Maqsad — ta'lim sifatini yanada yuksaltirish

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor Rasul To'rayev huzurida bir kun

Rasul To'rayev bilan universitetning bosh binosiga kiraverishda uchrashdik. Bosh binoga olib boruvchi yo'lak atrofidagi bog'da durkun o'sgan rayhonlar o'zgacha ifor taratib turibdi.

— Universitetimiz olim va tadqiqotchilari rayhonning ellik olti xil navini yaratishdi, — dedi dorilfunun rektori qo'li bilan rayhon shodalarini silkitib. — Bu esa zaytun ko'chatining Surxondaryo iqlimiga moslashtirilgan yangi navi, buni ham olimlarimiz yaratishgan. Qarang, bor-yo'g'i bir yoshli zaytun ko'chati meva qila boshlabdi.

Nihoyatda hayratlandim. Aslida, zaytun qirq yilda mevaga kirib, ming yil yashaydigan shifobaxsh o'simlik sanaladi. Olimlarning bu yutug'iga kishi chindan ham qoyil qoladi. Gultojixo'roz gulining esa ko'zni quvontiradigan boltasimon va shamsimon yangi navlari yaratilibdi.

Rektor hamrohligida mexanika fakulteti uchun yangi barpo etilgan “Avtomobil xo'jaligi” o'quv-laboratoriya binosidamiz. Transport yo'nalishi bo'yicha tahsil olayotgan talabalar bu yerda avtotransport vositalariga texnik xizmat ko'rsatish va ularni ta'mirlashni puxta o'rganmoqda.

— Quvonchli kunda kelibsiz: Xitoydan keltirilgan lazerli kesish uskunasi o'rnatilib, aynan bugun ishga tushirildi, — dedi Rasul To'rayev turli-tuman shakllarda kesib qo'yilgan mahsulotlarga ishora qilib. Bu yerda qalinligi o'n sakkiz millimetrgacha bo'lgan temir tunukalar kesilib, ularga aniq shakl beriladi. Qolaversa, viloyatimiz hokimi Ulug'bek Qosimovning oliy ta'limga qaratayotgan katta e'tibori va g'amxo'rligidan biz, olimlar juda mamnunmiz. Nasib etsa, universitetning akademik litseyi o'quv va yotoqxona binolarini ham ta'mirlashni mo'ljallab turibmiz.

Universitet hududining har qarichi yashillikka burkangani kishi dilini yayratadi. Surxondaryoning jazirama iqlim sharoitida dov-daraxtlarni sog'lom va yashnagan holatda parvarishlashning o'zi bo'lmaydi, albatta.

Rektor o'quv dargohi hududida turli yumushlar bilan mashg'ul bog'bonlar, farroshlar va qorovullar huzuriga borib: “Assalomu alaykum, Alloh ishlaringizga baraka bersin!” deya kamtarona salomlashib, hol-ahvol so'raganini ko'rib, domlaga nisbatan hurmatim yanada ortdi. Negaki, oddiylikda gap ko'p-da. Ba'zi bir katta-kichik amaldorlarning dimog'idan ot hurkadi. Mazkur universitet rahbari esa juda kamtar, samimiy.

Bu yerda ixcham issiqxonalar tashkil etilgan ekan. Ularning birida Turkiyadan keltirilib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan, suvsizlikka chidamli va xaridorgir limon hamda mandarin ko'chatlari bo'y ko'rsatib turibdi. Yana bir issiqxonada tadqiqotchi olimlar tomonidan mahalliylashtirilib, o'tgan yili ekilgan bananning “Koroleva” navi shoda-shoda hosilga kiribdi. Bir yoshidayoq har tupi besh-olti shoda meva tukkan banan bo'yimizdan ham baland bo'lib o'sibdi.

