Oradan yillar o'tdi…
Keyingi yillarda Qamchiq dovonidan o'tuvchi yo'llar xorijiy hamkorlar bilan birgalikda butunlay qayta qurildi
Umrida bir marta bo'lsa-da, poytaxtni Farg'ona vodiysining so'lim go'shalari bilan bog'lovchi Qamchiq dovonidagi yo'ldan o'tgan kishi beixtiyor bu g'oyat fusunkor hududning shaydosi bo'lib qolishi haqiqat. Chunki viqorli tog'larni kesib o'tgan bu yo'lning ikki yonidagi betakror manzaralar yilning barcha faslida ham kishini o'ziga maftun etadi. Ayniqsa, jazirama yoz paytida bu yerda bo'lsangiz, tog' yonbag'ridagi yam-yashil tabiat qo'ynida bir muddat dam olib, muzdek musaffo havodan nafas olsangiz, atrofdagi ko'rkam manzaralardan bahramand bo'lsangiz, uzoq vaqt ruhingiz tetik bo'lib yurishi aniq.
Har ikki tomonda ham yengil avtomobillarning 4 qator bo'lib, xavfsiz harakatlanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi. Bundan 10 yillar muqaddam qishning yog'in-sochinli vaqtida mazkur hududdan o'tish qator muammolarni keltirib chiqarar edi. Ayniqsa, qalin qor yog'ib, muzlamalar yuz bergan damlarda yo'llar ma'lum muddatga yopib qo'yilardi. Ana shunday izg'irinli havoda yo'lovchilarning ahvolini bir tasavvur qilib ko'ring.
Shuni hisobga olib, davlatimiz tomonidan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo'lini qurish, ushbu hudud orqali poezdlar qatnovini tashkil etish to'g'risida maxsus qaror qabul qilindi va mazkur yirik loyiha 3 yil ichida hayotga tatbiq etildi. Endilikda asriy tog'lar bag'rini yorib o'tib, poytaxtdan Farg'ona vodiysi viloyatlariga qatnayotgan zamonaviy poezdlar minglab yo'lovchilarni yilning barcha fasllarida birdek qulay va xavfsiz sharoitlarda o'z manzillariga bexatar yetkazib qo'ymoqda. Shu bilan birga, yurtimizga tashrif buyurgan ko'p sonli xorijlik sayyohlar ham bunday qulayliklardan bahramand bo'lib, hududning so'lim manzaralaridan zavqlanishmoqda.
Mamlakatimiz istiqlolining 35 yillik muazzam bayrami arafasida ushbu temir yo'l foydalanishga topshirilganiga ham 10 yil to'ldi.
2013 yil boshida mazkur loyihani amalga oshirishga kirishildi. Bu jarayonga “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufidagi, bunga qadar “Asr qurilishi” deb nom olgan, yuksak tog'lar bag'rida Toshg'uzor-Boysun-Qumqo'rg'on magistralini barpo etib tajriba to'plagan yo'lsozlar va ko'priksozlar jalb etildi. Asosiy maqsad — Farg'ona vodiysi viloyatlarini yurtimiz hududi bo'ylab temir yo'l yordamida mamlakat poytaxti bilan bog'lash, aholining uzog'ini yaqin, mushkulini oson etish edi. Ko'p sonli yo'lsozlar, temiryo'lchilar ushbu vazifani ado etish uchun uch yil tinimsiz mehnat qildilar. Eng zamonaviy, yuqori quvvatli texnikalar jalb etildi. Tog' bag'rida temir yo'l qurish o'ziga xos mehnat va mashaqqat talab etishi tabiiy, chunki bu yerning iqlimi ancha og'ir: qishda qor, sovuq, hatto yozda ham yomg'ir ko'p yog'adi.
Murakkab muhandislik yechimiga ega bo'lgan loyihaga ko'ra, tog'ning baland qoyalari portlatilib, tosh va boshqa jinslar qudratli mashinalar yordamida olib ketildi. Ishlar bir vaqtning o'zida Angren va Pop tumani hududlarida olib borildi. Tez orada Toshkent va Namangan viloyatlari chegarasida, magistral bo'yida ko'rkam “Orzu” bekati bunyod etildi. Umuman, yangi yo'l bo'ylab uchta zamonaviy vokzal, beshta stansiya tiklandi. Ular atrofida qator infratuzilma ob'yektlari, xizmat ko'rsatish tarmoqlari, temiryo'lchilar uchun uy-joylar qurildi. Tog' bag'rida go'zal koshonalar yuz ochdi.
