Haybatli tepaliklar siri
yoxud Sohibqiron Amir Temur bobomiz tug'ilgan makon haqida yangi tadqiqotlar
— Dada, anovi qanday tepalik?
— Bilmadim, bolam…
— Axir nega bilmaysiz?
(Suhbatdan)
Odam bolasi yoshi ulg'aygan sari tez-tez o'tmishga qaraydigan, oilasi, urug'-aymog'i, qishlog'i, yurti haqida ko'proq o'ylaydigan bo'lib qolar ekan. Ba'zan gurunglarda kimdir gapni aylantirib: “Bobomning chopag'on otlari ko'p bo'lgan yoki suruv-suruv qo'ylari bo'lgan”, deb maqtanib qoladi. Gohida ichingda unga havasing ham keladi. “Xo'sh, mening ajdodlarim kim bo'lgan, qanday yashagan?” — deb o'z-o'zingga savol berasan. Bu savol tinchingni buzadi, keksa kishilardan fursat topib surishtirasan, javob topsang, eshitganlaringni bolalaring, nabiralaringga bot-bot so'zlab berasan.
Ammo javob topmasangiz nima qilasiz? Maktabda o'qiydigan nabirangizning tarix kitobini titkilab ko'rasiz. Qadimgi Rim, Yunon, Misr tarixiga oid rangli suratlarni hayrat bilan tomosha qilib, tarixiy ma'lumotlarni o'qib chiqasiz. Ammo negadir qoniqmaysiz, o'zingiz istagan narsani topolmaysiz…
Qishloqning tog' tarafida, Samarqand – G'uzor katta avtoyo'lining Qashqadaryo ko'prigiga yaqinroq joyda baland tepalik bor. U menga bolalikdan tanish, necha bor qo'y boqib yurganimizda ustiga chiqib o'ynaganmiz. Lekin bu qanday tepalik, u qadimda qanday joy bo'lgan, unda kimlardir yashaganmi — bilmasdik. Ajdodlarimiz esa tepaliklarga Qiztepa, Jangaltepa, Bo'ritepa, Naymansaroytepa deb ajabtovur nomlar qo'yishgan.
O'tgan asrning 90-yillari edi. Vohamiz ijodkorlari bilan bo'lgan uchrashuvdan so'ng oqsoqol yozuvchi, O'zbekiston Qahramoni Said Ahmadning “Turna qo'ngan qirlarda” maqolasida “Qashqadaryo shunday makonki, uning qirlari, tepaliklarida yonboshlab olib, qissa va romanlar yozsa bo'ladi”, — degan satrlarni o'qiganman. Bu bilan ko'pni ko'rgan va bilgan adib vohamizning hali o'rganilmagan o'tmishiga ishora qilgandir, balki.
Rahmatli Bibisora ammam aytardi:
— Qiziltepada qirq malak yashiringan. Yarim kechada tuynuk ochilib, qizlar tashqariga chiqadi. Gulxan yoqib, o'yin-kulgi qilishadi, tong oqarishi bilan yana makonlariga berkinib olishadi. Ularni ko'rgan odam jinni yo devona bo'ladi.
Tarixchi olim Poyon Ravshanov Qiziltepa haqida yozar ekan, bu tepalikda topilgan ashyolar orasida ayollarning o'sma qo'yadigan mitti idishlari va boshqa pardoz buyumlari borligini ta'kidlagan. Bir necha yil tepalik atrofida qo'y boqib cho'ponlik qilgan Ravshan bobo esa u yerda olov yolqinini ko'rgani va ovozlar eshitganini hamon gurunglarda hayratlanib so'zlab yuradi.
* * *
— Elliginchi yillarning oxiri edi. Maktabni tugatgandim. Chimqo'rg'on suv ombori qurilishi tufayli qishlog'imiz aholisini Jonbo'zsoyga ko'chirish boshlandi. Tepaliklarni va boshqa tarixiy joylarni o'rganish uchun poytaxtdan shoshilinch ravishda qadimshunos olimlar kelib, ishga kirishdi. Qazish ishlarida men ham ikki yil ishladim. Guruh rahbari Sergey Kabanov degan olim bilimdon, ajoyib inson edi. Eh, bu tepaliklardan yashik-yashik buyumlarni topib jo'natganmiz. Sopoldan yasalgan har xil uy-ro'zg'or buyumlari, loydan yasalgan turli hajmdagi haykallar, qadimgi tangalar, qurol-aslahalar topganmiz. Jangaltepadan esa katta bir oilaning yaxshi saqlangan tobutlari chiqqandi, — deb so'zlaydi keksa muallim Hasan Ravshanov.
Esaboy qishlog'ida yashovchi Said muallimning uyida mehmonda edik. Suhbatimiz aylanib qishloq yaqinidagi Quloqlitepaga taqaldi. Said muallim shunday dedi:
— Quloqlida sir-sinoat ko'p. Ko'pchilik bu yerdan yana yuz yil ham foydalansa bo'ladigan ko'zalar, xumlar topib, hamon ishlatib yurishibdi. Bundan tashqari, bu tepalik ichida kutubxona bo'lsa kerak. Chunki tepalikning daryoga tarafi qiyalik. Qushlarning in qo'yishi uchun bexavotir joy. Qushlar uyalaridan arabiymi, forsiymi yo boshqa harflarda bitilgan varaqlarni chiqarib tashlashadi. Ba'zi odamlar bu qog'ozlarni topib olib, “tillari o'tmagach”, tashlab yuborgan.
