Ota – tarbiya ustuni

 “Otalar kuni”ni ijtimoiy sana sifatida belgilash xususida

Ma'lumki, har bir jamiyat taraqqiyoti oilalar mustahkamligiga, oila mustahkamligi esa ota-onaning o'rni va mas'uliyatiga bevosita bog'liq. Bugungi globallashuv sharoitida ayrim g'arb mamlakatlarida an'anaviy oila instituti o'rnini “zamonaviy” jamiyatlarda mavjud bo'lgan noodatiy oila shakllari (rasman nikohdan o'tmasdan birga yashaydigan juftliklar, farzandsiz oilalar, bir jinsli juftliklar) egallab borayotgani, oilaviy qadriyatlar jiddiy sinovlarga duch kelayotgani o'zi yashayotgan jamiyat taqdiriga, kelajagiga befarq bo'lmagan har bir insonni xavotirga soladi.

Ayrim holatlarda ota timsoli faqat oilaning iqtisodiy ta'minlovchisi sifatida qabul qilinib, uning farzandlar tarbiyasidagi vazifalari yetarlicha e'tirof etilmayapti. Zero, tariximizga nazar tashlasak, o'zbek oilalarida ota — tarbiya ustuni, mas'uliyat va intizom timsoli, avlodlar davomiyligining asosiy halqasi sifatida qaraladi. Otaning farzand tarbiyasidagi faol ishtiroki nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning ma'naviy sog'lomligiga xizmat qiladi. Bugungi kunda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik, jinoyat holatlarining tub ildizi ham aynan oilada otaning o'rni pasayib borayotgani bilan bevosita bog'liqdir.

Ma'lumki, davlatimiz tomonidan voyaga yetmaganlar o'rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish borasida ko'plab profilaktik ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jinoyatchilikka moyil bo'lgan yoshlar bilan individual ishlash, ularni ijtimoiy moslashtirish borasidagi tizimli ishlar samarasi o'laroq, ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizda 2025 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2306 tani tashkil etgan (2024 yilda 2870 ta holat qayd etilgan). Bu ko'rsatkich umumiy jinoyatlar tarkibida taxminan 2,1 foizni tashkil etadi. Shuningdek, yoshlar jinoyatchiligi dinamikasiga ko'ra, 4024 ta mahallaning jinoyatsiz hududga aylangani bu borada kamayish tendensiyasi (yilma-yil pasayish) ketayotganini ko'rsatadi.

Lekin bu tahlillar voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari umuman sodir etilmayapti, degan xulosaga asos bo'la olmaydi. Ayrim oilalarda farzand tarbiyasi butunlay onaning zimmasiga yuklab qo'yilayotgani yoshlar jinoyatchiligining asosiy omillaridan biri sifatida ta'kidlanadi. Vaholanki, farzandlarini bilimli, hunarli, axloqli qilib tarbiyalashda ota-onalar birdek mas'uldirlar. Ayniqsa, o'g'il farzandlar tarbiyasida otaning o'rni beqiyos. Bugun ayrim otalarning farzandlar ta'minoti, ta'limi, tarbiyasi uchun mas'ullik zalvorini his qilmayotganliklari, ular oldidagi burchlarini unutib qo'yayotganliklari bois huquqbuzarlik va jinoyatlar “yosharib” boryapti, yoshlar turli oqimlar, yot g'oyalar ta'siriga, missionerlar tuzog'iga osongina tushib qolyaptilar.

O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo'ljallangan Saylovoldi dasturida oilaviy hamjihatlikni ta'minlash, oila sha'ni va shavkati himoyachisi bo'lgan erkaklarning oiladan, bola tarbiyasidan uzoqlashishining oldini olish maqsadida O'zbekistonda “Otalar kuni”ni ijtimoiy sana sifatida bayram qilinishini ta'minlashga oid bir qator vazifalar belgilangan. Partiyaning 2026 yilga mo'ljallangan Ish rejasining 35-bandida erkaklarning oiladagi o'rni va mas'uliyatini oshirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlarga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar ishlab chiqish ko'zda tutilgan. Shuningdek, erkaklarning oiladagi o'rni borasidagi ilmiy-tadqiqot loyihalarida hamkorlik qilish, xorijiy tajribalarni o'rganish, “Otalar kuni”ni ijtimoiy kun sifatida bayram qilinishi yuzasidan aholi fikrini o'rganish hamda jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, natijalari yuzasidan O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga hamda “O'zbekiston Respublikasida bayram kunlari to'g'risida”gi Qonunga tegishli qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish bo'yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Oilalar mustahkamligi, yoshlar tarbiyasi bilan bog'liq muhim jihatlarni inobatga olgan holda partiya tomonidan O'zbekistonda “Otalar kuni”ni ijtimoiy sana sifatida nishonlash tashabbusi ilgari surilmoqda. Bu taklif nafaqat ramziy ahamiyatga ega, balki jamiyatda otalarning o'rni va mas'uliyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy-ijtimoiy qadam, shuningdek, oiladagi muvozanatni tiklash, otaning oiladagi o'rni, farzand tarbiyasidagi mas'uliyatini keng jamoatchilikka yana bir bor eslatish imkoni hamdir. Davlat va jamiyat o'rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishga xizmat qiladigan ushbu tashabbus orqali davlat fuqarolarning oila institutiga bo'lgan e'tiborini rag'batlantiradi, jamoatchilikni tarbiyaviy mas'uliyatga chorlaydi. Shuningdek, oilaparvar, mas'uliyatli va ibratli otalarni ommaga namuna sifatida ko'rsatish imkoniyati yaratiladi.

