Ekranga bog'langan taqdir
Xorazm televideniesida ko'p yillar samarali
faoliyat ko'rsatgan taniqli jurnalist
Bekposhsha XO'JAYEVA bilan suhbat
— Bekposhsha opa, siz televidenieda ishlab, o'zingiz uchun go'zal bir dunyo yaratgansiz. Ishlab yurgan paytlaringizda har xil fikr-mulohazalar bildirishardi. Kimdir sizni shevada gapiradi desa, boshqalar xalqqa yanada yaqinroq bo'lish uchun atayin shunday suhbatlashadi, deyishardi…
— Televidenieda ishlashning, ko'rsatuv tayyorlashning zavqi bor. Aslida, men adabiy tilda gapiraman. To'g'ri, shu sheva borasida o'z vaqtida juda ko'p gap-so'zlar, tanqidlar bo'lgan. Lekin eldoshlarimiz huzuriga borganimda, ularning qalbidagi, yuragidagi haqiqiy so'zni chiqarish uchun shevada suhbatlashishni ma'qul ko'rardim.
Chunki qishloq ayollari qoshiga mikrofon bilan bordingizmi, tamom, hayajondan aytadigan so'zlarini yo'qotib qo'yishadi. Agar ular bilan o'z shevasida gaplashsangiz, tili va talaffuziga yaqin bo'lgani uchun tez til topishasiz, ko'ngildan suhbat qurib, ichidagi gaplarini “sug'urib” olasiz.
Televidenieda 60 yil davomida faoliyat yuritdim. Ijodkor odam bir joyda o'tirib qolsa qiyin, ijodiy inqirozga uchraydi. Shuning uchun doim xizmat safarlarida bo'ldim. Ko'rsatuv bahonasida tuman va qishloqlarni kezdim. Go'zal manzaralardan, oddiy va yaxshi odamlarning hikmatli so'zlaridan kuch-quvvat va ilhom oldim.
Pensiyaga chiqqanimdan keyin, 73 yoshdan o'tganimda “Ustyurt kengliklari” ko'rsatuvini tayyorladim. “Urganchtransgaz” korxonasida mehnat qilayotgan oddiy ishchilarning hayoti, faoliyatini o'z ko'zim bilan ko'rish va xalqimizga tanitish maqsadida borganimda, odamlarning mehrini, hur fikrlarini eshitib, hayratda qoldim.
Bu kengliklar, bu tabiiylik va go'zallikni ta'riflashga til ojiz! Ustyurtning tuprog'i boshqacha — gips ekan. Kunduzi g'alati manzaraga guvoh bo'lasiz: bir tomonda quyosh charaqlab turibdi, narigi tomonda esa oy mo'ralaydi… Bo'talog'ini ergashtirgan tuyalar, suruv-suruv qo'ylar, yilqilar… Biyobon sahro. Quloq tutsangiz, sizga o'z tilida nimalarnidir so'zlayotgandek bo'ladi. Ko'm-ko'k bo'lib o'sib, ba'zilari qizg'ish tusda gullayotgan yantoqlar… Ovozingizni uzoq-uzoqlarga olib ketuvchi aks-sadolar… Qumliklarda qaygadir o'rmalayotgan chumolilar, tirikchilik tashvishida to'da-to'da bo'lib yo'l olayotgan hasharotlar… Xullas, sahro jonzotlarining ham, u yerdagi ishchilarning ham o'ziga yarasha yashash tarzi bor.
Mana shu manzaralardan cheksiz zavq olardim. Inson borki, harakatda bo'lishi shart. Umr bo'yi ko'proq piyoda yurgan yaxshi. Yana qaytaraman — men o'z ishimdan kuch olganman.
Sheva masalasida yana bir qiziq voqeani aytib bersam. Germaniyalik Ingeborg xonim ismli ayol Xorazmga keldi. Viloyat hokimligidan menga o'sha ayolga hamrohlik qilishni so'rashdi. Mehmon xorazmliklarning qadimiy tarixi, tili, madaniyati, xalfachilik san'ati va urf-odatlarimizni o'rganishga kelgan ekan. U bilan adabiy tilda gaplashamiz, chunki u o'zbek adabiy tilida binoyidek gapirardi.