Kechagidek yodimizda. 2013 yilning fevral oyida O'zbekiston televideniesining “Axborot” dasturi muxbirlari mazkur qurilishdan reportaj tayyorlash maqsadida ilk bor Qamchiq dovoniga keldik. Tog' yonbag'irlari qalin qor bilan qoplangan, havo sovuq va izg'irin edi. Quruvchilar Angren shahridan 10 km olislikda, tog' bag'ridagi balandliklarni tekislash, yo'l uchun tuproq to'shab, joy hozirlash kabi jarayonlarni amalga oshirishmoqda edi. Kuchli texnikalar unum bilan ishlatilmoqda. “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik kompaniyasi yo'l xo'jaligi boshqarmasi boshlig'i Erkin Ummatov mazkur loyihaga ko'ra amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan bizni atroflicha tanishtirdi.
— Yo'l bo'ylab bir necha stansiya va bekatlar, o'ndan ziyod katta ko'priklar bunyod etiladi, — dedi suhbatdoshimiz. — Qurilishda uch ming nafardan ortiq yo'lsozlar, temiryo'lchilar, ko'priksozlar va boshqa mutaxassislar mehnat qilishadi. Barcha yumushlar 2016 yilga qadar nihoyasiga yetkaziladi va mana shu tog'lar oralab qudratli poezdlar harakatlana boshlaydi.
Bu so'zlarni tinglar ekanmiz, to'g'risi, avvaliga ko'nglimizdan biroz ishonchsizlik hislari ham o'tdi.
— Bu hammasi emas, — so'zini davom ettirdi suhbatdoshimiz. — Tog'ning hov anovi baland qismi zamonaviy texnikalar yordamida o'yilib, uzunligi 19 km.dan ziyod yer osti tunneli o'tkaziladi.
Bu so'zlarni tinglab, hayratimiz yanada ortgandi…
Biz deyarli har oyda mazkur qurilishda bo'lib, yuz berayotgan o'zgarishlar bilan tanishib, lavha va reportajlar tayyorladik. Har borganimizda taassurotlarimiz yanada ortib borardi. Ish kecha-yu kunduz to'xtovsiz olib borildi.
2014 yil aprel oyida Qamchiq dovonidagi xushmanzara tog' bag'rida joylashgan Ko'ksaroy qishlog'i atrofida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Yaqindagina yog'ib o'tgan yomg'irdan so'ng havo ochilib, borliq o'zgacha tarovat kasb etgan. Tog' orasidan esayotgan mayin shabboda dimoqqa maysalarning xushbo'y hidini olib kelib uradi. Sharqiroq tog' daryosi toshdan-toshga urilib oqadi, uning shovqini uzoqlarga taraladi. Yo'lsozlar tuproq to'shash jarayonini yakunlab, tekislangan maydonga po'lat izlar yotqizishni boshlab yuborishdi. Yerni zichlaydigan kuchli texnikalar bu jarayonda qo'l keldi. Oqshom tushgunga qadar belgilangan yerga temir yo'llar yotqizib bo'lindi. Bu jarayonni suratga olib, quruvchi va mexanizatorlar bilan muloqot qildik.
— Shunday ulkan loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan g'ururlanamiz, — dedi Andijon viloyatidan kelgan quruvchi Islomiddin Sohibaliyev. — Temir yo'l qurib bitkazilgach, barcha yuklar va yo'lovchilar vodiydan respublikamizning boshqa hududlariga temir yo'l orqali yetkaziladi. Birinchidan, vaqt tejaladi, transport xarajatlari kamayadi. Eng muhimi, fuqarolar vodiydan poytaxtga zamonaviy poezdlarda dam olib, rohatlanib yetib oladilar. Afsuski, hozir yog'inli kunlarda tog' orasidagi avtomobil yo'lida harakatlanish ancha murakkab. Qalin qor tushganda mashinalar o'ta olmaydi, yo'lovchilar bundan aziyat chekadilar. Temir yo'l bitgach, bu muammolarga butunlay chek qo'yiladi.