— Xayrli bir ishni niyat qilib turibmiz, — dedi Rasul To'rayev shu bananzorga e'tiborimizni qaratib. — Viloyatimizda 724 ta mahalla bor. Har bir mahallada uchinchi va to'rtinchi bosqich talabalarimizga 5 sotixdan maydon ajratib, imtiyozli kredit asosida issiqxonalar qurmoqchimiz va u yerda yil davomida uzluksiz hosil beradigan bananzorlar tashkil etmoqchimiz. Agar ushbu ezgu rejamizni amalga oshirsak, har bir issiqxona hisobiga bir nafar bitiruvchi va yana ikki nafar yosh yigit-qiz muqim ish bilan ta'minlanadi. Bu jami 2172 ta yangi ish o'rni yaratiladi deganidir.

Umid qilamizki, rektorning bu xayrli va ezgu tashabbusi to'liq ro'yobga chiqadi…

Eng muhimi, yoshlarda bog'-rog'lar yaratishga ishtiyoq qo'llab-quvvatlanadi. Bozorlarimiz rastalarida o'zimizda yetishtirilgan ajoyib mevalar ko'payadi.

Har biri ikki sotix bo'lgan issiqxonalarda turfa navdagi, bir-biridan xushro'y rayhon ko'chatlari parvarishlanayotgani diqqatga sazovor. Shu yilning o'zidayoq 500 ming tup rayhon va boshqa rang-barang gul ko'chatlari yetkazib berilibdi. Universitet hududidagi gulzorlarga ekilgan barcha ko'chatlar doktorantlar va magistrlarning o'quv-tajriba maydonlarida yetishtirilmoqda.

Yangi tashkil etilayotgan qurilish laboratoriyasi ham eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Kelgusida bu yerda viloyatda qurilish sohasida qo'llaniladigan mahsulotlar tahlil qilinib, muvofiqlik xulosalari beriladi. Laboratoriya ro'parasidagi “jonli burchak”da esa yuzdan ziyod g'oz va o'rdak parvarish qilinmoqda. Unga tutash maydonda barpo etilgan bodomzor ham qiyg'os meva tugibdi. E'tiborlisi, bodomzor to'liq tomchilatib sug'orish tizimi asosida suv bilan ta'minlanmoqda.

Shu asnoda universitetning bosh binosiga kiraverishda, chap tomonda joylashgan “Adiblar maydoni”ga nigohimiz tushdi. Ushbu maydonga chiroyli sakura daraxtlari o'zgacha shukuh bag'ishlab turibdi. Qutlug' go'shaga qadam qo'ygan har bir kishi Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Mahmudxo'ja Behbudiy kabi ulug' bobolarimiz, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev kabi buyuk siymolarning muazzam byustlarini ko'rib, ma'naviy zavq oladi.

To'g'risi, oliy o'quv dargohini aylanar ekanman, o'zimni xuddi so'lim istirohat bog'ida yurgandek his qildim. Bu fikrimni rektorning o'ziga ham bildirdim: chindan ham, bunday bepoyon yashillikni yaratish va uni saqlab turish katta mashaqqat hamda fidoyi mehnat talab etadi.

— Bunday xayrli ishlarning boshida, avvalo, rektorimiz Rasul To'rayev turibdi, — dedi hamrohlarimizdan biri, biologiya fanlari nomzodi, dotsent, ilmiy kengash kotibi Abdumurod Sattorov. — Daraxt parvarishlab, bog'lar barpo etish — bu ham tarbiya, ham ma'naviyatdir. Rahbarimiz tabiatni chin dildan sevadigan, bag'rikeng, qo'l ostidagilarning xatosini tushunib, kechira biladigan va ayniqsa, yoshlarga g'amxo'r inson. Ustozlar qadriga yetadi, katta tajribaga ega keksa olim va professorlarni jalb etib, ularga yosh mutaxassislarni biriktirib qo'ygan. Ta'limga innovatsion g'oyalarni joriy etishda doimo jonbozlik ko'rsatadi. Har bir masalaga ilmiy nuqtai nazardan yondashib, baho beradi. U kishining tabiatga bo'lgan munosabati ham o'zgacha. O'tgan yili qahraton sovuqda yuzlab archa daraxtlari quriy boshlagandi. Ko'pchilik: “Kesib tashlash kerak, endi saqlab bo'lmaydi”, degan fikrga kelganida, rektorimiz: “Daraxtlarning ham uvoli bor”, deya ularni kesishga qat'iy qarshi chiqdi. Zarur ozuqalar berilib, daraxtlarga muntazam suv purkaldi, astoydil parvarish natijasida ular saqlab qolindi. Mana, ko'rib turganingizdek, archalar yana yam-yashil tusga kirdi.