Albatta, bunday tashabbusni amalga oshirish faqat bayram yoki sana bilan cheklanib qolmay, ta'limiy va ijtimoiy dasturlar orqali qo'llab-quvvatlanishi juda muhim. Masalan, bu bayram yoki sananing ahamiyatiga oid savolnoma asosida jamoatchilik fikrini o'rganish, davlat va jamoat tashkilotlarida otalarga ehtirom ko'rsatish, minnatdorlik bildirish, ularning oiladagi o'rnini e'tirof etishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkillashtirish, ta'lim muassasalarida “Mas'uliyatli otalik” mavzusida insholar tanlovini o'tkazish, “Ota va farzand” forumlarini tashkil etish, mahallalarda “Namunali ota” tanlovlarini yo'lga qo'yish, ommaviy axborot vositalarida ijobiy ota obrazini targ'ib qiluvchi ijtimoiy roliklar tayyorlash, ota va farzandlar ishtirokida sport va madaniy tadbirlar o'tkazish, “Mening otam…” chellenjini e'lon qilish, otalarga atalgan eng yaxshi mulohazalar, chizilgan rasmlar, oilaviy fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish kabi keng qamrovli targ'ibot tadbirlarini amalga oshirish lozim.

“Ota xom uzum yesa, farzandining tishi qamashadi”, degan naql bor. Bu nima degani? Bu — farzandlarimiz, xususan, o'g'il bolalar otaga qarab bo'y cho'zadi, degani. Bu — ota nobop bo'lsa, nojo'ya ishlarga qo'l ursa, nopok ko'chalarda yursa, bu holat farzandlari taqdiriga, kelajagiga o'z ta'sirini o'tkazmay qo'ymaydi, degani. Bu — eshitganidan ko'ra ko'rganiga ko'proq amal qiladigan bolalar otasi qilgan ishni takrorlashga moyil bo'ladi, degani. Bu — farzandlar tarbiyasi uchun, eng avvalo, ota mas'ul, degani.

“Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o'g'rilar, giyohvandlar va nashavandlar… kechagi tarbiyasiga e'tibor berilmagan bolalardir”, deb yozgan edi ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy. Buyuk bobomizning bu o'rinli fikrlari bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Zero, oilada otaning o'rni yo'qolsa, mas'uliyati unutilsa, farzandlar tarbiyasida noqisliklar bo'y ko'rsatadi. Otalarning oilasiga, farzandlariga e'tiborsizligi, loqaydligi nafaqat o'z oilasi, balki jamiyat uchun ham eng katta ma'naviy illatdir. Bola tarbiyasida sustkashlik, loqaydlik qilganlar, ularni o'z holiga tashlab qo'yganlar yoki ularga me'yoridan ortiq mehr berib, tarbiyadagi muvozanatni buzganlar o'zlarining ham, farzandlarining ham umrini uvol qilishlari tayin. Shunday ekan, ota chin ma'noda oila ustuni, farzandlar tayanchi bo'lmog'i, ularning sog'lom ulg'ayishi, ma'naviy kamoloti uchun ko'proq qayg'urmog'i lozim.

Zero, shamol silkitgan har bir yaproq ham daraxt shoxlarini titratganidek, har bir bola taqdiri bilan bog'liq har qanday muammo barchamizni birdek o'ylantirishi, tashvishga solishi kerak.

Otalik burchi, mas'uliyatini farzandlarini hech kimdan kam qilmay yedirib-ichirish, kiyintirishdangina iborat deb biladigan ayrim otalarimiz daromad ilinjida xorijga chiqib ketaverishsa, oilada otaning o'rnini, ota mehri yetishmayotgan bolalar qalbidagi bo'shliqni qanday to'ldiramiz? Mehrning ko'zda ekanligini, mehrsiz berilgan tarbiya guldan tikan undirishini ularga qanday tushuntiramiz?

Vaholanki, bugungi kunda dunyoda kechayotgan qaltis vaziyat, ayrim davlatlardagi notinchliklar, talato'plar, boshboshdoqliklar har birimizdan ogohlikni, o'z oilamizni, farzandlarimizni turli xavf-xatarlardan himoya qilishni taqozo etadi.

“Otalar kuni”ni ijtimoiy sana sifatida joriy etish — bu shunchaki yangi bayram kunini belgilash emas, balki jamiyatda mas'uliyatli otalik madaniyatini shakllantirish, oila institutini mustahkamlash va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega g'oyadir. Fikrimizcha, normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish orqali otalik institutini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko'tarilishi maqsadga muvofiqdir. Bunday tashabbuslar esa, shubhasiz, barqaror va sog'lom jamiyat qurish yo'lida muhim qadam bo'lib xizmat qiladi.

Feruza JALILOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =