“Haqiqat choyxonasi”ga marhamat!

Kulgining kulgidan farqi bo'ladi. Biri bir lahza kuldiradi-yu, keyin unutiladi. Yana biri esa labga tabassum, qalbga og'riq bo'lib ko'chadi. Bunday kulgida odam ustidan emas, illat ustidan kulinadi. Ana shunday kulgi adabiyotga aylanadi.

Taniqli jurnalist, ustoz To'xtamurod Hasanboyevning yaqinda chop etilgan “Haqiqat choyxonasi” nomli kitobini qo'lga olib, ko'ngildan shu gaplar kechdi. Yolg'onga ne hojat, men uni yaxlit kitob holida o'qiganim yo'q, chunki undagi maqolalarni o'z vaqtida gazeta sahifalarida obdan xatm etganman. Turli mavzu va turfa janrlarda bitilgan maqola, esse, ocherk, hajv va felyetonlarning yagona umumiy xususiyati shundaki, ularni muharrirlik yillarim “Toshkent haqiqati” gazetasi tahririyatida nashrga tayyorlab, chop etganmiz. Kitobning mas'ul muharriri sifatida kamina xodimingiz nomi zikr etilganining boisi ham shundadir.

“Bola boshidan” deganlaridek, o'qishli kitob ham ilk sahifalaridan ma'lum bo'ladi. Yo'q, menimcha, yaxshi kitob nomidan ham ishora bera oladi. “Haqiqat choyxonasi” nomi ham ana shunday topilmalardan. Bir qarashda oddiy eshitiladi. Ammo kitobni mutolaa qilib bo'lganingizdan keyin anglaysizki, muallif bu nomni bejiz tanlamagan.

Bilasiz, xalqimiz ijtimoiy hayotida choyxona alohida madaniy hodisa hisoblanadi. Choyxona — faqat choy ichiladigan joy emas. U yerda odamlar dunyoning jamiki quvonch va tashvishlaridan gurung qiladi, bahslashadi, kulishadi, yayraydi. Bu yerda Ukraina va Rossiya urushining asl sabablari ham, Isroil va Falastin mojarolari ham, Munisa Rizayevaning oilasi ham muhokama markazida bo'lishi mumkin.

Choyxona suhbatlarida haqiqat ham bo'ladi, hazil ham. Minbarda yoki televizorda aytib bo'lmaydigan gaplar ham aynan choyxonada aytiladi. Shu ma'noda choyxonani xalqning erkin minbari, desa ham bo'laveradi.

Yana choyxo'rlar ham turlicha, deng. Bu yerga dehqon ham keladi, o'qituvchi ham, jurnalist ham, hokim ham, nafaqaxo'r ham. Kitobning qahramonlari ham xuddi shunday: tilshunos ham, shifokor ham, rassom ham, fermer ham, kutubxonachi ham, san'atkor ham, mahalla faoli ham, oddiy fuqaro ham “Haqiqat choyxonasi”da chordana qurgan…

Shundanmi, kitobda qaynoq hayotning turli ovozlari eshitiladi. Muallif davraning to'riga chiqib olib, hammani og'ziga qaratuvchi mahmadona kosagul emas, bir chekkada jimgina kuzatib o'tirgan oqil tinglovchi kabi namoyon bo'ladi. Shekspirning “Donolar hayotni kuzaturlar jim” degan gapi shu joyga juda mos tushadi.

Xullas, muallif kitobiga bu nomni tanlar ekan, o'zi bilibmi-bilmaymi, kitobning asl mohiyatini ifodalab qo'ygan. Hammasi ishonarli, rost gaplar, biror lavhada soxtalik yo'q. Shu boisdan  ham bu choyxonaning nomi “Haqiqat”. Qolaversa, bu nomda tagdorgina ramz ham mujassam. Boya aytganimizdek, choyxonaning palovi “Toshkent haqiqati” gazetasi qozonida pishgan-da…

Muallif maqsadni oddiy hayotiy voqealar orqali ifoda etadi. U ko'chadagi noto'g'ri yozuvlarni tanqid qilish orqali ham, qarovsiz binoda yashab yurgan itlar haqida yozib ham, gazeta o'qimay qo'ygan jamiyat borasida yozg'irib ham bizga ko'zgu tutadi.

