Iqtidorning shakllanishi
Minora qurilishi bir necha yil davom etganidek, ijodkorning shakllanishi ham umrining so'nggi daqiqasigacha davom etadi. Minoraning tarhi avvaldan chizib qo'yilganidek, ijodkor qismati — jami insonlar qismati kabi — azaldan Lavhul-Mahfuzga yozib qo'yilgan. Hayotning qiziqligi shundaki, bu kitobni Alloh taolodan bo'lak hech kim o'qimagan. Shu sabab har bir inson, har bir ijodkor Allohga tayanib turmush aravasini sudrab ketaveradi.
Alloh insonga uning o'zi ham ilg'ashi qiyin bo'lgan, yashirin tarzda kechadigan maxfiy iqtidor beradiki, kitobimiz ayni shu iqtidorning shakllanishi, rivojlanishi va ziyo tarqatishi borasidadir. Keling, bu iqtidor qanday, qay tarzda va qay darajada namoyon bo'lganligini ijodkorlar hayotidan misollar keltirib, baholi qudrat
ko'rib chiqaylik.
Buning eng yorqin namunasi — Hazrat Alisher Navoiy va Mavlono Lutfiy o'rtasida bo'lib o'tgan suhbatdir. Ma'lumki, to'qqiz yoshli Alisher o'zining ikki misralik baytini Mavlono Lutfiyga taqdim etgan edi. Mana o'sha bayt:
Orazin yopqoch ko'zimdan sochilur
har lahza yosh,
Bo'ylakim paydo bo'lur yulduz
nihon bo'lg'och quyosh.
Mavlono Lutfiy: “Shu ikki misra she'ringiz uchun butun ijodimni almashmoqqa tayyorman”, degan ekan. O'sha paytda Lutfiy Hirotning eng zabardast, eng ulkan, tengi yo'q benazir shoiri edi. Uning ijodi butun xurosonliklar tomonidan e'zozlanar, minglab otashin muxlislari bor edi.
Shunday ekan, Lutfiy bola Alisherni mensimasligi, xatolarini aytishi, hatto: “Allohning jamoli haqida yozishga hali yoshlik qilasan”, deb shashtini qaytarishi, unga yetarlicha baho bermay, zakovatini tan olmasligi ham mumkin edi. Hatto bunga haqqi bor edi. Chunki u paytda Alisher hali Alisher Navoiy emas, havaskor shoir edi. Ammo Lutfiy Navoiy dahosini ko'ra bildi. Yosh shoirni yaqin olish, o'zining ulkan salobati va ulkan ijodi oldida Alisher esankirab qolmasligi hamda unga do'stona yordam qo'lini cho'zish uchun o'z olamshumul ijodini uning oyog'i ostiga tashladi.
Albatta, bundan Lutfiy ijodi pasayib qolgani yo'q. Bil'aks, Lutfiyning buyukligi yanada yaqqol namoyon bo'ldi. U bola Alisherda o'zbek she'riyatining bo'lg'usi podshohini ko'rdi va o'zining naqadar zukkoligi, uzoqni ko'ra bilishini asrlarga namuna qilib ketdi.
Erta uyg'ongan iste'dodlar
Albatta, Navoiydek odamlarda iste'dod yaqqol namoyon bo'ladi va ko'p kuttirib, ilhaq qilmaydi.
Yana bir buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino hazratlari yetti yoshida Qur'oni karimni yod olgan, birinchi asarlarini o'n bir yoshida yozgan ekanlar.
Abu Rayhon Beruniy hazratlari ilk asarini o'n to'rt yoshida, besh yuz betdan ortiqroq bo'lgan “O'rta Osiyo xalqlarining ming yillik tarixi” qomusiy kitobini esa yigirma to'rt yoshida yozishni boshlab, yigirma yetti yoshida tamomlagan ekanlar.
Farididdin Attor 13 yoshli Jaloliddin Rumiyni ko'rib: “Bu bola hademay olamdagi barcha oshiqlar qalbiga o't soladi!” — deb bashorat qilgan.
Tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitilgan bu voqealar uzoq o'tmishda sodir bo'lgani, muhiti va turmush tarzi mutlaqo o'zgacha bo'lgani uchun bizga sayyorada yuz bergan g'aroyib ertakdek tuyulishi mumkin. Ammo hammasi bor gap. Biz esa bu voqealarning muhim qismi, ya'ni iste'dodning namoyon bo'lishi borasida so'z yuritmoqdamiz.
Bugungi kunda ham iste'dodning yaqqol namoyon bo'lishiga oid yorqin namunalar ko'p. Usmon Nosir ilk she'rini 9 yoshida yozgan edi. Yigirma ikki yoshida esa Akmal Ikromov Toshkentda bo'lib o'tgan juda katta yig'inda: “Bizning Pushkinimiz — bu Usmon Nosir!” deydi. Usmon Nosir iste'dodi juda erta kamol topgan va porlagan yorug' iqtidor edi.
Abdulla Qodiriy 24 yoshida “O'tkan kunlar” romanini yozib bitqazdi. O'sha paytning o'zidayoq Abdulhamid Cho'lpon: “O'zbekning onasi bunday yozuvchini yuz yilda bir tug'adi”, — deya aytdi va uning bashorati to'g'ri bo'lib chiqdi.
Mehnat va zahmat bilan shakllangan iqtidor
Shuningdek, ulug'larimiz orasida iste'dodi uzoq yillar davomida shakllanganlari ham talaygina. Shoir Shukrullo shunday xotirlaydi:
“O'n to'rt-o'n besh yoshlarimda she'r qoralay boshladim. Bir to'da bolalar chug'urlashib yozgan she'rlarimizni G'afur G'ulomga ko'rsatish uchun olib bordik. Hamma she'r o'qidi, shular orasida men ham. Ustoz unga u dedi, bunga bu dedi, menga esa e'tibor bermadi. Oradan bir qancha vaqt o'tib, yozgan yangi she'rlarimizni yana olib bordik. Ustoz so'ri ustida o'tirgan ekan, she'rlarimizni eshitib turdi-da, unga u, bunga bu dedi. Menga kelganda, joylaridan turib, daraxtdan bir g'o'rani uzib: “G'o'r she'rga g'o'ra muhr bo'ladi”, — dedi-da, g'o'rani ezg'ilab, she'rlarim ustiga bosdi. Biroz xafa bo'ldim-u, indamay ketaverdim. Dilimda bir isyon bor edi: “Qattiq mehnat qilaman, qattiq ijod qilaman, kimligimni ustozga ko'rsataman, albatta katta shoir bo'laman, zo'r she'r yozaman, qoyil qoldiraman!”
Oradan besh yilga yaqin vaqt o'tdi. Yangi she'rlarimdan ko'tarib yana ustozning oldiga bordim. Bir soatga yaqin she'r o'qidim. Bir payt ustoz: “Qani, ko'ylagingni yech!” — dedilar. “Ie, G'afur aka, nima qilyapsiz?” — dedim. “Ech degandan keyin yechmaysanmi?” — dedilar. Noiloj ko'ylagimni yechib, qo'llariga tutqazdim. Ustoz ko'ylagimning etagidan o'pib: “Endi buni kiyma! Uyingga borib osib qo'y! Yillar o'tib bolalaringga, nabiralaringga ko'rsatasan! Men shoir bo'lgan kuni ustoz G'afur G'ulom etagimdan o'pgan, mana shu ko'ylak o'sha, deysan”, — dedilar. Xursandlikdan ko'zimdan yosh chiqib ketdi.
Bu ko'ylakni yigirma yildan ortiq — qamalib ketgan yillarim ko'p narsalar qatori u ham yo'qolib ketgunga qadar asrab yurdim”, — degan edi Shukrullo.
Olovli yillarda, bosh ko'targan odamning boshini qilich kesib ketadigan zamonlarda, yillar iskanjasidan ehtiyotkorona avaylab asralgan iste'dodning shakllanishi edi bu.