* * *
Kunlarning birida manbashunos olim Abdusattor Jumanazarning 2007 yilda chop etilgan “Nasaf” nomli kitobi qo'limga tushib qoldi. Avvalo, muallifning ilmiy ma'lumotlarni o'ziga xos sodda uslubda, ommabop qilib yozgani diqqatimni tortdi.
Kitobdagi men uchun eng qiziqarli joyi “Niyoza” deb nomlangan bobi bo'ldi. U biz uchun bolalikdan qadrdonimiz o'sha Quloqlitepa tarixi ekan. Bu qutlug' maskan Nasaf viloyatining shimoli-sharqiy chegarasida joylashgan. Daryoning shundoqqina narigi qirg'og'idan Kesh viloyati hududi boshlanarkan. Kitobda o'rta asrlarda bu joydan bir nechta olim va adiblar yetishib chiqqani aytilib, ular haqida qimmatli ma'lumotlar keltirilgan.
Muallif tadqiqotida birlamchi qo'lyozma manbalardan Amir Temur bobomiz Xoja ilg'or yoki Zanjirsoyda emas, balki Niyoza mavzesida tug'ilgani haqida ma'lumot topadi va uni o'quvchilar e'tiboriga havola qiladi. Niyoza haqida Istaxriy (X), Najmiddin Umar an-Nasafiy (XII), Abdukarim as-Sam'oniy (XII), Yoqut al-Hamaviylar (XII-XIII) ma'lumotlarini beradi. Ulardan so'ng Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Muiniddin Natanziyning “Muntaxab-at tavorix”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlarida Sohibqiron Amir Temurning Niyozada (Ajig'i) kechgan tarixi batafsil yoritilib va tahlil qilinadi. Bu asarlar orasida Nizomiddin Shomiy asari Sohibqiron bobomiz ko'rsatmasi bilan yozilgan. Natanziy asarini temuriy Iskandar Mirzo buyurtmasi bilan yozishga kirishadi. Kitob yozib tugatilganda u vafot etgan edi va asar Sohibqiron Amir Temurning kichik o'g'li Shohrux Mirzoga tuhfa qilinib, uning nazaridan o'tkaziladi. Sharafiddin Ali Yazdiy asarini Shohrux Mirzoning mashhur o'g'li Ibrohim Sulton huzurida yozgan.
“Ammo, — deydi Abdusattor Jumanazar. — Xoja Ilg'or qishlog'i nomi bu qimmatli manbalarning birortasida uchramaydi.
Bu kitoblarning barchasi Sohibqironning o'zi, o'g'li va nabiralari nazaridan o'tkazilib yozilgan. Ulardagi ma'lumotlar birlamchi va ishonchlidir.
Hanuzgacha darsliklarimizda qayta-qayta zikr etilayotgan Xoja ilg'or qishlog'i nomi qaerdan paydo bo'ldi? U faqat XV asr o'rtalarida yozilgan Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” asarida qayd etilgan. Bu asar Shomiy asaridan 34, Natanziy asaridan 25, Ali Yazdiy asaridan 13 yil keyin yozilgan. Ammo Arabshoh asarining biror o'rnida Niyoza yoki uning turkiydagi ikkinchi nomi — Ajig'i zikr etilmagan”.
Buni qarangki, biz yuqorida tilga olgan Quloqlitepa, aslida, qadim o'tmishda Niyoza (forscha) va Ajig'i (turkiycha) nomlari bilan mashhur bo'lgan tarixiy joy ekan. Abdusattor Jumanazarning “Nasaf” kitobida bu joyning topilishi voqealari juda qiziqarli tarzda batafsil hikoya qilinib, unga oid tarixiy manbalar chuqur tahlil etilgan. Niyozaga bag'ishlangan maqola: “Nihoyat, Xemingo'y balig'i qo'lga tushdi”, satrlari bilan yakunlanadi. Bu joy shu tariqa 2006 yili ilmiy asoslarda tom ma'noda kashf qilinadi va omma e'tiboriga yetkaziladi. Chunki shu paytga qadar Niyoza qishlog'i olimlar tomonidan Yakkabog'da yo unga yaqin hududlardan birida joylashgani taxmin qilinardi, ko'rsatilardi. Niyozaning topilishi va yuzaga kelgan yangi vaziyat Sohibqiron Amir Temur tarjimai holi hamda tarixiga ham qaytadan jiddiy nazar tashlashni talab etayotir. Nahotki bir marhum bechoraning qabrtoshini Sohibqiron ko'tarib mashq qilgan “polvontosh”ga aylantirish va birovlarni shu kabi yana har xil johilona o'triklarga ishontirishga urinishda davom etaveramiz?