To'xtamurod akani taniganlar, hamsuhbat bo'lganlar biladi: juda ulfatijon, shinavanda inson. Hayotning juda ko'p murakkab jabhalariga ham kulgi bilan qaray oladi. Ammo bu kulgi aslo yengiltaklikdan tug'ilmaydi. Uning ortida qirq yillik jurnalistik tajriba, xalq ichida yurish, odamlarni kuzatish va hayotning achchiq-shirinini qalbdan o'tkazish ko'nikmasi mujassam. Shu bois kitobdagi deyarli har bir hajviy lavha ortida jiddiy hayotiy dard yashiringan.

Masalan, “Naqliyotga ko'nmagan kelin” nomli maqolada davlat tili haqidagi jiddiy muammo hayotiy bir vaziyat vositasida ochib beriladiki, u, nazarimda, minbarlardagi soatlab davom etadigan ma'ruza yoki oddiy bir kuyunchak maqoladan ko'ra ancha samarali ta'sir kuchiga ega.

Xabaringiz bo'lsa kerak, bir necha yil avval atamashunos ustozlarimiz va tilshunoslarimiz ruscha “avtomobil”, “mashina” o'rniga “naqliyot” so'zini qo'llashni zo'r berib tiqishtirishgan bo'lsa-da, jamiyat bu taklifni mutlaqo qabul qilmadi.

Maqolada yigitning bo'lajak yoriga: “FHDYoga ariza berishimiz lozim ekan, naqliyotni qachonga chaqirtiray?” degan gaplari daf'atan kulgi uyg'otadi, ammo shu kulgi ortida ba'zan sun'iylashib, bachkanalashib ketayotgan til islohotlari manziliga juda tagdor e'tirozlar yo'llanadi.

Bu yerda muallif hech kimni haqorat qilmaydi, biror fikrni zo'rlab qabul qildirmaydi. Aksincha, vaziyatning o'zi kulgiga aylanadi. Kitobdagi deyarli barcha lavhalarda ana shu uslub saqlanadi.

Kitobni o'qir ekansiz, ulug' ustozlarning hayot borasidagi sinchkov kuzatuvchanligi va samimiyati, “Mushtum” maktabining xalqona kulgisi hamda zamonaviy publitsistikaning tezkor nafasi bir nuqtada uchrashgandek taassurot uyg'onadi.

To'plamning yana bir fazilati shundaki, undagi deyarli har bir lavhada kulgi maqsad emas, vosita vazifasini bajaradi. Muallif o'quvchini tabassumga chorlaydi, ammo o'sha tabassum ortidan unga ko'zgu tutadi, o'zini o'zi bilan yuzlashtiradi.

Bugungi kunda yumor yozish ham maynabozchilik bo'lib ketgandek. Chunki ijtimoiy tarmoqlar bir kunda yuzlab latifa, minglab kulgili videolarni tarqatadi. Ammo ularning aksariyati ertangi kunga o'tmay eskiradi.

Haqiqiy hajvnavisning quroli istehzo emas, aniq detaldir. Muallif ana shu detalni topishni yaxshi biladi. Masalan, shahar ko'chalaridagi “Chiqish ehtiyot yo'li”, “Pirashkiga ishga olamiz”, “Haqiqiy sizni sevamiz” kabi g'aliz tarjimalar haqida yozarkan, ularni oddiy til xatosi sifatida emas, ma'naviy hodisa sifatida talqin qiladi. Xatoning ustidan kuladi, xatoga yo'l qo'ygan insonning ustidan emas.