Universitet ma'muriy binosining birinchi qavatida mo''jazgina muzey ham tashkil etilibdi.

— Surxon zaminining tabiiy boyliklari behisob: 14 ta kondan ko'mir qazib olinadi, — deya hamrohimiz ko'rgazmadagi ko'mir namunalariga ishora qilib ko'rsatdi. — Bundan tashqari, tuz, bazalt va yana o'nlab foydali qazilma zaxiralari mavjud. Muzeyning bir burchagida voha zamini ma'danlari asosida ishlab chiqarilgan mahalliy qurilish materiallari namunalarini ko'rish mumkin.

Binoning bir qavati devorlariga kimyo, yana bir qavatiga esa fizika yo'nalishi bo'yicha Nobel mukofoti sohiblarining suratlari joylashtirilibdi. Albatta, bunday muhit talabalarning ilm-fanga bo'lgan qiziqishini oshirish va ularni ruhlantirishga xizmat qiladi.

Dunyo standartlari talablariga mos jihozlangan shinam auditoriya va ma'ruzaxonalarni ko'rgan odam beixtiyor yoshlikka qaytib, qaytadan talaba bo'lishni orzulab qoladi. Ochig'i, biz talabalik yillarimizda bunday qulay sharoitlarni xayolimizga ham keltirmagan edik.

Shuningdek, universitetdagi har bir o'quv va ma'ruza xonasida maxsus burchak tashkil qilinib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning portretiga iftixor ila “Mening Prezidentim” deb yozib qo'yilgan.

— Prezidentimiz — eng katta faxrimiz, — dedi Rasul To'rayev. — Prezidentga bo'lgan ixlos va ehtirom — bu Vatanimizga, Yangi O'zbekistonimizga bo'lgan cheksiz muhabbat timsolidir.

Auditoriyalardan biriga kirdik. Birinchi bosqich talabalari ilk saboqlarini olmoqda. O'qituvchi kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plab, talabalik baxtiga musharraf bo'lgan Karamxon Turopovani suhbatga tortdi.

— O'zimni nihoyatda baxtli his qilyapman. Bor-yo'g'i bir hafta ichida universitet muhitiga moslashib oldik, — dedi Karamxon Turopova. — Bu yerdagi imkoniyatlar biz kutgandan ham yaxshi ekan. Barcha fanlarni “a'lo” baholarga o'zlashtirishga ahd qilganman.

Keyingi manzilimiz Axborot-resurs markazi bo'ldi.

— Markazimiz fondi 6 ming 552 nomdagi 39 ming 46 nusxa adabiyotdan iborat, — dedi kutubxona xodimasi Surayyo Samanova. — Shundan 4 ming 95 nomdagi ilmiy va o'quv adabiyotlari to'liq raqamlashtirilgan. Axborot-resurs markazimiz dunyoning kuchli 300 talik (“Top-300”) ro'yxatiga kiruvchi nufuzli oliy ta'lim muassasalari kutubxona tizimi bilan integratsiya qilingan. Talabalar, pedagoglar va tadqiqotchilar ushbu bazadagi elektron kitoblarni yuklab olib, ularni oltita tilga tarjima qilgan holda mutolaa qilishlari mumkin. Jami kitobxonlarimiz soni 6 ming 128 nafarni, kunlik qatnov esa o'rtacha 265 nafarni tashkil etmoqda.

Yashirmayman, markazda “Hurriyat” mustaqil gazetasi taxlamlarini ko'rib xursand bo'ldik.

Universitetdagi yana bir muhim jihat — barcha jabhalarda raqamlashtirish jarayonlariga alohida ustuvorlik berilayotganidir.

Oliy o'quv dargohida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida universitet axborot xizmati bizga batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi. Quyida ulardan bir qanchasini e'tiboringizga havola etsak.

