Jadidona odim

Yoshlikda qo'lga tushgan kitobni yutoqib o'qiyverar ekanmiz-u, yosh ulg'aygach, o'ylab, tanlab mutolaaga kirishar ekan odam. Men yaqinda shunday bir asarni o'qib chiqdimki, u yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan har bir kitobxonning dilini ravshan qiladi.

“Jadid” gazetasida yo'lga qo'yilgan “Jadid kutubxonasi” rukni ostida “TILDA, FIKRDA, IShDA BIRLIK!” (2-kitob) nomli to'plamni mutolaa qilish davomida ko'nglimdan “Bu kitob — millatimiz fidoyilarining kitobi, qalb ko'zgusi” degan fikr sira ketmadi. Nomiga munosib ushbu to'plamga kiritilgan maqola, ocherk va esselar yil davomida “Jadid” gazetasida nashr etilgan bo'lib, ularda xalqimizning adabiyoti, san'ati, madaniyati, tarixi, buguni va kelajagi teran aks etgan.

Men to'plamni ichki hayajon, ruhiy qoniqish, millatimiz oydinlari bilan faxrlanish, g'urur va iftixor tuyg'ulariga g'arq bo'lgan holda o'qib chiqdim. Kitobning ilk sahifasi Davlatimiz rahbarining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori bilan boshlangan. Bu — millatimiz oydinlari bo'lgan jonkuyar jadidlarimiz xotirasiga ko'rsatilayotgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo'ldi.

Kitobda nafaqat jadid bobolarimiz, balki keyinchalik millatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shgan va qo'shayotgan ma'rifatparvar, millatparvar olimlar, adabiyot va san'at namoyandalari haqidagi maqolalar ham o'rin olgan. Ularni o'qib, o'zimiz bilgan va bilmagan qimmatli ma'lumotlardan bahramand bo'lamiz. Tabiiyki, bu bitiklar insonning ma'nan yuksalish borasidagi ehtiyojlarini to'la-to'kis qondiradi, ilm-ma'rifatga undaydi.

Ummon tubidagi duru javohirlar kabi ilm-fan, ma'rifat nurlari yolqinlanib turgan ma'naviyat sarchashmasi haqida, menimcha, batafsil so'zlash zarur. Darhaqiqat, xalqimizning bu yuksak ma'naviy boyligini asrash, zamonaviy ilmlar bilan boyitish, millat sha'ni va nufuzi uchun kurashishni maqsad qilgan jadidlarimizning sa'y-harakatlari zamirida ham shu millat qayg'usi yotar edi. Bas, shunday ekan, ular haqida qancha yozilsa, o'rganilsa ham oz.

Shu o'rinda taniqli ijodkor, jurnalist Eshqobil Shukurning maqolasida keltirilgan Shayx Sa'diyning to'rtligi jadidlik harakatining asl mazmun-mohiyatini yanada yorqinroq ochib beradi:

Siyna limmo-lim alamdir,

            qayda malhamdin darak,

Yangi odam, yangi olam

         qaytadan tuzmoq kerak…

Demak, jadidlarimizning maqsadi xalqimizning azaliy orzularini ro'yobga chiqarish bo'lgan. Afsuski, yovuz kuchlar ularning yo'liga g'ov bo'lishdi, ularni ham jisman, ham ma'nan mahv etishga urinishdi. Lekin millat oydinlarining qat'iyati, o'z maqsadi va xalqiga sadoqati tufayli ular tutgan mayoq so'nmadi, ezgu yo'lni avlodlar davom ettirib kelmoqda. Mazkur kitob ana shunday fidoyilarning sharafli yo'li, ayni damda ayanchli qismati haqida so'zlaydi; yosh avlodni millat sha'ni, obro'si va g'ururi yo'lidagi sa'y-harakatlarda faol bo'lishga chorlaydi.

Bu borada “Jadid” gazetasi bosh muharriri, O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning O'zbekiston Qahramoni, san'at arbobi va mutarjim Ibrohim G'afurov bilan “Jadidlik endi o'lmaydigan harakatga aylandi” mavzusidagi suhbati ayni muddao bo'lgan. Fikri ojizimizcha, to'plamga kiritilgan barcha maqolalarning o'zak g'oyasi xuddi shu suhbatdan boshlangandek taassurot uyg'otadi.

Zero, unda jadidlarning nima sababdan boshlarini kundaga qo'yib, bu og'ir yo'lni tanlaganlari, mardlarcha qurbon bo'lganlarining asl sabablari birma-bir ochib berilgani, har bir siymo haqida mo''tabar ma'lumotlar asosida hikoya qilingani, shuningdek, ularning ishini davom ettirgan zamondosh ma'rifatparvarlarimiz to'g'risidagi qiziqarli tafsilotlar hech bir o'quvchini befarq qoldirmasligi shubhasiz.

Ayniqsa, hozirgi kunda dolzarb mavzuga aylangan sun'iy intellekt texnologiyalarining yaratilishi, hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan bu fenomenning ijobiy jihatlari-yu xavotirli tomonlari haqidagi mulohazalarni sinchiklab o'qish va mag'zini chaqish davr talabi ekanini anglamaslikning iloji yo'q.

Ta'kidlaganimizdek, ushbu kitob ummoni tubidagi javohirlar bisyor, ularni birgina maqolada aytib tugatish mushkul. Xususan, yosh jurnalist, Otabek Bakirov yozib olgan O'zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning sahna darg'asi Shukur Burhonov haqidagi xotiralarini hayajonsiz o'qib bo'lmaydi!

Xuddi shuningdek, taniqli jurnalist Gulchehra Umarovaning atoqli yozuvchi Odil Yoqubov haqidagi xotiralarini o'qir ekansiz, bu zabardast ijodkorning surati-yu siyrati ko'z o'ngingizda bor bo'yicha namoyon bo'ladi.

Kitobdan o'rin olgan jadidlarimizning hayoti va faoliyati, ular boshidan kechirgan fojialarga to'la yaldo kechalarini mohirona tasvirlab, millat oydinlari siymosini haqiqat nuri bilan yoritgan atoqli adibimiz Xayriddin Sultonning “Yozganingiz ulusqa marg'ub bo'lg'ay” sarlavhali maqolasidan iqtibos keltirishni joiz topdik:

“Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu gazeta qisqa vaqt ichida ijtimoiy-ma'naviy hayotimizda, milliy ommaviy axborot vositalari orasida munosib va mustahkam o'rin egallab borayotgani quvonarli holdir. Buning asosiy sabablari haqida gapirganda, gazetaning dasturiy yo'nalishlari, mazmun-mundarijasi, tahririyat xodimlarining bilim va iste'dodi, mehnatkashligi va jonkuyarligini alohida e'tirof etish lozim”.

Sayyora RIXSIYEVA,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 12 =