Hozir Niyoza qal'asi qoldig'ini mahalliy xalq “Quloqlitepa” nomi bilan ataydi. U yer sathidan taxminan 25-30 metr baland, 6-7 gektar maydonni egallagan.
* * *
Shu o'rinda bolaligi Chimqo'rg'on suv ombori ostida qolgan Naymansaroy qishlog'ida o'tgan marhum shoir Yo'ldoshbek Kenjaning xotiralariga quloq tutsak.
— Uyimiz yaqinida Tepabobo degan gaza bo'lardi, bolaligim shu kengliklarda o'tgan, o'shanda yetti-sakkiz yoshlarda edim.
Jo'ralarim bilan To'lg'onoy momoning uyi yonidagi tepalikka o'ynagani chiqar edik. Biz bolalarning nazarimizda tepalik dunyodagi eng baland joy bo'lib, ko'zimizga qudratli, yengilmas qo'rg'on bo'lib ko'rinardi.
U — bizning mitti Vatanimiz edi. Kunlarning birida tepalikni buzgani mashina va bahaybat buldozerni olib kelishdi. Qishloq ahli tomoshaga chiqdi. Bobo va momolarning ko'zlaridan yosh yumaladi. Buldozer esa tepalikka xuddi toshbaqadek o'rmalab chiqa boshladi. Shunda kimdir: “Ey, Tepabobo, karomatingni, qudratingni ko'rsat!” — deya hayqirib yubordi.
Keyin esa birdan buldozer ko'rinmay qoldi. Odamlar tepalikka qarab chopishdi. Traktor tepalikdan ochilgan ulkan tuynuk og'zida muallaq turar, uning haydovchisi esa kabina ichida hushsiz yotardi. Haydovchini bir amallab tortib olishib, shifoxonaga olib ketishdi. Buldozer esa tepalik og'zida uzoq muddatga “asir”likda qoldi.
Kunlarning birida tepalik ustida o'ynab, bexosdan uning ichiga tushib ketdim. Jo'ralarim otamga xabar bergani qishloqqa chopib ketishdi. Men esa, bilsangiz, o'zga bir dunyoga tushib qolgandek edim. Ulkan saroy, devorlarda turli rasmlar, buyumlar, haykalchalar turardi. Daryo tarafga ketadigan yo'lakka esa tosh to'shalgan. Otam kelib, menga arqon tashlab tortib oldi. Men tepalik ichida ko'rganlarimni uydagilarga, do'stlarimga so'zlab berdim. Keyinchalik shu tepalikda tekshirish ishlari olib borgan S.Kabanov, Z.Usmonova, T.A'zamxo'jayevalarning asarlaridan men bolaligimda ko'rgan saroy mahobatli So'g'd imorati ekanligini bildim. Demak, bolalik tasavvurlarim meni aldamagan ekan.
Qashqa vohasining o'rta qismidagi qadimiy manzillar 1971 yilda yana tekshiruvdan o'tkazildi va qadim ajdodlarimiz tomonidan yasalgan ko'plab osori-atiqalar topildi. Ayniqsa, Jangaltepadan topilgan bolalarning sut emizishiga mo'ljallangan, biqinida jo'mragi bo'lgan mitti emiziklar diqqatga loyiq edi.
Shu topilmaning o'zi ham ajdodlarimizning bolalar tarbiyasiga katta e'tibor berishini va bolajon bo'lganini ko'rsatadi. Shuningdek, Chokartepa, Do'stberditepa, Bayramtepa, Qoratepa, Irzotepa, Oydonatepalar ham o'tmishimizdan ko'plab sir-asrorlarni o'z bag'riga olgani bilan muhimdir. Qadimshunos olimlarning ta'kidlashicha, birgina Qamashi tumani hududida 32 ta ilmiy-tarixiy ahamiyatga molik tepaliklar mavjud ekan.
* * *
Ha, yurtimizning istalgan joyiga borsangiz, albatta, tariximizga daxldor joylarga duch kelasiz. Bu makonlarning ko'pchiligi ilmiy jihatdan yetarlicha o'rganilmagan. Tadqiqotlar olib borilgan makonlardan esa nimalar topilgan, ularning tarixiy ahamiyati qancha, bundan ko'pchilik bexabar. Bu joylarni o'rgangan olimlarning asarlari esa juda kam nusxada chop etilgan va tor doirada tarqatilgan.
Shu o'rinda bir mulohaza yuritsak. Yurtimiz tarixiga oid ommabop kitoblar nega maktab va oliy o'quv yurtlarida o'rganilmaydi? Agar shunday xayrli ishlar amalga oshirilsa, yoshlar tariximizni yaxshiroq bilgan va Ona Vatanimizga mehr-muhabbati, qiziqishi yanada ortishi tayin.
Misrliklar ajdodlari yaratgan ehromlari bilan necha-necha yuz yilliklar osha dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Bizning ajdodlarimiz bunyod etgan haybatli tepaliklar ham o'zining sir-sinoati va uzoq kechmishi bilan misr ehromlaridan aslo kam emas.
O'rolboy QOBIL,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
