Qishloqda charxlangan jurnalist
Maktabda muxbirlikka havas uyg'ongan kezlar Ishtixon tuman gazetasi tahririyatiga, goho qo'shni tuman markazi — Loyish shaharchasida joylashgan “Oqdaryo ovozi” gazetasiga borib turardim. O'sha kezlar tahririyatning yosh xodimi Yo'lchi Muhammadiyev bizni ochiq chehra bilan kutib olarkan, intervyu olishda nimalarga e'tibor berish kerakligi, fakt va raqamlarni qanday tahlil qilish, qaysi mavzuni qanday yozish mahoratini o'rgatar edi.
Taqdir tabassumini qarangki, 1980-1985 yillarda hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti (o'sha davrdagi — ToshDU) jurnalistika fakultetida ham birga tahsil olish nasib etdi. Faqat kamina kunduzgi, Yo'lchi aka sirtqi bo'limlarda tahsil olganmiz. Kunduzgi bo'limda o'qitiladigan barcha adabiyotlar sirtqi bo'lim talabalariga ham o'tilar, viloyatlardan kelganlarga bu borada nafimiz tegib turardi.
Yo'lchi aka kitob-daftarlarimdan foydalanib bo'lgach, tahririyatlarga taklif etardim.
— Jurnalistika amaliyoti bilan kuchli ekanini yaxshi bilasiz, — derdim o'zimga ravo ko'rganimni u kishiga ham ilinib. — Ustoz yozuvchi-shoirlar sabog'i universitetdagi domlalarning nazariy bilimlaridan ancha yuqori ekanini ko'rasiz.
O'sha kezlarda “Tog'da o'sgan bola” asari bilan mashhur bo'lgan sevimli adibimiz Oqiljon Husanov “Guliston” jurnali bosh muharriri o'rinbosari lavozimida ishlardi. Ustoz adib ancha yillar Samarqand viloyat gazetasida ham faoliyat ko'rsatgani bizda ma'nan yaqinlik hislarini jo'sh urdirar edi.
Oqiljon aka har gal ochiq chehra bilan kutib olardi. U kishi Yo'lchi akani ham yoqtirib qoldi.
— Oqdaryodan ancha-muncha maqolalar, ocherklar yozganman, — dedi ustoz adib viloyatimiz gazetasida ishlagan kezlarini eslab. — Qishloqlaringizda elga ibrat qilib ko'rsatsa arziydigan qahramonlar juda ko'p. Qishloqlarda muammolar ham kam emas. Ular haqida bizga yozib turing…
“Guliston” tahririyatidan chiqib, “Gulxan” jurnali bosh muharriri huzuriga oshiqardik. O'sha kezlarda “Sariq devni minib”, “Besh bolali yigitcha” asarlari bilan mashhur bo'lib ketgan adib Xudoyberdi To'xtaboyev bizni iliqqina kutib olardi. Ustoz adib Yo'lchi Muhammad bilan tanishgach, “Qasoskorning oltin boshi” romanining bosh qahramoni Namoz botir aynan Oqdaryo bo'ylarida mardona yurishlar qilgani haqida so'zlab berdi.
— Romanni yozishga kirishishdan ilgari Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo'rg'on hududlaridagi qishloqlar, ba'zi qo'rg'onlar tarixini o'rganganman. Nuroniy otaxonlardan Namoz botir haqida ajib hikoyalar tinglaganman, — dedi ustoz adib salmoq bilan. — Agar rosmana izlansangiz, qishloqlaringizdan ko'plab qahramonlarni kashf etishingiz mumkin…
Shu tariqa talabalik davrimizda va o'qishni tamomlagach, qator yillar mobaynida Yo'lchi Muhammad ikkimiz uchun gazeta-jurnallar tahririyatlari ijodiy mahorat maktabiga aylangan. Ayniqsa, “Yoshlik” jurnalida Erkin Vohidov, “Gulxan” jurnalida Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Muhabbat Hamidova, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” haftaligida Odil Yoqubov, Ahmadjon Meliboyev, Ibrohim G'afurov, “Sharq yulduzi” jurnalida O'tkir Hoshimov, Tohir Malik, “Muxbir” (“O'zbekiston matbuoti”) jurnalida Ziyod Yesenboyev, “Guliston” jurnalida Asqad Muxtor, Mirmuhsin, Mamatqul Hazratqulov, “Saodat” jurnalida Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva, “Mushtum” jurnalida Maqsud Qoriyev, Ne'mat Aminov, “O'zbekiston sotsial ta'minoti” jurnalida Abdujabbor Mannopov, yoshlar gazetasida Rustam Shog'ulomov, Jabbor Razzoq, bolalar gazetasida Suhrob Yo'ldosh, Abdusaid Ko'chimov, Umida Abduazimova, “Hurriyat” gazetasida Xurshid Do'stmuhammad, “Toshkent oqshomi” gazetasida To'lqin Qozoqboyev kabi yozuvchi, shoir, publitsistlardan ijodiy mahorat sirlarini o'rganganmiz. O'sha ustozlar duosini olgan Yo'lchi Muhammad ham jurnalistika bo'stonida munosib o'rnini topdi. Yarim asrdan buyon Samarqand viloyati Oqdaryo tumanining “Oqdaryo” gazetasida faoliyat ko'rsatayotgan bo'lsa-da, dolzarb mavzudagi maqolalari, ocherklari respublika gazeta-jurnallarida muntazam yoritib kelinmoqda.