Muhit va taassurotlar olami
Yana o'zgacha, iste'dodning voyaga yetish shakli ham bor. O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi To'lepbergen Qayipbergenov hikoya qilgandi:
“Men tug'ilganimda otam ellik yoshlarda edi. Mendan oldingi farzandlar turmagan, go'daklik chog'idayoq nobud bo'lib ketavergan. Shuning uchun meni yeru ko'kka ishonishmasdi. Otam qaerga borsa, meni birga olib yurardi. Bola bo'lishimga qaramay, kunim kattalarning gap-gashtagida o'tardi. U paytda odamlar yig'ilsa, ma'nili-ma'rifatli suhbatlar o'tkazilar, bahru bayt aytilar, baxshilar xalq termalari va dostonlaridan kuylashardi.
Qo'shni ovuldan qaytguncha otam ko'rgan-eshitganlarimni aytib berishni talab qilardi. Uyga kelgach esa onamga ham aytib berardim. Shunday qilib, o'zim bilmagan holda go'yandaga aylanib qolgandim. Takrorlayverib, juda ko'p rivoyatlarni, afsonalarni, dostonlarni miyamga singdirib olgandim. Menda yozuvchilikka havas, balki shundan keyin — ichimda juda ko'p taassurotlar to'plangandan so'ng uyg'ongandir, qobiliyatim shu tarzda shakllangandir. Ko'rgan-bilganni takrorlash hayotimning so'ngigacha davom etdi. Ko'rgan-bilganlarimni har kuni alohida daftarga yozib boradigan bo'ldim. Yozganlarim bugunga kelib o'n jildlik kitobga jo bo'lsa ajab emas! Sakkiz yoshimdagi odat sakson yoshimgacha davom etdi!”
O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham bu borada qiziq gap aytgandi:
“Negadir bolaligimda “hamma she'r yozsa kerak, men ham yozaman” deb o'ylaganman va hali esimni tanimay turib, bir talay she'rlar yozganman. Maktabdagi o'qituvchilarimga berganimda, “qaerlardandir ko'chirib olgandirsan, o'zing yozmagan bo'lsang kerak” deb ishonishmagan. Men ham indamay qo'yaverganman. Ichimda xursand bo'lganman: “Shoirlardan farqim yo'q ekan, endi yozaveraman” deganman. Shundan buyon yozaman. Hech qachon ilhom kelishini kutmayman. Yozishni boshlasam, ilhom o'zi keladi. Muxbirlarning “she'riyatga qanday kirib kelgansiz?” degan savoli men uchun eng mushkul, javobi eng qiyin savoldir.
Men she'riyatga kirib kelmaganman, shoir bo'lib tug'ilganman, tamom-vassalom. She'r yozish uchun yozishni o'rgandim, she'riyatda o'zimga do'st topish uchun kitob o'qishni o'rgandim. Endi she'riyatdan boshqa hayotim ham, ketadigan-keladigan, o'ylaydigan boshqa mashg'ulotim ham yo'q!”
Ilmga ehtiyoj va mas'uliyat
“Bilmaganlarimni oyog'im ostiga qo'ysam, boshim osmonga yetar edi”, — deydi Imom A'zam.
Imom A'zamday zot shunday deb tursa, u kishining bilimi oldida bizning bilganlarimiz tog' oldida turgan toshdan farq qilmaydi. Shunday ekan, biz ilmga muhtoj bo'lmay, kim muhtoj bo'lsin! Hazrat Imom A'zamning bunday deyishlariga sabab — hamisha ilmga chanqoqliklari, hamisha yuqori ilm pillapoyalariga intilishlari va komillik istaganlaridir. “Bilim bilmaslikni kengaytiradi!” — deydi donishmand Anaksimen.
Iqtidor insonni katta maydonga olib chiqadi. El orasida hurmatli, ma'lum bir muvaffaqiyatlarga erishgan obro'li shaxsga aylantiradi. Mana shu hurmatni, obro'ni, shon-shuhratni ushlab turish ham kishidan juda katta iqtidor talab qiladi. Falsafa fanlari doktori, yetakchi olim Qiyomiddin Nazarov o'z bolaligini eslab, quyidagicha hikoya qiladi:
“Uchinchi sinfda o'qib yurganimda, maktabda tadbir bo'lib qoldi. Sahnaga chiqib ashula ayta boshladim. Ashula yarmiga yetganda, so'zlari yodimdan ko'tarildi. Oldingi qatorni bir marta takrorlab aytdim, ikki marta, uch marta… O'qituvchim yonimda doira chalib turibdi. O'qituvchimga qarayman, indamaydi. Nihoyat, qo'limdagi rubobni otib yubordim-u, davradan yig'lab chiqib ketdim. O'qituvchim bilan ikki-uch kun gaplashmay yurdim.
