Ustaning qo'lida jonlangan san'at
Xalqning ma'naviy boyligi, milliy qiyofasi va tarixiy xotirasi, avvalo, uning asrlar davomida sayqal topgan hunarmandchilik an'analarida namoyon bo'ladi. Ajdodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan nafis san'at turlarini asrab-avaylash, ularni zamon ruhi bilan uyg'unlashtirib, kelajak avlodga bezavol yetkazish esa yuksak mas'uliyat va fidoyilikni talab etadi.
Ana shunday zahmatkash va ijodkor insonlardan biri — O'zbekiston Badiiy akademiyasi a'zosi, mohir kandakor usta Zokirjon G'ofurovdir. Uning faoliyati milliy amaliy san'atimiz rivojiga qo'shilgan munosib hissa sifatida e'tirof etiladi.
Ko'p yillik ijodiy izlanishlar va boy tajriba samarasi o'laroq, usta mis va boshqa metallarga milliy naqshlarni yuksak mahorat bilan jilolab kelmoqda. Usta yaratgan har bir asarda xalqimizning qadimiy an'analari, yuksak badiiy did va milliy ruh mujassam. Shu bois uning ijod namunalari nafaqat yurtimizda, balki xorijlik san'at ixlosmandlarida ham katta qiziqish uyg'otmoqda.
Kandakor usta milliy kandakorlik san'ati, xususan, mis, latun va melxior kabi xom ashyolardan turfa buyumlar yaratish yo'lida izlanib, samarali mehnat qilmoqda. Ustaning ijodiy ishlaridan ko'plab namunalar “O'zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san'ati” ensiklopediyasidan o'rin olgan. Hunarmandning oftoba, patnis, idishlar to'plami, choydish, kosa va qutilar yasash uslubi nozik hamda o'ziga xos ko'rinishi bilan e'tiborni tortadi. Ayniqsa, arab yozuvidagi xattotlik san'ati bezaklaridan mohirona foydalanishi mahsulotlarni yanada bejirim va benazir qiladi. Ustaning qo'lida metall go'yo jonlanadi, jimjimador naqshlar esa unga sharqona o'ziga xoslik bag'ishlaydi.
— Har bir mahsulotni yaratish misgardan alohida mehnat va qunt talab etadi, — deydi usta. — Bitta oddiy mis piyola tayyor bo'lgunicha oylab vaqt sarflashga to'g'ri keladi. Shu bois har bir buyum o'ziga xos bo'lib, bir-birini takrorlamaydi. Mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o'z o'rnini topgan.
Zokirjon G'ofurov o'z ijodiy faoliyatini taniqli kandakor usta Maqsudali Mamadaliyev qo'lida boshlagan. G'amxo'r ustoz shogirdiga metall o'ymakorligining barcha sir-sinoatlarini o'rgatdi. Shuningdek, Respublika rassomchilik bilim yurti va Toshkent teatr va rassomchilik institutining san'atshunoslik bo'limida olingan nazariy bilimlar yosh ustaning ijodiy faoliyatini yanada kengaytirdi.
— Alloh menga shunday hunarni, ardoqli kasbni bergani uchun doimo shukur qilib yashayman. Chunki kasbim, hunarim ortidan elda e'zoz topdim. Ko'pchilik insonlarga, yoshlarga ushbu hunarni o'rgatdim. Ayniqsa, shu yillar mobaynida ko'plab shogirdlar yetishtirdim. Hatto Samarqanddan kelib, kandakorlik hunarini o'rganib ketgan shogirdlarim ham bor. Ularning bari bugungi kunda o'z yo'lini topib ketgan. Hozirda faoliyatimda turmush o'rtog'im yaqindan yordam bermoqda. Shuningdek, ushbu kasbga nabiram ham qiziqib, bobosining hunarini puxta o'rganish va uni davom ettirishni maqsad qilgan. Bu, albatta, meni juda quvontiradi. Hozirda ustaxonamizdan xorijlik mehmonlarning qadami uzilmayapti. Ularning e'tiborini kandakorlik mahsulotlarimiz tortadi. Yoqqanini o'zlari uchun xarid qilishadi, bu hunarni o'rganish sirlari bilan qiziqishadi.
Darhaqiqat, yurtimizda hunarmandchilikni qo'llab-quvvatlash, milliy qadriyatlarni asrash va rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor ana shunday fidoyi insonlarning mehnatida yanada yorqin namoyon bo'lmoqda. Zokirjon G'ofurov kabi ustalarning sermahsul ijodi va ibratli faoliyati milliy madaniyatimizning ravnaqiga, xalqimiz ma'naviy merosining boyishiga xizmat qilib kelmoqda.
Fotima MANSUROVA.
