Maktab direktorini tayinlash “o'yin”ga aylanmasin!

Ochig'i, 7-8-sinfda o'qib yurgan paytimdayoq negadir o'zim o'qigan maktabimga direktor bo'lishni orzu qilardim. Bu rahbarlikka talpinish yoki o'qituvchilikka qiziqishdan emas, balki o'sha vaqtdagi direktorimizga ancha “katta shaxs”larning ham hurmat bilan qarashi, muhim tadbirlarda u kishining fikri bilan hisoblashishi va eng muhimi, hamma uchun kerakli, ibratli odam bo'lganiga havas qilganimdan bo'lsa kerak.

Yaxshi eslayman, tumanimizda Hojiboyev domla desa, eng avvalo, ibratli oila rahbari sifatida hammaning hurmatini qozongan inson ko'z oldimizga kelardi. Direktorimizga katta-kichik barcha tashkilot rahbarlari, hatto tuman hokimi ham alohida hurmat bilan muomala qilardi. Qo'l ostida ishlaydigan o'qituvchilarni-ku aytmasa ham bo'ladi — ular rahbarni maktabning chinakam otasidek e'zozlashardi.

Tumanimizdagi to'y-ma'rakalar, katta bayramlar oldidan o'tkaziladigan hasharlarda u kishining ishtiroki yaqqol sezilardi. Boisi, nafaqat maktab davrida, balki undan keyingi vaqtlarda ham maktabimizda o'qigan odamlarga pand-nasihat qilishdan, o'rni kelsa, dakki berishdan to'xtamas, go'yoki butun umr ular uchun mas'uldek tutardi o'zini. Boshqalar ham buni umuman malol olishmasdi. U kishini qishloq raisidan ko'ra hurmatliroq darajada bo'lgan, deyish mumkin. Shunda ko'rganman ustozlikning hayotda otadek ulug'langanini.

Ochiq yozayotganim uchun maktabimdagilar biroz xafa bo'lishar, ammo aytmasam bo'lmaydi: o'shandan buyon maktabimizda boshqa o'shanday hurmat-e'tiborga ega direktorni ko'rmadim.

Birgina biz o'qigan maktabda emas, boshqa muassasalarda ham juda ko'p direktorlar almashib ketdi. Kimdir lavozimda ozgina ishlaydi-yu, qandaydir sabab bilan boshqa ishga o'tadi. Yangi odam kelib, tartib o'rnatmoqchi bo'ladi-yu, uddaburon o'qituvchilarning hurmatsizligi va fitnalaridan bezib, ariza yozadi. Yoki nimanidir bahona qilib, ustidan shikoyat yo'llashadi. Bularni kuzatib, kishi achinib ketadi. Ba'zan bu lavozimga mutlaq nomunosib odamlar ham da'vogarlik qilishga jur'at etayotganini ko'rib, yoqa ushlaysan.

Yaqinda bir tadbir bilan maktabimizga borgandim. Biz o'qigan vaqtlarda yo'nalishi pedagogikaga mos tushmagani uchun uslubchimi yoki yetakchimi vazifasida ishlagan bir ayol direktor o'rinbosari bo'lib olibdi. O'qituvchimiz kelmagan kunlari o'g'il bolalarga mehnat ta'limidan darsga kirib, shunda ham bolalar bilan urishib, jerkib chiqib ketadigan bu ayolning juda katta o'sishga erishganiga qoyil qoldim. “Oliygohda o'qish ancha oson bo'lib qoldi, yaxshiroq joyda ta'lim olib, malakasini oshirgandir”, deb o'yladim. Hartugul, direktorning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarligiga har qanday odam ham loyiq ko'rilavermaydi-da. Muomala madaniyati, yurish-turishi, oilaviy ahvoli, bolalarni ergashtira olishiga jiddiy e'tibor qaratilishiga amin edim.

Buni qarangki, oradan 4-5 oy o'tar-o'tmas o'sha ayol direktor bo'lib olibdi. Ishqilib, o'ylagan yaxshi gumonlarim rost bo'lsin.