Bir kuni o'qituvchim xonasiga chaqirdi-da, meni stol ustiga chiqarib, bo'yimni o'z bo'yi bilan tenglashtirgach, ko'zlarimga tik qarab: “Sen sahnaga chiqding. Sahnaga chiqqan odamga endi hech kim yordam berolmaydi, buni yaxshi bilib ol. Hamma tayyorgarlikni sahnagacha qilish kerak, hamma yordamni sahnaga chiqquncha olish kerak. Sahnaga chiqdingmi, tamom, ortga yo'l yo'q. Sen endi qirolsan! Sen o'zingni qo'lga olishing, o'zingni o'zing boshqarishing, senga qarab turganlarga egalik qilishing kerak!” — dedi. Shunda stolni oyog'im ostiga bekorga qo'ymaganini, meni o'zi bilan teng ko'rib, jiddiy gapirganini tushundim.
Bu bir umrlik saboq bo'ldi. Minbarda har gal ma'ruza boshlasam, mana shu voqea ko'z oldimda namoyon bo'ladi va minbarda turib hech qachon yengilmasligim, endi hech kim yordam bermasligi, o'zimni qat'iy boshqarishim lozimligini his qilaman”.
Ijod maydoni va vijdon imtihoni
Adabiyot maydoni ham shunday. Bu maydonga tushgach, o'zingizdan boshqa hech kim yordam bermaydi. She'r yozishdan oldin shoir xuddi sher qarshisida turganday ojiz turadi. U xoh havaskor bo'lsin, xoh san'atkor — hamisha shunday. Tajribali, iste'dodli bo'lsangiz ham, bo'lmasangiz ham, qarshingizda ter to'kib qilinadigan mehnat turadi. Har kuni va har safar!
She'r yozish bitta kitob chiqarganingizdan keyin yengillashib qolmaydi. O'nta kitob chiqarsangiz ham shu mehnat, shu fidoyilik, shu zahmat davom etadi. Ya'ni she'r qancha talab qilsa, shuncha ter to'kishga, yuragingizni azoblashga, iztirob chekish alamlariga chidashga majbursiz. Ayyorlik qilib, zahmatdan ozgina bo'yin tovladingizmi — tamom, she'ringiz chala tug'ilgan go'dakdek majruh va keraksiz bo'lib qolaveradi.
Agar tajriba asosiy ahamiyatga ega bo'lganda, yoshlar yomonroq, keksalar esa yaxshiroq yozgan bo'lardi. Afsuski, unday emas. Ijod yoshlardan qancha kuch-quvvat, zakovat, iqtidor va fidoyilik talab qilsa, keksalardan ham xuddi shuncha jonnisorlik talab qiladi.
Iqtidor ham farzandingizdek tarbiya, g'amxo'rlik va parvarishni talab qiladi. Siz nima qilsangiz, u ham shuni qiladi. Qayoqqa qadam tashlasangiz, nimaga e'tibor bersangiz, u ham faqat shuni o'rganadi. O'g'rilik qilsangiz, bolangiz ham bir kunmas-bir kun albatta o'g'rilik qiladi. Kimgadir yaxshilik qilsangiz, bolangiz ham albatta yaxshilik qilishni o'rganadi. Iste'dod ham shunday — u sizdan hamma narsani o'rganadi.
Usmon Azim shunday voqeani gapirib bergan edi:
“Yuqori lavozimda ishlab yurgan paytlarimda har xil iltimoslar bo'lardi. Qo'limdan kelsa, xolis bitirib beraverardim. Shunday xolislik bilan italiyalik bir guruh tadbirkorlarning ishini bitirib beribman va bu xayolimdan mutlaqo ko'tarilib ketibdi. Bir kuni ular mehmonga chaqirishdi va “zavod foydasidan ulushingiz” deya katta miqdordagi pulni tutqazishdi.
