Mehnatdan baxt topgan inson
yoki tajribali telejurnalist Muhammadjon Maqsudovning ibratli hayot yo'li haqida
Iymon-e'tiqodli kishi yomonlikning har qanday ko'rinishlaridan hazar qiladi. Undan qo'lini ham, tili va dilini ham uzoq tutadi. Bunday kishilar Yaratgan oldida o'zlarining insoniylik burchlarini xolisona va to'la-to'kis bajaradilar.
Ko'nglim tubida va tilimda nomlarini doimo e'zozlab, o'z kasb-koriga sidqidildan ishlab, el e'tibori va hurmatini qozonib kelayotgan, saxovatli mehnatlari tufayli davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo'layotgan ana shunday safdosh va kasbdosh ukalarimning sarasi haqida so'z yuritish kaminaga faxr, g'urur, mamnuniyat va huzur bag'ishlaydi.
O'tgan asrning oltmishinchi yillari ikkinchi yarmi. O'sha yillari O'zteleradiokomitet tizimida Toshkent shahri va viloyati aholisi uchun eshittirishlar bosh tahririyatini tashkil etish va uni boshqarish vazifasi kaminaning zimmasiga yuklatildi (keyinchalik bu tahririyat “Toshkent teleradiokanali”ga aylantirildi. Afsuski, “O'zbekiston-24” teleradiokanali tashkil etilishi bilan bu tahririyat izsiz yo'qoldi. Xayriyatki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 noyabrdagi qaroriga binoan, Toshkent viloyati teleradiokanali — “Nurafshon TV” tashkil etildi).
“Toshkent” tahririyati ishlarini puxta tashkil qilib, eshittirishlarimiz tinglovchilar e'tirofiga sazovor bo'lishiga erishgan chog'imizda kaminani sobiq “Sanoat” tahririyati bo'limiga boshliq etib tayinlashdi. Bu tahririyatda ham qator tashkiliy ishlarni olib borishga to'g'ri keldi. Bo'lim “Sanoat, qurilish, transport va aloqa xodimlari uchun eshittirishlar Bosh tahririyati”ga aylantirildi. Oltmishinchi va saksoninchi yillar oralig'ida respublikamizda ulkan sanoat korxonalari, suv omborlari, Qarshi, Surxon, Jizzax va Sirdaryo cho'llarini o'zlashtirish, kanallar qurilishi avj oldirilib, “Zarbdor qurilishlar” nomini olgan edi. Buning uchun tahririyat ishlarini kengaytirish ustida ham ish olib borildi. “O'ZBEKISTON IShChISI” hamda “UZBEKISTAN INDUSTRIALNЫY” dasturlari tashkil etildi. Bu radiojurnalimiz tez kunda mashhurlikka erishdi. Ba'zi kunlari to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi. Eshittirishlarda Mehnat Qahramonlari, yozuvchi va shoirlar, san'atkorlar bevosita ishtirok etishardi. Natija yaxshi, eshittirishlarimiz radio tizimida o'z o'rnini topdi, qiziqishlar kuchaydi. Hatto yon qo'shni respublikalardan hamkasblarimiz kelishib, tajribalarimizni o'rganib ketgan kunlar ham bo'ldi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining talabalari amaliyotlarini o'tkazadigan maskanga aylandi. Tahririyatimizda ishlash istagini bildiruvchilar ham ko'payib qoldi.
Buning yana bir sababi, tahririyatimizda ko'pni ko'rgan tajribali jurnalistlar ishlashardi. Abdukarim Abduazimov, Muzaffar Saidov, Boris Itkin, Stella Slivkina, olovqalb yoshlardan Komiljon Karimjonov, Muxtor Murotov va boshqalar talaba-yoshlarga o'z tajribalarini o'rgatar edilar. Eshittirishlarimizda elga tanilgan fantast yozuvchi Hojiakbar Shayxov, taniqli jurnalistlar bo'lib yetishgan Muhammadjon Obidov, Habibulla Olimjonov, Sunnat Saydulloyev, O'zbekiston xalq artistlari Sherali Jo'rayev, G'ulomjon Yoqubov, Nuriddin Haydarov, Jo'raxon Rahimov va boshqalar o'zlarining maqola va lavhalari, ishchilarni ruhlantiruvchi qo'shiqlari, tabriklari bilan qatnashganlar.