Suhbatlarimiz jarayonida Ingeborg xonim shevamiz haqida shunday degandi: “Sizning xorazmcha shevangiz eng go'zal, yoniq til ekan. Xuddi alangadek yonib turibdi! Ayrim tillar borki, eshitganingda shu qadar sovuq tuyuladi, asti qo'yaverasiz…” deb shevamizga havas qilgan edi.
— Sizni xalqimiz “Davraga kel, dugonajon”, “Bir kelib keting qishlog'imizga”, “Umri aziz” ko'rsatuvlari orqali ham yaxshi tanishadi va qadrlashadi…
— Rahmat. Ushbu ko'rsatuvlarni tayyorlashda eldoshlarimiz bilan hamisha dildan suhbatlashganman. Oddiy aholi vakillari kamera qarshisida adabiy tilda gapirishga qiynalib qolishardi. Shunday paytda ularga “Shevada, o'zingizga qulay tarzda gapiravering”, derdim. Ko'rsatuvlarimni rahbariyat bilan bahslashib, kurashib efirga uzatardim. Axir eldoshlarimizga o'z tilida gapirish oson-da. Ular efirda betakror she'rlarni, unutilayozgan ajoyib qo'shiqlarni aytib berishardi. Bu aytimlar ko'pchilikning yodidan chiqib ketgan bo'lsa-da, mening ko'rsatuv lentalarimda barhayot yashayapti. Ularni yuz yoshga kirgan momolarimiz qadimiy ohanglarda kuylashgan. Eshitib, ko'nglingiz entikadi, o'zga bir dunyolarga sayr qilgandek bo'lasiz. Bu aytimlarda xalqning ming yillik orzulari, armonlari, kurashlari va yashash tarzi yashiringan.
Germaniyalik mehmonning so'zlari juda to'g'ri: Xorazm shevasi haqiqatan ham o'ta jozibali va kuchli. Bu tilda bir yoniqlik, harorat va nur bor. Go'dakligida qulog'iga kirgan bu sheva odamlarning qon-qoniga singib ketgan. Ular shu tilda so'zlashadi, shu tilda o'ylaydi va fikrlaydi. Shu til orqaligina ularning yuragiga bexato kirib borish mumkin.
Jurnalist oddiy, kamtar va xalqchil bo'lishi, kiyinishida ham milliy madaniyat ko'rinib turishi kerak. “Bir kelib keting qishlog'imizga” ko'rsatuvini tayyorlashga borganimda, qishloq ahli meni shu nomli qo'shiq bilan kutib olardi… Hozir ham o'sha kunlarni sog'inaman. Viloyatimizning yuzdan ortiq qishloqlarida bo'lib, odamlar bilan yaqindan suhbatlashdim, ularning yashash tarzini o'rgandim, ko'ngillariga yo'l topishga harakat qildim.
— Bekposhsha opa, sir bo'lmasa ayting-chi, nima uchun aynan televidenieni tanlagansiz? Siz o'qishni tugatgan yillarda gazetalarning ham nufuzi juda baland edi-ku?!
— 1961 yilda Xorazm televideniesi tashkil qilingan. O'shanda men 11-12 yoshlardagi qizcha edim. 1962 yilda Urganch shahridagi 1-sonli maktabda o'qirdik. Biz — bir guruh a'lochi o'quvchilarni ko'rsatuvda chiqish uchun televideniega olib borishdi. O'sha paytdagi tasvirga olish uskunalari juda bahaybat edi. Yuzingizga ulkan projektorlarni qaratib qo'yishadi, bunday chiroqlar oldida har qanday odam dovdirab qolishi tabiiy. Kameralarning “ko'zlari” ham kosadan kattadek tuyulardi. O'qituvchimiz she'rni baland ovozda, ifodali o'qishni tayinlagandi. Men ustozim aytganidek qildim. Shunday qilib, 11 yoshimda ilk bor televizorga chiqqanman. Maktab darsligidagi Mayakovskiyning “Sovet pasporti” she'rini “Bo'riday g'ajirdim byurokratizmni…” deya baland va qat'iy ohangda o'qib bergandim.