Birdan orqaga chekinib: “Yo'q, yo'q, menga pul kerak emas, agar shu pulni olsam, keyin she'r yozolmay qolaman”, — debman. Qarshimda go'yo ikkita yo'l turganday edi. Hech ikkilanmay she'riyatni tanladim. Boshqa yo'l yo'q edi”.
Albatta, boy shoirlar ko'p. Gap bu yerda boylikda emas, boylikning pora, ya'ni harom yo'l bilan topilayotganida va harom narsa har qanday shoirni nogiron qilib qo'yishga qodir ekanidadir! Usmon aka o'zini, iste'dodini mana shu yovuz kuchdan asragan. Balki u o'z vijdoniga xiyonat qilganida, keyin yaxshi yozishni istasa ham, yozolmagan bo'lardi.
Har bir ijodkor iqtidorini shunday himoya qiladi, uning namoyon bo'lishi, kamol topishi uchun muhit yaratadi, sharoit izlaydi, urug'ning unib chiqishini kutib turadi.
Ilhom manbalari va ijodkor fe'li
Bir kuni shoir Azim Suyun uyiga taklif qilib qoldi:
“Shu muyulishdan qayrilsangiz, bizning darvoza yarq etib ko'zga tashlanadi. Tepasiga katta arxar shoxi qo'yilgan. Shu shoxga qarab topib olsangiz bo'ladi. Boshqa hech kimning darvozasida yo'q!”
Azim Suyunning darvozasini topish mushkul bo'lmadi. Shoirning o'zi aytganiday, darvoza tepasiga quloch yetmaydigan arxar shoxi va arxarning kalla chanog'i mixlab qo'yilgan edi. Ichkariga kirib, angrayib qoldim.
Hovli o'rtasiga xarsanglar keltirilib, tog' yasalgan; arxarlar, bo'rilar, kakliklar, tog' echkisi, maral, ayiq, burgut va yana turli-tuman jonivorlarning haykallari xuddi tog'u toshda o'ynab yurgandek ishtiyoq va ulkan muhabbat bilan o'rnatilgan edi. Tog' archalari, tug'dona, kiyiko't, yalpizlar gurillab o'sib yotar, o'zingizni xuddi tog' qo'yniga tushib qolgandek his qilardingiz.
“Bu — Beshbarmoq ota! — deya hayqirardi shoir. — Men tog'lar bag'rida tug'ilganman. Bu tog'lar menga ilhom baxsh etadi! Bu tog'larga qarab kuch olaman, qudrat olaman! Har bir shoir o'ziga mana shunday ilhom manbai yaratishi kerak! Yuringlar, sizlarga yana bir sirimni ochaman!”
Azim aka shunday deya bizni ichkariga, ijodxonasiga boshlab ketdi:
“Mana, men o'tiradigan stol. Qaranglar, stulimda ko'k bo'rining terisi! Shu terining ustida yozaman. Bu teridan menga ko'k bo'rining quvvati o'tib turadi. O'tirgan zahotim vujudimga tuganmas darmon o'rmalaydi. Kuchayib ketaman. Mana bu divandagi esa qo'ng'ir ayiqning terisi. Bu ayiq Nurota tizma tog'ining ayig'i! Uni menga 95 yoshli kampir iylab-oshlab bergan. Bunday mukammal oshlashni o'sha kampirdan boshqa hech kim bilmaydi. Men mana shu ayiq terisiga o'ranib yotaman. Ayiqday baquvvatligim shundan. Ayiq o'z o'ljasiga tashlanganday, ijodga tashlanaman. Ishlab charchamayman, yozib charchamayman, qiyinchiliklarga qarshi kurashib charchamayman!”
Azim Suyun samimiy va sodda inson edi. Ilhom manbai aslida arxar shoxi yoki ayiqning terisida emas, balki yuragida ekanini, qalbi qaynab-toshib turmasa, bularning sariq chaqalik qudrati yo'qligini yaxshi bilardi. Bilardi-yu, o'zini ovutish, o'ziga tasalli berish, hamma yukni faqat yuragiga tashlab qo'ymaslik kerakligini anglaganidan, og'irliklarni atrofidagi ashyolarga yuklardi. “Molani azob bilan tortayotgan yuragim emas, balki boshqa narsalar”, deb o'zini ishontirardi, ovutardi va yuragiga yengillik berardi. Ular kuch bermasa-da, “kuch beryapti” deb o'zini ishontirgani tufayli, natijada haqiqatan ham ulardan kuch kelayotganday bo'laverardi.