1974 yilning yoz oylari edi. Rahbarimiz Rasul aka Rahmonov, yozuvchi Meli Normatovlar bilan poytaxtimizdagi Oloy dehqon bozoriga borib, uzumxo'rlik, anjirxo'rlikni odatga aylantirgan edik. Tushlikdan birgalashib qaytib, endigina xonaga kirgan edim, xizmat telefonim jiringlab qoldi.
— Abdusamad, tushlikni hazm qilish kerak, xonamga tushsangiz, — deb qoldi rahbar telefonda.
“Xo'p bo'ladi”, dedim-da, oyoqni qo'lga olib, ikkinchi qavatga yugurib tushdim. Rahbar xonasida jussasi kichikroq, qora qosh, qora ko'z, bug'doyrang, qotmadan kelgan yigitcha bilan suhbatlashib o'tiribdi. Xonaga kirishim bilanoq mehmon yigit o'rnidan dast turdi-da, salom berdi.
— Bu yigit o'zimizning dorilfununda o'qib, jurnalist bo'lmoqchi ekanlar, — deya mamnun so'z boshladi rahbar. — Bizni kutib turgan ekan ukamiz. Suhbatga kirishdik. Mana bu umumiy daftarda yozgan mashqlariga ko'z yugurtirdim, durust. Keksalarimiz aytishadi-ku, “boqsa odam bo'ladi”, deb. Sizga o'xshaganlar o'z bag'riga olsa, radio yana bir bilag'on kadrga ega bo'ladi.
Rasul Rahmonovich yana bir qator hazilomuz gaplarni aytib, “kadr” taqdirini kaminaga yukladi. Biz yetaklashib tahririyat tomon ko'tarildik. Yo'l-yo'lakay savol-javob davom etdi.
— Uka, asli qaerdansiz?
— Namangandan, Yangiqo'rg'on tumanining Bekobod qishlog'idan.
— Oho, o'zimizning jannatmakon vodiydanman, deng. Bog'-rog'lar, go'zal maskandan ekansiz. Ismingizni ham so'ramabman.
— Muhammadjon Maqsudov. Kunduzgiga ball yetmay qoldi, kechki bo'limga olishdi, — xomush tilga oldi u.
— O'ksinmang, men ham ishlab o'qiganman, tezda ish o'rganasiz. Lekin ishni gazetalardan boshlasangiz, o'zingizga ko'proq foydali bo'ladi. Chunki gazeta jurnalistni yozuv-chizuvda, ayniqsa, tahrir sohasida charxlaydi. Kamina ham “O'zbekiston ovozi” (avvalgi “Sovet O'zbekistoni”), “Toshkent haqiqati” singari gazeta tahririyatlarida dastyorchilik qilganman. Lekin bolalikdan radioning ohanrabosiga oshuftaligim shu dargohga boshlab kelgan, — dedim.
— Mening ham maqsadim radiojurnalist bo'lish.
— Niyatingizga yeting, uka, radioning katta qozonida qaynab, toblaning…
Suhbatimiz tahririyatda ham davom etdi, erinmasdan xodimlar bilan tanishtirib, yo'l-yo'lakay umumiy daftar sahifalariga ko'z yugurtirib chiqdim. Studiya va montajxonalarda ovoz yozish, montaj qilish jarayonlari bilan tanishgach: “Ishni mana shu studiyalardan boshlashga yordam bering”, — deb qoldi.
— Bu gapingiz ham ma'qul. Hujjatlarni tayyorlab, rahbarlar bilan maslahatlashamiz. Radio uyida ish o'rni topamiz. Ham shu yerda ishlab, tahririyatimizda hamkorlik qilaverasiz, — deb ishga kirishdik.
1974 yilning avgust oyida Muhammadjon Maqsudovning mehnat faoliyatida dastlabki sahifa boshlandi. O'zbekiston radiosiga operator qilib ishga olindi. Kamgap, kamtarin, mehnatkash bu yigit kasbiga mehr qo'yib ishlashi, chaqqonligi tufayli jamoada hurmat qozondi hamda eng yaxshi mutaxassislardan biriga aylandi. Shu bilan birga, ovoz yozish apparatini ishlatishni miridan-sirigacha puxta o'rganib, bizning topshiriqlarimiz bilan joylardan suhbatlar, intervyular uyushtira boshladi. O'z navbatida tahririyat xodimlari ham o'z yordamlarini ayamadilar.