Nazarimda, direktorlik lavozimi uchun juda katta kurashlar ketayotganga o'xshaydi. Munosib odamlar tayinlansa-ku, nur ustiga nur, ammo hatto o'qituvchilikka ham nomunosib kimsalar maktabga rahbar bo'lib qolsa, bu juda katta fojiadir. Bunday vaziyatda tartib-intizom bilan bir qatorda ta'lim ham mutlaq izdan chiqishi, o'qituvchi degan ulug' kasb nufuziga qattiq putur yetishi mumkin.

Turli odamlardan eshitadigan yoki ijtimoiy tarmoqlarda uchrayotgan ayrim noxush xabarlarni o'qiganim zahoti yana o'sha ibratli direktorimiz xayolimga keladi. Qadamidan ma'naviyat, ma'rifat ufurib turishi zarur bo'lgan kishilarning qilayotgan qilmishlaridan xafa bo'lib ketaman:

“Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida voyaga yetmagan o'quvchiga shilqimlik qilgan maktab direktori 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma'lum bo'lishicha, 1987 yilda tug'ilgan, Yuqori Chirchiq tumanidagi maktablarning birida direktor vazifasida ishlovchi I.J. joriy yilning 16-17 aprel kunlari “Telegram” messenjeri orqali o'quvchisiga turli xil shahvoniy xususiyatga ega bo'lgan SMS-xabarlar jo'natgan”.

“Samarqand shahridagi 81-umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori O.O. atrofida ketma-ket mojarolar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va videolarga ko'ra, maktab rahbari tadbirga kelgan yosh xodimalarga shilqimlik qilgani hamda maktab hovlisida o'quvchilarni urib-tepgani aytilmoqda. Farzandi himoyasi uchun maktabga kelgan ota-onalarga esa unga pedagogikani o'rgatmaslik kerakligini aytib javob bergan”.

“Kosonda maktab direktori qalbaki diplom tayyorlab berish va maktabga ishga joylashtirish uchun 800 dollar pora olayotganda ushlandi”.

“Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Angor tumani prokuraturasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirda tumandagi 26-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori O.X. qo'lga olingan. Bosh prokuratura Axborot xizmatining xabar berishicha, u o'qituvchi N.Y.ni maktabdan bo'shatmaslik evaziga tamagirlik yo'li bilan 2 million so'mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”.

Kelajak uchun javobgar bo'lgan kishilar haqida bunday xabarlar tarqalishining o'zi og'riqli.

Akademik litseyda o'qib yurgan vaqtlarimda viloyat miqyosidagi bir tadbirda tasodifan ikki kishining janjaliga guvoh bo'lib qoldim. Baqir-chaqirlar kuchaygan mahal ulardan biri “Biz o'qituvchimiz!” dedi-yu, ikkisi ham tinchlandi. Ularning boshqalar oldida o'qituvchilarning tortishishi to'g'ri emasligini anglagani, o'zlarini qo'yib turib, eng avvalo, bu kasb sha'niga putur yetkazmaslikni o'ylagani quvonarli. Qani endi, ota-onalar oldida ham o'ylab o'tirmay janjallashadigan, internetda o'z hamkasbini sazoyi qilib video tarqatadigan, dars soati kam bo'lib qolgani uchun direktorning ustidan arz qilib, barcha eshiklarni qoqib yuradigan o'qituvchilarda ham mana shu madaniyatdan misqolcha bo'lsa!