Shukur Xolmirzayev ham o'zini mohir ovchi hisoblardi. Dala hovlisiga borganimda, ko'pincha ov miltig'iga suyangan holda o'tirganining guvohi bo'lardim. Bu miltiq otmasdi. Chunki ichida o'qi yo'q edi. Nafaqat o'qi, balki tepkini bosadigan ilmog'i ham yo'q bo'lib, quruq maket edi. Lekin Shukur aka unga suyanib o'tirishni, bolaligi haqida xayol surishni, tog'da qanday ovchilik qilganlari, qanday qilib qoplonni yoki qobonni otganlari, qanday qilib ayiqqa duch kelib qolganlarini gapirib berishni yoqtirardi.
Ko'pgina hikoyalari shu tarzda dunyoga kelardi. Shukur akaning miltiqqa suyanib xayol surib o'tirishi uning bolalarcha beg'uborligidan, ishonuvchanligidan, soddadilligidan darak berardi. Lekin, istaymizmi-yo'qmi, uning iqtidoriga, ilhomiga bu xayol surishlar ozuqa ham edi. Agar Shukur akaga “Mersedes”da yurish ilhom bag'ishlaganida, albatta “Mersedes”dan tushmay yurgan bo'lardi. “Xudo har kimga fe'l-atvoriga yarasha istagini qondiradi”, deyishadi-ku!
Sinovlardan tug'ilgan ilhom
Biz ilhomni o'zlari izlab, o'zlari topgan ijodkorlarning ayrimlari haqida so'z yuritdik. Lekin ba'zilar qismatning qattiq zarbalariga duch kelgach, o'zlari istamagan holda og'ir mushkulotlarga yo'liqqach, yuraklarida isyon qaynab toshadi. Tuyg'ulari, iztiroblari vulqondek otilib, ilhom ularni qaynoq ijod quchog'iga yetaklaydi.
Shunday voqea hassos shoira, otashqalb ijodkor, dono va fozila ayol Tursunoy Sodiqova hayotida yuz berdi. Bu haqda Tursunoy opa shunday degandilar:
“Og'ir kasallikka chalinib, yotib qoldim. Insult bo'ldim. Bir yarim yil bitta to'shakdan turmadim. O'lim dam-badam yo'qlab qo'yar, rahmi kelibmi, qaytib ketardi. Shu yotganimda hayotni sevib qoldim. O'lim va hayotning orasi bor-yo'g'i bir soniyalik yo'l ekanini mana shu kunlarda anglab yetdim. Ba'zida bir soniyadan so'ng tirik bo'lamanmi-yo'qmi, bilmasdim. Gohida ko'zimni yumishga qo'rqardim. Goho uyquga ketishdan oldin qayta uyg'onamanmi-yo'qmi, buniyam bilmasdim. Qo'rqib-qo'rqib uxlardim. Xudodan eson-omon uyg'otishini har kecha yolvorib so'rardim. Uyg'ongach esa ming bora shukronalar aytardim.
Har bir lahzada o'lim bo'g'zingdan bo'g'ib tursa, har lahzani o'limning beayov changalidan birma-bir yulib-yulqib tortib olaverganingdan so'ng har bir lahzaning qadriga yetar ekansan. Ungacha qadriga yetmas ekansan. Ungacha yetmagandim. Ungacha hayotim to'lib-toshib oqqan daryodek guvullardi. Men abadiy shunday bo'ladi, abadiy shunday o'ynab-kulib yashayveraman, o'lim mendan juda uzoqda — ko'z ko'rmas, quloq eshitmas, odam oyog'i yetmas joylarda deb o'ylardim. Hamma o'ylaganlarim xom xayol ekan.