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti mintaqadagi yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biridir. Mazkur dargohda ta'lim sifatini oshirish, o'quv jarayonini takomillashtirish va raqamlashtirish, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni kengaytirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, talabalarning ma'naviy-ma'rifiy dunyoqarashini yuksaltirish va bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda infratuzilmani zamon talablari asosida rivojlantirish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda dargohda 6 ta fakultet va 20 ta kafedra faoliyat yuritib, 55 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi hamda 21 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha 10 223 nafar talaba tahsil olmoqda. Asosiy shtatdagi 335 nafar professor-o'qituvchining 140 nafari ilmiy darajaga ega bo'lib, universitetning umumiy ilmiy salohiyati 42,5 foizni tashkil etadi.

2025 yilda professor-o'qituvchilar tomonidan 45 ta darslik, 85 ta o'quv qo'llanma hamda 91 ta uslubiy qo'llanma tayyorlandi. 61 nafar pedagog malaka oshirish va ilmiy stajirovka o'tash uchun xorijiy davlatlarga yuborildi, 33 nafar xorijlik mutaxassis esa bevosita o'quv jarayoniga jalb etildi.

Talabalar bilimini baholash jarayonlari amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablari asosida shaffof tashkil etilgan. Professor-o'qituvchilar uchun baholash tizimi hamda yangi o'quv-me'yoriy standartlar yuzasidan muntazam o'quv-seminarlari o'tkazib kelinmoqda.

O'tgan yili universitetda ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat bo'yicha salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, 24 nafar tadqiqotchi va professor-o'qituvchi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilmiy nashrlar borasida “Scopus” bazasiga kiruvchi jurnallarda 40 ta maqola, OAK ro'yxatiga olingan nashrlarda 554 ta maqola va 45 ta monografiya chop etildi. Shuningdek, intellektual mulk bo'yicha 200 ta mualliflik guvohnomasi hamda 20 ta ixtiro patenti olindi.

Yosh olim va tadqiqotchilarni rag'batlantirishga qaratilgan e'tibor natijasida 16 nafar yosh mutaxassis “Akademik harakatchanlik” dasturi g'olibiga aylandi. Mazkur yo'nalishga 1 milliard 173 million 849 ming so'm mablag' yo'naltirildi.

Joriy 2026 yilda dorilfunun ilmiy salohiyat ko'rsatkichini 55 foizga yetkazish, 35 nafar tadqiqotchining dissertatsiya himoyasini ta'minlash, ilmiy nashrlar ko'lamini kengaytirgan holda 60 ta yangi monografiya nashr etish, 250 ta mualliflik guvohnomasi va 5 ta patent olishdek maqsadli vazifalar belgilangan. Shuningdek, yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturidagi ishtirok ko'lamini ikki barobarga oshirish, 178 nafar doktorantni turli grant tanlovlariga jalb qilish, 50 ta startap loyiha tayyorlab, universitetning o'z mablag'lari hisobidan jami 50 million so'mlik kichik startap tashabbuslarini moliyalashtirish ko'zda tutilmoqda.

Ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga integratsiya qilish maqsadida 2025 yilda 232 ta xo'jalik shartnomasi tuzilib, 641 million so'm mablag' jalb qilingan edi. 2026 yilda esa shartnomalar sonini 340 taga yetkazish va ular asosida bir milliard so'mlik moliyaviy manbalarni yo'naltirish mo'ljallangan.

Muassasaning xalqaro aloqalar geografiyasi kengayib, hozirda jahondagi 27 ta xorijiy davlat bilan samarali hamkorlik o'rnatilgan. Xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo'shma ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar hamda akademik mobillik loyihalari izchil davom ettirilmoqda. Rossiya, Xitoy, Belarus, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston kabi davlatlarning yetakchi universitetlari bilan aloqalar kuchaytirilib, professor-o'qituvchilarning xorijiy tajriba almashinuvi ta'minlanmoqda.