To'plamga kiritilgan materiallar janr jihatidan turlicha: publitsistik maqolalar, suhbatlar, xotiralar, felyetonlar, hajviy she'rlar, kichik miniatyuralar, hatto aforistik qaydlar ham bor. Bir qarashda bunday xilma-xillik kitobning yaxlitligiga xalal berishi mumkin edi. Ammo qizig'i shundaki, kitob tarqoq tuyulmaydi. Uni birlashtirib turgan ko'rinmas ip bor. Bu ip — muallifning dunyoqarashi.

U, masalan, Ergash Karimov haqida yozadimi, davlat tili haqida bahs ochadimi yoki oddiy bir e'londan kulgi yasaydimi — hammasi yaxlit bir maqsad negizida quriladi: millat ma'naviyati!

Shuning uchun ham kitobning bosh qahramonlari muayyan kishilar emas, butun bir jamiyatning o'zidir. Kulgi, hajv tig'iga olingan manba bir o'rinda savodsiz tarjimon qiyofasida namoyon bo'lsa, boshqa bir o'rinda odamlarga salomatlik ulashishni umr mazmuniga aylantirgan shifokor timsolida gavdalanadi. Yana boshqa bir joyda kitob o'qimay qo'ygan ziyoli, yana boshqa yerda sahna madaniyatini yo'qotayotgan san'atkor sifatida ko'rinadi.

Adabiyotda uslub haqida ko'p gapiriladi. Ammo uslubni faqat chiroyli gaplar, nozik tashbehlar yoki noodatiy jumlalar bilan, zo'rma-zo'raki yaratib bo'lmaydi. Haqiqiy uslub yozuvchining fikrlash tarzidan shakllanadi. O'quvchi asar muallifining ismini ko'rmasdan turib ham uning qalamini tanisa, demak, ijodkor o'z ovozini topgan bo'ladi.

To'xtamurod aka — o'z ovozini topgan jurnalist. Uning yozganlarida publitsistning hushyor nigohi, hajvnavisning o'tkir istehzosi va adibning obrazli tafakkuri bir-birini to'ldirib turadi. Bu qirralar u kishi ishlagan nufuzli tahririyatlardagi ulug' ustozlar shakllantirgan mahorat maktablaridan o'sib chiqqan.

Muallif jiddiy va muammoli bir vaziyatni ayta turib yozadi: “Shunday manzaralarni ko'rgandan keyin ham vijdonimiz qiynalmasa, yuragimiz yonmasa, biz kimmiz o'zi?”

Bu populizm yoki patetikadan qurilgan gap emas. Muallif xulosa chiqarmayapti, aybdor qidirmayapti, qozilik kursisiga o'tirib olib, jamiyatni mahkamaga tortmayapti. U faqat bitta savol beryapti: xo'sh, biz kimmiz o'zi?

Bu savol nega ko'ndalang qo'yilayotganini anglash uchun kitobdagi “Naqliyotga ko'nmagan kelin”, “O'ttiz yillik o'kinch”, “Qissaning qiz bolasi” kabi ajabtovur sarlavhali maqolalarni birma-bir o'qib chiqish tavsiya qilinadi.

Jurnalistikada “Yaxshi sarlavha — yarim maqola” degan eski gap bor. Muallif buni yaxshi his qiladi. U sarlavhani shunchaki mavzu ifodasi qilib tanlamaydi, balki badiiy vositaga aylantira oladi.

Yozgan maqolasida fikrni uzundan-uzun jumlalar bilan beradigan hamkasblarimiz oz deysizmi? Ulardan farqli o'laroq, To'xtamurod aka bitta aniq detal yoki birgina o'xshatish bilan katta manzarani chiza oladi.

Masalan, bir maqolasida u gazetxonlikning tanazzuli haqida falsafa sotmaydi, faqat Piskent tumanida viloyat gazetasiga bor-yo'g'i to'qqiz kishi obuna bo'lganini aytadi. Eng katta haqiqatlar ham kichik bir raqamga sig'adi, deydi. Keyin shu raqamdan kelib chiqib, butun jamiyatning ma'naviy ahvolini tahlil qiladi.

