Ayb telefondami?
Avtobusda, metroda, navbatda turganda, hatto oilaviy davrada ham bir manzara ko'p uchraydi: bosh egilgan, qo'lda telefon. Shu holatni ko'rgan katta avlod vakillari, odatda, boshlarini sarak-sarak qiladi-yu, shartta bir xil xulosaga keladi: “Yoshlar telefonga bog'lanib qoldi”. Go'yoki telefon bugungi avlodning eng katta muammosiga aylangandek. Lekin masalaga biroz chuqurroq qaralsa, savol boshqacha tus oladi: muammo haqiqatan ham telefonning o'zidami?
Bir paytlar kitob o'qiyotgan yoshlarni “hayotdan uzilib qolgan” deyishgan bo'lsa, bugun telefonda vaqt o'tkazayotganlarni “bekorchi” deyish odatiy hol bo'ldi. Aslida esa har ikki holatda ham odam muayyan narsalardan qochmoqda: zerikishdan, bosimdan, yolg'izlikdan yoki shunchaki reallikdan. Telefon — vosita. Unga qanday maqsad yuklanishi esa odamning o'ziga bog'liq.
Bugungi yoshlar nega telefonsiz yashay olmayapti? Buning sababi nimada? Chunki telefon unga bir vaqtning o'zida ham hordiq, ham muloqot, ham daromad, ham o'qish, ham mashhurlik, ham qochish imkonini beradi. Kitob esa buning aksi: sukut, sabr va diqqat talab qiladi. Zamonaviy dunyo esa, qo'yib bersa, diqqatni tarqatib yuboradi. Bir daqiqalik videolar, cheksiz lentali ijtimoiy tarmoqlar, tezkor kontentlar miyani tez zavq olishga o'rgatib qo'ydi. Kitob mutolaasi esa “reels”lardan ko'ra ko'proq e'tibor talab qiladi. Undan zavq olish uchun vaqt kerak. Bugungi shoshqin davrda esa ko'pchilik “kutish”ni istamayapti. Avvallari katta avlod vakillarida bo'lgan shijoatni bugungi yoshlarda topish mushkul masala bo'lib qolmoqda.
Ammo bu yerda yana bir noqulay savol bor: yoshlarni telefondan qaytarayotgan kattalarning o'zi mutolaa borasida qanchalik o'rnak bo'la olyapti?
Uyida birorta kitob o'qimaydigan, bo'sh vaqtida faqat televizorga termulib o'tiradigan yoki kun bo'yi telefon titkilaydigan kattalar yoshlardan kitobxonlik talab qilsa, bu biroz g'alatiroq emasmi? Axir kitobga muhabbat nasihat bilan emas, muhit bilan yuqadi. Agar bola uyida ota-onasining mutolaa qilayotganini ko'rmasa, kitob haqida faqat tanbeh eshitsa, unda kitob “zavq” emas, “majburiyat” bo'lib qoladi-ku! Telefon esa, aksincha, erkinlik hissini beradi. Shu sabab bugun “telefon yomon” degan oddiy hukm masalani hal qilmaydi. Negaki, telefon faqat salbiy vosita emas!
Bugun minglab yoshlar (kattalar ham) aynan telefon orqali til o'rganmoqda, kasb egallamoqda, xalqaro grantlar yutmoqda, biznes yurityapti, kontent yaratib, daromad topyapti. Kimdir oddiy telefon orqali dizayn o'rganib, frilanser bo'lyapti, kimdir videomontaj qilib, oilasiga yordam bermoqda, yana kimdir xorij universitetlariga o'qishga kirish uchun tayyorlanmoqda…
Demak, muammo faqatgina telefonda emas, undan qanday foydalanishda.
Boshqa tomondan, kitob o'qimaslikning barcha aybini telefonga yuklash — eng oson yo'l. Chunki bu holda boshqa muammolar ko'rinmay qoladi. Masalan:
– maktab va universitetlardagi majburiy, zerikarli mutolaa tizimi;
– yoshlarning psixologik charchog'i;
– iqtisodiy bosim;
– sifatli va qiziqarli zamonaviy adabiyot tanqisligi;
– oilada mutolaa madaniyatining sustligi;
– kitobning hayotiy foydasi haqida aniq tushuncha yo'qligi.
Agar telefon bo'lmaganida ham, ehtimol bugun ko'pchilik kitob o'qimasdi. Aytaylik, televizor ko'rardi, ko'chada yurardi yoki boshqa mashg'ulot topardi. Chunki nazarimizda masala vositada emas, insonning ichki ehtiyojida. Aslida, yoshlar kitobdan emas, zerikarli hayot tarzidan qochmoqda.
Bugungi avlod vizual va tezkor axborot ichida ulg'aygan. Unga faqat “kitob o'qi” deyish kifoya qilmaydi. Kitobni hayot bilan bog'lash, mutolaani majburiyat emas, imkoniyat sifatida ko'rsatish kerak.
Yana bir haqiqat borki, bugungi yoshlar avvalgi avloddan kam o'qiyotgandek ko'rinsa-da, ehtimol, ular boshqacha formatda mutolaa qilayotgandir. Kimdir maqola o'qiyapti, kimdir elektron kitob, kimdir ilmiy postlar yoki kurs materiallari. Ya'ni mutolaa shakli o'zgargan bo'lishi mumkin, lekin bu har doim ham tafakkur yo'qolganini anglatmaydi.
Ha, muammo yuqorida aytganimizdek, telefonning mavjudligida emas, muammo — insonning diqqati uchun kurash ketayotganidadir. Bugungi texnologiyalar odamning vaqtini imkon qadar ko'proq ushlab qolish uchun qurilgan. Demak, yoshlarning telefonda uzoq qolishi faqat ularning “irodasizligi” emas, balki butun boshli raqamli tizimlarning natijasi hamdir. Shunday ekan, yechim ham oddiy taqiqda emas.
Telefonni olib qo'yish bilan mutolaa ko'nikmasi paydo bo'lib qolmaydi. Kitobni sevdiradigan muhit, fikrlashga undaydigan suhbat, namuna bo'ladigan kattalar va ma'noli hayotiy maqsad kerak. Chunki insonning ichi bo'sh bo'lsa, u telefon bilan ham, telefonsiz ham baribir nimagadir qaram bo'lib qolaveradi.
Ehtimol, bugungi eng muhim muammo — “Yoshlar nega telefonga berilib ketdi?” emas, balki “Nega real hayot ularni telefonchalik o'ziga tortmay qo'ydi?” degan savoldir.
Yana bir gap. Biz albatta, hech kimga aql o'rgatmoqchi ham emasmiz. Lekin xalqimizda bir dono maqol bor. “Qush – uyasida ko'rganini qiladi”. Demak, gazeta-jurnallarga, kitob mutolaasiga bolalarni murg'aklikdan, maktab partasida, oila davrasida ko'nikma hosil qilish kerak. Qachonki, umrida biror badiiy kitob yoki biror gazeta-jurnalni aqalli qo'liga olib ko'rmagan o'smir qanday qilib, telefonni bir chetga surib, mutolaaga berilib ketar ekan?!
Mana masala qaerda?!
Farangiz ABRUYEVA.