Uzoqni ko'zlab ish tutuvchi ukamiz o'qishni ham amaliyot bilan birga olib bordi. Diplom olish vaqti hali borligiga qaramay, O'zbekiston radiosi tizimida yaqindagina tashkil etilgan “Mash'al” (hozirgi “Mahalla” kanali) radiostansiyasiga kichik muharrir qilib o'tkazildi. Metall quyish sexlari singari eshittirishlar oqimi to'xtovsiz davom etadigan bu jamoadagi dastlabki harakatlari, yashash sharoiti ham e'tiborimizda bo'ldi, hamkorligimiz yanada mustahkamlandi.
Yozuv-chizuvlar endigina yo'lga qo'yilgan kezlarda Muhammadjon harbiy xizmatga chaqirildi. Dastlab Turkmanistonning cho'lu biyobonlaridagi harbiy qismda chiniqdi. Armiyaning temir intizomida toblandi. O'zining xulqi, xizmatga sadoqati, ishchanligi hamda qobiliyatliligi bilan qo'mondonlikning nazariga tushdi. Ko'p o'tmay Toshkent shahrida joylashgan sobiq Turkiston harbiy okrugi (okrug Qozog'iston va O'rta Osiyo respublikalari harbiy qismlariga qo'mondonlik qilgan)ning nashriyot hamda bosmaxonalarida ishlashga chaqirildi. Okrugning noshirlari qatorida yelkama-elka xizmat qilish bilan birga “Mash'al” radiostansiyasidagi hamkasblari davrasida ham tez-tez bo'lib turishni kanda qilmadi.
Ikki yillik harbiy xizmat ko'z ochib yumganday o'tdi-ketdi. U xizmatdan qaytgan kuniyoq huzurimga kelib: “Ustoz, zimmaga yuklatilgan yigitlik burchimizni ham bajardik. Navbatdagisini nimadan boshlashim lozimligi to'g'risida maslahatga kirdim. Lekin niyatim Namanganga qaytish”, — deb qoldi.
— Avvalo, harbiy xizmatni a'lo darajada yakunlaganingiz bilan tabriklayman. Ikkinchidan, Namanganga qaytish qochmaydi. Xo'p desangiz, radioda boshlagan ishlaringizni davom ettiring. Hali o'rganganlaringizdan ancha bor, — dedim.
— Gapingiz to'g'ri, shunday fikr aytishingizni bilgan edim. Lekin qishloqda padari buzrukvorim keksayib qoldilar. “Ko'zimning tirigida boshingni ikkita qilib, nabiralarimni bag'rimga bosay”, deydilar har gaplarida.
— Ota-onalarimiz bizni deb oromini yo'qotishadi. Lekin Toshkentga olib kelasiz, musofirchilik tuz-namagini ham ko'rsin. Ammo sizda yashirinib yotgan salohiyat borligini ichimdan sezaman. Iste'dodingizni poytaxtda charxlang, — deya uzoq suhbatlashdik. — Mayli, ish boshlashdan avval qishloqqa ham borib keling.
Muhammadjon minnatdorchilik bildirib, shu kuniyoq “qo'nog'i” tomon otlandi. Qishloqda biroz ushlanib qolganidan tashvishga tushdim. Otasi Toshkentga qaytishiga ruxsat bermadi, shekilli, degan o'y-xayollar o'tdi boshimdan. Yo'q, ko'zlari yonib, labida tabassum bilan qaytdi. Tezlikda “Mash'al”ga muharrir bo'lib joylashdi, yugur-yugur davom etdi.
Studiya yoki montajxonalarda suhbatlashib qolamiz. Amalga oshirayotgan ishlarida biror nuqs sezilmaydi. Nazarimda, o'z niyatiga noil bo'lganday ko'rinadi. Lekin biror sirni aytolmaganidan xijolatligini sezaman. “Sodda siri tilida, pismiq saqlar dilida”, deganlariday, mendan bir gapni yashirayotganday his qilaman.
Kunlar o'tib, o'zi yorilib qoldi.
— Ustoz, qishloqdan kelganimdan buyon bo'lib o'tgan voqeani aytolmay yuribman, — yerga qarab so'z boshladi. — Xizmatdalik paytimda dadam o'zlarining yaqin do'stlari bilan quda bo'lishga kelishib qo'ygan ekanlar. Aslida, bu qizga maktabda o'qib yurgan davrimdayoq ko'ngil qo'ygan edim. Hozir Namangan davlat universitetini tugallayapti. Unashtirib, fotiha to'yini o'tkazishdi.