Darvoqe, To'xtamurod aka istalgan bir jumladan, raqamdan yoki vaziyatdan biror hajviy ramz topa biladigan ijodkor. Har qanday fikrni qochirim yoki kutilmagan tashbeh pardasiga o'ray oladi. Yanada dangalroq aytganda, bu kishi leksik so'z o'yinlari ustasidir. “Jenshen — foydali dorivor o'simlik, jenщina — yuqoridagining aksi”, “Povest — qissa, povestka — qissaning qiz bolasi”, “Nomer — raqam, nom. Er — nomiga er” kabi latifaviy ta'riflar bir qarashda tasodifiy kalamburdek tuyuladi. Ammo ularga diqqat bilan qarasangiz, bu yerda faqat tovushlar o'yini emas, ijtimoiy munosabatlarga nisbatan jo'yali hozirjavoblik borligini ko'rasiz. Bu hammaning ham qo'lidan kelaveradigan ish emas.

Kitobni o'qish jarayonida yana bir xususiyat ko'zga tashlanadi: muallif o'quvchi bilan doimo suhbat quradi, aql o'rgatmaydi. Aksincha, yonma-yon ketayotgan hamsuhbatdek fikr yuritadi. “Qarang-a…”, “Endi o'zingiz baho bering…”, “Keling, bir o'ylab ko'raylik…” kabi jumlalarning tez-tez uchrashi shundan. Bunday kamtarinlik ham ustoz jurnalistlar maktabiga xos xususiyatdir.

Bu bitiklardan men topgan yana bir fazilat — muallifning odamlarga o'ta ishonishidir. Agar shunday bo'lmaganida, ehtimol, bu kitob yozilmasdi ham. Aslida, hajvning o'zi ham umidning bir ko'rinishi. Chunki inson faqat tuzalishi mumkin deb o'ylagan narsasini hajv yoki tanqid qiladi. Muallif har bir tanqid ortiga bir umidni yashiradi. Har bir istehzo ortida esa odamlarga muhabbat yotadi.

“Juda maqtavordingiz, nima, bu kitobda kamchilik yo'qmi?” deguvchilarning ham ko'ngli qolmasin, aytaylik. Kitob, albatta, muayyan nuqsonlardan xoli emas. Lekin ta'kidlash joiz: kitobning fazilatlari uning ayrim kamchiliklaridan ancha ustundir. Shu bois quyidagi fikrlar tanqid emas, balki kitobning keyingi nashrlari uchun adabiy mulohaza sifatida qabul qilinishidan umidvorman.

Eng avvalo, kitobning janriy tarkibi haqida. To'plamga felyeton, esse, suhbat, xotira, publitsistik maqola, hajviy she'r, miniatyura kabi turli janrlardagi materiallar kiritilgan. Bu, bir tomondan, kitobni rang-barang qiladi. O'quvchi zerikmaydi, har bir bo'lim yangi ohang bilan boshlanadi. Biroq ayrim o'rinlarda ana shu janriy xilma-xillik kompozitsion yaxlitlik hissini biroz susaytirgan, nazarimda.

Masalan, til siyosatiga bag'ishlangan jiddiy tahliliy maqoladan keyin yumoristik miniatyura yoki qochiriq kelishi o'quvchini keskin boshqa ruhiyatga olib o'tadi. Bu esa kitobning ichki dramaturgiyasiga jinday soya soladi. Agar materiallar mavzuviy sikllar asosida joylashtirilganda, kitobning umumiy ta'sir kuchi yanada ortgan bo'lar edi.

Yana bir juz'iy kamchilik — kitobda tarqoq va takroriy motivlar borligidir. Kitobning turli qismlarida ona tili, kitobxonlik, jurnalist mas'uliyati, sahna madaniyati kabi mavzular qayta-qayta uchraydi. Bular, albatta, muallifning qalbiga yaqin mavzular ekanidan. Biroq ayrim fikrlar turli maqolalarda bir-biriga yaqin ohangda takrorlanadi.