Haqiqatan ham yangi yo'l vodiy viloyatlari aholisi va Qamchiq dovonida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun ham katta qulayliklar yaratdi. Biz bu manzaralarni tasvirga olish jarayonini yakunlayotgan paytda, ikki nabirasini yetaklab, bu yerdagi qurilishlar bilan tanishtirayotgan bir kishiga nigohimiz tushdi. U o'zini mehnat faxriysi Turobboy Jabborov deb tanishtirdi:
— Bunday ulug'vor ishlarni hududimizda yashovchi aholi hali ko'rmagan. Quruvchilar kechayu kunduz beto'xtov ish olib borishayotganini hamqishloqlarimiz kuzatib turishibdi. Hademay qishlog'imiz o'rtasidan poezdlar o'tadi. Bu esa hamyurtlarimiz qalbiga olam-olam quvonch va g'urur bag'ishlaydi. Men nabiralarimga ana shular haqida so'zlab berdim. Nariroqda, tog' daryosi ustida uzunligi 200, balandligi 25 metrni tashkil etuvchi ulkan ko'prik barpo etilmoqda. Buning uchun zarur bo'lgan temir-beton ustunlar va to'sinlar o'zimizning zavodlarda tayyorlab berilyapti.
Yuqorida, dovonning eng baland qismida tunnel qurilishi ham boshlab yuborildi. Bu jarayon Xitoyning jahonga mashhur “Tunnel qurilish” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Ushbu inshoot o'zining me'moriy yechimlari va murakkabligi bilan MDH davlatlarida o'xshashi yo'q hisoblanadi. Buning uchun Yevropadan, Xitoydan tog' jinslarini parmalovchi eng zamonaviy, yuqori quvvatli texnikalar olib kelingan.
— O'zbekiston tog'lari juda qattiq. Uni o'yib tunnel qurish ancha og'ir jarayon, — dedi kompaniya bosh menejeri Jou Uoo Keng. — Kompaniyamiz dunyoning o'nlab mamlakatlarida ana shunday ishlarni bajarib, katta tajriba to'plagan. Ana shu yirik loyihani hayotga tatbiq etishda O'zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlik qilish biz uchun ham manfaatlidir.
— O'zbekistonning tabiati nihoyatda go'zal, odamlari mehmondo'st ekan, — deb suhbatga qo'shildi xitoylik mutaxassis Shcho Lyay. — Men yashaydigan provinsiya Xitoyning eng so'lim, tabiati go'zal hududlaridan sanaladi. Suvimiz tiniq, tabiatimiz yam-yashil, havo toza. Lekin Angren-Pop temir yo'li qurilayotgan maskan undan-da so'lim ekan. Bu yerning betakror tabiati, toza havosi, zilol suvlari meni o'ziga maftun etdi. O'zimni yurtimdagidek his qilyapman. Yangi temir yo'l bitgach, bu maskanning serfayz tabiatini, go'zal manzarasini ko'rish va undan bahramand bo'lish uchun butun dunyodan sayyohlar kelishiga ishonaman. Temir yo'lning ikki tomonida zamonaviy mehmonxonalar, xizmat ko'rsatish maskanlari quriladi, ko'plab mahalliy yoshlar ish bilan ta'minlanadi. Hademay bu yerlarning qiyofasi butunlay o'zgarib ketadi. Ana shu yangilanishlarda mening ham ishtirokim borligidan faxrlanib yuraman. Men bu yerda juda ko'plab do'stlar orttirdim. Yangi temir yo'l O'zbekiston-Xitoy hamkorligi timsoli sifatida uzoq yillar xalqingiz farovonligi va mamlakatingiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Bahor tugab, kunlar isiy boshladi. Iyun oyining boshlaridanoq quyosh issiq purkay boshladi. Yana biz qurilishda bo'lib, amalga oshirilayotgan ishlar, o'zgarishlar haqida ko'rsatuv tayyorladik. Ish davom etayotgan paytda Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi hukumat komissiyasi a'zolari qurilishning borishi bilan tanishayotganligini ko'rdik. Shavkat Miromonovich har oyda bu yerda bo'lib, jarayonlarni nazorat qilar, yuzaga kelgan muammolarni zudlik bilan hal etishda amaliy ko'mak ko'rsatardi. Bu, albatta, ishlarni yanada tezlashtirishda muhim ahamiyat kasb etardi.