Bizni tasvirga olayotgan studiya juda issiq edi, operatorlar qo'llaridagi sochiq bilan yuz-ko'zlaridan oqqan terni artib turishardi. Ko'rsatuv tugagach, biz ham jiqqa suv bo'lib chiqqanmiz va uyimizga — o'zimiz yashaydigan Ko'hna qal'a mahallasiga yo'l olganmiz. Vaqt allamahal bo'lib qolgani uchun bizni pionervojatiyimiz uyimizga kuzatib qo'ygandi. Kelsak, eshik oldida onam xavotirlanib kutib turgan ekan. O'shanda onam: “Endi qaytib televideniega bormaysan!” deganlar. Men qo'rqqanimdan: “Bormayman, qaytib bormayman”, degandim.
Buning sababi bor edi: onam menga homiladorlik paytida qo'shnimizning uyi yonib ketgan ekan. Otam Musaxo'ja ota quruvchi-prorab bo'lganlar. Ishdan kelayotib yong'inni ko'radi-da, ichkariga yugurib kirib, ikki bolani o'limdan saqlab qoladi. Ammo o'zi qattiq kuyish jarohati olib, 40 kundan keyin vafot etgan. O'sha qo'shnimiz tatar millatiga mansub edi. Otamning vafotidan keyin ular onamning ko'z yoshlariga qaray olishmay, o'zlarini aybdor his qilib, boshqa yerga ko'chib ketishgan. Shu sababli onam mening ham xavf-xatarda qolishimni istamagandi.
Onamga “televideniega bormayman” degan kunimning ertasigayoq uyimizga Ichki ishlar boshqarmasidan vakillar kelib, menga Faxriy yorliq topshirishdi. Bu o'sha “Sovet pasporti” she'rini yuksak mahorat bilan ifodali o'qiganim uchun edi. Shu tariqa televideniega bog'lanib qoldim.
Maktabni tugatgach, 1968 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirdim. O'qib yurgan paytlarimda ham “Xorazm haqiqati” gazetasida maqolalarim chop etilardi. Oliy ta'lim maskanini bitirgach, viloyat qo'mitasi yo'llanmasi bilan meni yana televideniega yuborishdi. Shu bilan taqdirim butunlay ekran bilan bog'landi. U paytlarda ko'rsatuvlar to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatilardi. Sheva ishlatishga aslo yo'l qo'yilmasdi, faqat adabiy tilda gapirardik.
“Ko'hna qal'a” bir paytlar Urganchning markazi bo'lgan. Xiva xoni Arab Muhammadxonning o'g'li, yirik davlat arbobi va tarixnavis olim Abulg'ozi Bahodirxon (“Shajarai turk” va “Shajarai tarokima” asarlari muallifi) Turkmanistonning Ko'hna Urganch hududidan aholini ko'chirib, to'g'ri shu yerga joylashtirgan. Chunki u yerda suv toshqinlari bo'lib, uylar vayron bo'lgan edi. Keyinchalik bu joy Ko'hna qal'a nomini oldi. Hozir u yerda ko'p qavatli uylar qad rostlagan. Men o'sha yerdagi shirin hayotimiz, odamlarning mehr-oqibati, insoniyligi va boshimdan kechgan qiziqarli voqealarni jamlab, “Ko'hna qal'a” nomli kitob yozdim. Abulg'ozixon o'zi bilan birga hunarmand va olimlarni ham ko'chirib kelgan edi. Kitobda Jumaniyoz kulol, Zarip misgar, Madamin pari kabi noyob insonlar haqida hikoya qilganman.
— Boshqa yozgan kitoblaringiz haqida ham aytib bersangiz…
— Ilgari “Ikki dona bulochka” nomli kitobim va “Madaniyatli devonalar” qissam chop etilgan edi. “Madaniyatli devonalar” deganda men hamkasblarim — jurnalistlarni nazarda tutganman. Madaniyatlimiz, el xizmatidamiz, lekin topganimiz yetar-etmas, maoshimiz kam edi.