Bir yarim yildan so'ng oyoqqa turdim-u, qo'limga qalam oldim. Endi har lahzam so'nggi lahzam bo'lishi mumkinligini bilib yozaman, hayotni sevib yozaman. Hayotda iz qoldiray, nomu nishonsiz yo'q bo'lib ketmay, Xudoning oldida javob berishga arzigulik savob ishlar qilay, elu yurt oldida yuzim yorug' bo'lishiga loyiq asarlar yozay, Xudoning buyukligiga, buyuk qudratiga hamdu sano aytmay bu dunyodan o'tsam, eng noshukur, eng nonko'r, eng yaramas inson bo'lib qolaman, Yaratgan Parvardigor Egam mana shundan asrasin, degan tilakda yozaman!
Men o'limni ko'rdim, shu tufayli odamlarni yashashga chorlayman — yaxshi yashashga, yashash qadrini yaxshiroq anglashga chorlab yashayman. Men tiriklikni ulug'lovchi qo'ng'iroqman. Men dushmanning kaltaklarini yeb, do'stning qadriga ko'proq yetgan insonga o'xshab qoldim. O'lim meni yashashga ilhomlantirdi! Men yozganim sari o'limdan uzoqroqqa qochayotganga o'xshayman. Mana shu qochish meni ilhomlantiradi!”
Do'stlik va ustozlik madadi
Shuningdek, shoirni do'stlari, ustozlari, sevgan yorlari ham ilhomga undaydi. Bir kuni shoir Shukrullo do'stlarning bir-birlarini ilhomlantirishi, iqtidorlarini yuksak qadrlashlari haqida quyidagilarni gapirib bergan edi:
“Bir kuni Abdulla Qahhordan: “G'afur G'ulom ikkalalaringiz o'zbekning ikki buyuk ijodkori bo'la turib, nega bir-birlaringiz bilan hech kelishmaysizlar?” — deb so'rasam, u shunday javob berdi: “Nima, biz otamizning mulkini talasharmidik? G'afur o'zi mendan qochib yuradi. Bir-ikki marta ko'rishganimizda: “Sen juda katta bilim egasisan, iqtidoring tengsiz, shu qudratingni nega ro'yobga chiqarmaysan, nega ko'proq ijod qilmaysan, shaharma-shahar yuraverasan? Ko'p gaplaring ichingda, qachon boringni to'kib solasan? Atomni o'tin yorishga sarflama, atom — bu sening iqtidoring”, deb koyigandim. Shundan buyon qochib yuradigan bo'ldi. Kelishmovchiligimizning asl sababi shu. Men ko'proq ijod qilsin deyman. U ko'proq ijod qilsa, undan ko'ra ko'proq men xursand bo'laman”, — degan edi. Ular doimo bir-birlarini qo'llab-quvvatlashar, bir-birlariga madad bo'lishni istar, ijodda ko'maklashib, bir-birlarini yozishga chorlab turishardi”.
Xulosa
Bu yozganlarim — ijodkorlarning qaynoq hayoti haqida bir shingilgina lavhalar, xolos. Har bir yozuvchi, har bir shoir bir-biriga o'xshamaydigan alohida sayyoralardir. Ularning har biri haqida yozganda, mutlaqo bir-biriga o'xshamagan ruhiy dunyoni, bir-biridan o'zgacha bo'lgan sirli olamni ko'rasiz. Bu olamga kirsangiz, yangi bir dunyoni kashf etganday zavqlanasiz. Shuning uchun bu olamlar haqida hali ancha hikoyalar yozish mumkin edi. Kelajakda ular albatta yoziladi ham.
Lekin o'shanda ham yoziladigan narsalar tugamaydi. Chunki bu — hayot. Hayot haqida yozish hech qachon hayotning o'zidan ko'p bo'lgan emas. Hayot haqida hamisha va har qachon yozaverish mumkin. Adabiy hayot esa mana shu hayotning gultojidir. Har bir inson esa o'z hayotining podshosidir!
Sizlar bilan suhbatlashishga arzigulik so'zlarimiz, ko'ngil kechinmalarimiz, dardlashadigan dardlarimiz hali ko'p. Shuning uchun qulay imkoniyatlar yana takrorlanadi degan umidda, maqolaga quyidagi so'zlar bilan yakun yasaymiz. Zero, buyuk yozuvchilarimizdan biri aytganidek: “Adabiyot umri boqiydir, yolg'iz ugina o'limni tan olmaydi”.
Muhammad ISMOIL.