— Juda yaxshi ish bo'libdi, ukajon, baxtli bo'ling. Bu to'g'rida sizga aytganlarim ijobat bo'libdi. Belni yanada mahkamroq bog'lab ishlaysiz. Buyuk Abdurahmon Jomiy aytganlariday:
Bulut bo'l! Yomg'irlar sochuvchi bulut!
Gulu yantoqlar bari olsin sendan qut!
Uqdingiz, menimcha, endi ishlang, o'rganing, lekin ilm olishni, mashq qilishni kanda qilmang, — dedim-da, mamnun xonamga qaytdim…
Oradan ko'p vaqt o'tmay, Muhammadjon jamoada radioeshittirishlari bilan tanildi. Shu orada to'y ham bo'lib o'tdi. Gaplarim yerda qolmadi. Kunlarning birida xonadonimga umr yo'ldoshi Manzuraxon bilan yetaklashib kirib kelishdi. Mehr-oqibatli qirq yillik umr yo'ldoshim Muborakxon hoji ona (oxirati obod, cheksiz yaxshiliklari o'ziga jannat bog'larida soyabon bo'lsin) yosh kelin-kuyovni o'z farzandlariday kutib oldi va bag'rikenglik bilan o'z muruvvatini ayamadi. Oilaviy bordi-keldi keyinchalik ham davom etdi.
1982 yilning erta bahori edi. Kamina dasturlar direksiyasidan “So'nggi axborot”ga bosh muharrir qilib o'tkazilgan ilk kunlarim, xonam eshigi doimo lang ochiq turardi. Ish bilan bo'lib, xonamga Muhammadjon kirib kelganini ham sezmay qolibman. Yelkasida ovoz yozish reportyori, qo'lida bir dasta qog'oz. Odatdagiday, biror joyga shoshayotganga o'xshaydi.
— Xizrni yo'qlasam bo'lar ekan, sizni chaqirmoqchi bo'lib turuvdim. Aqllisiz-da, o'z oyog'ingiz bilan kirib keldingiz. Tinchimaysiz-da, ukajon, — dedim mamnun.
— Mening ham ko'nglim sezgan, shekilli, eshigingiz ochiq ekan, bosib o'tolmadim. “Mash'al”ga “Bahor” ansamblidan reportaj yozdim. Shuning montajini tugatib qaytyapman.
— “Bahor” go'zallarining jamolidan bahramand bo'libsiz-da, baraka toping, — deya uning ishini ma'qulladim. — Qisqaroq variantini “So'nggi axborot”ning kechki eshittirishlariga moslab bering.
— So'zingiz yerda qolmaydi, ustoz. Lekin bir maslahat bilan kirdim. Toshkentda sakkiz yil yashab, o'qib, ishlab, yigitlik burchimizni bajardik, hisob. “Programma”ning dastlabki minimumini amalga oshirdim. Endi navbat Namanganga. Sababi, otamiz keksayib qoldilar, keliningiz esa og'iroyoq. Quda-qudag'aylar qaytishimizni qisti-qafasga olishgan. Ilojsiz ularning qistovlariga rozi bo'ldik. Kamina esa sizning yaxshiliklaringizni unutmayman. Sizdan o'rganganlarimni qaerda ishlasam qo'llayman. Sizga katta rahmat. Poezd bileti yonimda, fotiha bersangiz bo'ldi, — dedi.
To'satdan uning bunday gaplarini eshitib, butun vujudim zirqirab ketdi, ko'zimdan yosh sirqiraganini ham sezdim. Nahotki bu yigitga shunchalik mehr qo'ygan ekanman, endi sezdim. Es-hushimni yig'ib, qo'l ochdim: “Allohim, kamolotga erishayotgan ukajonimning kelgusidagi ishlariga ham madadkor bo'lgin, o'zing yaratding, o'zing panohingda asra. Kelinimiz Manzuraxon bilan qo'sha qarib, mo'min-qobil farzandlar bergin, yo'llarini ravon qilgin”, deya otalarcha duo qilib, uni bag'rimga bosdim.
…Ha, Alloh istagimizga ko'ra uning omadini bera boshladi. Gullar yurtiga qaytishi bilanoq “Namangan haqiqati” viloyat gazetasining “Targ'ibot” bo'limiga mudir etib ishga qabul qilindi. Uch yil ichida gazetachilikning ham maqomini egalladi, zamon talabiga mos maqolalari bilan ko'zga ko'rindi.
