Oyjon checha
Oyjon checha bu qishloqqa uzoq viloyatdan kelin bo'lib tushgan. Qirq yil burun texnikum talabasi edi, Nurqul bilan o'shanda tanishgan.
Ota-onalariga tasanno: bu yoqdagisi “ming chaqirimlik yurtdan kelin olamanmi?” demadi, u yoqdagisi “musofir yurtga beradigan qizim yo'q!” deb oyoq tiramadi. Ammo Nurqul degan zot qizga bergan va'dalarini unutdi, yozu qish, shomu sahar ichishni odat qildi, “piyon” degan nom chiqardi.
Oyjon checha birovga tishini yormay o'taverdi, jigar-bag'ri xun bo'ldi-yu, o'zgalar oldida qon tuflamadi. Achinib, o'smoqchilaganlarga “Er — yarim pir” derdi, xolos. Nurqul piyonning loyga botganini birov ko'rmadi, oppoq yoqasi qora bo'lgani yo'q, shimi hamisha qirrador, tuflisi yarqiragan…
Chechaning solih o'g'illari er kishilar bo'lib voyaga yetdi, Xudo degan ayolning yorug' kunlari keldi, ikki yil burun to'ng'ichi:
— Yuring, ena, Umraga olib boraman, — dedi.
Ona-bola Makkayu Madinaga borib keldilar…
Ana shundoq ayol to'satdan qazo qildi.
— Muhtaram jamoat, — dedi imom-domla janoza chog'i. — Shu musofir hoji onamiz nimaiki topgan bo'lsa, sabridan, qanoatidan, qaynota-qaynonalari duosidan, erning rizoligidan topdi.
Hamma Nurqul akaga qaradi. Allaqachon “hunar”ini tashlab, namoz-niyozga o'tgan Nurqul o'kradi:
— Xaloyiq, guvoh bo'ling, ota-onamga halol xizmat qilgan bu ayoldan mingdan-ming roziman, iloyo, u ham rozi bo'lib ketsin. Bilsangiz, Oyjon emas, Oftobjonim edi u. Anavi zormanda es-hushimdan begona qilgan kezlari biror marta ko'chada qoldirmagan. To'nkaday yumalab yotganimda, g'ildirak aravaga solib, yotog'imga yetkazib kelardi. Birov so'rasa, “dadasi ko'mir oberdilar”, der ekan…
Boshqa vaqt bo'lsa, anchayin odamning ichagini uzib qo'yadigan bu gapdan shu tobda hammaning o'pkasi to'lib, izdihomning yakdil ohidan yuraklar titradi.
Rustamjon UMMATOV.