O'tgan o'quv yilida 102 nafar talaba akademik mobillik, yozgi va qishki maktablar hamda ishlab chiqarish amaliyoti dasturlari orqali chet elga yuborildi. Universitet “Xitoy — Markaziy Osiyo energetika innovatsion alyansi” hamda ko'p tomonlama “Ipak yo'li” arxitektura va texnologiya universitetlari xalqaro alyansiga to'laqonli a'zo bo'ldi. Bu e'tirof universitetning global ta'lim maydonidagi nufuzini mustahkamlash bilan birga, talabalarning dunyodagi yetakchi kompaniyalarda amaliy tajriba orttirishlariga keng yo'l ochdi.

Ta'lim eksportini oshirish borasida chet ellik talabalarni qabul qilish, qo'shma diplom dasturlarini yo'lga qo'yish ishlari faollashtirilmoqda. Shu yilning dekabr oyida “Konchilik ishi” hamda “Yo'l muhandisligi” ta'lim yo'nalishlari Germaniyaning nufuzli “ASIIN” agentligi orqali xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazilishi rejalashtirilgan.

2025-2026 o'quv yilida “career.edu.uz” elektron platformasi orqali 904 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik shartnomalari tuzilib, 3 883 nafar talabaning malakaviy amaliyoti to'liq raqamli tizimda tashkil qilindi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasida esa 4 ta tashkilot bilan kelishuvga erishilib, 6 nafar iqtidorli talaba bir oylik haq to'lanadigan amaliyotga yo'naltirildi. So'nggi ikki o'quv yilida 246 nafar bitiruvchi 5,8 milliard so'mlik imtiyozli kreditlar olib, o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ydi. Shuningdek, 18 ta kafedra filiali negizida “4+2” dual ta'lim tizimi joriy etilib, unga 598 nafar talaba qamrab olindi.

Talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida shu yilning o'zida 12 dan ortiq yirik loyiha doirasida 650 dan ortiq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar uyushtirildi. Xususan, “Eng faol yil talabasi”, “Intellektual olimpiada”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Zakovat ligasi” kabi ma'rifiy tanlovlar hamda sport yo'nalishida “Rektor kubogi”, “Talabalar ligasi”, “Yangi O'zbekiston talabalar olimpiadasi” va “Student party” loyihalari yuksak saviyada o'tkazildi.

2026 yil davomida uyushtirilgan turli tanlovlarga 4 225 nafardan ortiq talaba jalb etilib, ular orasidan g'olib bo'lgan 352 nafar yigit-qiz pul mukofotlari hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Yoshlarning teatr va muzeylarga tashriflari, “Talabalar oqshomi” konsertlari, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ochiq muloqotlar, “Ma'rifat ulashib” tadbirlari va “Milliy qadriyatlar sayli” kabi tashabbuslar jarayonlarga yangicha mazmun bag'ishladi. Talabalarning iqtidorini ro'yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Chag'oniyon” teatr studiyasi, “Lider talabalar”, “Kitobxon yoshlar”, “Zakovat”, “Mushoira” klublari hamda “Musiqa va raqs” ansambli muntazam faoliyat ko'rsatmoqda.

Joriy yilda universitetning 11 nafar talabasi sport turlari bo'yicha mamlakat chempionatlarida sovrinli o'rinlarni egalladi: 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medali qo'lga kiritildi. Shuningdek, 1 nafar iqtidorli talaba qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotining viloyat bosqichida g'olib bo'lib, respublika bosqichiga yo'llanma oldi. “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus” va “Talaba, yugur” sport loyihalari esa minglab yoshlarni o'z atrofida jipslashtirdi. Bugungi kunda universitetda 5 ta ommaviy sport to'garagi muntazam ishlab turibdi.

Hozirda oliy o'quv yurti ixtiyorida 818 o'rinli 2 ta talabalar turar joyi mavjud bo'lib, ularda barcha maishiy qulayliklar yaratilgan. Davlat-xususiy sheriklik asosida qiymati 32 milliard so'm bo'lgan, 400 o'ringa mo'ljallangan yangi zamonaviy yotoqxona binosi qurilmoqda. Umumiy maydoni 2 600 kvadrat metr bo'lgan ushbu binoda 110 ta barcha qulayliklarga ega yashash xonasi bo'ladi.

Moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish doirasida qiymati 1,5 milliard so'mlik zamonaviy laboratoriya binosi foydalanishga topshirildi. Byudjet mablag'lari hisobidan 7 milliard 836 million so'mlik o'quv-laboratoriya uskunalari xarid qilinib, o'quv jarayoniga tatbiq etildi. Talabalar uchun qiymati 786 million so'mlik yangi stadion barpo etildi, bundan tashqari, kampus hududida yana bir zamonaviy yopiq sport majmuasi qad rostlamoqda.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil maydonlarni kengaytirish ishlari ham e'tibor markazida. 2025 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 14 450 tup mevali va manzarali ko'chat o'tqazildi. Angor tumanida 9 500 dona ko'chat ekilib, ularni sug'orishda suv tejovchi tomchilatish tizimi o'rnatildi. Denov tumanidagi Hazorbog' agrotexnologiyalar texnikumiga qarashli tajriba maydonida esa 500 dona limon, 10 000 tup archa va 30 000 tupdan ortiq boshqa turdagi nihollar parvarish qilinmoqda. Universitetning o'z tajriba dalasida limon va banan yetishtirishga ixtisoslashgan yangi issiqxonalar tashkil qilindi.

Energiya tejamkorligini oshirish maqsadida oliy o'quv yurti binolarining tom qismiga jami 423,5 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr panellari o'rnatildi.

2026 yilda universitet jamoasi o'z oldiga quyidagi ustuvor vazifalarni rejalashtirib olgan:

– ilmiy salohiyatni 55 foizga yetkazish;

– nufuzli xalqaro jurnallardagi nashrlar, monografiyalar, mualliflik guvohnomalari va ixtiro patentlari salmog'ini oshirish;

– tadqiqot natijalari va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish tarmoqlariga keng joriy etish;

– xalqaro hamkorlik doirasida qo'shma ta'lim dasturlari hamda akademik mobillikni rivojlantirish;

– xorijiy talabalar qamrovini oshirish orqali ta'lim eksporti hajmini kengaytirish;

– “Konchilik ishi” va “Yo'l muhandisligi” ta'lim yo'nalishlari bo'yicha xalqaro akkreditatsiya sertifikatlarini qo'lga kiritish;

– talabalarning sifatli amaliyot o'tashini tashkil etish, dual ta'lim qamrovini kengaytirish va bitiruvchilarning bandligini kafolatli ta'minlash;

– ma'naviy-ma'rifiy va intellektual tadbirlarni ko'paytirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, teatr hamda tarixiy maskanlarga tashriflarni yanada jadallashtirish;

– 400 o'rinli talabalar turar joyi hamda zamonaviy sport majmuasi qurilishini muddatida yakunlash;

– kampusni ekologik jihatdan “Yashil universitet” tamoyillari asosida taraqqiy ettirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va muqobil energiya manbalaridan foydalanish ko'lamini yanada oshirish.

Universitet faoliyati bilan tanishish besamar ketmadi. Ushbu oliy ta'lim dargohida tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashib, beixtiyor yoshlikka qaytgandek bo'ldik. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida ta'lim sifatini oshirish, ilmiy-innovatsion faoliyatni kuchaytirish, talaba-yoshlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish hamda muassasa infratuzilmasini kompleks rivojlantirish yo'lidagi keng qamrovli sa'y-harakatlar bilan tanishib, katta taassurot va bir olam quvonch bilan ortga qaytdik.

Yana bir gap. Universitet rektori, professor Rasul To'rayev o'z sohasining fidoyi kishisi. Uning har kungi o'yi, xayoli, maqsadi-yu maslagi bugun ta'lim-tarbiya olayotgan talaba-yoshlarning ertaga munosib kadrlar bo'lib erishishiga qaratilgan. Bunday ezgu niyat bilan yashab, mehnat qilishning o'zi baxt.

Zero, bugungi ildam qadamlar universitetning yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shadigan yetuk kadrlarni tayyorlashdek sharafli maqsadga xizmat qilayotganidan dalolat bermoqda.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 2 =