Buni kamchilikdan ko'ra publitsistika tabiatidan kelib chiqqan xususiyat deyish mumkindir, balki. Lekin keyingi nashrlarda mavzularni ichki bog'lanish asosida guruhlash kitobning kompozitsion mustahkamligini oshirishi mumkin.

Shu bilan birga, kitobda yana bir muhim jihat borki, u ba'zan kitobning o'zida to'liq ochilmay qolganday tuyuladi. Bu — muallifning lirik qirrasi. Ergash Karimov haqidagi xotira, Majid Samadov haqidagi maqola, ayrim shaxsiy kuzatishlarda muallifning nafaqat hajvnavis, balki kuchli essenavis ekani ham ko'rinadi.

O'quvchi sifatida shu o'rinlarda beixtiyor o'ylaysan: koshki edi muallif bunday lirik-publitsistik esselarni yanada ko'proq berganida. Chunki aynan ana shu materiallarda muallifning qalami boshqacha “yuguradi”.

Ammo yuqorida aytilgan mulohazalar kitobning umumiy qimmatini zarracha ham kamaytirmaydi. Aksincha, ular bir haqiqatni tasdiqlaydi: bu to'plam — ijodiy izlanishdan bir zum ham to'xtamagan To'xtamurod akaning kitobi!

Ana endi mavridi keldi: yana bir gapni aytmasak bo'lmas. Bugungi o'zbek matbuotida eng katta yo'qotishlardan biri nima ekanini bilasizmi? Men aytay: bu felyeton janrining asta-sekin sahnadan tushib borayotganidir. Bir paytlar Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Said Ahmad, Ne'mat Aminov, Xudoyberdi To'xtaboyev, Sa'dulla Siyoyev, Jo'ra Sa'dullayev kabi ustozlar va o'nlab boshqa o'tkir qalam egalari bo'lgan jurnalistlar ijtimoiy hayotdagi illatlarga qarshi aynan felyeton degan kuchli qurol bilan kurashgan edilar. Afsuski, keyingi yillarda felyetonning o'rnini quruq, ko'pincha yengil-elpi, yuzakiroq tanqidiy maqolalar egalladi.

Felyeton — publitsistikaning eng murakkab va ta'sirchan janrlaridan biridir. Xabar uchun fakt, maqola uchun tahlil kifoyadir, balki. Lekin felyeton uchun bularning o'zi yetarli emasligi aniq! Unda fakt ham, kompozitsiya ham, yumor ham, til madaniyati ham, dramaturgiya ham, eng muhimi, fuqarolik mas'uliyati va shaxsiy jasorat ham bo'lishi shart. Shuning uchun har qanday yaxshi jurnalist-muxbir felyetonchi bo'la olmaydi.

Bu fikr kitobning o'zida ham kelgan. “Mushtum” jurnali bilan bog'liq suhbatda felyeton janri haqida gap ketar ekan, “Felyeton o'rgatilmaydi, o'rganiladi”, degan muhim mulohaza o'rtaga tashlanadi.

To'xtamurod Hasanboyevning keyingi yillardagi ijodiy faoliyati ijtimoiy tarmoqlardagi so'zbozliklar zamonida ham felyeton janrining yashashga haqli va qodir ekanini isbotlaydi. Kitobda Hasanboyev felyetonlarining yaxshi bir namunasi berilibdi. Bu “Belka” yaqinda ona bo'ladi” sarlavhali mitti badiiy lavhadir.

Uning birinchi jumlasiyoq o'quvchini voqea ichiga olib kiradi. Muallif kosmosga parvoz qilgan to'rt oyoqli mashhur vafo timsollari — Belka va Strelka haqida eslaydi. Keyin esa Angren shahridagi qarovsiz qolgan ikki qavatli binoda “shohona hayot kechirayotgan” daydi itlarga o'tadi. Bir qarashda bir-biriga mutlaqo aloqasiz tuyulgan ikki voqelik badiiyatning ta'sirchan kuchi bilan bir nuqtada tutashadi. Felyetonning muvaffaqiyati ana shu kutilmagan kompozitsion yechimda.