Shu kunlarda Xorazm televideniesining 65 yilligiga bag'ishlangan “Yodnoma” nomli yangi kitob tayyorlayapman. Unda televidenie tarixini hech qanday to'qimalarsiz, hayotiy voqealar asosida bitdim.
— Oilangiz haqida ham bilishni istardik.
— Men bir vaqtlar: “To'yim aynan men istagan kunda bo'ladi”, deganman. Bu gapimdan hayron qolganlar. Men hazrat Alisher Navoiy tavallud topgan kunni tanlaganman va to'yimiz 9 fevralda bo'lib o'tgan.
Biz xo'jalar avlodidanmiz. Bizning urf-odatlarimizga ko'ra, ilgari qizlarni begonalarga berishmagan, faqat o'z nasli bilan quda bo'lishgan. Ochig'i, turmush o'rtog'imni to'ydan oldin tanimasdim ham. Onam “naslimiz buzilmasin” deb meni o'z doiramizga uzatganlar. Erimning ismi — Davlatmurod. “Janubgazqurilish” tashkilotida muhandis bo'lib ishladilar. Juda madaniyatli, muomalasi go'zal, yaxshi inson bo'lib chiqdilar. Mana, turmush o'rtog'im bilan 53 yildan buyon tinch-totuv, baxtli yashab kelyapmiz.
To'g'ri, farzandlarni ancha qiynalib o'stirdik, bolaligida ko'p kasal bo'lishdi. Ulg'aygach, Allohga shukur, hammasi sog'ayib, oliy ma'lumotli bo'lishdi. Lekin vaqt o'tib angladimki, baribir yaqin qarindoshlar bilan quda bo'lmaslik kerak ekan. Hozir zamon o'zgardi, farzandlarimiz sog'lom bo'lsin deb, ularni xo'ja bo'lmasa ham o'zlari tanlagan munosib insonlarga uylantirib, uzatyapmiz.
To'rt farzandimiz — ikki qiz va ikki o'g'limiz bor edi. Kenja o'g'lim Elbek og'ir xastalik tufayli yoshgina vafot etdi. Bu judolik yuragimni ezib yubordi… Uning bolalari katta bo'lib qolishdi, qizini uzatdik, nasib bo'lsa, yaqinda Javohir ismli nabiramizni uylantiramiz. Kelinim juda tarbiyali, aqlli ayol. Hozir shu o'g'limning oilasi bilan birga yashaymiz.
— Ro'zajon qizingiz haqida bir paytlar gazetada maqola yozgan edim…
— Ha, Ro'zajon nemis tili mutaxassisi. Bir necha bor Germaniyada malaka oshirib qaytdi. Uning ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirilgan. Prezidentimiz qo'lidan “Shuhrat” medalini olgan. Har yili o'quvchilari grant asosida oliy o'quv dargohlariga kirishadi, bu — qizimning katta yutug'i. Ikkinchi qizim Sadoqat esa ingliz tili o'qituvchisi, uning ham yutuqlari talaygina. Qizimning qizi ham, o'g'li ham hozir Germaniyada. O'g'lim Sobirjonning farzandi esa Germaniyaning O'zbekistondagi elchixonasida faoliyat yuritadi, qizi nemis tili bo'yicha magistraturada tahsil olmoqda. Nevaralarimning muvaffaqiyatlarini ko'rib, quvonib o'tiraman.
— Shogirdlaringiz ham ko'p bo'lsa kerak?
— Men “bu mening shogirdim” deb maqtanishga tortinaman. Allohga shukur, ko'pchilik yoshlar hech qanday tamasiz meni “ustoz” deb hurmat qilishadi. Bundan ko'nglim ko'tariladi, ruhim ravshanlashadi. Chin yurakdan ularning kamolini tilab, hamisha duo qilaman.
— Kelajakda yana qanday niyatlaringiz bor?
— Hozir ko'p vaqtimni ijodga, yozishga bag'ishlayapman. Nashriyotlar ko'paygani juda yaxshi bo'ldi. Ko'rgan-kechirganlarim haqida xotiralarni yozishni yaxshi ko'raman.