Yaqinda bir hamkasbim 6 yoshli farzandini bilimi yaxshi bo'lgani uchun maktabga joylashtirishga borgani haqida so'z ochib qoldi. “Bolamning boshlang'ich tushunchalari, o'zlashtirishi yaxshi. Istalgan usulingizda suhbatlashib ko'rishingiz mumkin”, debdi. Maktab direktori esa bola bilan emas, otasi bilan “muomala qilish”ni afzal bilib: “Yaxshi, farzandingizni muddatidan oldin o'quvchilikka qabul qilamiz. Buning uchun maktabimizga nima olib bera olasiz? Shkaflarga ehtiyojimiz bor. Olib kelib berishga vaqtingiz bo'lmasa, hech xijolat bo'lmay, pulini bersangiz, o'zimiz keltirib qo'yamiz”, deb kiprik qoqmay gapirganini aytib berdi. Bunaqa direktorlar qanday paydo bo'lib qolyapti — hayronsan kishi. Direktorlar ustidan o'qituvchilarning ariza yozishini hech qachon yoqlamaganman. Ammo bunaqa tamagir odam qo'l ostidagilarga ham nohaqlik qilmasligiga ishonch yo'q. Shular haqida fikr yurita turib, o'ylab qoldim: aslida, maktab direktorligi uchun qanday odamlar tanlab olinadi va qanday tayinlanadi? Uzoq yillar maktabda halol ishlagan, jamoada hurmat qozongan kishilar tanlanadimi yoki boshqacha tartib bormi?

2019 yilda “Umumiy o'rta ta'lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom” O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan edi. Unga ko'ra, ta'lim jarayonining shaffofligini ta'minlash, jamoatchilik ta'sirini kuchaytirish, o'quvchilarning sifatli ta'lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta'lim-tarbiya jarayonlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida har bir ta'lim muassasasida Kengash tashkil etilishi, bu kengashlarda ota-onalar va o'quvchilar maktab direktori kim bo'lishini belgilashi aytilgandi. Hozir ham shu tartib amal qilyaptimi? Modomiki shunday ekan, nobop direktorlar qanday kelib qolyapti, degan savol tug'iladi.

Prezidentimizning 2023 yil 26 maydagi 79-son Farmoniga muvofiq, umumiy o'rta ta'lim muassasalari direktorlarini menejerlik kurslarida o'qitish va sertifikatlash tizimini joriy etish belgilangan edi. Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o'quv kurslarida o'qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to'g'risida Nizom” tasdiqlangan. Unga ko'ra, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan umumta'lim maktablari direktorlari lavozimiga nomzodlarni menejerlik o'quv kurslarida o'qitish va maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini berish tizimi joriy etilgan. Menejerlik kurslariga o'qish uchun nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq bo'lishi lozimligi aytiladi.

Xo'sh, maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablarida yuqoridagi sifatlarga e'tibor qaratiladimi? To'g'ri, respublikada maktablar juda ko'p, hammasiga ham rahbar tayinlashni markazdan turib nazorat qilib bo'lmas, biroq tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardan yuboriladigan nomzodlar tegishli mas'ullar tomonidan puxta o'rganilishi zarur. Bugun maktab direktorligi uncha katta rahbarlik lavozimidek ko'rilmayotgan bo'lishi mumkin. Ammo o'nlab, yuzlab o'qituvchilarga bosh bo'ladigan, minglab o'quvchilar ta'limiga mas'ul rahbarni tayinlashni har qanday tashkilotga yetakchi tayinlashdan ko'ra nozikroq masala sifatida ko'rish zarur emasmi? Axir istaymizmi, yo'qmi, maktab direktori o'sha ta'lim maskanining nechog'lik darajada ilm-ma'rifat dargohi darajasida bo'lishini ta'minlaydigan shaxsdir.

Qiziq, bugun tuman Maktab va maktabgacha ta'lim bo'limlaridan maktab direktorlarini tayinlash vakolati olib tashlangan. Uni viloyat Maktab va maktabgacha ta'lim boshqarmasi mutasaddisi hal qilar ekan. Endi o'ylab ko'ring: bitta viloyatda qancha maktab bor? Boshqarma boshlig'i buyrug'i bilan tayinlanadigan yoki vazifasidan ozod qiladigan aksariyat maktablarning hatto qaerda joylashganini bilmaydi ham. Lekin vazifaga qo'yadi. U qishloqda yoki mahallada faoliyat yuritadigan maktab va uning rahbari qanday odam, qanday obro'-e'tiborga egaligini viloyat markazidagilar emas, birinchi navbatda tuman va shaharlardagi mutasaddilar yaxshiroq bilishmaydimi?

Demak, bu borada direktorlarni tayinlash yoxud bo'shatishdagi g'alati “tartib”larni o'ylab ko'radigan vaqt keldi…

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 18 =