Teskari fikrmi yoki achchiq haqiqat?

“Hurriyat” gazetasi sahifalarini varaqlar ekanman, bir sarlavha diqqatimni tortdi: “Gazeta o'qimaydigan… kelajak” (“Hurriyat”, 2026 yil 20 may, №20 son). Daf'atan odamni sergak torttiradigan, biroz xavotirga soladigan fikr. Xo'sh, Siz kelajakni gazetasiz, bosma nashrlarsiz tasavvur qila olasizmi? “Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas!” deyishga shoshilamiz, to'g'rimi?

Tan olish kerak, sarlavhani o'qib, avvaliga meniyam ko'nglimdan shunday fikr o'tdi. Ammo biroz mushohada yuritgach, ko'z oldimda o'nlab milliy gazeta-yu jurnallarimiz gavdalandi. Yurtimizdagi yangilanishlar nafasi ufurib turgan “Yangi O'zbekiston”, “Ishonch”, “Hurriyat” kabi nashrlardagi “Istiqbol iqboli”, “Porloq odimlar”, “Renessans ovozi” singari jarangdor ruknlar qulog'im ostida aks-sado bergandek bo'ldi.

Maqola muallifi, izlanuvchan talaba Ulug'bek Sharobiddinov nima uchun bunday ramziy va bahsli sarlavha tanladi? Gazeta o'qimaslik, jurnal varaqlamaslik, yangi bosilgan kitobning hidini tuyib, qiziqarli sahifalari orasiga xatcho'p qo'ymaslik mumkinmi axir?

Ehtimol, muallif zamondoshlarimizni mushohadaga chorlash, ularni mudroqlikdan uyg'otish uchun atayin shunday keskin yo'l tutgandir?

Darhaqiqat, bugungi kun odamidan bu haqda so'rasangiz, aksariyat hollarda: “Zamon o'zgardi, qo'limizda telefon bor-ku!” degan bir qolipdagi javobni eshitasiz.

Yaxshiyamki, telefon, internet bor! Bahonamiz tayyor. Agar ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanmaganida, axborotga bo'lgan ehtiyojimizni qanday qondirardik?

Biroq masalaning boshqa tomonini ham o'ylab ko'rish kerak. Virtual olamning, ya'ni “o'rgimchak to'ri”ning ommalashib ketganini matbuotdan uzoqlashishimizga yagona sabab qilib ko'rsatish qanchalik to'g'ri? Internet — tezkor axborot manbai, buni inkor etib bo'lmaydi. Ammo u bizga tayyor, chaynalgan, ko'pincha yuzaki va tasdiqlanmagan ma'lumotlarni uzatadi. Bugungi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati uzun matnlarni o'qishga erinib, faqat shov-shuvli sarlavhalar bilan kifoyalanayotgani ham shundan bo'lsa kerak.

Bosma matbuot — gazeta va jurnallar esa insonni fikrlashga, tahlil qilishga, voqealarning mohiyatini anglashga undaydi. Demak, kalavaning uchi internetning rivojlanganida emas, balki jamiyatimizda mutolaa madaniyatining susayib ketganligida, desak, haqiqatga yaqinroq bo'ladi.

Gapning indallosini aytganda, matbuot va internet bir-birini inkor etuvchi emas, balki to'ldiruvchi vositalardir. Tezkorlik virtual olamda bo'lsa, teranlik va tahlil bosma nashrda qolmoqda.

Quvonarlisi, so'nggi yillarda mamlakatimizda gazeta-jurnallar faoliyatiga, ayniqsa, kitobxonlikni rivojlantirishga davlat darajasida alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalarining global talablaridan kelib chiqib, milliy jurnalistikamizni rivojlantirish masalasini tez-tez kun tartibiga qo'ymoqda. Davlatimiz rahbari zamonaviy mediamakonda raqamli texnologiyalar o'rnini e'tirof etgan holda, umumtaraqqiyotda matbuotning, ayniqsa, bosma adabiyotlarning o'rni beqiyos ekanini alohida ta'kidlamoqda.

Yaqinda yurtimizda keng quloch yoygan ”Milliy kitobxonlik harakati” dasturi fikrimizning yaqqol isbotidir. Bu kabi ezgu tashabbuslar shunchaki tadbir emas, balki xalqimizning dunyoqarashini kengaytirish, milliy o'zligimiz va mentalitetimizni asrab-avaylash hamda barkamol avlod tarbiyasining mustahkam poydevorini yaratish yo'lidagi tarixiy qadamdir.

Shunday ekan, gazeta o'qimaydigan kelajakdan qo'rqish emas, balki har bir xonadonga bosma nashr va kitob nurini qayta olib kirish haqida o'ylashimiz lozim. Zero, kitob va gazeta varaqlagan millat hech qachon mag'lub bo'lmaydi.

Karim NORMATOV,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − nine =