblari hajmi yuz bosma taboqdan oshadi (o'tgan yili Maryam Sultonmurodova haqida suratga olingan filmda tasvirlangan voqealarning aksari Sh.Eshchonovaning ko'p yillik izlanishlari samarasida ochiqlangan ma'lumotlardan iborat ekanligini ham eslatib o'tish o'rinli).
Sh.Eshchonova oyda bir bora chop qilinayotgan “To'maris” jurnali muharriri bo'lib ishlash bilan bir vaqtda, hali-hamon umri mazmuniga aylangan mavzudan uzoqlashgani yo'q. M.Sultonmurodova haqidagi tarixiy roman ustida ishlayapti. Qahramoni hayotiga oid yangi manba va ma'lumotlar to'plashda davom etmoqda.
Ro'zimboy HASAN,
O'zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari
a'zosi, “Do'stlik” ordeni sohibi.