60 yil odamlar ichida yurib, bir narsaga amin bo'ldim: har bir insonning o'ziga yarasha dardi, tashvishi bor. “Azobingni aytsang bo'lmaydi” deydi xalqimiz. Shuning uchun faqat yaxshiliklar, quvonchlar haqida yozishni istayman. Hikoyalarimda tushkunlikni, dardni aks ettirgim kelmaydi. Shundoq ham odamlarning tashvishi yetarli, xastaliklar ularni charchatgan. Kitobxonning kayfiyatini tushirishning nima keragi bor?
Bu dunyoda 75 yil yashab, anglagan haqiqatim shu bo'ldi — odamga iloji boricha kulib qarash kerak. Ularning xotirasida yaxshilik bilan qolish uchun… Inson hayotda nima qilsa ham, faqat yaxshilikni o'ylab yashashi lozim. Yomon narsani xayolga keltirsangiz, u, albatta, qarshingizdan chiqadi. Inson uchun eng yomon illat — baxillikdir. Kimgadir hasad qilsangiz, birinchi navbatda o'zingizga zarar yetkazasiz. Hayotdagi bosh shiorim — faqat yaxshilik bilan yashash, yaxshilik sog'inish, hatto yomonlik qilganga ham yaxshilik bilan javob qaytarishdir. Chunki yaxshilik doim yangi bir yaxshilikni yetaklab keladi.
Ba'zan “Telegram” kanallaridagi psixologlarning gaplariga hayron qolaman. “Bo'sh kelmang”, “O'zingizning qadringizni biling”, “Bo'sh bo'lsang, kemirib tashlashadi”, “Yaxshilik qilmang, baribir yomonlik ko'rasiz” qabilidagi begona va yot tuyg'ularni yoshlar ongiga singdirishyapti. Bunday fikrlarni eshitib, psixologlardan xafa bo'lib ketaman. Bizning mentalitetga yot bo'lgan bunday “bilag'onlik”larni nazorat qilish kerak, menimcha. Ularning gapiga ishonib, oilasidan ajralib ketayotganlar qancha…
Hanuz gazeta va jurnal o'qishni, kitob mutolaa qilishni sevaman. Ijtimoiy tarmoqlarni o'qib, gazetaning mazasini topa olmayman, to'g'risi.
— Qaysi yozuvchilarning asarlarini ko'proq mutolaa qilasiz?
— O'tkir Hoshimov va Said Ahmad asarlarini suyib o'qiyman. Ilgari Abdulla Qahhorni ko'p mutolaa qilardim. Chexov asarlarini ham yaxshi ko'raman. Diplom ishimni tarjima nazariyasi bo'yicha Lev Tolstoy asarlarining o'zbek tiliga o'girilishi mavzusida yozganman. Lev Tolstoy murakkab uslubda yozgan, uni tarjima qilishda ijodkorlarimiz ham ancha qiynalishgan. Ammo rus hayotini o'zbek kitobxoniga shunday yetkazishganki, asarni o'qiganda ko'z oldingizga rus emas, xuddi o'zbek xalqi keladi.
Ijtimoiy tarmoqlar bo'laversin, lekin davlat televideniesini ko'rish, gazeta va jurnallarni o'qish kerak. Ayniqsa, sevimli nashrimizga aylangan “Hurriyat” gazetasini sog'inch bilan o'qiyman. Gazetani ko'z bilan o'qib, yurak bilan his qilasiz, satrlar xotirangizda muhrlanib qoladi. Gazetaning o'ziga xos hidini bilasizmi? U ko'ngilga juda yaqin hid… Kitob va matbuotdan uzoqlashmaslik kerak. “Hurriyat” gazetasini har bir yurtdoshimiz o'qishini istardim, chunki unda barcha sohalar xolis yoritiladi, eng qiziqarli maqolalar beriladi. Men har hafta uning yangi soni chiqishini intizorlik bilan kutaman.
— Bekposhsha opa, mazmunli va samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Umringiz ziyoda bo'lsin.
Suhbatdosh: Feruza TANGRIBERGANOVA.