Navbatdagi xizmat safarida temir yo'lning Namangan viloyati Pop tumanidagi qismida bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishdik. Qamchiq dovonidan tushishingiz bilan, chap tomonda Chodak qishlog'iga eltuvchi yo'lga ko'zingiz tushadi. 3-4 chaqirimdan so'ng quyuq daraxtzorlar, dala va bog'larga burkangan so'lim maskanga kirib kelasiz. Qurilish shtabi aynan shu yerda — qishloqni ikkiga bo'lib, toshdan-toshga urilib oqayotgan anhor bo'yida joylashgan. Bu yerning manzarasi nihoyatda go'zal va betakror. Yozning jaziramasida ham havo mo''tadil va biroz salqin, muzdek shabboda esib turadi. Tog' bag'ridagi har doim yam-yashil archazorlar, ko'm-ko'k maysalar bilan qoplangan kengliklar kishining dilini yayratadi.
Temir yo'l qurilishi bilan bog'liq barcha jarayonlar, ishchi kuchi, texnika va kadrlar bilan ta'minlash masalalari shu yerda hal etiladi. Har oqshom qurilish tashkilotlari rahbarlari, loyihachilar va mutaxassislar bu yerda to'planib, ishning borishini tahlil qilishadi. Paydo bo'lgan muammolarni tezkor yechish choralari ko'riladi. Biz bu yerda qurilish rahbarlari bilan muloqotda bo'ldik, ishlarning borishi to'g'risida zarur ma'lumotlarni oldik.
So'ng yuqoriga, temir yo'l bunyod etilayotgan baland tog'lar bag'riga yo'l oldik. Mashinamiz egri-bugri tog' yo'li bo'ylab, chang va tuproqni boshiga ko'targan holda yuksak tepaliklar sari o'rmalaydi. U yerdagi “Mehnat fronti”da ish qizigandan-qizigan. Atrofni changitib ishlayotgan qudratli texnikalarning hayqirig'i borliqni tutgan. Tog' bag'rini surib, tuproq va qattiq jinslarni avtomobillarga ortayotgan ekskavatorlar, tuproqni pastga olib tushib ketayotgan mashinalarning oxiri ko'rinmaydi. Chap tomonda esa quruvchilar tuproqni tekislab, bo'lg'usi yo'l uchun joy hozirlashmoqda. Maxsus texnikalar yordamida yo'l o'zanini shibbalab mustahkamlashmoqda. Tasvirchimiz zudlik bilan bu manzaralarni muhrlashga kirishib ketdi. Ulkan mashinalarda temir yo'l uchun rels va shpallar keltirilmoqda.
Yo'lning tuproq ishlari tugallangan qismida po'lat izlarni yotqizish jarayoni boshlab yuborildi. Qudratli ko'tarma kranlar relslarni peshma-pesh tekislab, tayyorlangan joyga joylashtirmoqda. Yo'lsozlarning qo'li qo'liga tegmaydi. Bu yerdan ko'tarilayotgan chang osmonga o'rlaydi. Buldozerchilar, ekskavatorchilar, tuproq ishlari bilan band bo'lgan ishchilar, po'lat izlarni zudlik bilan o'z o'rniga yotqizayotgan temiryo'lchilar bilan muloqotda bo'ldik. Kiyimlari, yuzlarigacha chang o'tirgan, lekin qarashlarida shijoat yog'ilib turgan yo'lsozlar ishlarning borishi, yaratilgan shart-sharoitlar, orzu-niyatlari haqida to'lqinlanib so'zlab berishdi.
Tushundikki, ularning barchasida kayfiyat yuqori, niyatlar mushtarak, ahdlari qat'iy. U ham bo'lsa — ushbu yirik loyihani belgilangan muddatda amalga oshirish, davlatimiz va xalqimiz uchun zarur bo'lgan inshootni o'z vaqtida qurib bitirishdir. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Qurilish materiallari, temir-beton ustunlar, rels va shpallar o'z vaqtida keltirilmoqda. Ishchilar, quruvchilar shu yerning o'zida, maxsus vagonchalarda yashab, vaxta usulida mehnat qilishmoqda. Vagonchalar yonida esa kattagina maydon tekislangan va yog'och devor bilan o'ralgan. Uning ichida ko'chma oshxona tashkil etilgan bo'lib, bu yerda yo'lsozlar uchun kuniga uch mahal issiq ovqat tayyorlanadi. Oziq-ovqat va kundalik zarur buyumlar bilan savdo qiluvchi ko'chma do'kon ham faoliyat yuritadi.