Felyeton davomida muallif binoning bu holga kelishi va keltirilishi bilan bog'liq turli “rasmiy” sabablarni kinoya bilan sanab o'tadi. Bir joyda bu binoda go'yo kelajakda dekoratsiyasiz film suratga olish mumkinligi haqida hazilomuz mulohaza qilsa, boshqa o'rinda esa binoga egalik qilib olgan itlarning “huquqi” insonlar manfaatidan ustun qo'yilganday manzarani chizadi. Va nihoyat, felyetonning kulminatsiyasi keladi:

“…hamma qulayliklarga ega qo'sh qavatli “qasr”da bir nechta itlar Oyga uchgan Belka va Strelkadek maza qilib yashashyapti. Mutasaddilar bir marta ularni chiqarib yubormoqchi bo'lishdi, ammo rahmlari keldi. Chunki “Belka”ning “bo'yida” bor emish…”

Mana shu oxirgi jumlalar felyeton janrining klassik talablariga to'liq javob beradi. Ularda kulgi bor, obrazli tafakkur bor, kinoya bor, istehzo ham bor. Eng muhimi, haqiqat bor!

“Belka”ning “bo'yida” bor emish…”. Bu — oxirgi gap. Mana shu oxirgi gapdan materialning bosh lavhasi ustalik bilan sahifaga tortiladi: “Belka” yaqinda ona bo'ladi…”. Sarlavhani qarang!

Muallif birorta amaldorning familiyasini tilga olmaydi. Balandparvoz ayblovlar ham tirkamaydi ularning yelkasiga. Ammo bitta badiiy detal orqali butun boshli boshqaruvdagi loqaydlikni fosh qiladi.

Bilmaganlar bo'lsa eslatib ketay: mana shuni jurnalistik mahorat deydilar!

Kitobda mazkur felyetonning mantiqiy davomi ham berilgan.

Esimda, “Toshkent haqiqati”da yuqoridagi felyeton chop etilganidan biroz vaqt o'tib, “Belkaning uyi kuydi…” nomli material ham e'lon qilgan edik. Unda avvalgi felyetonda ko'tarilgan gaplar eslatilib, qarovsiz qolgan binoda yong'in yuz bergani haqida xabar qilingandi.

Bu ikki materialni yonma-yon qo'yib o'qisangiz, jurnalistik kuzatuvning izchil bir namunasini ko'rgandek bo'lasiz. Haqiqiy jurnalist nafaqat tanqid qiladi, balki tanqidning keyingi “taqdiri”ni ham kuzatadi.

Bugungi jurnalistikada ana shu izchillik tobora kamayib borayotganini hisobga olsak, bu holat yosh hamkasblarimiz uchun yaxshigina mahorat sabog'i bo'la oladi.

Aytaylik, ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvli tanqidiy post bir kun yashaydi. Telegramdagi muhokama ikki kundan keyin unutiladi. Ammo yaxshi felyeton muayyan bir vaqt va voqea ruhini, ta'bir joiz bo'lsa, ma'naviy portretini aks ettirib turadigan badiiy hujjatdir.

Binobarin, ustoz jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalardan biri ham aslida shu: ular milliy publitsistika maktabi an'analarini ham saqlab, ham sayqallab borishlari, bu ulkan xazinadan yosh avlodni bahramand qilishlari, munosib izdoshlar tarbiyalashlari lozim.

“Haqiqat choyxonasi” kitobi ustoz jurnalist To'xtamurod Hasanboyev tomonidan mana shu xayrli missiya yo'lida tashlangan yana bir zalvorli qadamdir.

G'ayrat ShERALIYEV.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − eight =