Mana o'ttiz yildan oshdiki, shu lavozimda ishlab, teleradioning moddiy-texnikasini mustahkamladi, ajoyib ijodkor jamoani shakllantirdi. Qimirlagan qir oshar, deganlariday, 1984 yili Namanganning so'lim Yangiariq bo'yida qurib bitkazilgan vodiyda yagona “Radio uyi” qayta ta'mirlandi. Uning sa'y-harakatlari bilan viloyat teleradiokompaniyasi uchun barcha qulayliklarga ega qo'shimcha telemarkaz binosi tiklandi. Telemarkaz Germaniyaning “Siemens” dasturiga binoan “SX” televideoapparaturalari bilan ta'minlandi.
Radio viloyat teleradiokompaniyalari orasida birinchi bo'lib 2004 yiliyoq “G'M” tizimiga ulandi. 2015 yilda esa teleradiokanal zamonaviy raqamli formatga o'tib ishlashni yakunladi. Avvallari kuniga ikki soatgina eshittirishlar berilgan bo'lsa, hozir “Oltin zamin” radiokanali orqali kuniga 18 soatlik eshittirishlar tinglovchilar hukmiga havola etilyapti.
Viloyat televideniesi 1990 yilning 17 oktyabrida bir soatlik ko'rsatuvni o'ta qiyinchilik bilan efirga uzatgan edi. Bugungi kunga kelib ko'rsatuvlar hajmi 18 soatdan ham oshib ketdi. Kamina mahalliy teleradioeshittirishlar boshqarmasida boshliq bo'lib ishlagan yillarimda boshqa viloyatlarga qaraganda yaqin hamkasb ukam rahbarlik qilayotgan Namanganda tez-tez bo'lib turar edim. Yashirmayman, bu ish Muhammadjonning ko'nglimga yaqin bo'lganligi tufayli bo'ladi. Teleradioda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan hayratda qoldim. Radio uyi butunlay zamonaviy qayta ta'mirlanibdi. Deyarli har bir xodimga alohida xona, kompyuter va boshqa apparaturalar, mebel jihozlari muhayyo etilgan. 2000 yili foydalanishga topshirilgan to'rt qavatli yangi telemarkazni aytmaysizmi? Markaz butunlay yangilangan.
Ha, hayratdaman. Bularni ko'rib turib, kompaniya raisiga savol berish, so'rab-surishtirishga tilim kalimaga kelmay qoldi. Binolarni tomosha qilib, raisning xonasida bir piyola yaxna choyni ho'plaganimdan so'ng o'zimga keldim-da, unga murojaat qildim.
— Muhammadjon, haqiqatan ham bu maskanda amalga oshirilgan ishlar behisob. Ko'p emas, o'n yillar chamasidagi o'zgarishlarni o'zingiz aytmasangiz, kamina nihoyasiga yetolmayman. Menimcha, endi markaziy televideniedan qolishmaydigan teleapparaturalar majmuasiga ega bo'libsizlar, tabriklayman. Demoqchimanki, bu apparaturalar yordamida Namangan hududida o'tkaziladigan rasmiy, madaniy uchrashuvlar, forum va festivallarni to'g'ridan-to'g'ri markazga, undan xorijiy davlatlarga translyatsiya qilish mumkin.
— To'g'ri aytdingiz, buning uchun 8 kamerali ko'chma televizion stansiya keltirildi. Avvalgi “SD” videokameralari o'rniga “HD” formatda tasvirga oluvchi videokamera hamda kabelsiz mikrofonlar bilan ta'minlandik. 2020 yili esa mobil “SIM” kartalar orqali yurtimizning istalgan joyidan to'g'ridan-to'g'ri efirga chiqish imkoniga ega “awires” qurilmasi hamda bevosita “VPN” bilan ishlovchi texnik qurilmalar sotib olindi. Esingizda bo'lsa, xalqaro gullar festivali, futbol va boshqa sport musobaqalari, qator rasmiy anjumanlar Namangan televideniesi orqali butun respublikamizga uzatildi.
— Muhammadjon, uzr, gapingizni bo'laman. Anavi ko'rkam bino ham sizlarga qarashlimi? Radio uyiga qo'shni qilib qurilibdi.
