Najot sadosi
yoxud “stalking”ni jinoyat deb tan olish uchun
yana qancha vaqt kerak?
O'zbekistonda “stalking” va “femitsid” tushunchalari begona eshitilishi mumkin, biroq real hayotda bu tushunchalar o'zining mavjudligini yaqin-yaqinlardan ko'rsatib kelmoqda. Sababi hozirgi kunda ayol-qizlarga bo'lgan zo'ravonliklar kuchayib ketgan. O'zbekistonda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida jazo choralari kuchaytirilmoqda va qonunchilikka takliflar kiritilmoqda.
Bunga yaqindagina, 2026 yil 3 mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to'g'risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, barcha ko'rinishdagi tazyiq va zo'ravonlik holatlaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish yuzasidan uch oy muddatda asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishi belgilanganini misol qilib aytishimiz mumkin. Bu degani “stalking”, “femitsid”, “familitsid” kabi tushunchalar ham qonunchilikka kiritilib, ularga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilash taklifi kiritilishi kutilmoqda. Chunki O'zbekistonda bu holatlar shu qadar ko'plab ayollarning fojiali o'limiga sabab bo'lmoqdaki, ba'zi bir tajovuzkorlar bunga nisbatan ba'zan “Qonunchilikda hech qanday aniq javobgarlik yo'q”, deb suvdan quruq chiqib ketish hollari ham uchrayotgani sir emas.
Ba'zan biz, talabalar universitetda adolat va qonun ustuvorligi haqida bahslashishimiz, o'z haq-huquqimizni talab qilishimiz mumkin. Biroq hayotdagi qonuniyatlar qog'ozdagidan ancha farq qilishini ko'rib qolamiz. Ayniqsa, psixologik triller yoki detektiv asarlarda o'qiganimiz — qurbonni asta-sekin, qadamma-qadam ta'qib qilish, uni doimiy qo'rquvda ushlab turish kabi mudhish voqealar shunchaki kitob sahifalarida emas, balki ko'z oldimizda sodir bo'layotganiga guvoh bo'lamiz. Shu o'rinda yaqindagina ekran yuzini ko'rgan va ko'pchilikning e'tiborini tortgan “Ta'qib” milliy filmi ham jamiyatimizdagi aynan shu yashirin, ammo o'ta xavfli og'riqli nuqtani ochib berishga harakat qilgan. Hech bir og'ir jinoyat, xususan, qotillik to'satdan, o'z-o'zidan sodir bo'lmaydi. Hammasi jamiyatimiz ko'pincha “oddiy holat” deb qaraydigan holatlardan: uy yoki ishxona oldidagi doimiy poylashlar, ijtimoiy tarmoqlardagi tinimsiz nazorat, istalmagan xabarlar va ruhiy bosimdan boshlanadi. Biz bu harakatlarni yuridik va ilmiy tilda “stalking” (ta'qib qilish) deymiz. Va eng yomoni shundaki, ta'qib o'z vaqtida to'xtatilmasa, u ertaga, albatta, “femitsid”ga — ayolni shunchaki ayol bo'lgani, tajovuzkorga “yo'q” deya olgani uchungina shafqatsizlarcha o'ldirishga aylanadi. Xo'sh, nega bugun bularga jinoiy javobgarlik belgilash suv va havodek zarur?
Yaqindagina O'zbekiston qonunchiligida tarixiy burilish yasashi mumkin bo'lgan muhim tashabbus ilgari surildi — qonun hujjatlariga “stalking” va “femitsid” tushunchalarini kiritish hamda bu qilmishlar uchun to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi. Bu shunchaki qonunga ikkita yangi xorijiy atamani qo'shib qo'yish emas. Bu — o'z hayoti uchun har kuni qo'rquvda yashayotgan, ammo amaldagi qonunchilikda o'zi uchun yetarli himoya topolmayotgan yuzlab insonlarning najot sadosidir. Ayniqsa, hozirgi kunda yosh qizlarga nisbatan bu holat ko'p uchramoqda. Ular bu ta'qiblardan, telefondagi tahdidlardan o'zini o'zi o'ldirish darajasigacha yetib bormoqda. O'zida jasorat topib, adolat izlagan va ta'qibchisiga nisbatan chora ko'rishni so'ragan qurbon amalda nimaga erishadi? Qonun ta'qibchining bu tizimli harakatini atigi “mayda bezorilik” yoki “shaxs hayotiga aralashish” sifatida ko'radi va ma'muriy jarima yozish bilan cheklanadi. Ta'qibchi davlat byudjetiga bazaviy hisoblash miqdorining arzimagan qismini to'laydi-da, o'zini butunlay jazosiz qolgandek his qilib, erkinlikka chiqadi. Jarima to'lab, erkinlikka chiqqanidan keyin bu holat takrorlanmaydi deb o'ylashning o'zi xato. Chunki biz tan olishimiz kerak bo'lgan bitta qat'iy haqiqat bor: jarima qotillikni to'xtata olmaydi! Ma'muriy chora jabrlanuvchining xavfsizligini ta'minlamaydi, aksincha, jazosizlik hissi ta'qibchini yanada tajovuzkorroq jinoyatga undaydi. Qonun qachongacha inson hayotiga bo'lgan ochiq tahdidni jarima bilan o'lchashi mumkin? Bu holat ham javobgarlikdan chetda qolib ketmasligi lozim. Sababi hozir shunday insonlar borki, telefonda qiz bolaga qo'ng'iroq qilib, agar uning aytganini bajarmasa, uning hayotini barbod qilish bilan ochiqdan-ochiq qo'rqitib, shantaj qiladi. Shu sababdan ham ta'qib qilish, tahdid qilishni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qilish eng yaxshi yechimlardan biri, desak bo'ladi.
Anbaroy JUMABOYEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
3-kurs talabasi.
