Yomg'irda “pok”langan tuyg'ular
Yomg'ir sharros quyib turganda aksariyat kishilar o'zini panaga oladi. Ammo bunday manzaradan ruhlanadiganlar, lazzatlanadiganlar ham bor. Ammo yoshi yetmishni qoralagan otaxonni “yomg'irli lahzalar”ni sevuvchilar qatoriga qo'shib bo'lmasdi.
O'sha kuni yoqilg'i tanqisligi tufayli bo'lsa kerak, yo'lda yengil avtomobillar qatnovi kamaygandi. El qatori avtobusga chiqib, haydovchining ortidagi o'rindiqqa o'tirdim. Bexos ko'zim yomg'irpo'shsiz otaxonga tushdi. Oppoq kiyimi, yomg'irdan ivigan yaktagi otaxonning tanasiga yopishib ketibdi. Qomati yoydek egilgancha sharros quyayotgan yomg'ir ostida shumshayib turardi. Otaxonning yuziga nur bag'ishlab turgan oppoq soqoli ham allaqachon shalabbo bo'lgandi. Qora salafanga o'ralgan do'ppisi oq aralash qo'ng'ir sochlarining bir qisminigina yomg'irdan to'sib turardi.
Yarim soatdan beri avtobusning to'lishini kutayotgandik. Bir kishi uchungina joy qoldi. Nazarimda, haydovchi ham o'sha otaxonni kutayotgandi.
Taxminim to'g'ri chiqdi. Otaxon avtobusning old o'rindig'idagi bo'sh joyga chiqib o'tirdi. Haydovchi hassasini o'rindiq ostiga joylashtirishga urinayotgan otaxonga so'z qotti:
— Otaxon, shunday ob-havoda nima qilib yuribsiz?
Bu savolning javobi men uchun ham qiziq edi. Bobo esa xotirjam do'ppisiga o'ragan sellofanni oldi. So'ng javob qildi:
— Bolam, avtobusning orqa tomonida mendan ham mo'ysafidroq kishi turgandi, ko'rdingmi?!
— Yo'q.
— O'sha odam bir vaqtlar menga ustozlik qilgan. Sinfdoshlarimiz bilan uni judayam hurmat qilardik. Buni qaraki, necha yil deganda shu yomg'ir ostida ko'rishish nasib qildi. Salom bersam tanimadilar. Shunday bo'lsa-da, odamgarchilik yuzasidan u kishini uyimga taklif qildim. Vaqti tig'izligini, avtobusi kelsa, uyiga tezroq borishi kerakligini aytib, suhbatga yakun yasab qo'yaqoldi. Endi aytgin-chi, ustozimdan oldin avtobusga chiqib o'tirishim to'g'rimidi? Ustozim yomg'irda avtobusini kutib turganda men panada o'tirishim adolatdan bo'lmasdi…
Shu gapdan so'ng haydovchi hech narsa demadi. Otaxon manziliga yetib, avtobusdan tushgachgina haydovchi:
— Nahotki shu qadar xudbin bo'lsam, otaxonni odamgarchilik yuzasidan yomg'irda turgani xayolimning bir chekkasidan ham o'tmadi-ya… yengil mashina kutayotgandir, yomg'ir aqlini yuvib ketgan bu nodon chol avtobusda yurishni xohlamaganini ko'ring, degan noo'rin xayollarga borib yuribman-a, deb … o'z-o'zini koyidi.
Ochig'i, xuddi shunday fikr biroz avval mening ham xayolimdan o'tgandi…
Zulxumor ALIQULOVA