— Bu bino juda qisqa muddatda qurib bitkazildi. 450 kvadrat metrlik studiya mediamarkazi, qurilish-montaj ishlariga deyarli 9 milliard 381 million so'm sarflandi. Shunisi faxrliki, mediamarkaz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ko'rsatmalari hamda yordamlari bilan qurildi. Bu mediamarkazga ham sakkiz kamerali ko'chma televizion stansiya sotib olindi. Buning uchun respublika byudjetidan 60 milliard so'mdan ziyod mablag' ajratildi, degan so'zdir.
Muhammadjon Maqsudov bilan amaldagi ishlar haqida suhbatlashyapmiz-u, uning ko'zlari quvonchdan yonadi, ich-ichidan faxr tuyg'ulari jo'sh urayotganini sezaman. Uning ko'z qarashlari, nigohlari-yu sezgirligidan, har bir ish yetti o'lchab, tosh-tarozisining posangisini to'g'rilab olib borilayotganini sezish mumkin. Axir qisqa muddat ichida ko'z quvnaydigan ishlarni ko'rib, har qanday kishining ko'ngli yorishadi-da! Tashabbuskor va tashkilotchi ixchamgina yigitning bu borada yelib-yugurganlari, zahmat chekkanlari, asablari taranglashganlarini o'z boshidan o'tkazganlar yaxshi tushunadi.
Muhammadjon Maqsudov ibratli hayot yo'lini bosib o'tdi. Uning salkam ellik yildan buyon eng og'ir va murakkab kasbini ulug'lab kelayotgani doimo e'tiborda. U yaxshi jurnalist va talabchan rahbar bo'lib yetildi.
Rahbarlik ham buyuk san'at ekan. Rahbar yetuk aql-idrok egasi bo'lmas ekan, manzilni yaxshi ko'rmagan yo'lovchi singari ko'p adashadi. Natijada jamoa o'rtasida norozilik, boshboshdoqlik, tartibsizlik kuchayadi, atrofdagilarning ongu shuurini charxlash o'rniga zanglatadi. Buni aql-shuuri bilan tushungan ukamiz, mana o'ttiz yildirki, Namangan viloyati teleradiosi jamoasida ahillik, har bir ishni kengashli holda bajarish taomiliga amal qilib kelmoqda.
1974 yili oddiy ovoz yozish operatorligidan ish boshlagan qahramonimiz mehnatda toblanib, tajribali jurnalist, yetuk rahbar, siyosatchi arbob darajasiga erishdi. U O'zbekiston Oliy Majlisi Senatining a'zosi sifatida qabul qilingan dolzarb qonunlarga o'z hissasini qo'shdi, u “Mehnatkash senator” ko'krak nishoniga sazovor bo'ldi.
Uning ijodiy hamda tashkilotchilik ishlari munosib baholanayotganidan quvonaman. 2012 yilda “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti, 2013 yili Prezidentimizning farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordenining sohibi bo'ldi. 2022 yili esa birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo'ldi. Shuningdek, xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputatligiga saylandi.
Muhammadjon Maqsudov kattalarning o'gitlariga amal qilib, xokisorlik bilan ishlayotgan ustozlardan biriga aylangan qalbi pok insonlardan. U mehnat faoliyati davomida o'ttizga yaqin yigit-qizlarning yetuk jurnalist, rahbar darajasiga yetishishlariga murabbiylik qildi. Ularning ko'pchiligi O'zMTRK tizimida ishlab, elga tanildilar, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo'ldilar. Ustoz shogirdlarining kamolini ko'rib faxrlanadi, ularning yutuqlari unga g'urur va mamnunlik bag'ishlaydi. Turli sohada o'rnak ko'rsatib ishlayotgan shogirdlaridan ko'ngli quvonchga to'ladi.
M.Maqsudov oilaparvar insondir. Turmush o'rtog'i Manzuraxon bilan ikki o'g'il va bir qizni Yangi O'zbekistonimiz koriga yaraydigan jasur, insonparvar qilib voyaga yetkazdilar. To'ng'ich o'g'li Muzaffar harbiy huquqshunos (hozir Namangan viloyati adliya boshqarmasining yetuk mutaxassisi), ikkinchi o'g'li Eminjon tinchligimiz posbonlari — ichki ishlar xodimlaridan biri, kenjasi — Nodiraxon esa tibbiyot xodimi. Bir necha nabiralarning bobosi “unvoni”ga muyassar bo'lish unga tuganmas baxt, zavq va quvonch bag'ishlaydi.
Sa'diy aytganidek:
Kimki shogirdlikka chin dilidan shod,
Bir kuni o'zi ham bo'lg'usi ustod.
Abdusamad ISOQOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.