Ochig'ini aytish kerak, qishloqning muhiti o'ziga yarasha… Yo'lchi akaning iste'dodi qishloq yo'llariga sochilib ketdi. Asosan, o'zi faoliyat ko'rsatgan tuman gazetasi “qobig'i”da qolib ketdi. Umri shu gazetada o'tmoqda…
Qishloq mavzusini yoritishda Yo'lchi akaning oldiga tushadigan ijodkor kamdan-kam topiladi. Bir gal u kishi meni tumandagi “O'zbekiston” jamoa xo'jaligiga boshlab bordi. Bolta qishlog'iga tutash paxtazorda bir kishi egat oralab yurardi: “Bu kishi Esirgap Rahmatov bo'ladi, kolxoz gidrotexnigi, — shivirladi Yo'lchi aka. — Gaplariga e'tibor bering, tayyor intervyu bo'ladi…”
Gidrotexnik — jamoa xo'jaligida suv ta'minoti bilan shug'ullanadigan mas'ul xodim bo'lib, qishin-yozin dalada yuradi. Zuvalasi pishiqqina, yozning chillasida ham kirza etik kiyib olgan o'sha kishi biz tomon peshvoz kelarkan, salom-alik asnosida kuyib-pishib, g'o'zani xo'jako'rsinga sug'orayotgan ayrim suvchilarning dangasalik qilayotganini, g'o'za “sharbat” suviga qondirilgan taqdirdagina mo'l hosil berishini suvchilarga tushuntirganini, kerak bo'lsa, ularga o'zi g'o'zalarga beriladigan “sharbat”ni tayyorlab ko'rsatganligini, o'sha oqshom yigirma uchta paxta uchastkasini aylanib chiqqanligini aytib berdi…
Ketmon dastasidek pishiq qo'llarida, oftobda qizargan yuzida, qisiqroq ko'zlarida shijoat aks etib turgan suv xo'jaligi xodimining kuyunchakligiga qoyil qolgandim o'shanda.
Dalada hammaning o'z o'rni bor. Ba'zi ishlar mavsumiy bo'ladi. Kolxoz gidrotexnigi esa yil bo'yi tinim bilmas ekan. Bahoru yoz faslida sug'orish ishlarida suvchilarga bosh-qosh bo'lsa, kuzda zax qochirish, qishda esa sho'r bosgan dalalarni “yuvish” ishlarini yo'lga qo'yadi. Shu tariqa Esirgap Rahmatovning o'rni mudom dalada bo'larkan…
Jurnalist Yo'lchi Muhammadiyev “Dala shunqori” deb yozgan maqolasida uni “obihayot taratuvchi”, “suv zar — suvchi zargar”, “g'o'zaga jon baxshida etgan”, deya ko'klarga ko'targan. Yaxshi so'z — jon ozig'i, deganlaridek, gazetada yoritilgan bu da'vatkor so'zlar dala zahmatkashlariga qanchalik madad, ruhiy quvvat, kuch-g'ayrat baxsh etganini izohlashga hojat yo'q.
— Talabalik davrimizda sevimli adiblarimiz Xudoyberdi To'xtaboyev va Oqiljon Husanov o'rgatgan qishloq qahramonlari mana shu fidoyilar-da, — deydi Yo'lchi aka. — Men o'sha ulug' ustozlardan maqolada, asarda obraz yaratish mahoratini o'rganganim butun faoliyatimda qo'l kelmoqda. Qarang, hikoyamiz qahramoni Esirgap Rahmatov yer tilini yaxshi bilgan holda odamlar qalbiga yo'l topib, dala ishlarini yo'lga qo'ygani bois unga katta ishonch bildirishib, “O'zbekiston” jamoa xo'jaligi boshqaruvi raisi etib saylashdi. Rais ishini tajribali otaxonlar va usta dehqonlar bilan maslahatlashishdan boshladi. Iqtisodi nochor ahvolga tushib qolgan jamoa xo'jaligida tez orada ahvol o'ngarildi. Ochig'i, o'sha davrda dehqonlar nochor ahvolda kun kechirardi. To'y qilishga qurbi yetmaganlar ham kam emasdi. Ba'zi oilalar uchun dafn marosimini o'tkazishning ham o'zi bo'lmasdi. Jamoa xo'jaligi iqtisodiy jihatdan o'zini o'nglab olgach, shunday nochor oilalarga moddiy yordam ko'rsatish yo'lga qo'yildi.
Ustoz adiblar etagidan mahkam tutib kamolga yetgan jurnalist Yo'lchi Muhammad bu yil 70 bahorni qarshiladi. U yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida o'z publitsistikasi bilan nafaqat Oqdaryo tumanidagi, balki Samarqand viloyati sarhadlaridan o'tib, respublikamiz miqyosida tanilgan ijodkorlar qatoriga kirdi.
O'z kasbining haqiqiy fidoyisi bo'lgan ustoz jurnalistning Oqdaryo o'tmishini bino etgan va bugunini yaratayotgan Miyonqol farzandlari haqidagi maqola, lavha va ocherklari, zamondoshlarini qiynab kelayotgan muammolar, ayniqsa, loqayd, beparvo va tadbirsiz rahbarlar xususidagi tanqidiy maqola va felyetonlari gazetxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Mahoratli ijodkorning “Oqdaryo farzandlari”, “Tuhmat girdobi” kitoblari muxlislari qalbidan joy olgan.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Yo'lchi Muhammad butun faoliyati davomida jamiyatimizda uchrab turadigan ayrim muammolarni, nohaqliklarni qalamga olar ekan, doimo adolat, ona diyorimiz taraqqiyoti uchun o'tkir tig'li qalami bilan kurashdan aslo tolmaydi. Doimo to'g'ri so'zni, oshkoralikni, mehr-muruvvatga muhtoj insonlarga yordam qo'lini cho'zishni o'ziga shior qilib yashamoqda. Kamtar va odamoxun inson, fidoyi qalam sohibining ijodiy mahorat maktabi bo'lg'usi jurnalistlar uchun ibrat namunasidir.
To'lqin EShBEK,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
