Taraqqiyot falsafasi va liderlik mas'uliyati
Tarix fanlari doktori, professor Karim NORMATOVning “Yangi O'zbekiston bunyodkori” kitobi haqida so'z
Taniqli olim, tarix fanlari doktori, Qurolli Kuchlar akademiyasi professori Karim Normatovning “Yangi O'zbekiston bunyodkori” deb nomlangan siyosiy esselar to'plamida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy kadrlar tayyorlash va mamlakat taraqqiyoti yo'lida olib borilayotgan oqilona siyosatning asl mohiyati atroflicha ochib berilgan.
Shuningdek, kitobda rahbar kadrlarning burchi, vazifasi va mas'uliyati, turli sohalardagi mutaxassislarning o'zaro uyg'unligi hamda mamlakat strategik rivojining istiqbollari tahlil qilingan.
Muallif mavzuni yetti asosiy yo'nalish bo'yicha ko'rib chiqadi. Xususan, “Mustaqillik — eng oliy ne'mat”, “Prezident: Vatan, xalq himoyachisi va timsoli”, “O'zbek mo''jizasi haqida”, “Innovatsion tashabbus — ta'limot kaliti”, “Milliy kontent — hayotimiz ko'zgusi”, “Yangi O'zbekiston davlatchiligi va milliy suvereniteti — taraqqiyotning asosiy sharti va garovi”, “Madaniyat va san'at jamiyat hayotining ma'naviy qiyofasi omili — istiqboli, iqboli demak” kabi bo'limlar kitobning asosiy mazmun-mohiyatini belgilab bergan.
“Yangi O'zbekiston bunyodkori” asarida bugungi shiddatli va tahlikali zamonda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tobora yuksalib borayotgan siyosiy imiji, obro'-e'tibori mamlakatimizning dunyo miqyosidagi nufuzi ortishiga bevosita xizmat qilayotgani alohida urg'ulangan.
“Davlat erkinlikni Konstitutsiya va qonunlar orqali ta'minlaydi. Biroq erkinlikdan foydalanish malakasini kim shakllantiradi? Bu vazifa – butun jamiyatning ishi. Ko'proq esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta'lim, madaniyat, tibbiyot va albatta, media tizimlari zimmasiga tushadi. Hayot daryo suvi kabi hech qachon bir yerda turib qolmaydi – o'zgaruvchan! O'zgarmasa, bir joyda depsinib qolsa, hamma ish orqaga ketadi. Shuning uchun Xudo insonni komillikka intiluvchi qilib yaratgan. Demak, jamiyatga ham rivojlanish xosdir”, deb yozadi muallif.
Istiqlol odimlari el-yurt hayotining barcha jabhalarini qamrab olmoqda. Bu yo'ldagi eng muhim tayanch, ko'plab dolzarb savol va muammolarning yechimi esa matbuot hamda OAVda o'z aksini topadi. So'nggi yillarda, e'tirof etish joizki, muayyan darajada bosma nashrlarga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Ammo bugungi kunda yana bir dolzarb masala to'siq bo'lib turibdi. Bu — matbuot tarqatish va kitob savdosi tizimidagi kamchiliklardir.
Professor Karim Normatov kitobda ommaviy axborot vositalari, jumladan, bosma nashrlarning kelajagini ta'minlash, ularni o'quvchiga qiziqarli va mazmundor holda yetkazish borasidagi dadil fikr-mulohazalarini ilgari suradi. “Yangi O'zbekiston bunyodkori” asarida yangi davrdagi media tarixi hamda yurtimizda olib borilayotgan mediasiyosatning asl mohiyati aniq dalillar asosida teran ochib beriladi.
Biz tizimli islohotlarning muhim marrasiga yaqinlashmoqdamiz. Bundan o'n yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda Yangi O'zbekistonni barpo etishni boshlagan edik. O'tgan davr mobaynida uzoq muddatli taraqqiyot uchun mustahkam poydevor — qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror agrosanoat bazasi hamda barcha soha va tarmoqlarda yangi infratuzilmalar barpo etildi va bu jarayon davom etmoqda.
“Dunyoda mamlakatlar ko'p, xalqlar ko'p. Ularning hammasi ham mustaqil, ozod emas. O'sha mamlakatlar, millatlar tarixiga ko'z tashlasangiz, ular o'z erkini birovlarning qo'liga berib qo'yganiga, to'g'rirog'i, boshqalarning intellektual qudratiga qaram bo'lib qolganiga guvoh bo'lamiz. Chuqurroq e'tibor berilsa, o'sha davrlarda ular ma'rifatdan, ma'naviyat va madaniyatdan uzoqlashgan edi. Buning oqibatida taraqqiyotdan ortda qolishgan. Loqaydlikka, beparvolikka berilib, yoshlar ta'lim-tarbiyasi arosatda qolgan. Natijada o'z-o'zlarini qullikka mahkum etishgan”, degan mushohadalar, shubhasiz, e'tiborga loyiq.
O'ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot voqeligi shundan dalolat beradi: matonatli, mard va olijanob xalqimiz yagona maqsad atrofida birlashib, fidokorona mehnat qilmoqda hamda yorug' kelajagimiz poydevorini yaratmoqda! Siyosiy esselardan iborat ushbu tadqiqot ilmiy-amaliy nuqtai nazardan chuqur tahlil etilib, nashrga tayyorlangan bo'lib, u nafaqat tadqiqotchilar, balki keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan.
Nodir BEK,
jurnalist.