— Temir yo'l quruvchilari uchun hamma imkoniyatlar mavjud, — dedi Angren-Pop temir yo'li qurilish boshqarmasi bosh muhandisi Shuhrat Mustafaqulov. — Bu esa ishlarning bir maromda olib borilishini ta'minlamoqda. Maoshlari ham har o'n besh kunda beriladi, kayfiyatlar yuqori.
Bu yerdagi suratga olish jarayonini yakunlab, yana besh yuz metr yuqoriga ko'tarilamiz. Mazkur maskanda o'zining me'moriy yechimiga ko'ra O'rta Osiyoda yagona bo'lgan mahobatli ko'prik bunyod etilmoqda. Uning uzunligi deyarli uch yuz, balandligi esa 52 metrni tashkil etadi; buni 18 qavatli uyga tenglashtirish mumkin. Yana bir noyob tomoni — inshoot yoysimon shaklda bunyod etilmoqda. Yuz tonna yuk ko'tarish quvvatiga ega bo'lgan kuchli ko'tarma kran yordamida og'irligi 40-50 tonnaga teng temir-beton ustunlar joylashtirilyapti, uning ustiga esa po'lat izlar yotqizilmoqda. Odamning aqli lol bo'ladi. Qarang, inson aql-idroki va mehnati bilan qanday mo''jizalar yaratishi mumkin!
Tog' bag'ridagi ilon izi yo'l bo'ylab qurilish materiallari ortilgan mashinalar tepalikka o'rmalaydi. Olisdan ular gugurt qutisiday ko'zga tashlanadi. Pastda tog' daryosi pishqirib oqadi. Yaqindan kuzatsangiz, jarayon ancha vahimali tuyuladi, lekin ko'priksozlar uchun bu oddiy holat. Ularni ishdan chalg'itib bo'lmaydi. Shuning uchun ham asosiy ma'lumotlarni mutaxassislar bilan so'zlashib, yozib olamiz. Manzaralarni tasvirga olishga berilib ketib, quyosh botayotganini ham payqamay qolibmiz.
Kunduzgi smenada ishlar yakunlanib, quruvchilar pastga, vagonlarga yo'l olishdi. Ular bilan tanishib, ishlarning borishi, oldinda turgan rejalardan xabardor bo'lamiz. Mamlakatimizning deyarli barcha hududlaridan kelgan quruvchilar, temiryo'lchilar va ko'priksozlar bir oila a'zolaridek ahil mehnat qilayotganlari, qurilish materiallari, zarur jihozlar o'z vaqtida keltirilayotgani, yashashlari, ovqatlanishlari va bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun hamma sharoitlar muhayyo etilgani, ruhlari baland ekanligi haqida bir-birlariga so'z bermay, ishonch bilan gapirib berishdi.
— Barcha vagonlarda televizor, muzlatkichlar mavjud. Bularning hammasi ishlarimizning unumini ta'minlamoqda, — dedi 67-“Ko'prikqurilish” otryadi ishchisi A'zamjon Karimov. — Hali asosiy ishlar oldinda. Baland cho'qqilar portlatilib, temir yo'llar yotqiziladi. O'ylaymizki, barcha jarayon ko'ngildagidek, yuqori sifatda amalga oshiriladi. Biz esa ana shunday olamshumul ishlarda ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz.
…Oradan yillar o'tdi. Bugun Qamchiq dovonida bo'lgan kishining nigohi turli xil xalq xo'jaligi yuklari ortgan, bag'riga ko'p sonli yo'lovchilarni olgan va tog' bag'ri bo'ylab jadal harakatlanayotgan yuqori quvvatli, zamonaviy poezdlarga tushadi. Bu esa vodiy hududlarida qurilish, bunyodkorlik jarayonini kuchaytirish, kichik biznes va turizmni rivojlantirish, muhimi — odamlarning uzog'ini yaqin, og'irini yengillashtirish barobarida xalqning hayotdan rozi bo'lib turmush kechirishiga xizmat qiladi.
Endi yurtdoshlarimiz, xorijiy mehmonlar qishning yog'in-sochinli, sovuq kunlarida ham chiroyli poezdlarda bu yerning so'lim tabiati, betakror manzarasini vagon oynalaridan kuzatib, zavq olib o'z manzillariga yetib oladilar. Amalga oshirilgan ushbu ulug'vor ishlar jonajon Vatanimizning porloq istiqboliga xizmat qilmoqda. Bundan quvonmay, faxrlanmay bo'ladimi axir…
Komiljon KARIMJONOV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan
jurnalist.
